Sufyon ibn Abdulloh Saqafiy roziyallohu anhu aytadi: “Yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga bir ishni ayting, uni mahkam tutay”. U zot: “Allohga iymon keltirdim, deb ayt va ustuvor bo'l (o'lguningcha shu iymoningga ko'ra yasha)”, dedilar.
“Alloh uchun Uning toatida ustuvor bo'lganlar”. Abul Oliya Riyohiy: “Oyatning ma'nosi – dinni, da'vatni va amalni Alloh uchun xolis qilganlar, degani”, deb aytgan. Ustuvor bo'lishning asosi uchta narsada bo'ladi: Qur'on va sunnatga ergashish hamda jamoatni lozim tutish.
Bilki, banda uchun eng yaxshi najot yo'li – ilmga amal qilish, Allohdan qo'rqib yomon ishlardan chetlanish va Alloh azza va jalla bilan boy bo'lishdir. Holingni isloh qilish bilan shug'ullan, Robbing qarshisida xokisor tur, shubhalardan saqlan, odamlarga bo'lgan ehtiyojlaringni kamaytir, o'zing uchun nimani ravo ko'rsang, odamlarga ham shuni ravo ko'r, nimani yomon ko'rsang, ular uchun ham yomon ko'r. Hech kimning aybini oshkor qilma.
Yomon ish qilishni ko'nglingga tugib qo'yma, kichkina gunohlarni takror-takror qilaverma. Har qanday holda Allohga shoshil, Undan hojatingni so'ra. Barcha ishda Allohga tavakkal qil. Havoi-nafsni qo'y. O'zingdan qoniqib, kutib yuraverma. Zikringni maxfiy tarzda qil. Allohga doim shukr qil, istig'forni ko'paytir, fikrlab ibrat ol.
Odamlar shoshadigan vaziyatlarda sen xotirjam bo'l, odamlar bilan muomala qilganingda odob bilan muomala qil. Nafsing uchun odamlarga jahl qilma. Alloh uchun o'zingga g'azabing kelsin. Hech kimga yaxshiligi evaziga yomonlik qilma. O'zini yaxshi bilmagan odamni aslo maqtama, o'zing uchun ham maqtov qabul qilma. Kulishni, hazil-mutoyibani kamaytir.
O'zingdagi og'riqlarni yashir, o'zingni sog'lom qilib ko'rsat. Ishonchni yashir, odamlarning molidan umidingni uz, go'zal faqirlikni o'zingda his et. Boshingga tushgan musibatga sabr qil, Alloh senga taqsimlab berganiga rozi bo'l, Allohning va'dasiga hech shubhasiz ishon, amllaringdan qo'rquvda bo'l. Senga aloqasi bo'lmagan ishni qilishga urinma, sendan talab qilingan ishni zoye qilma. Har bir in'omida Allohga muhtoj bo'l va najotni Undan ista.
Senga zulm qilganlarni kechirib yubor, sendan qizg'anganlarga ham sen beraver, sen bilan aloqani uzganlarga Alloh yo'lida silai rahm qil, seni yaxshi ko'rganlarni Alloh uchun Afzal ko'r, o'zingni va molingni birodarlaring uchun sarf et, dining xususida senga bosh bo'lganlarning haqlariga rioya qil. Qilgan yaxshiliging ko'zingga katta bo'lib ko'rinib ketmasin, qilgan yomonligingni kichkina sanamagin.
Amal bilan ujub qilishdan ehtiyot bo'lganingdek, ilm bilan ziynatlanishdan ham ehtiyot bo'l. Hech qachon odob ilmga zid keladi degan tushunchaga borma. Odamlarga bo'ysunmaslik birla Allohga itoat qil, lekin Allohga ma'siyat bo'ladigan o'rinda odamlarga bo'ysunma. Alloh yo'lida kuchingni ayama. Amallaring borasida o'zingdan rozi bo'lma. Namozingda Allohning huzurida butun vujuding bilan tur.
Doktor Hasson Shamsi Poshoning “Metin qoyalar” kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.