Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Fevral, 2026   |   5 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:50
Quyosh
07:09
Peshin
12:42
Asr
16:22
Shom
18:09
Xufton
19:21
Bismillah
22 Fevral, 2026, 5 Ramazon, 1447

AYTILGAN (YoZILGAN) GAP – OTILGAN O'Q! Hushimiz borida ko'zimizni ochaylik!

11.09.2020   4762   9 min.
AYTILGAN (YoZILGAN) GAP – OTILGAN O'Q! Hushimiz borida ko'zimizni ochaylik!

Inson bu dunyoda jismonan sog'lom bo'lib yashashi uchun suv va havoga qanchalik muhtoj bo'lsa, ma'nan milliy qadriyatlarga, ma'rifatga shunchalik ehtiyoj sezadi. Bu qadriyatlarning, ma'rifatning ildizi Islom ta'limoti bilan sug'orilgan bo'lsa, ikki karra saodatdir! Aksincha bo'lsa, qashshoqlikdan boshqa narsa emas.

So'nggi paytlarda internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda, bosma nashrlarda tarqatilayotgan xabarlar, maqolalarni o'qib, kishining hayrati oshadi. “O'rgimchak to'ri” shunchalar rivojlandiki, fikringiz bo'g'zingizdan tovush bo'lib chiqar-chiqmas, butun dunyoga tarqalib ketyapti. Bu – yaxshi, albatta: maqolani ko'rasiz, kuzatasiz, o'qiysiz, uqasiz va xulosa chiqarasiz.

Bugun mamlakatimizda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev rahnamoligida ommaviy axborot vositalari erkinligi ta'minlanib, xalqning chinakam minbariga aylantirilayotgan bir paytda, asossiz “shov-shuvlar” ketidan quvib, o'quvchilarni chalg'itish, muqaddas dinimizning sofligiga putur etkazishni kasb qilib olayotganlar haliyam borligi kishini o'yga toldiradi.

Ming afsuski, so'nggi vaqtlarda ayrim noxushliklarni Islom shiorlari bilan bog'lab yoritish – “masjid bunday bo'ldi”, “imom bunday qildi” deyish holatlari uchrayotgani kishini tashvishga soladi. Bulardan maqsad nima? Shunday nobakor yo'l orqali, ya'ni diniy qadriyatlar sha'niga putur etkazish evaziga arzonfurush maqola bilan ommaning e'tiborini jalb qilishdan kimga nima naf?..

Ho'sh, aslida tanqid qanday bo'lishi kerak?

Keling, ma'rifatparvar bobolarimizning yozganlariga quloq tutaylik. Mahmudxo'ja Behbudiy: “Majalla (oynoma) va jaridalar(ro'znoma)ning katta bir xosiyati tanqid, ya'ni saralamoqdur. Sarroflar aqchani, tujjorlar mato'ni saralaganidek, muharrirlar ham umumiy hol va maishatg'a taalluq nimarsalarni saralaydurki, boshqa so'z ila “tanqid” atalur”, (“Oyna” jurnali, 1914 yil 32-son) degan.

Tanqid o'rinli, asosli, jamiyatda urchigan illatlarga murosasiz bo'lish, inson manfaatlarini ta'minlash, muqaddas dinimiz sofligini asrash niyatida yozilgan bo'lsa, xalqning tahsiniga sazovor bo'lishi tayin. Biroq milliy qadriyatlarimizga tosh otish, muqaddas dinimiz shiorlarini obro'sizlantirishga bo'lgan har qanday urinish oqibati halokatli(!)dir.

Ko'nglidan o'tgan fikrni aql tarozisiga solmay, mulohaza qilib pishitmay, dinimiz mezonlariga rioya qilmay, tayyor xomashyo sifatida soxta obro' orttirish ilinjida maqolaga kiritib yuborish tanqid emas. Axborot tezligi asrida aytilgan gap – otilgan o'q. Borib tekkan, o'rnashgan joyini kuydirib yuborganidan so'nggina hushimizga kelamiz.

...Ayrim maqolalarda keltirilgan faktlar masjiddan ancha olisda sodir bo'lgan esa-da, sarlavhaga “masjid” so'zi olib chiqilgan. Halqimiz “Allohning uyi” deya mehr ila ulug'lab, e'zozlaydigan, azizu muqaddas va tabarruk joyni inson aytishga ham uyaladigan so'zlar bilan yonma-yon ishlatishga hech kim(!)ning haqqi yuq!!!

Qanday vazifada ishlashi yoki ijtimoiy mavqeidan qat'i nazar, Islom shiorlarini yomonotliq qilishga urinish – xalq mutlaqo kechirmaydigan qing'ir ish va asrlar davomida esidan chiqarmaydigan narsa! Ayrim kishilar matbuot sohasidagi erkinlikni suiste'mol qilib, hurmat-ehtirom kabi insoniy tuyg'ular, sharqona odob-ahloq, milliy-diniy an'analar, o'lmas qadriyatlar va umumbashariy qonun-qoidalar kabi oliy mezonlarga rioya qilmayotgani – xavotirli holatdir.

Alloh taolo Qur'oni karimda: «U (inson) biron so'zni talaffuz qilmas, magar (talaffuz qilsa) uning oldida hoziru nozir bo'lgan bir kuzatuvchi (farishta u so'zni yozib olur)” (Qof surasi 18-oyat), deb bayon qilgan.

Boshqa bir oyati karimada esa: «Ey mo'minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat etkazib qo'yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo'lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko'ringiz!»(Hujurot surasi 6-oyat), deb marhamat qilinadi.

Ushbu oyati karimalardan jurnalistning aytganlari va yozganlarini kuzatuvchi farishtalar borligi, vaqt-soati etib “daftar ko'tarilganda”, bugun yozganlari ertaga o'zlarining foyda yoki zararlariga hujjat bo'lishini tushunish uchun Islom ta'limoti shart emas, balki ota-onasidan olgan tarbiyasi (agar olgan bo'lsa) etib oshadi. Shunday ekan, har qanday noxush va bema'ni materiallarni odamlarni hayratga soladigan qilish uchun Islom shiorlariga qasddan bog'lashdan saqlanish kerak!

Har qanday noxush va bema'ni materiallarni odamlarni hayratga solish maqsadida qasddan Islom shiorlariga bog'lab yozishlik – aslida xalqimizning ham, dinimizning ham do'stini ishi emas!

Payg'ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallam ham muborak hadisi shariflarida: “Eshitgan narsasini gapiraverishi kishininig gunohkor bo'lishiga kifoya”(Imom Muslim rivoyati), deyilgan. Demak, eshitgan narsani yozaverish, bilib-bilmay dinimizni malomat qilaverish kechirilmas gunoh (!) hamda katta va og'ir jinoyat ekani oydinlashadi.

Hammani lol qoldiradigan yo keng ommani jalb etadigan material yozaman deya, arzon shuhratga uchib, Islom shiorlariga zarar etkazish – jurnalistika etikasiga ham, millatimiz axloqiga ham, muborak dinimiz ta'limotiga ham mutlaqo to'g'ri kelmaydi!

Har bir so'zimizni yozishga chog'lanar ekanmiz, ongimizda Yaratgan Parvardigorimiz – Alloh taolo va Uning Rasulining bizni ogohlantirgan kalomlari, ajdodlarimiz ibrati, Islom dini qadr-qimmati shakllansa, so'z aytish mas'uliyatini yanada teranroq anglagan bo'lar edik. Zotan, qalam ahllarining sharafli kasbida qo'lga kiritadigan yutuqlarini ta'minlovchi muhim omil shu aslida.

Shu o'rinda yana bir jihatni ta'kidlash kerak. Ommaviy axborot vositalariga oid qonun hujjatlarida ham biror-bir tashkilot yoki shaxs faoliyatiga oid xabarni tarqatishdan avval, uning to'g'riligi va haqqoniyligini tekshirish qayd etilgan. O'zbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi Qonunining (yangi tahriri) 5-moddasida: “Ommaviy axborot vositalari qonun hujjatlariga muvofiq axborotni izlash, olish, tadqiq etish, tarqatish, undan foydalanish, uni saqlash huquqiga ega hamda tarqatilayotgan axborotning xolisligi va ishonchliligi uchun belgilangan tartibda javobgar bo'ladi”, deb alohida ko'rsatib qo'yilgan.

