Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Fevral, 2026   |   5 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:09
Peshin
12:42
Asr
16:22
Shom
18:09
Xufton
19:21
Bismillah
22 Fevral, 2026, 5 Ramazon, 1447

Amir Temur saroyidagi to'y, ispan elchisining taassurotlari

13.10.2020   3203   4 min.
Amir Temur saroyidagi to'y, ispan elchisining taassurotlari

Kun tarixi 

Vatanimiz tarixidagi 13 oktyabr' sanasi bilan bog'liq ayrim voqealar bayoni.

 

1398 yil (bundan 622 yil oldin) – Hindiston yurishiga otlangan Amir Temur qo'shinlari Talamba shahri yaqinida to'xtadi (U Mo'ltondan qariyb 100 kilometrcha shimoli-sharqda, Rovi daryosining chap sohilida joylashgan shahar). Tarixchi Nizomiddin Shomiy o'z asarida bu shaharning nomini Talmina shaklida qayd etgan. Tarixchi olim Lyus'en Kerenning ma'lumot berishicha, Amir Temur daryoni kechib o'tganidan so'ng birinchi bo'lib Talamba shahrini ishg'ol etgan. Bu jarayonda u zoti shariflar (payg'ambar avlodlari), ahli ilm va ulamoga hurmat-ehtirom ko'rsatib, ularning mol-mulkini himoya ostiga olgan.

 

1404 yil (bundan 616 yil oldin) – Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning o'z kundaliklarida yozishicha, shu kuni Sohibqiron yana bir katta to'y boshlab, unga elchilarni ham taklif etdi. Marosim o'tkazilgan joydagi ikkita saroparda elchining e'tiborini o'ziga tortgan. Elchilar shuningdek, Amir Temurning suyukli nabirasi Pirmuhammad ibn Jahongir Mirzoni tabriklash uchun ham taklif etiladi. Sohibqiron o'zi qariyb etti yil ko'rmagan nabirasini Samarqandga chaqirtirgan edi.

 

Amir Temur sidqidildan yaxshi ko'rgan “yigirma ikki yoshlardagi (aslida bu vaqtda Pirmuhammad yigirma sakkiz yoshda bo'lgan), soqoli uncha o'smagan, qorachadan kelgan” temuriy shahzoda Pirmuhammadni Klavixo shunday tasvirlaydi: “Podshohning nevarasi Pirmuhammad milliy udumga binoan juda yaxshi kiyingan edi. Ustida ko'k beqasam yaktak, yaktakning ikki elkasi, ko'kragi va englariga bittadan zarhal halqa tikilgan. Boshidagi qalpog'i yirik marvarid va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, qalpoqning tepasiga qadalgan la'l yonib turardi. Huzurida hozir bo'lgan kishilar uni juda tantanavor tarzda muborakbod etardilar”.

 

1934 yil (bundan 86 yil oldin) – O'zbekiston Fanlar akademiyasi va Yozuvchilar qo'mitasining qo'shma majlisi bo'ldi. Unda Sadriddin Ayniy hamda Abdurauf Fitrat fors-tojik shoiri va mutafakkiri Abulqosim Firdavsiyning 1000 yillik yubileyi munosabati bilan uning hayoti va ijodi haqida ma'ruza qildi. Kechada Maqsud Shayxzoda va Titov o'z tarjimalarida “Shohnoma”dan parcha o'qidi.

 

1992 yil (bundan 28 yil oldin) – O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida diplomatik aloqalar o'rnatildi.

 

1994 yil (bundan 26 yil oldin) – Toshkentda Mirzo Ulug'bek tavalludining 600 yilligiga bag'ishlangan “Mirzo Ulug'bek va uning jahon taraqqiyotiga qo'shgan hissasi” mavzusida Halqaro ilmiy konferentsiya ochildi.

 

2008 yil (bundan 12 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag'batlantirish to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.

 

2009 yil (bundan 11 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasining “Arxeologiya merosi ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to'g'risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 34 moddadan iborat.

 

2014 yil (bundan 6 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “1941–1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.

 

Alisher EGAMBYeRDIYeV tayyorladi

O'zA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi

21.02.2026   2212   3 min.
Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi

Ramazon — qalblarni poklaydigan, insonni o‘zi bilan yuzma-yuz qo‘yadigan, ruhiy kamolotga yetaklaydigan muqaddas oy. Qur’oni karimda: «Alloh kechirguvchi va mehribondir», deb marhamat qilinadi. Bu oyat Ramazonning mazmun-mohiyatini, uning kechirim va rahm-shafqat oyi ekanini yana bir bor yodga soladi.


Bugun Jizzax viloyatida ushbu muborak oyning fayzu barakasi yaqqol sezilmoqda. Vohadagi 170 ta masjidda taraveh namozlari muntazam ado etilmoqda. Ularning 124 tasida 208 nafar qori tomonidan xatmi Qur’on qilinmoqda. Bu raqamlar — quruq statistika emas, balki yuzlab qalblarning Qur’on nuridan bahramand bo‘layotganining amaliy ifodasidir.


Taraveh namozlari viloyatdagi barcha masjidlarda bir xil vaqtda — soat 20:30 da boshlanmoqda. Bu tartib va intizom ibodatda hamjihatlikni ta’minlab, jamoatni yagona maqsad atrofida birlashtirmoqda. Islom manbalarida ta’kidlanganidek, taraveh namozi Ramazon oyiga xos sunnat amallardan hisoblanadi va asrlar davomida musulmon ummati tomonidan ado etib kelinmoqda.


Taraveh namozlari 27 kun davomida o‘qilib, Laylatul qadr kechasi bilan yakunlanadi. Laylatul qadr — Qur’on nozil bo‘la boshlagan, ming oydan yaxshiroq deb vasf etilgan muborak kechadir. Ushbu muborak tun arafasida xatmi Qur’on qilish yurtdoshlarimiz uchun ulkan ma’naviy yutuq, qalblar uchun beqiyos ziyo manbaidir.


O‘zbekiston Musulmonlar idorasining Jizzax viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi Mehmonxon Jabborov ta’kidlaganidek:


— Alloh kechirguvchi va Ul zot kechirimlilarni yaxshi ko‘radi. Ramazon — nafaqat ro‘za tutib, gunohlardan tiyilish, balki bir-birimizni kechirish, kimnidir ranjitgan bo‘lsak, uzr so‘rash oyidir.


Darhaqiqat, bu oy insonni nafs bilan kurashga, bag‘rikenglikka, mehr-oqibatga chorlaydi. Masjidlardagi ma’rifiy suhbatlar, Qur’on tilovati va jamoat ibodati — barchasi jamiyat ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda.


Ayni paytda imom-xatiblar homiylar ko‘magida ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olib, ularning uylarida iftorliklar tashkil etmoqdalar. Turli oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilishi Ramazonning saxovat va hamdardlik ruhini yanada mustahkamlamoqda. Bu ishlar «Inson qadri uchun» tamoyilining amaliy ifodasidir.


Masjid — faqat ibodat joyi emas, balki ma’rifat, tarbiya va hamjihatlik maskani. Ramazon oyida bu maskanlar yanada fayzli, yanada gavjum bo‘ladi. Qur’on sadosi ostida inson o‘z qalbini tinglaydi, xatolarini anglaydi, ezgulikka intiladi.


Jizzaxdagi bu manzara — yurtimizda diniy-ma’rifiy hayot barqaror va izchil rivojlanayotganining yorqin ifodasidir. Tartib-intizom, jamoatchilik birdamligi va saxovatpeshalik — barchasi Ramazonning mazmun-mohiyatiga mos tarzda namoyon bo‘lmoqda.

 


Ramazon — kechirim oyi;
Ramazon — birdamlik oyi;
Ramazon — qalblarni nurga to‘ldirish oyi.


Jizzaxda esa bu nur 170 masjiddan taralib, minglab xonadonlarga ziyo baxsh etmoqda.

A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA

Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi
O'zbekiston yangiliklari