Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo'yicha yilning ikkinchi oyidir. Islomdan avvalgi johiliyat davrida “Bu oyda falon ishni qilib bo'lmaydi, falon ish mumkin emas” kabi shumlanishlar urf bo'lgan. Hatto biron ishga kirishishdan oldin qush uchirib ko'rishardi. Qush o'ng tomonga uchsa, yaxshilikka yo'yib, ishga kirishishar, chap tomonga uchsa, bu ishda yaxshilik yo'q ekan, deb tark etishar, bordi-yu to'g'riga uchsa, boshqatdan uchirib ko'rishar edi.
Afsuski, hozir ham “safar oyida ish boshlash, to'y qilish, safarga chiqish xosiyatsiz” degan gaplar bot-bot quloqqa chalinib turadi. Bu gaplarning hech qanday asosi yo'q. U oyda o'qiladigan namoz, duo va boshqa ezgu amallar boshqa oylardagidek qabul bo'ladi. Safar oyida ham to'y va marosimlar qilish, safar qilish mumkin.
Taqdirga imon keltirish dinimizning asoslaridan biridir. Inson boshiga tushadigan barcha yaxshilik va yomonliklarni taqdirdan deb bilishi kerak. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Insonga) biror musibat etgan bo'lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (etur). Kimki Allohga imon keltirsa, (U) uning qalbini to'g'ri yo'lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir” (Tag'obun surasi, 11-oyat).
Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Madina shahridagi masjidlarini safar oyida qurganlar. Qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoni Ali roziyallohu anhuga safar oyida nikohlaganlar. Aynan shu oyda safarga chiqib, Haybar qal'asini fath qilganlar. Bu oyga “yaxshilik oyi” deb nom berganlar.
Demak, inson har bir narsani Alloh taolodan deb bilishi kerak. Haq taolo aqidamizni mustahkam qilsin.
Davron NURMUHAMMAD
Avvalambor, biz bu mavzuda gap boshlar ekanmiz, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligining garovi” mavzusidagi ma’ruzasida aytgan: “Mamlakatimizda yoshlarning ma’naviy qiyofasini mustaqillik mafkurasi, uning insoniy tamoyillari asosida shakllantirishga bosh vazifa sifatida qaralayotgani bejiz emas. Yoshlar jamiyatda sodir bo‘ladigan har qanday voqeliklarga o‘zgacha, ruhiy his kechinmalar doirasida munosabat bildiradilar. Qiyinchiliklar vujudga kelganda esa ehtiroslarga beriladilar. Shuning uchun bizning oldimizda turgan muhim masala — yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashdir” - deya ta’kidlagan ushbu nutqlariga e’tiborimizni qaratishimiz o‘rinlidir.
Demak, mafkuraviy tahdid tushunchasi nimaligi haqida bir mulohaza: mafkuraviy tahdid - ijtimoiy-siyosiy harakat, oqim yoki siyosiy kuch o‘z manfaatini ifodalovchi mafkurasini qo‘rqituv, zo‘rlik yo‘li bilan boshqalarga singdirishdir. Mafkuraviy tahdid jamiyat, davlat yoki xalq taqdiriga xavf soluvchi, oqibati fojeali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan xatar hisoblanadi. Ha, bu kabi tahdidlarning ayrim ko‘rinishlari bugun mintaqamizdagi tinchlik va barqarorlik uchun katta xavf xatar sifatida namoyon bo‘lib turibdi.
Mafkuraviy tahdid o‘z mohiyatidan kelib chiqib, eng avvalo, inson ongiga, tafakkuri va xulq-atvoriga xavf-xatar solmoqda. Inson ongi va qalbini vayronkor va buzg‘unchi g‘oyalar bilan izdan chiqarishga harakat qilish mafkuraviy tahdidning eng asosiy belgilaridan hisoblanadi. Mafkuraviy tahdidning o‘ta xavfli jihati shundan iboratki, u, birinchi navbatda, jamiyatning ma’naviy sohasini barbod etishga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Chunki, aynan ma’naviy soha har qanday jamiyatning mavjudligini, uning yashovchanligini ta’minlaydigan asosiy o‘zagi hisoblanadi. Bugun mafkuraviy tahdidlarning turli xil usul va vositalari ishlab chiqilmoqda. Jumladan: ommaviy axborot vositalaridagi turli xildagi milliy mintalitetimizga to‘g‘ri kelmaydigan kino va multfilimlar, ko‘rsatuv va kliplar qo‘yish bilan xalqimizning ongini sekin astalik bilan buzishga qaratilgan harakatlar shular jumlasidandir.
Bugungi kunda bizlar mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurashishligimizda nimalarga alohida e’tibor qaratishligimiz kerak:
Shu va shunga o‘xshagan bir qancha usullar bilan ma’naviy-ma’rifiy ishlarni keng qamrovli, izchil tartibda olib borishimiz lozim. Bu kabi ma’naviyat va ma’rifat ishlarini hayotga tatbiq etish jarayonida nafaqat ta’lim-tarbiya soha vakillari, balki, barcha boshqaruv tizimida o‘tirgan mutasaddilar ham masalaga nihoyatda yuksak mas’uliyat bilan yondashishlari lozim.
Ha, men yuqorida tarbiya qismiga aloxila to‘xtalib o‘tdim. Chunki biz kelajak avlodlarimizni bugun go‘zal tarbiya bilan tarbiyalay olsak, ertangi kunimizdan xavotir olmasak ham bo‘ladi. Agarda loqayd, poraxo‘r, ertasi bilan qiziqmaydigan, faqatgina buguni bilan yashaydigan, mustaqil fikri bo‘lmagan, o‘zgalar nima desa, ularning fikriga ko‘ra ish qilib ketaveradigan manqurt kimsalar ko‘paysa, ertamizni o‘zgalar qo‘liga berib qo‘yamiz. Biz bunga butkul qarshimiz, aslo bunga rozi bo‘lolmaymiz. Shuning uchun ham biz barchamiz bu yo‘lda birlashishimiz kerak bo‘ladi.
Rahmonqul Aliqulov,
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi