Uzoq Sharq musulmonlari diniy idorasi raisi, Uzoq Sharq muftiysi Ahmad hazrat G'arifullin O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlariga minnatdorchilik maktubi yo'lladi.
Unda O'zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatiga Saxalin orolida Ramazon oyi tadbirida xizmat ko'rsatishni tashkil etishdagi ko'rsatgan yordami uchun minnatdorchilik bildirilgan.
“Biz sizning qo'llab-quvvatlashingiz va g'amxo'rlik ko'rsatganingizni chin qalbdan qadrlaymiz. Kelgusi hamkorligimizdan umidvormiz hamda musulmonlarni birlashtirish va Qodir Allohning dinini mustahkamlashga ko'maklashish yo'lidagi birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz bundan keyin ham o'z samarasini berishiga ishonamiz”, deyiladi tashakkurnoma matnida.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997 yildan buyon 16 noyabr butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sana O‘zbekistonda ham yaxshi an’anaga aylangan. Zero, bag‘rikenglik xalqimizga xos ming yillik qadriyatimizga aylangan. U boshqa millat va din vakillariga nisbatan hurmat, xayrixohlik va muruvvat bilan munosabatda bo‘lish, insonning e’tiqodi, tili yoki irqiga qaramasdan, eng avvalo, uni insoniy qadr-qimmat bilan e’zozlash madaniyatidir.
Bugun – 10 noyabrdan boshlab “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlari boshlandi. Haftalikning dastlabki tadbiri mamlakatimiz Prezidenti g‘oyasi asosida ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash xalqimiz sharafiga bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘idagi Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari faollari, diniy konfessiya vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda keng jamoatchilik ishtirok etgan “Bag‘rikenglik marshi”dan so‘ng monument poyiga gullar qo‘yildi.
Shundan keyin “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida turli millat va din vakillari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida daraxt ko‘chatlari ekish marosimi o‘tkazildi. Unda ishtirokchilar yaxshi niyat bilan chinor ko‘chatlarini ekishdi.
Ta’kidlash joizki, joriy yilning 10–15 noyabr kunlari mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Bag‘rikenglik haftaligi” doirasida barcha viloyatlar va Toshkent shahridagi nufuzli san’at saroylari, teatrlar, konsert zallari, tomosha maydonlari, xiyobonlar va bog‘larda turli madaniy-ma’rifiy hamda ilmiy-amaliy bayramona tadbirlar tashkil etiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati