Kun tarixi
Vatanimiz tarixidagi 13 oktyabr' sanasi bilan bog'liq ayrim voqealar bayoni.
1398 yil (bundan 622 yil oldin) – Hindiston yurishiga otlangan Amir Temur qo'shinlari Talamba shahri yaqinida to'xtadi (U Mo'ltondan qariyb 100 kilometrcha shimoli-sharqda, Rovi daryosining chap sohilida joylashgan shahar). Tarixchi Nizomiddin Shomiy o'z asarida bu shaharning nomini Talmina shaklida qayd etgan. Tarixchi olim Lyus'en Kerenning ma'lumot berishicha, Amir Temur daryoni kechib o'tganidan so'ng birinchi bo'lib Talamba shahrini ishg'ol etgan. Bu jarayonda u zoti shariflar (payg'ambar avlodlari), ahli ilm va ulamoga hurmat-ehtirom ko'rsatib, ularning mol-mulkini himoya ostiga olgan.
1404 yil (bundan 616 yil oldin) – Amir Temur saroyiga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixoning o'z kundaliklarida yozishicha, shu kuni Sohibqiron yana bir katta to'y boshlab, unga elchilarni ham taklif etdi. Marosim o'tkazilgan joydagi ikkita saroparda elchining e'tiborini o'ziga tortgan. Elchilar shuningdek, Amir Temurning suyukli nabirasi Pirmuhammad ibn Jahongir Mirzoni tabriklash uchun ham taklif etiladi. Sohibqiron o'zi qariyb etti yil ko'rmagan nabirasini Samarqandga chaqirtirgan edi.
Amir Temur sidqidildan yaxshi ko'rgan “yigirma ikki yoshlardagi (aslida bu vaqtda Pirmuhammad yigirma sakkiz yoshda bo'lgan), soqoli uncha o'smagan, qorachadan kelgan” temuriy shahzoda Pirmuhammadni Klavixo shunday tasvirlaydi: “Podshohning nevarasi Pirmuhammad milliy udumga binoan juda yaxshi kiyingan edi. Ustida ko'k beqasam yaktak, yaktakning ikki elkasi, ko'kragi va englariga bittadan zarhal halqa tikilgan. Boshidagi qalpog'i yirik marvarid va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan, qalpoqning tepasiga qadalgan la'l yonib turardi. Huzurida hozir bo'lgan kishilar uni juda tantanavor tarzda muborakbod etardilar”.
1934 yil (bundan 86 yil oldin) – O'zbekiston Fanlar akademiyasi va Yozuvchilar qo'mitasining qo'shma majlisi bo'ldi. Unda Sadriddin Ayniy hamda Abdurauf Fitrat fors-tojik shoiri va mutafakkiri Abulqosim Firdavsiyning 1000 yillik yubileyi munosabati bilan uning hayoti va ijodi haqida ma'ruza qildi. Kechada Maqsud Shayxzoda va Titov o'z tarjimalarida “Shohnoma”dan parcha o'qidi.
1992 yil (bundan 28 yil oldin) – O'zbekiston va Afg'oniston o'rtasida diplomatik aloqalar o'rnatildi.
1994 yil (bundan 26 yil oldin) – Toshkentda Mirzo Ulug'bek tavalludining 600 yilligiga bag'ishlangan “Mirzo Ulug'bek va uning jahon taraqqiyotiga qo'shgan hissasi” mavzusida Halqaro ilmiy konferentsiya ochildi.
2008 yil (bundan 12 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O'zbekiston iqtidorli yoshlarini taqdirlash va moddiy rag'batlantirish to'g'risida”gi qarori qabul qilindi.
2009 yil (bundan 11 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasining “Arxeologiya merosi ob'ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to'g'risida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 34 moddadan iborat.
2014 yil (bundan 6 yil oldin) – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “1941–1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni qabul qilindi.
Alisher EGAMBYeRDIYeV tayyorladi
O'zA
Inson o‘zini eng bexavotir, emin-erkin sezadigan maskani uning uyidir. U o‘z uyida boshqaning nazari tushishidan, gaplari eshitilib qolishidan xavfsiramay, aziyat chekmay yashashi kerak. Aks holda, uning uyidagi rohat-farog‘ati ketadi, halovati yo‘qoladi. Donishmandlarning: «Uying sig‘dirsin», ‒ deb qilgan duo qilishlarida ajib hikmat yashiringan. Hattoki, zamonaviy qonunlarda uy-joy daxlsizligi haqida alohida moddalar mavjud. Axloqimizda esa birovning xonadoniga, huzuriga iznsiz nazar solgan, ruxsat so‘ramay kirgan kishi qattiq qoralanadi va odamlar bu yomon ishdan hamisha qaytarib kelingan.
Maskan ‒ har kim uchun muqaddas. “Maskan” so‘zi “yashash, sokinlik topish joyi” degan ma’noni anglatadi. Chunki u “sukun” so‘zi bilan o‘zakdosh. Bizda insonning o‘z oilasi bilan birga yashaydigan joyi “maskan” deyiladi. Inson hayotida xavfu xatardan omonlik topish, issiq-sovuqdan pana bo‘lish, molu mulkini daxlsiz saqlash, ahli ayoli bilan farog‘atda yashash, hayotdagi mashaqqatlar va charchashlardan dam olib, rohat topish uchun, qisqa qilib aytganda, barcha narsalardan sokinlik topish uchun bir maskanga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasululloh (s. a. v.) keng maskan musulmon kishining saodati omillaridan biri ekanini o‘z hadislarida bayon etganlar.
Nofe’ ibn Abdulhorisdan shunday rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (a. s.): «Keng maskan, solih qo‘shni va yaxshi ulov (markab) musulmon kishining saodatidandir», dedilar».
Albatta, maskan – turar joy odam bolasi umrining ko‘p qismini o‘tkazadigan yer. Umrning eng nozik va mas’uliyatli qismi odamning shaxsiy maskanida o‘tadi.
Maskanning keng bo‘lishi yashash sharoitining qulayligi ma’nosidadir. Kishi o‘z uyida yashash uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lsa, saodatli bo‘lishi turgan gap. Umrining ko‘p qismi o‘tadigan maskanda o‘zi uchun kerak bo‘lgan barcha qulayliklar mavjud bo‘lsa, albatta, bu narsa ham saodat omillaridan biri bo‘ladi.
Inson dunyo hayotida yashar ekan, turli holatlarga duch keladi. Charchaydi, asabiylashadi, dam olgisi keladi, uxlaydi va hokazolar. Shunday paytlarda uning o‘z uyi o‘lan to‘shagiga aylanadi. Jamoatchilik joylari, safarda, mehmonxona yoki ijaraga turgan yerida kerakli sokinlikni topa olmaydi. O‘z uyiga esa bemalol kirib boradi, yechinadi, orom topadi, hordiq chiqaradi. Shuning uchun ham islomda keng maskan kishi saodati omillaridan biriga qiyoslangan.
Maskanning inson hayotidagi ulkan ahamiyati va zarurati e’tiboridan shariat musulmon insonlarga bu borada o‘ziga xos odoblarni joriy qilgan. Mazkur odoblar insonning o‘z maskanida baxt-saodat, huzur-halovat ila yashashini to‘la ta’minlaydi.
Inson yashaydigan maskanda, xususan, qshloq yerlarda ariq va zovurlar ko‘p bo‘ladi. Suv o‘tgan joy haddan tashqari toza bo‘lishi kerak. Agar agar ariq va zovurlarga qaralmasa, ular vaqti-vaqti bilan qazib, tozalanib turmasa, buning ustiga, har kim suvga har narsa oqizsa, axlat tashlasa, o‘t-o‘lanlardan tozalanmasa, aynan ana shu eng toza narsa amalda eng ko‘p mikrob tarqatadigan va bakteriya to‘playdigan joyga aylanishi hech gap emas. Hatto, shaharlar ichidan oqib o‘tgan ariqlar ham ba’zan juda qarovsiz holga tushib qolishiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Qarasangiz, uning chetidagi o‘t-o‘lanlarga nimalar ilakishib yotmaydi, eski ichki kiyimlar deysizmi, mushuk yo itning o‘ligi deysizmi, polietilen idishlar deysizmi... ‒ eh-he yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Bunday suv inshootlari atrofida pashsha bilan chivin, chigirtka va bilan qutsrbaqa ham ko‘paygandan ko‘payadi.
Mana bu hadislarning ma’no-mazmuniga e’tibor beraylik:
Abu Barza Aslamiydan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Ey Allohning Rasuli! Meni jannatga kiritadigan amalga yo‘llab qo‘ying", dedim. “Odamlarning yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla” , – dedilar”.
Abu Hurayradan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda yotgan tikanning oldidan o‘tib qoldi. “Albatta, mana shu tikanni olib tashlayman, birorta musulmon odamga zarar yetkazmasin”, dedi. Shu bois uning gunohlari mag‘firat qilinadi”,– dedilar”.
Abu Zarrdan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Menga ummatimning amallari namoyish qilindi – yaxshisi ham, yomoni ham. Ummatimning eng yaxshi ishlaridan biri yo‘lda yotgan ozor beruvchi narsalarni olib tashlash ekanini ko‘rdim. Ularning eng yomon ishlaridan biri masjidda ko‘milmay qolgan balg‘am ekanini ham ko‘rdim”, – dedilar.
Ozodalik eng oliy darajada targ‘ib qilingan muqaddas islom dini ariq va zovurlarni ham toza tutishni talab qiladi. Dinimizda suvga tuflash qanchalar katta gunoh sanaladi.
Rasululloh (s. a. v.): «Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni yaxshi ko‘radi, pokdir – pokliklikni sevadi, saxovatlidir – saxovatni yaxshi ko‘radi, saxiydir – saxiylikni sevadi. Bas, hovlilaringizni ozoda tuting!..” ‒ deganlar. Bu hadis bandalardan hovli-joylar, ko‘cha-ko‘ylar, demakki, ariq-zovurlarni ham toza- ozoda tutishga chaqiradi.
Keyingi yillarda yurtimizda anhor va ariqlar atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Yillar mobaynida ayrim fuqarolar o‘zboshimchalik bilan ana shunday oqar suvlar qirg‘oqlariga noqonuniy inshootlar qurib olib, bulardan o‘z manfaatlari uchun foydalanib kelishgan. Bu masalalar qonun doirasida hal qilindi.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda suv va uni qadrlash bilan bog‘liq ko‘p-ko‘p ma’lumotlar bor. Ularning bari bizdan ariq va zovurlarni toza-ozoda saqlashimizni talab qiladi.
Abdulg‘afur Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi