O'zbekistonda 14 sentyabrdan boshlab yana 2300 dan ortiq maktab ochilib, ularda an'anaviy ta'lim boshlandi. Aksariyat maktablarda an'anaviy ta'lim oktyabr' oyiga qadar tiklanishi kutilmoqda. Bunda maktablarni ochish haqidagi qaror individual tarzda joylardagi haqiqiy holat hamda sog'liqni saqlash tizimi xulosalariga muvofiq, mahalliy kengashlar deputatlari ruxsatidan so'ng qabul qilinadi.
Bolalarning quvonchi cheksiz axir, pandemiya ularni olti oydirki, maktab sinfxonalari, do'stlaridan yiroqlashtirib turibdi. Nasib bo'lsa, har tong yana bilimlar maskani sari oshiqishadi.
Urgut tumanida joylashgan “Shayx Muxiddinxon” jome masjidi imom-xatibi Nodir Tursunov xayrli ishga bosh bo'ldi. “Chorchinor” mahallasidagi tadbirkorlar ko'magida karantin sharoitida maktab bozoriga etarlicha tayyorgarlik ko'ra olmagan oilalar farzandlariga maktab formalari va o'quv qurollarini hadya etishdi. Endilikda bu bolajonlar ham boshqa do'stlari qatorida yangi ust-bosh, o'quv qurollari bilan darslarni boshlashadi.
Hadisi qudsiyda: “Qaysi bir inson birovning og'irini engil qilsa, hojatini ravo qilsa, Men o'sha insonning og'irini oxiratda engil qilaman, hojatini ravo qilaman”, - deb Alloh taolo va'da qilgani bayon etilgan. Yaxshilik va xayru sahovat ishlari doimo dillarga quvonch ulashib, Yaratganning roziligi, barakaning ko'payishi, balolarning ko'tarilishiga sababchi bo'lsin.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bo'limi
Bugun, 26 noyabr kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev Andijondagi “Sayyid Muhyiddin Maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida bo‘lib, mazkur maskanda tahsil olayotgan talabalar bilan samimiy va mazmunli davra suhbati o‘tkazdi.
Ubaydulloh domlaga bilim yurti rahbari Rustamjon domla Mahmudov hamrohlik qildi. Uchrashuv avvalida ta’lim muassasasi faoliyati, o‘quv jarayoni va yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar batafsil tanishtirildi. Ta’kidlanishicha, bugun ta’lim sifati bosqichma-bosqich takomillashib, yangi o‘quv dasturlari joriy etilmoqda, zamonaviy o‘quv xonalari, elektron resurslar va boy kutubxona yoshlar ixtiyoriga taqdim etilgan. Bu o‘z navbatida ilmu ma’rifatni chuqur o‘rganishga intilayotgan talabalar uchun muhim madad bo‘layotgani qayd etildi.
Davra suhbati davomida Ubaydulloh domla talabalarni ilmni puxta egallashga, har bir darsni mas’uliyat bilan o‘rganishga, kelajakda el-yurtga xizmat qiladigan yetuk ulamolar safidan o‘rin egallashga chaqirar ekan, yurtimiz ulamolari hayotidan ibratli misollar keltirildi.
— "Ilm talab qilish yo‘lidagi mashaqqat odamni kamolga yetkazadi. Ilmni faqat o‘rganibgina qolmasdan, uni hayotda qo‘llash, amal qilish insonning eng go‘zal ziynati hisoblanadi” — deya ta’kidlandi.
Talabalarga vaqtni qadrlash, ustozlarning duosi va roziligiga erishish, kitob mutolaasini kundalik odatga aylantirish kabi muhim maslahatlar berildi. Ubaydulloh domla yosh avlodga bo‘lgan yuksak ishonchini izhor etib, har bir talaba ilmda o‘z oldiga buyuk bir maqsad qo‘yishi kerakligi hamda shu maqsadga erishish yo‘lida doimo intilib borish kerakligi aytildi.
Hozirda “Sayyid Muhyiddin Maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida 47 nafar farg‘onalik yoshlar tahsil olmoqda. Ularning 15 nafari 4-kursda tahsil olib, mustaqil hayot ostonasida turibdi. Ular barcha ilmlarni puxta egallab, kelgusida viloyatimizdagi masjidlarda xalqimiz ma’naviyati va ma’rifati hamda din xizmatida kamarbasta bo‘lishlariga ishonch bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati