NAZM
Olti mu'man bihning zikri
Oltidur mu'manun bih, ey mo''min,
Aytayin barchasin, eshit mendin.
Avval iymon Hudog'a kelturgil,
shirk cherigin zamirdin surgil.
Dog'i bilkim, malak erur mavjud,
Borchasi abd-u, Tengridur ma'bud.
Bor uchunchi Kitobi iqrori,
Tengri tavfiq bersa, dey bori.
Yana bil anbiyosini barhaq,
Ro'zi oxirni dog'i bil mundoq.
Yana bilgil Hudodin, ey hamdam,
Yaxshiliq bo'lsa, gar yamonliq ham.
Ushbularkim, borin dedi Bobur,
Bilgasenkim, mufassali iymondur.
Bu mufassalki, men dedim holiy,
Lek filjumla bordur ijmoli,
sharhi birla barin bayon qilayin,
Bilmagan bo'lsangiz, ayon qilayin.
NASRIY BAYoN
* * *
Iymon keltirish shart bo'lgan olti narsaning bayoni (Iymonning olti sharti)
Ey mo''min! (Ey Allohga va Uning Rasuliga ishongan kishi!) Ishonish – iymon keltirish shart bo'lgan narsa oltitadir. Men barchasini aytayin, sen eshit (uqib ol).
Avval Allohga iymon keltirgin va shirk lashkarini (Allohga biror narsani sherik qilish fikrlarini) zamiringdan sidirib tashlagin.
Ikkinchi, bilginki, farishtalar bordir (va bu haqiqatdir), hammasi bandadir, Alloh esa ma'bud – yagona ibodat qilinadigan Zotdir.
Uchinchi, ilohiy Kitoblarni iqror qilmoq, ya'ni ularga ishonmoq shartdir, Alloh yordam bersa, barchasini batafsil aytayin.
To'rtinchi, Allohning payg'ambarlarini barhaq deb (hech birining orasini ajratmasdan) iymon keltir, yana (beshinchi) oxirat kunini ham shunday haq deb ishon.
(Oltinchi), ey hamdamim, do'stim, yana, har qanday yaxshilik va yomonlik bo'lsa, Allohdan deb bilgin va ishongin. Bobur aytgan bu narsalar (iymoni mufassal) iymonning mufassali – tafsili, keng bayonidir.
Lekin men hozir aytgan bu mufassalning – keng tafsilning, umuman, ijmoli – qisqa ifodasi bordir.
Men barchasini sharhi bilan bayon qilayin va bilmagan bo'lsangiz, ayon qilayin, ravshan bildirayin.
ILOVA. Eng qisqa ifodasi – iymonning shartlari oltitadir: Allohga, farishtalariga, kitoblariga, Payg'ambarlariga, oxirat kuniga, qazo va qadarga – yaxshilik va yomonlik Allohdan ekanligiga ishonmoqdir («Al-fiqhul akbar»).
Nasriy bayon va sharh muallifi:
Mirzo KYeNJABYeK
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Ro‘zadorga ikki xursandchilik bor. Qachon iftor qilsa, xursand bo‘ladi. Robbisiga yo‘liqqanida xursand bo‘ladi", dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolar ushbu hadisning sharhida bunday deydilar:
"Birinchi xursandchilik - farz ibodatni salomat holda bajargani, Alloh taolo unga kuch-quvvat va tavfiq bergani, ko‘plab savoblarga ega bo‘lgani uchun bo‘ladi.
Ikkinchi xursandchilik - oxiratda Robbiga yo‘liqqanida tutgan ro‘zasi uchun berilgan ulkan savoblarni ko‘rganida bo‘ladi".