Sirdaryo viloyati Baxt shahridagi “Baxt” jome masjidi viloyatning dastlabki masjidlaridan biri hisoblanadi. Hujjatlarda 1956 yildan beri faoliyat yuritib kelayotganligi qayd etilgan bo'lsada, aslida undan ham avvvalroq, o'tgan asrning 40-yillaridan beri ushbu mavjud ekanligi aytiladi.
Sobiq ittifoq davridan to mustaqillik yillarigacha viloyat bo'yicha to'rtta masjid bo'lgan. Ana shulardan biri - hozirgi “Baxt” masjidi “Malik” nomi bilan atalib, kichik bir kulbasifat bo'lgan, odamlar bo'yralarda namoz o'qishgan. Yartagan Alloh inoyati, istiqlol nasimi tufayli 90 yillar boshida masjid qaytadan qurilib, shu davrga qadar xizmat qildi. O'tgan 27 yil mobaynida masjidni ko'proq jamoat sig'dira oladigan, yanada kengroq qilib, qolaversa katta yo'l bo'yiga ko'chirishga ehtiyoj mavjudligi sababli 2019 yilda yangi loyiha asosida qurilish ishlari boshlab yuborildi”, deydi imom-xatib Nurmuhammad Narzullayev.
“Baxt” jome masjidi Toshkent-Samarqand yo'nalishidagi M-34 magistral yo'li bo'yida qurilmoqda. Bu esa nafaqat hudud aholisi balki, yo'lovchilar, qolaversa ziyorat turizmi doirasida mahalliy va xorijiy sayyohlarning ibodatlarini ado etib olishlari uchun qulaylik tug'diradi.

Masjid uchun 50 sotix er maydoni ajratilgan. Loyihaga ko'ra, asosiy xonaqoh 8 burchak shaklida 26*26 m o'lchamda bo'lib, 1500 kishini sig'diradi. Masjid tarkibidagi qo'shimcha xonaqohlar va hovli sahni bilan hisoblanganda umumiy sig'imi 3000 kishiga etadi. Ayollar uchun alohida namozxona va tahoratxonalar ham o'rin egallashi ko'zda tutilgan. Loyiha Toshkent shahrida yaqinda qurib bitkazilgan “Muhsinxonto'ra” masjididan andoza olingan.

Hozirga kelib masjidning kirish qismi devorlari ko'tarilgan. Asosiy xonaqohning tomlari yopilib, gumbaz o'rnatildi. 32 metrlik minoraning metall-konstruktsiya ishlari olib borilmoqda. Avtotururgoh va manzarali ko'chatlar ekish uchun 15 sotix er ajratilganligi ahamiyatga molik. Chunki ba'zi masjid atroflarida jamoat namozlarida avtomobillarning tirbandligi va betartib qo'yilishi bilan bog'liq muammolar paydo bo'layotgan vaqtda avtoturargohlar masjid sig'imiga yarasha qanchalik keng bo'lsa shuncha muammolarning oldi olingan bo'ladi.

Masjid kelgusi yili bitkazilishi rejalashtirilmoqda. Qurilish ishlariga bosh bo'layotgan imom-xatib, masjid jamoasi, mehnat qilayotgan quruvchilar, ularga har taraflama ko'mak berib, bu savobli ishga hissasi qo'shilayotgan barcha muxlis kishilardan niyatlari va g'ayratlariga yarasha Alloh taolodan ko'plab ajrlar nasib bo'lishini tilaymiz. Inshalloh, ushbu ibodatgoh shaharga ko'rk bag'ishlab, o'z nomiga yarasha unga tashrif buyuruvchilarning ikki dunyoda baxtli va saodatli bo'lishlari uchun ma'rifiy go'sha bo'ladi.


















O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi
Kecha, 14 noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Finlandiya musulmonlari jamiyati imomi Ramil hazrat Belyayev boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Fin yurtining din peshvolari ayni kunlarda mamlakatimizda keng nishonlanayotgan 16 noyabr – "Xalqaro bag‘rikenglik kuni" munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etmoqdalar.
Muloqotda O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotgani, o‘tgan oyda Finlyandiya Prezidentining mamlakatimizga rasmiy tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yangi bosqichga ko‘targani, ayniqsa, ijtimoiy-iqtisodiy, ta’lim, ilm-fan, madaniyat, turizm sohalarida hamkorlik rivojlanib borayotgani, xususan, o‘tgan yili O‘zbekiston musulmonlari idorasi delegatsiyacining Finlandiyaga safari juda ham samarali kechganiga urg‘u berildi.
Finlandiya delegatsiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik borasidagi ishlarni yuqori baholab, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Uchrashuv samimiy ruhda o‘tib, tomonlar esdalik sovg‘alari almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati