Indoneziyada musulmonlar oqsoqollari kengashi tomonidan “Dinlar va iqlim o'zgarishi” mavzusida anjuman tashkil etildi.
Anjuman doirasida “Diniy e'tiqodlar atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha xabardorlikni qanday shakllantiradi” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbirda Musulmonlar oqsoqollar kengashi a'zosi, Malayziyaning sobiq Din ishlari vaziri doktor Zulkifli Muhamad Al-Bakri odamlarni ekologik muammolardan xabardor qilishga qaratilgan diniy tushuncha va qadriyatlar haqida ma'lumot berdi.
Al-Bakriy dinning ma'naviy-axloqiy nufuzi va sayyoramizdagi milliardlab odamlar ongiga chuqur ta'siri tufayli HHI asrda atrof-muhitni muhofaza qilishda ulkan ahamiyat kasb etishi mumkinligini ta'kidladi, deb yozadi “Islamnews” see.news ga tayanib.
Indoneziyaning “Nahdatul-ulama” islom tashkiloti raisi o'rinbosari Zulfa Mustofa dindorlar uchun ko'rsatma va tavsiyalarni shakllantirish uchun ekologiya mavzusida diniy-huquqiy tadqiqotlar olib borish zarurligini ta'kidladi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati