E_''TIQODIYYA (IYMON-E_''TIQOD KITOBI)
NAZM
Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.
(Hamd bayoni)
Haqqa hamdu sano ado qildim,
Haq oti birla ibtido qildim.
Ibtido qilg'uliq nekim bordur,
Qilmasang oti birla, abtardur.
Qodiru barkamol Tengridur,
Qohiru zuljalol Tengridur.
Har nekim qilsa, Ul qilur beshak,
Har ne kim qilsa, Ul bilur beshak.
Muntazir rahmatig'a gumrohlar,
Muftaxir qullug'i bila shohlar.
Yamonu yaxshig'a umid Andin,
Qo'rqmoq andinu navid Andin.
Jismda har nechaki qil bo'lsa,
Qil senu el tanida til bo'lsa,
Hamdiga zokir o'lsa ul tillar,
Desa hamdini oylaru yillar,
Ul barining kalomi bir bo'lg'ay:
Bori o'z ajzig'a muqirr bo'lg'ay.
NASRIY BAYoN
Bismillahir-Rohmanir-Rohiym.
(Behad mehribon va benihoyat rahmli Alloh ismi bilan.)
(Hamd bayoni)
Alloh ta'ologa hamdu sano aytib, so'zimni – asarimni Allohning nomi bilan boshladim. Chunki boshlagulik nimaiki xayrli – mo''tabar ish bo'lsa, uni Allohning ismi bilan boshlamasang, oxiri kesikdir – davomi yo'qdir, natijasizdir. (Chunki, hadisi sharifda aytiladi: «Har qanday xayrli – mo''tabar ish Allohning ismi bilan boshlanmasa, abtardir – oxiri kesik, davomi yo'qdir”.)
(Chunki) Qodir – har narsaga kuchi etadigan, xohlagan narsasinixohlaganidek yaratishga, xohlagan ishini xohlaganidek qilishga qodir bo'lgan zot Allohdir; barkamol – eng komil sifatlarga sohib zot Allohdir, Qohir – Qahhor sifatiga sohib, ya'ni hamma narsaga, har bir xohlagan kishi va narsaga xohlagan ishini qiladigan suratda g'olib va hokim zot, Zuljalol – yagona ulug'lik egasi Allohdir.
Har nimaiki qilsa, shubhasiz, U qiladi, har kim nimaiki qilsa, shubhasiz, U biladi. (Qiladigan ishini biladigan ham, bilgan ishini qiladigan ham Udir!)
Gumrohlar – yo'ldan adashganlar, xatoyu gunohga tushganlar ham Uning rahmatiga intizor, umidvor; shohlar ham Unga bandalik, qullik va ibodat qilish bilan faxrlanadilar.
Yaxshi-yomon insonlarning hammasining umidi faqat Undandir, xavfu rajo – qo'rquv ham, umid ham faqat Undandir. (Chunki har mo''min kishiga xavfu rajo – umid bilan qo'rquv orasida yashash vojibdir. Biri oshsa ham, biri kamaysa ham, inson uchun xavflidir, bu ikkisi barobar bo'lishi shart.)
Insonning jismida necha tuk bo'lsa, ular sening va boshqa barcha insonlarning tanida til bo'lsa, agar bu tillar Allohning hamdiga zokir bo'lib, Uni zikr qilsa, oylaru yillar Unga hamdu sano aytsa, barchalarining so'zi bir bo'ladi: hammalari o'z ojizligiga iqror bo'ladi, xolos. (Ya'ni, yagona va qudratli Zotning nazdida hamma o'z ajziga iqrordir.)
Nasriy bayon va sharh muallifi
Mirzo KYeNJABYeK
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Moskva shahridagi “Antek” MCHJ qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik tadbiri tashkil etildi. Ushbu ma’naviy tadbirda elchixona diplomatlari bilan bir qatorda, yurtimizdan maxsus tashrif buyurgan Buxoro shahridagi “Xalifa Xudoydod” jome masjidi imom-xatibi Odiljon Sadilloyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtdoshlarimizni muborak oy bilan qutlab, davlatimiz rahbariyatining samimiy tabriklarini yetkazdilar. Musofirchilikda turli qiyinchiliklarni sabr bilan yengib, halol mehnat orqali oilasiga rizq ulashayotgan hamyurtlarimizga alohida minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Ramazon oyini munosib o‘tkazish va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, iftorlik asnosida ma’rifiy suhbat o‘tkazilib, fuqarolarimizning yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligi, yoshlarni turli diniy oqimlardan asrash va doimo ogoh bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv vatandoshlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati