— Yaqinda onamiz bandalikni bajo keltirdilar. Ta'ziya kunlari onamizning kiyim-kechaklari qarindosh va qo'shni ayollarga tarqatildi. Bir juft kiyimlarini esdalik uchun qoldirgandik. Eshitishimizcha, bunday qilish to'g'ri emas ekan. Shu haqida biror maslahat bersangizlar, iltimos.
— Dinimizda meros deb atalgan ulkan hukmlar to'plami mavjud bo'lib, uning bayonini Alloh taolo Qur'oni karimda alohida zikr qilgan va taqsimotni O'zi belgilagan. Meros oyatining nozil bo'lishiga ushbu voqea sabab bo'lgan edi. Sa'd ibn Robe'ning xotini Sa'ddan bo'lgan ikki qizini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keltirib:
“Ey Allohning Rasuli, manavi ikkovi Sa'd ibn Robe'ning qizlari, otalari siz bilan Uhudda (ishtirok etib) shahid bo'ldi. Endi bo'lsa amakilari ularning mollarini olib qo'ydi. Ularga hech qanday mol qoldirmadi. Ikkovlarining moli bo'lmasa, birov nikohiga ham olmaydi”, dedi.
“Bu haqda Alloh O'zi hukm chiqaradi”, dedilar u zot. Shunda: “Alloh sizlarga farzandlaringiz haqida vasiyat etib...” oyati – meros oyati nozil bo'ldi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularning amakisiga odam yuborib: “Sa'dning ikki qiziga uchdan ikkisini, ularning onasiga sakkizdan birini ber, qolgani esa senga bo'ladi”, dedilar.
Aynan ushbu voqea meros oyatlarining nozil bo'lishiga sabab bo'lgan edi.
Vafot qilgan kishining qoldirgan narsalari merosxo'rlarning haqqi hisoblanadi, uni nohaq yo'l bilan olish yoki taqsimlash mutlaqo joiz emas. Magar o'sha meros egalari bo'lgan kishilar o'zaro rozi bo'lishsa, olish joizdir. Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Hech biringiz birodaringizning narsasini hazillashib ham, jiddiy ma'noda ham olmangiz. Sizlardan biringiz hatto o'z birodarining tayog'ini olgan bo'lsa ham, qaytarib bersin”. Vallohu a'lam.
Muhammad Ayyub HOMIDOV
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qashqadaryo viloyati vakilligi tashabbusi bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining qalamiga mansub “Fiqh va aqidaga oid ixtilofli masalalar yechimi” kitobi asosida imom-xatiblar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy zakovat musobaqasi tashkil etildi. Tadbirda shahar va tumanlarda xizmat qilayotgan diniy soha vakillari ishtirok etdi.
Musobaqaning asosiy maqsadi — mazkur kitob orqali imom-xatiblar bilimlarini boyitish, fiqh va aqida sohasida uchraydigan ixtilofli masalalarga aniq va mantiqiy yechim topish ko‘nikmasini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Musobaqada 5 ta guruhdan iborat 30 nafar imom-xatiblar ishtirok etishdi. Ishtirokchilar kitobda bayon etilgan fiqhiy masalalar, aqidaviy qoidalar, ulamolar fikri va ularning dalillari asosida tayyorlangan mukammal sharh talab etuvchi savollarga javob berish bilan baholandilar.
Bellashuv juda qizg‘in ruhda o‘tdi. Yuqori saviyada tayyorgarlik ko‘rgan jamoalar o‘rtasida tortishuvli bahslar, dalillar keltirish va ilmiy mulohazalar bilan boyigan baholash jarayoni barcha ishtirokchilar uchun katta tajriba bo‘ldi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra g‘olib va faol ishtirokchilar diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Tadbir mas’ullarining qayd etishicha, bunday ilmiy musobaqalar imom-xatiblarning bilim va mahoratini oshirish, jamoat orasidagi e’tiqodiy barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati