Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Dekabr, 2025   |   12 Jumadul soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:07
Quyosh
07:31
Peshin
12:18
Asr
15:13
Shom
16:58
Xufton
18:16
Bismillah
03 Dekabr, 2025, 12 Jumadul soni, 1447

Abu Mansur Moturidiy hayoti nima uchun kam o‘rganilgan?

19.08.2020   3992   3 min.
Abu Mansur Moturidiy hayoti nima uchun kam o‘rganilgan?

Ko‘plab mo‘tabar tabaqot kitoblarida Abu Mansur  Moturidiy haqida batafsil ma’lumot kamligini ulamolar afsus bilan tilga oladilar. Bu haqda shayx Balqosim G‘oliy “Abu Mansur Moturidiy hayotuhu va arouhul aqodiya” (Abu Mansur Moturidiyning hayoti va e’tiqodiy qarashlari) asarida quyidagilarni yozgan:

“Hijriy III asrning oxiri va IV asrning boshlarida shariatni chetga qo‘yib, aqlni asosiy mezon qilib olgan mo‘tazila firqasi paydo bo‘ldi. Ular e’tiqodiy masalalarda jumhur ulamolarning tutgan yo‘llariga qarshi chiqishdi va jannatda Alloh taoloni ko‘rish, qabr azobining haqligi kabi masalalarda ahli sunna e’tiqodini inkor qilishdi. Hatto Alloh taoloning kalomi Qur’onni maxluq deb odamlar orasida bid’at e’tiqodni yoyishdi. Aqlga suyanib sahih hadislarni inkor qilishdi va Qur’on oyatlarini botil ta’villar bilan ta’vil qilishdi. Ularning bu buzuq e’tiqodi avom xalq orasida tarqaldi. Mana shunday tahlikali holatda Islom olami ularning aqliy dalillariga raddiya beradigan, musulmonlarni botil e’tiqodga o‘tib ketishlaridan naqliy va aqliy dalillar bilan qaytaradigan kuchli olimga muhtoj edi. Allohning irodasi bilan bu sharaf Imom Moturidiyga nasib etdi. Qiyomatga qadar dunyoga keladigan barcha musulmonlar u zotning haqlariga duo qilishlari lozim. Chunki Imom Moturidiy mo‘taziliylarga ham aqliy, ham naqliy raddiya berib, bu botil e’tiqod yoyilib ketishining oldi olinishiga sababchi bo‘ldi. Ming afsuski tarix kitoblarida butun Islom ummati ulug‘lasa arziydigan bu zotning tarjimayi holi batafsil yoritilmagan. Xulosa qilib aytganda, o‘z davrida adashgan oqimlarga raddiyalar berib, ularning xatolarini bayon qilgan va musulmonlarga beqiyos xizmat qilgan Imom Moturidiyning hayotini keng yoritib bermagan tarix bu buyuk zot oldida qarzdordir”.  

Ahli sunna val jamoaning imomi sanaladigan bu zotning hayoti va faoliyati mashhur tabaqot kitoblarida yoritilmasdan qolgani yoki yoritilganlarida ham ma’lumotlar juda kamligi haqida ko‘plab sabablar aytilgan. Bu borada Doktor Balqosim G‘oliy quyidagi to‘rtta sababni bayon qiladi:

  1. “Imom Moturidiyning Abbosiylar davlati markazi Bag‘doddan uzoqda bo‘lgani;
  2. Abul Hasan Ash’ariy Bag‘dodda faoliyat olib borgani va o‘sha yerda vafot etgani sababli Abbosiy xalifalar tomonidan ash’ariya ta’limoti qo‘llab-quvvatlangani;
  3. Molikiya va shofe’iyya mazhablari vakillarining ash’ariya madrasasini yoyilishiga hissa qo‘shganlari va moturidiya mazhabi esa faqat bitta hanafiya mazhabi bilan yolg‘izlanib qolgani;
  4. Poytaxt Bag‘dodda va unga yaqin hududlarda olimlarni topish va ulardan dars olish qulay bo‘lgan. Bu olimlar esa asosan ash’ariya mazhabi olimlari bo‘lganlari”.

Mazkur sabablarning eng asosiysi Abu Mansur Moturidiyning o‘sha paytdagi Abbosiylar davlatining poytaxti, ilm-fan markazi bo‘lgan Bag‘doddan uzoqda, Bag‘dod bilan o‘rtadagi aloqasi yaxshi bo‘lmagan Somoniylar davlatida yashagani hisoblanadi.

Abdulqodir Abdur Rahim,

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom

instituti o‘qituvchisi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ixtilof halokatga sabab bo‘ladi

02.12.2025   2235   6 min.
Ixtilof halokatga sabab bo‘ladi

(Bir hadis sharhi)

Ba’zan odamlar Qur’onning turli qiroatlarini eshitganda, o‘zi bilmay turib, ularni xato deb baholaydi. Oqibatda tortishuvlar yuzaga keladi.

Qur’oni karim Alloh taoloning kalomidir. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Jabroil alayhissalom orqali nozil qilingan. Alloh taolo arab qabilalarining anglashi yengil bo‘lishi va Kitobning ilohiy mo‘jizaligini namoyon etish uchun uni bir necha harfda (qiroatda) nozil qilgan.

عَنِ ابْنِ مَسْعُودٍ رضى الله عنه قَالَ: سَمِعْتُ رَجُلاً قَرَأَ ، وَسَمِعْتُ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم يَقْرَأُ خِلاَفَهَا فَجِئْتُ بِهِ النَّبِىَّ صلى الله عليه وسلم فَأَخْبَرْتُهُ فَعَرَفْتُ فِى وَجْهِهِ الْكَرَاهِيَةَ وَقَالَ: كِلاَكُمَا مُحْسِنٌ ، وَلاَ تَخْتَلِفُوا ، فَإِنَّ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمُ اخْتَلَفُوا فَهَلَكُوا.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Bir kishining qiroat qilayotganini eshitdim. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning u (oyat so‘zlari)ni boshqacha qiroat qilayotganlarini eshitgan edim. Shunda uni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga olib borib, u zotga bor gapni aytib berdim. Shu payt yuzlarida norozilikni payqadim. U zot:  “Ikkingiz ham to‘g‘ri qilgansiz. Ixtilof qilmang, chunki sizdan oldingilar ixtilof qilib, halokatga uchragan”, dedilar” (Buxoriy rivoyati).

Ushbu hadisda Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu bir odamning – ba’zilar Ubay ibn Ka’b degan – Qur’on oyatini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglagan qiroatiga o‘xshamagan tarzda o‘qiyotganini eshitgan. Ikkisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qiroatda o‘qitganlarini da’vo qilib, tortishib qolgan. Shunda Ibn Mas’ud roziyallohu anhu o‘sha odamni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga olib borgan. Har biri u zotga o‘rgangan qiroatida tilovat qilib ko‘rsatgan. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikkingiz ham to‘g‘ri qilgansiz”, deganlar. Ya’ni, ikkingiz ham to‘g‘ri o‘qidingiz, ikki qiroat ham joiz. So‘ng ogoh etib: “Ixtilof qilmang, chunki sizdan oldingilar ixtilof qilib, halokatga uchragan”, deganlar. Ya’ni, avvalgi qavmlar og‘ir oqibatga olib boradigan ixtiloflarga berilib ketgan. Bu ixtiloflar nafs istaklariga ko‘ra muqaddas kitoblardagi so‘zlarni o‘zgartirishgacha borib yetgan.

Shariat ittifoq va birlikka da’vat qiladi, tafriqa (firqalanish) va bo‘linishni qattiq man etadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam go‘yo bunday demoqdalar: Qur’onni o‘qing va ma’nosiga muvofiq birlikda bo‘ling. Qandaydir shubha kelib chiqib, ixtilofga olib borsa, o‘sha shubhani yig‘ishtiring va odamlarni birlikka yetaklaydigan ochiq ma’noga qayting. Ilgarigi ummatlar kabi halokatga eltuvchi ixtilofga tushmang.

Qur’on qiroatida ixtilof qilish mumkin emas. Chunki har bir qiroat Allohdan nozil qilingan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonidan o‘rgatilgan. Qiroatdagi ruxsat berilgan turlilik Qur’onning ma’nosiga daxl bermaydi. Demak, Qur’onning bir oyati yo so‘zi bir necha qiroatda o‘qilishi mumkin. Ulardan birortasini inkor qilgan kishi Qur’onni inkor qilgan bo‘ladi.

Ixtilofning oldini oladigan yana bir chora – yetarlicha ilm olmagan kishi Qur’on haqida, jumladan, qiroat to‘g‘risida o‘z fikri bilan so‘z yuritishi mumkin emas. Qur’on qiroati sunnat bilan sobit bo‘lgan. Shuning uchun bahstalab vaziyat yuzaga kelganda o‘zaro tortishmasdan, ilmliroq kishidan so‘rash lozim.

Ma’lumki, Qur’oni karim islomning boshlang‘ich davrida hijoz shevasiga (Makka, Madina va Toif aholisining lahjasiga) mos holda nozil qilingan. Hudaybiya sulhidan so‘ng turli arab qabilalari islomga kira boshladi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam bir necha marta Allohdan odamlar uchun Qur’onni turli lahja va shevalarga mos holda o‘qishni yengil qilishni so‘raganlar. Turli arab qabila va urug‘lari o‘z shevasiga g‘urur bilan bog‘langan edi, shuning uchun bu yengillik ularga Qur’on ma’nolarini yaxshiroq anglash imkonini berardi. Alloh taolo u zotning iltijosidan ham ortiqroq yengillik in’om etib, Qur’oni karimni yetti harfda nozil qildi.

Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jabroil menga (Qur’onni) bir harfda o‘qitdi. Men undan ziyoda qilishni so‘rayverdim, nihoyat, yetti harfga yetdi”, dedilar” (Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan).

“Harf” – qiroat ilmi istilohida biror so‘zning muayyan shakllarda o‘qilishi. Shuningdek, umumiy bir uslubda o‘qish ham “harf” deyiladi. “Yetti harf” haqida ulamolar turli fikrlarni aytgan. Ba’zilar yetti harfdan murod o‘sha paytdagi arab lahjalariga moslik bo‘lganini ta’kidlagan. Ayrimlar buni qiroatdagi ixtilof (turli joiz shakl)lar yetti turkumga bo‘linishi bilan izohlagan. Boshqalar aynan muayyan adad emas, balki ko‘plik, ya’ni bir necha turdagi qiroat nazarda tutilganini aytgan. Yana ba’zilar yetti qiroatning aynan o‘zi emasligini aytgan.

Umuman, bu haqda qirqdan ziyod fikr aytilgan. “Harf” nima ekani haqida biror hadis yo rivoyat yo‘q. Shuning uchun allomalarning fikrlari ijtihodiy sanalib, umuman olganda, Qur’on kalimalarini o‘qishdagi turlilik ma’lum va mashhur, eng muhimi, mumkindir. Bu biror ixtilofga asos bo‘lmasligi kerak.

Bu – Qur’onning har bir so‘zi turlicha o‘qiladi va har kim, o‘z xohishiga ko‘ra, so‘zlarni o‘z lahjasidagi ma’noga o‘zgartirishi mumkin, degani emas, albatta. Qaysi turda bo‘lsa ham, qiroat faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan tinglangan va u zot o‘qib bergan shakllardan biriga mos bo‘lishi kerak.

Demak, ilmli mutaxassis (qori) biz odatlangan, o‘qib-o‘rgangan, o‘zimiz an’anaviy hisoblagan qiroatdan farqli tarzda tilovat qilsa, bu xato emas, sahih rivoyat asosidagi qiroat bo‘ladi. Uning harfi – biz odatlangandan boshqacha, xolos.

Qiroat bobida “to‘g‘ri-noto‘g‘ri” deb tortishish ilmsizlik oqibati bo‘lib, bu xususda tortishish fitnaga, fitna esa halokatga olib boradi. Shuning uchun mo‘min kishi qiroatlardagi farqni inkor etmasligi, balki uni Allohning hikmati sifatida qabul qilishi kerak ekan.

Qodirxon MAHMUDOV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

MAQOLA