Sayt test holatida ishlamoqda!
07 Fevral, 2026   |   19 Sha`bon, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:08
Quyosh
07:28
Peshin
12:42
Asr
16:05
Shom
17:51
Xufton
19:04
Bismillah
07 Fevral, 2026, 19 Sha`bon, 1447

Ashuro qanday kun va o‘sha kuni nima qilish kerak?

20.08.2020   16676   5 min.
Ashuro qanday kun va o‘sha kuni nima qilish kerak?

Bugun, 20 avgust hijriy 1442 yil Muharram oyining birinchi kuni. Ushbu oyning Ashuro kuni, ya’ni 10-kuni (30 avgust) ko‘plab muhim voqea va hodisalar sodir bo‘lgan. Bu haqda tarix kitoblarida batafsil ma’lumot berilgan. Shu o‘rinda ularning ayrimlarini esga olib o‘tamiz:

  1. Odam alayhissalom jannatda taqiqlangan daraxt mevasidan yeb qo‘yganlari sabab, gunohkor bo‘lganlar va yer yuziga tushirilganlar. U zot qilgan ishlariga qattiq pushaymon bo‘lib, tinimsiz istig‘for aytganlar, tavba qilganlar. Alloh taolo Ashuro kuni tavbalarini qabul qilgan.

Bu to‘g‘rida Qur’oni Karimda marhamat qilinadi: Bas, (Odam bilan Havvo) undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o‘zlarini jannat yaproqlari bilan to‘sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo‘lib, yanglishdi So‘ngra Parvardigori uni poklab, tavbasini qabul etdi va hidoyatga yo‘lladi (Toha surasi, 121-122 oyatlar).

  1. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ashuro kuni Nuh alayhissalomning kemalari Judiy tog‘i ustida to‘xtagan, shu sababli Nuh alayhissalom shukrona tariqasida bundan keyin har yili shu kuni ro‘za tutganlar» (Imom Ahmad rivoyati).
  2. Namrud alayhi la’na Ibrohim alayhissalomni yoqib yuborish uchun katta gulxan yoqib, manjaniqlar vositasida u zotni olovning ustiga uloqtirgan. Lekin Allohning marhamati bilan olov gulzorga aylanib, Xalilullohga zarracha ziyon yetmasdan omon qolganlar.
  3. Zolim Fir’avn va uning navkarlari Muso alayhissalom hamda Banu Isroilga ko‘p azob bergan. Ular zulmdan qochib ketayotganlarida, dushmanlar ortlaridan quvgan. Alloh taloning inoyati bilan Muso alayhissalom va Banu Isroil eson-omon suvdan o‘tib olgan. Fir’avn va uning askarlari esa suvga g‘arq bo‘lgan.
  4. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madinaga kelganlarida, yahudiylarning Ashuro kuni ro‘za tutayotganini ko‘rib: Bu nima? (ya’ni, nima uchun bu kun ro‘za tutyapsizlar?)”, deb so‘radilar. Ular: “Bu yaxshi kundir. Bu kunda Alloh taolo Banu Isroilga dushmanlaridan najot bergan. Shuning uchun Muso alayhissalom ro‘za tutganlar”, deb javob berishdi. Shunda u zot: Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman, dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar, boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

 

Eng ahamiyatlisi, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘za tutganlar. Bu narsa biz uchun sunnatga aylangan. U zot ummatlarini ro‘za tutishga undaganlar, qiziqtirganlar. Ummatlar uchun o‘z Payg‘ambarining sunnatlariga ergashish saodat, fazilat, baraka va najotdir.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ashuro kuni ro‘zasini tutganlarida o‘sha kuni ro‘za tutishga (boshqalarni ham) buyurdilar. Shunda: “Ey Rasululloh, bu kunni yahudiy va nasroniylar ulug‘lashadi”, deyildi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kelasi yil, inshaalloh, to‘qqizinchi kuni ham ro‘za tutamiz”, dedilar. Kelasi yil kelmasdan avval Rasululloh sollallohu alayhi va sallam vafot etdilar” (Muslim, Abu Dovud va Tabaroniy rivoyati).

Demak, Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kuni emas, balki bir kun oldin yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sunnatlaridir.

Sahobai kiromlar, tobe’inlar va ulardan keyin yashab o‘tgan mo‘min-musulmonlar bu kunlarda ro‘za tutishgan. Biz ham solihlarning yo‘llariga ergashishga buyurilganmiz. Ular biz uchun yo‘lchi yulduz, nurli chiroqdir.

Abu Qatodadan rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Ashuro kuni ro‘zasi o‘tgan yilgi gunohlarga kafforat bo‘lishidan umid qilaman!” deganlar (Muslim, Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja va Ahmad rivoyati).

Bu hadisdan Ashuro kuni tutiladigan ro‘zaning qanchalik fazilatli ekani, ya’ni o‘sha kuni ro‘za tutgan bandaning avvalgi yilda qilgan gunohlari kechirilishi ma’lum qilinmoqda.

Ulamolar Ashuro kuni ro‘za tutish sunnati muakkada, degan xulosaga kelishgan. Qaysi banda niyat va ixlos bilan Ashuro kuni ro‘zasini tutsa, va’da qilingan ajr-mukofot va gunohlari kechirilishiga erishadi. Bu imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik, fursatni g‘animat bilib, solih amallarda peshqadam bo‘lish har bir mo‘min insonning burchidir.

Jamoat ahliga ergashgan, ularning yo‘lidan yurganlar aslo kam bo‘lmaydilar, nadomatda qolmaydilar, hasrat chekmaydilar, ziyon ko‘rmaydilar. Tutgan har bir kuni ro‘zasi uchun ulkan savoblarni qo‘lga kiritadilar, tog‘dek-tog‘dek gunohlari duv-duv to‘kiladi. Buning barchasi biz ojiz bandalar uchun nihoyatda mehribon va o‘ta g‘amxo‘r Robbimizning cheksiz inoyatidir.

Erkin Qudratov,

Mir Arab o‘rta maxsus islom

bilim yurti mudarrisi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Oq uy” jome masjidi (fotolavha)

06.02.2026   1193   1 min.
“Oq uy” jome masjidi (fotolavha)

Poytaxtimizning fayzli mahallalaridan biri “Fayzobod”da qo‘r to‘kib turgan “Oq uy” jomesini ko‘rgan kishining dili yayraydi. Zamonaviy uslubda did bilan qurilgan masjidga namozxonlar shaharning hamma joyidan bir martagina bo‘lsa ham boshini sajdaga qo‘yish ishtiyoqida keladi.
 

Ilgari bu yerda faqat kichik namozxona bo‘lgan. “Fayzobod” va yon-atrofdagi mahallalarda istiqomat qiladigan namozxonlarga qulaylik yaratish maqsadida 2018 yilning 18 iyunida Mirobod tumanidagi “Oq uy” musulmonlar qabristoni hududida yangi jome masjid barpo etish to‘g‘risida Toshkent shahar hokimligining qarori chiqdi.


2019 yil fevral oyida “Oq uy” jome masjidi poydevoriga birinchi g‘isht qo‘yildi. Hashar yo‘li bilan yangi barpo etilgan “Oq uy” masjidi 2024 yil mart oyida foydalanishga topshirildi. Masjid xonaqohi sig‘imi olti ming kishiga mo‘ljallangan, hayit namozlarida o‘n-o‘n ikki ming kishi namoz o‘qiydi.


Jomening ikki qanotida ikkinchi qavatlari ham mavjud. Shuningdek, katta xonaqoh hajmicha keladigan yerto‘lasi ham bor va u yerda ham namoz o‘qiladi. Masjidning bitta minorasi bo‘lib, balandligi yigirma yetti metr.


Imom-xatib va imom noiblari uchun to‘rtta xona ajratilgan. Ulardan tashqari, yana beshta umumiy xizmat xonasi, masjid kutubxonasida esa 250 dan ortiq kitob bor. Issiq va sovuq suv bilan ta’minlangan zamonaviy tahoratxona bir vaqtning o‘zida 120 kishiga xizmat ko‘rsatadi. 


Robiya DAMIN qizi

“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 1-sonidan

http://hidoyatuz.taplink.ws

“Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha) “Oq uy” jome masjidi (fotolavha)
Maqolalar