Halqimiz ardoqlaydigan mo''tabar maskanlarga shunday munosabatda bo'lish – yurtimiz tinchligiga raxna solish, xalq orasida fitna qo'zg'atish yoki “ko'rinmas kuchlar”ning nayrangiga uchishdan boshqa narsa emas. Bunday xatolar takrorlanmasligi uchun muqaddas dinimiz sha'niga putur etkazayotgan kimsalarga etti o'lchab, bir kesmasa, ishini Hudoning O'zi “to'g'rilab” qo'yishi mumkinligini eslaridan chiqarmasliklarini ta'kidlaymiz.

Bugungi “shuhrat”chaning ketidan quvib, “mish-mishlar”ga uchib, uydirma axborot tarqatayotgan, asossiz maqolalar yozib, dinimizni haqoratlayotgan mualliflar tutumida, fikru zikrida shaytoniy “men!” ustuvor. Ular “men”ini  kibr bilan yo'rgaklab olishgan. Bundaylarni, avvalo, ogohlantirish zarur. Shunda ham tiyilmasa, ularga Allohning O'zi kifoya: agar xohlasa, shu dunyoning o'zida, xohlasa, oxiratda jazo beradi.

Halqimiz ardoqlaydigan mo''tabar maskanlarga, mo'min-musulmonlarimizga peshvo bo'lib turgan ustozlarimizga shu kabi munosabat bilan yondoshish – yurtimiz tinchligiga rahna solish, xalq orasida fitna qo'zg'atish yoki “ko'rinmas kuchlar”ning nayrangiga uchish, deb hisoblaymiz.  

Hulosa qilib aytish mumkinki, jannatmakon yurtimizda tug'ilib ham, muqaddas Vatanimiz tuprog'ida yashab ham, dono xalqimiz chin ixlos bilan e'tiqod qilayotgan dinda bo'lib ham, Islom dini qadriyatlari, sha'ni va qadr-qimmatini taratayotgan ulamolarimizni obro'sizlantirishga qaratilgan qiliqlar kimga bo'lsa ham umuman yarashmaydi!

Iloho o'zlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz buyurgan, Janob Payg'ambarimiz sallallohu alayhi vasallam  tavsiya etgan, o'tganlarimizning ruhlari shod bo'ladigan, xalqimizni xursand qiladigan, ota-onalarimiz rozi bo'ladigan yo'llardan yurishimizni nasib etsin!

  

Ibrohimjon INOMOV,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari 

 
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mehr ulashgan Ramazon: ehtiyojmandlarga amaliy g‘amxo‘rlik

22.02.2026   797   1 min.
Mehr ulashgan Ramazon: ehtiyojmandlarga amaliy g‘amxo‘rlik

Ramazon oyi insonlar qalbida mehr-oqibat, saxovat va bag‘rikenglik tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydigan ayni palladir.


Bu muqaddas oyda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush farovonligini yaxshilash va jamiyatda o‘zaro g‘amxo‘rlik muhitini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Davlat tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Ramazon oyi munosabati bilan mamlakatimizda muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir martalik moddiy yordam ajratilmoqda. Tegishli tartibga muvofiq, ehtiyojmand fuqarolarga 1 million va 500 ming so‘m miqdorida moliyaviy ko‘mak taqdim etilmoqda.
 

Mazkur tashabbus nafaqat moddiy yordam, balki davlatning aholiga bo‘lgan e’tibori, g‘amxo‘rligi va ijtimoiy mas’uliyatining amaliy ifodasidir. Ayniqsa, muqaddas oyda bunday ko‘makning yetkazilishi hududlardagi ko‘plab oilalar uchun katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlash bo‘lmoqda.


Jumladan, Namangan viloyatida ham 68 mingdan ortiq oilaga bir martalik moddiy yordam yetkazilishi rejalashtirilgan. 
 

Joylarda bu jarayon izchil va manzilli tarzda amalga oshirilib, yordam haqiqatan ehtiyojmand aholi qatlamini qamrab olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.


Bunday ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tadbirlari jamiyatda o‘zaro mehr-muruvvat muhitini mustahkamlab, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda. Ramazon oyida ezgulik va saxovat har bir xonadonga kirib borayotgani esa bu ishlar samarasining yaqqol ifodasidir. 
 

Bunday savobli amallar respublikaning barcha tumanlarida davom ettiriladi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA

Mehr ulashgan Ramazon: ehtiyojmandlarga amaliy g‘amxo‘rlik
O'zbekiston yangiliklari