Dinimiz mo'min-musulmonlarni bir tanu bir jon bo'lib, o'zaro bir-biriga yordam berib, manfaat keltirib yashashga targ'ib qilgan. Nu'mon ibn Bashir roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo'minlarning bir-birlariga mehr-muhabbat, rahm-shafqat va mehribonligining misoli xuddi bir jasad kabiki, uning birorta a'zosi og'risa, jasadning qolgan (a'zolar)i uning uchun bedorlik hamda isitma ila bezovta bo'lishadi”, dedilar (Muttafaqun alayh).
Ushbu hadisda barcha mo'min-musulmonlar har doim bir biri bilan o'zaro mehr-shafqat va yordamda bo'lishlari hamda biror mo'min-musulmonga etgan musibatga qolgan musulmonlar ham mazkur musibat xuddi o'zlariga etgandek befarq bo'masligi lozim ekani bayon qilinmoqda.
Darhaqiqat, dinimiz insonparvar, yaxshilik dinidir. Doim insonlarga manfaat etkazish, doimo yaxshilik qilishga chorlagan dindir. Alloh taolo Qur'oni karimda bunday marhmat qilgan: “Va ezgu ish qilingiz – shoyadki, najot topsangiz!”(Haj surasi, 77-oyat).
Ushbu oyatda ezgu ish deyilmoqda. Bu degani – sizdan zinhor yomonlik, fasod sodir bo'lmasin deganidir. Shuningdek, “shoyadki, najot topsangiz!” so'zi bilan ezgu ish qilish bandalarning najot topishiga sabab ekani bayon qilinmoqda. Alloh taoloning “shoyad” deyishi aniq amalga oshadigan narsani ifodalaydi. Ya'ni, ezgu ish qilgan bandalar aniq najot quchadi, deganidir. Chunki Alloh taolo xohlagan narsalar amalga oshmasdan qolishining mutlaqo ehtimoli yo'qdir!
Demak, jamiyatda biz bilan birga yashayotgan barcha insonlarga yaxshilik, ularni og'irini engil etsak, orzu intilishlarini ro'yobga chiqarsak, albatta ajru mukofotlar olar ekanmiz. Alloh taolo bandalarini xayrli ishlarni qilishga shoshilishni buyurgan: “Bas, xayrli (savobli) ishlarda (bir-biringizdan) o'zishga oshiqingiz!” (Moida surasi, 48-oyat).
Ushbu oyatga ko'ra, inson hamisha yaxshi amallar qilishga, yaxshi niyatda bo'lishga shoshilishi lozimdir. Doimo yaxshi ishlar va yaxshi niyatlar bilan yurgan insonning xotimasi ham go'zal bo'ladi. Inson hayoti davomida barcha yaxshi ishlarni amalga oshirishga imkoniyati bo'lmasligi mumkin, lekin barcha yaxshi ishlarni niyat qilishga imkoni bordir. Alloh taolo esa unga niyatiga yarasha savob beraveradi. Chunki Alloh taolo bandalari qilgan xayrli amallarning birortasini ham zoye qilmaydi. Zero, Qur'oni karimda bunday marhamat qilgan: “Imon keltirgan va solih amallarni qilgan zotlar esa, (bilib qo'ysinlarki) albatta, Biz yaxshi amallarni qilgan kishining mukofotini zoye qilmasmiz”(Kahf surasi, 30-oyat).
Darhaqiqat, biz qiladigan amallarimiz va insonlar manfaati yo'lida qilgan xolis xizmatlarimiz uchun niyatimizga ko'ra ajr-savobga erishamiz. Umar ibn Hattob roziyallohu anhu aytadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Amallar faqat niyatlarga ko'radir”, deyayotganlarini eshitganman”.
Ushbu hadisga ko'ra, qiladigan xayrli ishlarimiz, barcha insonlarga qilgan yaxshiliklarimiz Alloh taoloning huzurida maqbul bo'lishi hamda unga ajr-savob olishimiz uchun niyatimiz to'g'ri bo'lishi lozimligi ma'lum bo'ladi. Har bir xayrli ishni amalga oshirishda Alloh taoloning roziligini ko'zlasak, ajr-savobga erishamiz. Agar niyatimizda Alloh taoloning roziligi bo'lmasa-da, biror xayrli ishni amalga oshirishga kirishsak, garchi mazkur ishni amalga oshirishga erishsak-da, lekin unga beriladigan ajr-savobdan bebahra qolib ketamiz. Shuning uchun har bir amalda niyatning o'rni qanchalik muhim ekanini yaxshi anglab etishimiz lozim bo'ladi. Masalan: Kasb qilishdan maqsad dinim kasb qilishga buyurgan, oilamning ta'minoti mening zimmamdagi farzdir, degan niyatda bo'lishi ham mumkin yoki faqat mol-dunyo orttirishni niyat qilgan bo'lishi ham mumkin. Ushbu holatlarda niyatning o'rni juda ham muhimdir. Alloh taolo bularni niyatiga ko'ra mukofotlaydi. Niyat va ixlos agar insonning hayoti davomida to'g'ri qo'llansa, hayotning har bir daqiqasi ibodatga aylanadi. Dinimiz yaxshi niyatlar va yaxshi amallar dinidir. Musulmon kishi yaxshi niyatli, solih amallar qiluvchi saodatmand insondir. U niyati orqali hayotining har nafasini, har bir harakatini Alloh uchun ibodatga aylantiradi. Imonli banda shundayin baxtliki, u dinimiz ko'rsatmalarini bajara borib, niyatini ularga moslab hayot kechirsa, uning oddiy turmushi ham ibodatga, oxiratda ajr-mukofotlarga erishish imkoniyatiga aylanadi. Rasulullloh sollallohu alayhi vasallam: "Mo'minning niyati uning amalidan yaxshidir" (Imom Bayhaqiy rivoyati). Umar ibn Hattob roziyallohu anhu aytdilar: «Alloh taolo farz etgan amallarni ado etish eng afzal amal bo'ladi. Alloh taolo harom etganidan qaytish parhezkorlik (diyonat)dandir. Bu Alloh taolo huzuridagi narsalarda to'g'ri, rost niyat qilishdir».
Demak, bizning qilayotgan amallarimizda va xolislik bilan ado etayotgan xizmatlarimizda ixlosning ahamiyati juda ham katta ekan. Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhu aytadilar: “So'z amal bilan birga bo'lmasa foyda bermaydi. So'z va amal ham niyat bilan birga bo'lmasa, foyda bermaydi. So'z, amal va niyat ham agar sunnatga muvofiq bo'lmasa, foyda bermaydi”.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir mo'mindan dunyo g'am-tashvishlaridan bir g'amni ketkazsa, Alloh undan Qiyomat kuni g'amlaridan bir g'amni ketkazadi. Kim bir qiynalgan kishiga engillik qilsa, Alloh unga dunyo va oxiratda engillik qiladi. Kim bir musulmonning (aybini) berkitsa, Alloh taolo dunyo va oxiratda uning (aybini) berkitadi. Banda o'z birodariga yordam qilsa, Alloh taola unga yordam qiladi. …”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchamizga har bir hayrli ishimizda niyat va ixlosimizning to'g'ri bo'lishiga muvaffaq etsin! Yurtimizni va dunyo musulmonlarini turli balolaridan o'zi asrasin, dardga chalinganlarga O'zi shifo bersin!
U.Rahimov,
"Imom Faxriddin ar-Roziy" o'rta maxsus islom bilim yurti ma'naviyat ishlari
bo'yicha mudir muovini.
Inson o‘zini eng bexavotir, emin-erkin sezadigan maskani uning uyidir. U o‘z uyida boshqaning nazari tushishidan, gaplari eshitilib qolishidan xavfsiramay, aziyat chekmay yashashi kerak. Aks holda, uning uyidagi rohat-farog‘ati ketadi, halovati yo‘qoladi. Donishmandlarning: «Uying sig‘dirsin», ‒ deb qilgan duo qilishlarida ajib hikmat yashiringan. Hattoki, zamonaviy qonunlarda uy-joy daxlsizligi haqida alohida moddalar mavjud. Axloqimizda esa birovning xonadoniga, huzuriga iznsiz nazar solgan, ruxsat so‘ramay kirgan kishi qattiq qoralanadi va odamlar bu yomon ishdan hamisha qaytarib kelingan.
Maskan ‒ har kim uchun muqaddas. “Maskan” so‘zi “yashash, sokinlik topish joyi” degan ma’noni anglatadi. Chunki u “sukun” so‘zi bilan o‘zakdosh. Bizda insonning o‘z oilasi bilan birga yashaydigan joyi “maskan” deyiladi. Inson hayotida xavfu xatardan omonlik topish, issiq-sovuqdan pana bo‘lish, molu mulkini daxlsiz saqlash, ahli ayoli bilan farog‘atda yashash, hayotdagi mashaqqatlar va charchashlardan dam olib, rohat topish uchun, qisqa qilib aytganda, barcha narsalardan sokinlik topish uchun bir maskanga muhtoj bo‘ladi. Shuning uchun ham Rasululloh (s. a. v.) keng maskan musulmon kishining saodati omillaridan biri ekanini o‘z hadislarida bayon etganlar.
Nofe’ ibn Abdulhorisdan shunday rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar (a. s.): «Keng maskan, solih qo‘shni va yaxshi ulov (markab) musulmon kishining saodatidandir», dedilar».
Albatta, maskan – turar joy odam bolasi umrining ko‘p qismini o‘tkazadigan yer. Umrning eng nozik va mas’uliyatli qismi odamning shaxsiy maskanida o‘tadi.
Maskanning keng bo‘lishi yashash sharoitining qulayligi ma’nosidadir. Kishi o‘z uyida yashash uchun barcha sharoitlarga ega bo‘lsa, saodatli bo‘lishi turgan gap. Umrining ko‘p qismi o‘tadigan maskanda o‘zi uchun kerak bo‘lgan barcha qulayliklar mavjud bo‘lsa, albatta, bu narsa ham saodat omillaridan biri bo‘ladi.
Inson dunyo hayotida yashar ekan, turli holatlarga duch keladi. Charchaydi, asabiylashadi, dam olgisi keladi, uxlaydi va hokazolar. Shunday paytlarda uning o‘z uyi o‘lan to‘shagiga aylanadi. Jamoatchilik joylari, safarda, mehmonxona yoki ijaraga turgan yerida kerakli sokinlikni topa olmaydi. O‘z uyiga esa bemalol kirib boradi, yechinadi, orom topadi, hordiq chiqaradi. Shuning uchun ham islomda keng maskan kishi saodati omillaridan biriga qiyoslangan.
Maskanning inson hayotidagi ulkan ahamiyati va zarurati e’tiboridan shariat musulmon insonlarga bu borada o‘ziga xos odoblarni joriy qilgan. Mazkur odoblar insonning o‘z maskanida baxt-saodat, huzur-halovat ila yashashini to‘la ta’minlaydi.
Inson yashaydigan maskanda, xususan, qshloq yerlarda ariq va zovurlar ko‘p bo‘ladi. Suv o‘tgan joy haddan tashqari toza bo‘lishi kerak. Agar agar ariq va zovurlarga qaralmasa, ular vaqti-vaqti bilan qazib, tozalanib turmasa, buning ustiga, har kim suvga har narsa oqizsa, axlat tashlasa, o‘t-o‘lanlardan tozalanmasa, aynan ana shu eng toza narsa amalda eng ko‘p mikrob tarqatadigan va bakteriya to‘playdigan joyga aylanishi hech gap emas. Hatto, shaharlar ichidan oqib o‘tgan ariqlar ham ba’zan juda qarovsiz holga tushib qolishiga ko‘p guvoh bo‘lamiz. Qarasangiz, uning chetidagi o‘t-o‘lanlarga nimalar ilakishib yotmaydi, eski ichki kiyimlar deysizmi, mushuk yo itning o‘ligi deysizmi, polietilen idishlar deysizmi... ‒ eh-he yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Bunday suv inshootlari atrofida pashsha bilan chivin, chigirtka va bilan qutsrbaqa ham ko‘paygandan ko‘payadi.
Mana bu hadislarning ma’no-mazmuniga e’tibor beraylik:
Abu Barza Aslamiydan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Ey Allohning Rasuli! Meni jannatga kiritadigan amalga yo‘llab qo‘ying", dedim. “Odamlarning yo‘lidagi ozor beruvchi narsani olib tashla” , – dedilar”.
Abu Hurayradan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: “Bir odam yo‘lda yotgan tikanning oldidan o‘tib qoldi. “Albatta, mana shu tikanni olib tashlayman, birorta musulmon odamga zarar yetkazmasin”, dedi. Shu bois uning gunohlari mag‘firat qilinadi”,– dedilar”.
Abu Zarrdan (r. a.) rivoyat qilinadi:
“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Menga ummatimning amallari namoyish qilindi – yaxshisi ham, yomoni ham. Ummatimning eng yaxshi ishlaridan biri yo‘lda yotgan ozor beruvchi narsalarni olib tashlash ekanini ko‘rdim. Ularning eng yomon ishlaridan biri masjidda ko‘milmay qolgan balg‘am ekanini ham ko‘rdim”, – dedilar.
Ozodalik eng oliy darajada targ‘ib qilingan muqaddas islom dini ariq va zovurlarni ham toza tutishni talab qiladi. Dinimizda suvga tuflash qanchalar katta gunoh sanaladi.
Rasululloh (s. a. v.): «Albatta, Alloh xushholdir – xushhollikni yaxshi ko‘radi, pokdir – pokliklikni sevadi, saxovatlidir – saxovatni yaxshi ko‘radi, saxiydir – saxiylikni sevadi. Bas, hovlilaringizni ozoda tuting!..” ‒ deganlar. Bu hadis bandalardan hovli-joylar, ko‘cha-ko‘ylar, demakki, ariq-zovurlarni ham toza- ozoda tutishga chaqiradi.
Keyingi yillarda yurtimizda anhor va ariqlar atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Yillar mobaynida ayrim fuqarolar o‘zboshimchalik bilan ana shunday oqar suvlar qirg‘oqlariga noqonuniy inshootlar qurib olib, bulardan o‘z manfaatlari uchun foydalanib kelishgan. Bu masalalar qonun doirasida hal qilindi.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda suv va uni qadrlash bilan bog‘liq ko‘p-ko‘p ma’lumotlar bor. Ularning bari bizdan ariq va zovurlarni toza-ozoda saqlashimizni talab qiladi.
Abdulg‘afur Razzoqov,
Bahouddin Naqshband jome masjidi imom-xatibi