G'ayridinlar bilan hamjihat bo'lib yashashda mo''tadil va mutaassibona yondashuv orasidagi fikrlar
Bugungi kunda turli ekstremistik guruhlar muqaddas dinimiz nomidan amalga oshirayotgan xunrezliklari sababli muqaddas Islom dinimiz musulmon bo'lmaganlar nazarida tor doiradagi qoloq din sifatida baholanmoqda. Gazeta, jurnal va turli axborot vositalari orqali Islom diniga qarshi turli ko'rinishlarda bo'lgan global aksiltashviqotlar tarqatilmoqda. Ekstremistik oqimlar keltirib chiqarayotgan oqibatlarni muhokamasi uchun xalqaro anjumanlar o'tkazilmoqda. Ayrim xalqaro anjumanlarda insoniyatni halokat va qirg'inlardan muhofaza qilish shiori ostida musulmon jamiyatlarida bo'lsa-da, musulmonlikka yot bo'lgan dasturiy choralarga targ'ib qilinmoqda. Ayrim yoshlarini dinimiz haqidagi bilimlari yuzaki bo'lgani bois mutaassib g'oyalar qarshisida ikkilanib qolmoqdalar. Chunki ularning nazarida go'yo ushbu ekstremistik oqimlar asl musulmonlardir. Ayrimlar Islom diniga adovatda bo'ldilar va Islomga terrorizm va johillik tamg'asini qo'ymoqdalar. Muqaddas dinimizga ushbu yolg'on tamg'ani bosayotganlar Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni g'ayridinlar bilan hamjihat bo'lib yashashga doir amaliy sunnatlarini butunlay nazardan qochirmoqdalar.
Muqaddas dinimiz bizni g'ayridinlar bilan nafaqat hamjihatlikda yashashga, balki, ular bilan islohotlar o'tkazish, o'zaro manfaat va fikr almashinuvlarida ham hamkorlik qilishga chaqiradi. Musulmonlar va musulmon bo'lmaganlar orasida nabaviy sunnat o'laroq joriy bo'lib kelayotgan ushbu jarayon Islom dinining nurli tongi otgan zamonlardanoq boshlangan edi.
Shu nuqtai nazardan biz ushbu bahslarimiz orqali bugun ko'pchilik odamlarni qiziqtirayotgan mazkur muhim masalalarni Kitob va Sunnat asosida atroflicha chuqur o'rganamiz. Voqelikda ko'p uchraydigan – musulmonlar qanday qilib g'ayridinlar bilan hamjihatlikda yashagan, qanday qilib turli din egalari orasida tinchlik va xotirjamlikni ta'minlagan, bugun biz etib kelgan joriy holatimizning sababi nimada? – qabilidagi savollarga javob topamiz.
Yuqoridagilardan kelib chiqib bu mavzudagi ma'lumotlarni uch faslga bo'lib o'rganamiz.
1. Musulmonlarni musulmon bo'lmaganlar bilan hamjihat bo'lib yashashida nabaviy sunnatning tutgan o'rni.
2. Ekstremistik oqim a'zolarining musulmon bo'lmaganlarni qatl qilishdagi da'volari.
3. Ekstremistik jamoalarning qilmishlari ortidan yuzaga kelayotgan vaziyat. Ularni jamiyatning boshqa a'zolari bilan murosaga bormasligi.
Darhaqiqat, Islom dini o'zining shonli tarixi davomida musulmonlarni g'ayridinlar bilan bir jamiyatda hamjihat bo'lib yashashi asosini o'rnatdi. Shuning uchun ham musulmonlar jamiyatida, ular bilan birga tinch-totuv yashab kelayotgan ko'plab g'ayridinlarni uchratishimiz mumkin. Qur'oni Karimda ayni shu hukmga dalolat qiladigan bir qancha oyatlar nozil bo'lgan. Jumladan, Hujurot surasi 13-oyatida shunday deyiladi;
“Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o'zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo'ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir”.
Aslida ushbu hamjihatlik va madaniy aloqalar butun insoniyat tarixi davomida mustahkamlash uchun urinib kelayotgan eng oliy haqiqatdir. Ayni mazkur masalada musulmon odam Islom dini ko'rsatmalariga muvofiq hatto, g'ayridin bo'lgan qo'shnisi bilan ham yaxshi muomalada bo'lgan, unga zarar etkazmagan. Garchi uning dinu-diyonati boshqa bo'lsa ham, unga do'stona munosabatda bo'lgan. Islom o'zining dastlabki davridan boshlab, aniqrog'i, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olamlarga rahmat payg'ambari bo'lib kelgan davrdan e'tiboran xuddi shu uslubni boshlab berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etganlaridan keyin esa u zotning sahobalari Rasulllohning ushbu amaliyotlari, sunnatlarini izchil davom ettirdilar. Ular ulkan mamlakatlarni fath qilar ekanlar, o'zga din vakillaridan birortasi musulmonlar hukmi ostida yashashdan og'rinmadi. Chunki ular musulmonlar jamiyatida yashagan paytlarida o'zlarining izzat-nafsi, ahli oilasi, mol-mulklari to'laqonli himoya ostida edi. G'ayridinlardan bo'lgan birorta fuqaro o'zi bilan biror musulmon shaxs orasida yuzaga kelgan kelishmovchilikdan musulmonlar mahkamasiga da'vo bilan chiqsa-yu, haqiqat u tomonda bo'lsa, mahkama qozisi hech bir taraddudsiz g'ayridin foydasiga hukm qilar edi. Bu kabi olamshumul voqealarga tarix ko'p bora guvoh bo'lgan. Natijada g'ayridinlarning ayrimlari musulmon bo'lar, xohlaganlari esa o'z dinida bo'lsa-da erkin, hur qolar edi. Musulmonlar tomonidan ularga nisbatan zulm va tajovuz qilinishiga, ularni obro'sizlantirishga aslo yo'l qo'yilmas edi. Muborak hadisi shariflarda “insonni insonga qul bo'lishi yo'qdir. Chunki ularning onalari ularni ham hur holatda tuqqandirlar” deyilgan oliy insoniy me'yor musulmonlar hayotida o'z ifodasini topgan edi.
Imomi Ahmadning “Musnad”larida Abu Umomadan quyidagi hadisi sharif rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Alloh Taoloni yolg'iz deb bilgan, xulqda oliyjanob, bag'rikeng bo'lgan din bilan jo'natildim”, dedilar”.
Qur'oni karimdan dalillar
Kitob va sunnatda bu masalalarga oid yana ko'plab dalillar mavjud. Jumladan:
1. “Dinga majbur qilish yo'q. Batahqiq, haq botildan ajradi”. ( Baqara, 256 )
2. “Shuning uchun ham Bani Isroilga “Kim bir jonni nohaqdan yoki er yuzida fasod qilmasa ham o'ldirsa, go'yo barcha insonlarni o'ldirgan bo'ladi. Kim uni tiriltirsa (hayotini saqlab qolsa) go'yo barcha insonlarni tiriltirgandek bo'ladi”- deb yozdik”. (Moida, 32).
3. “Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o'z ahliga etkazishlaringizni va agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat bilan hukm qilishni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va'z qilur! Albatta, Alloh o'ta eshituvchi va ko'ruvchidir”. (Niso, 58).
4. “Ey, iymon keltirganlar! Alloh uchun haqda turing, adolatli guvoh bo'ling. Bir qavmni yomon ko'rishingiz sizlarni ularga nisbatan adolat qilmaslikka olib bormasin. Adolatli bo'lingki, ana shu ish taqvoga eng yaqin ishdir. Allohdan qo'rqinglar. Albatta Alloh qilayotgan ishlaringizdan o'ta xabardordir” (Moida, 8).
5. “Alloh sizlar bilan diniy urush qilmagan va sizlarni o'z diyorlaringizdan quvib chiqarmagan qavmlarga yaxshilik qilishdan, ularga adolat ko'rsatishdan sizlarni qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko'radi”. (Mumtahana, 7).
Ushbu oyati karimalardan ma'lum bo'lishicha, Islom shariati tom ma'noda jamiyatda adolatni talab qiladi. Odamlarni diniy e'tiqodi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat'i nazar, hammaga birdek ayni talabni qo'yilishi Islomning ulug'vorligidir. Oyatlarni chuqurroq o'rgansak, bir insonning o'limi hatto, umumbashariyat o'limi, uning hayotining saqlab qolinishi esa umumbashariyat hayotini saqlab qolinishiga tenglashtirilmoqda. Boshqa dinlardan farqli o'laroq, ushbu Qur'oniy ko'rsatmalar faqat musulmonlargagina xos qilinmadi.
Insofli tarixchilar tomonidan yoritilishicha, musulmonlar kitob va sunnati nabaviya keltirgan nurli manhajda yashagan davrlar har tomonlama taraqqiyot davri bo'ldi. Bugungi kunimizda ataylab Islom diniga bog'lanayotgan xalqaro terrorizm va vayronkorliklarni dinimiz butunlay qoralaydi. Ularning hammasi ochiq-oydin dinimizga tuhmatdir.
Bugunning manzarasi
Bugungi kunda dunyo sahnasiga chiqayotgan yangi avlod orasida bir turfa jamoalar paydo bo'ldi. Ular jamiyatlarni vayron qilish, musulmon va g'ayridinlar orasiga nizo urug'ini sochish bilan band bo'lmoqdalar. Afsuski ular har qanday ishga ham ruxsat beraveradigan, har qanday yaxshilikdan ko'z yumib ketadigan, har qanday qabihlikni ham qilaveradigan ekstremistik guruhlar bo'lib shakllandi.
Ularning asosiy da'volaridan biri din va aqidada o'zlariga muxolif bo'lgan tomonni dushman deb bilishdir. Shuning uchun ham ulardan ko'pchiligi o'zlariga ergashmagan musulmonlarni kofir deb ularning molu jonlarini o'zlariga halol qilib olmoqdalar. Ular Islom jamiyatlari va musulmonlar haqida shu kabi hukm chiqarganidan keyin g'ayridinlar haqida qanday yo'l tutishi hammaga ma'lum.
Ular o'z harakatlari bilan asri saodatdan beri davom etib kelayotgan – musulmonlarni g'ayridinlar bilan ham bir jamiyatda hamjihat bo'lib yashashidek buyuk islomiy manhajni o'zgartirib yubordilar. Oqibatda jamiyat a'zolari orasida o'zaro dushmanlik kayfiyati vujudga keldi. Bir vaqtlar ikki xil diyonat egalari orasida o'zaro uzilish va hech qanday adovat bo'lmagan asliy fitrat o'zgarib ketdi. Musulmonlar o'z zimmalaridagi g'ayridinlarning qo'shnichilik haqlarini ham esdan chiqardilar. Musulmonlar hatto go'zal mav'iza, chiroyli da'vat ustiga qurilgan Qur'oniy ko'rsatmalarni-da nazardan qochirdilar.
“Robbingni yo'liga hikmat va chiroyli pandu nasihat bilan da'vat et. Ular bilan eng go'zal uslubda munozara olib bor”. (Nahl, 125)
Hozirda ekstremistik oqim namoyondalari o'ziga muxolif bo'lgan musulmon va musulmon bo'lmagan jamiyatlar orasida turli terakt amaliyotlarini uyushtirmoqda. Musulmon bo'lmagan davlatlarda chet el elchixonalari va cherkovlarni portlatib yubormoqda. Amerika va Yevropa davlatlarida kemalarni garovga olmoqda. Davlatlararo keng qo'llaniladigan o'zaro ishonch va hamkorlik rishtalarini uzmoqda. Bugungi kunimizda musulmon bo'lmaganlar ularni qilmishlarini ko'rib, go'yo Islom dini mana shunday vayronkor va zo'ravonlik dini deb tushunmoqdalar. Turli ekstremistik oqimlarning bu kirdikorlari Qur'oni karim oyatlariga mutlaqo xilofdir. Ya'ni aslida ular insonni molu mulki, izzat-nafsi, qoni, qo'shnichilik haqi va hurriyatini muhofazasiga qaratilgan Islom asoslariga xilof ish qilmoqdalar.
(Davomi bor)
“Ekstremistik g'oyalarni inkor qilishda shar'iy dalillar” kitobidan Tohir Vohidov tarjimasi
Jannatul Baqi’ — Saudiya Arabistonining Hijoz mintaqasida, Madinai munavvarada joylashgan islom tarixidagi ilk va eng qadimiy qabriston. U Masjidun Nabaviyning janubi-sharqiy tomonida joylashgan bo‘lib, “Baqi’ul G‘arqad” nomi bilan ham mashhur. Bu yerda Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamning oila a’zolari va ko‘plab sahobalari dafn etilgan.
Qabriston milodiy 622 yilda tashkil etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Makkadan Madinaga hijrat qilganlarida (milodiy 622 yil, sentyabr), Baqi’ yerlari g‘arqad, ya’ni tikanli butalar bilan qoplangan bo‘sh maydon edi.
Badr jangi bo‘layotgan vaqtda (milodiy 624 yil) vafot etgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qizlari Ruqayya roziyallohu anho Baqi’ qabristoniga birinchilardan bo‘lib dafn etilgan. Sahobalardan esa birinchi bo‘lib, muhojirlardan Usmon ibn Maz’un roziyallohu anhu, ansorlardan As’ad ibn Zurora roziyallohu anhu shu yerga qo‘yilgan.
Jannatul Baqi’dagi 13 ta mashhur qabr va ziyoratgohlar:
1. Safiya binti Abdulmuttalib va Otika roziyallohu anhumo: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari.

2. Abdulloh ibn Ja’far va Aqiyl ibn Abu Tolib roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaqin qarindoshlari va amakivachchalari.

3. Rasulullohning ayollari, mo‘minlarning onalari: Xadicha binti Xuvaylid va Maymuna binti Horis roziyallohu anhumolardan tashqari Payg‘ambarimizning barcha ayollari shu yerga dafn etilgan.

4. Payg‘ambarimizning qizlari: Fotimai Zahro, Ruqayya, Zaynab va Ummu Kulsum roziyallohu anhumolarning qabrlari.

5. Payg‘ambarimizning yaqin ahli baytlari: Bu yerda amakilari Abbos ibn Abdulmuttalib, shuningdek, Zaynulobiddin ibn Husayn, Hasan ibn Ali, Muhammad Boqir va Ja’far Sodiqlar dafn etilgan.

6. Ibrohim roziyallohu anhu: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning go‘dakligida vafot etgan o‘g‘illari.

7. Harra jangi shahidlari: Madina shahrini himoya qilishda shahid bo‘lganlar.

8. Usmon ibn Affon roziyallohu anhu: “Zunnurayn” - ikki nur sohibi, Islom olamining uchinchi xalifasi.

9. Halimai Sa’diya: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning emizgan sut onalari.

10. Abu Said Xudriy va Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhum: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng ulug‘ sahobalaridan.

11. Imom Molik va Imom Nofe’: Mashhur Molikiy mazhabi asoschisi Imom Molik ibn Anas va uning ustozi, qiroat olimi Imom Nofe’ ibn Abu Nuaym.

12. Hasan ibn Ali roziyallohu anhu: Payg‘ambarimizning suyukli nabiralari, Hazrat Ali va Fotima onamizning o‘g‘illari.

13. Fotima binti Asad roziyallohu anho: Hazrat Ali roziyallohu anhuning onalari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni o‘z farzandidek voyaga yetkazgan ayol.

Baqi’ qabristonidagi maqbara va gumbazlar 1806 va 1925 yillarda buzib tashlangan. Hozirgi kunda qabrlar ustida hech qanday bino yoki belgilar yo‘q, ular oddiy tuproq va toshlar bilan belgilangan.
T.Azimov tayyorladi