Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Iyul, 2025   |   20 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:22
Quyosh
05:03
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:32
Bismillah
15 Iyul, 2025, 20 Muharram, 1447

“Ekstremistik g'oyalarni inkor qilishda shar'iy dalillar” (oltinchi qism)

27.09.2020   2105   8 min.
“Ekstremistik g'oyalarni  inkor qilishda shar'iy dalillar” (oltinchi qism)

Ikkinchi fasl

Musulmon bo'lmaganlarni qatl qilishda ekstremistik jamoalarning iddaolari

Ekstremistik jamoalar iddaosicha, ularning siyosiylashgan g'oyalari hamda qonun va me'yorlar ta'rifidagi yanglish tor tushunchalari bo'yicha go'yoki islom ummati (ulamolar va boshqaruv tizimi) Alloh taolo yuborgan asosdan uzoqlashib,  uning shariatini o'zgartirgan emish. Ularning fikricha, bugun butun boshli ummat ko'rlarcha jaholatga g'arq bo'lgan bo'lib, bunda musulmonlar ham, musulmon bo'lmaganlar ham barchasi barobardir. Shuning uchun ham ekstremistik jamoalar “kimnidir kofirga chiqarish, birovning qonini to'kishni halol deyish” da'vosini musulmonu  g'ayridinlarga birdek qo'llamoqdalar.  Ular mazkur fikrlardan kelib chiqib milliy mansublikni ham, jamiyat a'zolarini bir jamiyatda tinch-totuv yashashga qaratilgan urinishlarini ham inkor qilmoqdalar. Ular yolg'onning yaxlit tizimini tashkil qilib uning taqozosiga ko'ra harakat qilmoqdalar. Pirovard natijada esa shaharlar vayron bo'lib, nohaq qonlar to'kilmoqda. Tabiiyki, bu ish ortidan musulmon bo'lgan yoki  bo'lmagan barcha jamiyatlar global muammolarga duch kelmoqdalar. Chunki bunday muammolarga duch kelgan biror jamiyatda tinchlik va xavfsizlik kafolati bo'lmaydi. Jamiyat a'zolari orasida nafrat va adovat hukm suradi.

Mana shuning uchun ham biz, terrorizm va qirg'inbarot yo'lidan yuradigan, g'ayridinlar bilan  hamjihat bo'lib yashashni-da istamaydigan  bu kabi ekstremistik jamoalarning yolg'on va shubhaga to'yingan g'oyalarini chuqur va atroflicha tekshirishimiz zarur. Ularning fikricha, urush o'chog'iga aylangan o'lkalarda senga topshirilgan har qanday shaxsning qoni sen uchun halol bo'ladi. Holbuki bu halollik da'vosi uchun sabab va joizlik dalili kerak. Biz quyida ularning shubhali dalillarini tahlil qilib chiqamiz.

Birinchi : Jihod mavzusidagi yanglish fikrlar

Bugun biz duch kelayotgan eng muhim masalalardan biri Alloh yo'lida jihodga chiqish borasidagi fikrlardir. Ushbu fikrlar ko'proq g'arb davlatlarida yashayotgan g'ayridinlarga nisbatan tajovuzkorona harakatlar qilishga  yo'naltirilgan.Chunki ekstremistik jamoalar jihodni ayni shu ma'noda talqin qiladi. Unga ko'ra, musulmonlar uchun g'ayridinlar tomonidan xavf-xatar bo'ladimi yoki bo'lmaydimi, baribir ularga qarshi kurashish zarur. Tabiiyki, bu fikrlar ularni qatl qilish mumkin, degan xulosaga olib keladi.

Shuning uchun ham Islom dinida shariatga kiritilgan jihodning farz bo'lish mavzulari va sabablarini anglab etish bugunning zaruriyatiga aylandi. Chunki bu mavzuning sabab va ahkomlarini tushunib etishimiz turli ekstremistik jamoalar nazaridagi jihod da'vosini to'g'ri talqin qilishimizni ta'minlaydi. 

Ulamolarimiz o'zaro qon to'kilishiga olib keladigan jihodning farz bo'lishi asosi  borasida ixtilof qildilar. Demak,   musulmonlarga boshqalar tomonidan bo'ladigan ehtimoliy hujum xavfi jihodga asos bo'ladimi yoki g'ayridinlarni kufrda bo'lishlarining o'zi unga asosmi?

Hanafiy, molikiy, hanbaliy va shofeiy mazhabi ulamolarining ko'pchiligi “jihod farz bo'lishi uchun g'ayridinlar tomonidan musulmonlarga qarshi jang qilinishi kerak”, deydilar.

Ammo Ibni Hazm va imom Shofeiyning o'zlari yana bir fikrida “kufr sifatining o'zi ham musulmonlar zimmasiga jihodni farz qiladi”, deydi.

Jumhur (ko'pchilik) ulamolarning fikriga qarasak, islomda jihod o'zining himoyasi uchun yoki amalga oshirilishi aniq bo'lib qolgan dushman hujumini qaytarish uchun joriy bo'ladi.

 Ibni Hazm va imom Shofeiyning ikkinchi fikriga ko'ra esa, jihod  bu Islom dinini boshqalarga ham etkazish harakati bo'lib, doim ham amalga oshirilaveradi. 

Jumhur ulamolarning dalillari quyidagilar:

“Alloh yo'lida sizlar bilan urush qilgan kishilar bilan urush qilinglar. Haddingizdan oshmanglar. Alloh haddidan oshgan kishilarni yaxshi ko'rmas.” (Baqara, 190)

“Ular bilan toki, fitna bo'lmasligi uchun urush qilinglar. Va din Alloh uchun bo'lgunicha kurashinglar. Agar ular urushdan to'xtasalar, ularga nisbatan dushmanlik yo'qdir. Ammo zolimlar bundan mustasnodir”. (Baqara, 193).

Kotib Hanzaladan rivoyat qilingan hadisi sharifda aytiladi: “Biz rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga g'azotga chiqdik. U erda qatl qilingan bir ayol kishini oldidan o'tib qoldik. Uni tepasida odamlar to'planib olgan edilar. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam, “bu ayol o'zaro jang qilayotganlar bilan urishmagan edi”, dedilar. Keyin bir sahobaga: “Holid ibni Validning oldiga borib, Rasululloh senga yosh bolalar va cho'ri-qullarni o'ldirmanglar  deb topshiriq berdilar, deb etkizgin”, dedilar.

Abu Dovuddan keltirilgan hadisda shunday deyiladi:

“Sizlar Allohning ismi bilan yurish qilinglar. Allohning nomi va rasulullohning millati bilan! Keksa-qariyani, yosh bola va go'daklarni, ayollarni o'ldirmanglar. Ularni zanjirband qilmanglar. O'ljalaringizni o'rtaga yig'inglar. Isloh va yaxshilik qilinglar”.

Yuqoridagi oyatlarda kelgan “ qitol ” so'zini mulohaza kilsak ham bu so'z ikki guruh orasida sodir bo'ladigan “qitol” yani urush ma'nosini anglatadi. Demak oyatdagi “qital” so'zi “qotala”, “yuqotilu”  fe'lining o'zagi bo'lib ma'nosi “urushmoq, jang qilmoq” deganidir. Ammo “qatl” ya'ni o'ldirmoq ma'nosini bermaydi. Chunki gohida tomonlar o'rtasida urush bo'lsa-da, ammo qurbonlar bo'lmasligi mumkin.

Shuningdek mazkur oyati karimalar tajovuz, kelishuv va o'zaro ahdnomalarni buzish, iymondan qaytish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi barcha musulmonlarni vatanlaridan chiqarib yuborish kabi g'ayridinlar tomonidan sodir etiladigan ishlarni ham “muqotala” (tomonlar o'rtasidagi urush ) tarifida bayon qilmoqda. Shu bilan birga ushbu oyati karimalar musulmonlarni o'zlari  bilan tinch-totuv yashayotgan, ularga nisbatan yuqorida sanab o'tilgan dushmanliklarni qilmaydiganlarga yaxshilik qilish va aloqalar o'rnatishdan qaytarmaydi. Holbuki, oyatda aytilgan kufr iborasi  ularga ham tegishli edi.

Hadisi shariflarda kelgan nabaviy ko'rsatmalarni o'rganib chiqsak ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizlarni  musulmonlarga qarshi urush qilmagan g'ayridinlarni qatl qilishdan, garchi ularda kufr sifati bo'lsa-da qaytardilar.  Ikkinchi tomonning ta'biri bo'yicha musulmonlarga nisbatan tajovuz va adovatda bo'lmagan g'ayridinlarni  kofir bo'lishining  o'ziyoq ularga  qarshi jihod qilishga asos bo'lganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga qarshi jang qilish yoki aloqalar o'rnatish orasini ajratmagan bo'lardilar.

Bu masalani yanada aniq tushunish uchun faraz qilamiz.  Bir ayol kishi va keksa odam o'zaro urush to'htatilgan maydonidan urush bo'layotgan maydonga o'tsalar va o'zaro urushda qatnashsa,  ularni o'ldirish joizdir. Ayni masala yuzasidan Qarobiy, jang maydonida musulmonlarga qarshi kurashib asir tushgan ayolni ham o'ldirish joizdir, deydilar.

Yuqorida keltirilgan oyati karima, hadisi shariflar va ular asosidagi mantiqiy yondashuvlar jumhur ( birinchi fikr zgalari) ulamolarni so'zini quvvatlaydi.

(Davomi bor)

“Ekstremistik g'oyalarni  inkor qilishda shar'iy dalillar” kitobidan.

Tarjimon: Tohir Vohidov.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

15.07.2025   1049   10 min.
Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.

 Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?

 Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?

Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.

So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.

Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.

So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.

Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.

Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?

Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz  rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan  “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.

2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekis­ton Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
 

Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q.  Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiya­sining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing

Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.

- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.

Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.

Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.

“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak

Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.

Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu  ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.

Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.

Maqolalar