Ahli sunna val jamoa etiqodi bo‘yicha qabr azobi va undagi rohat, oyat va hadslar bilan haqdir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobalar roziyallohu anhumdan kelgan xabarlar asosida qabr azobiga – kim shunga loyiq bo‘lsa – va unda Munkar va Nakirning Robbidan, dinidan va Nabiysidan so‘roq qilishiga iymon keltiramiz. Qabr jannat bog‘laridan bir bog‘dir yoki do‘zax chuqurlaridan bir chuqurdir.
Ya’ni, osiy bo‘lib, azobga loyiq bo‘lganlar uchun qabr azobi bo‘lishiga iymon keltiramiz. Munkar va Nakir nomli ikki farishta bandaning qabrida turib, uni Robbi, dini va Nabiysi haqida savol-so‘roq qilishiga iymon keltiramiz.
Dalillar:
«Banda qabriga qo‘yilib, as'hoblari undan qaytganlarida, u alarning kavushlari taqillashini eshitib turganda, huzuriga ikki farishta kelib, uni o‘tirg‘izishadi va unga: «Mana bu odam (Muhammad sollallohu alayhi vasallam) haqida nima der eding?» deyishadi.
Shunda mo‘min: «Uning Allohning bandasi va Rasuli ekaniga guvohlik beraman», deydi.
Shunda unga: «Do‘zaxdagi joyingga nazar sol. Alloh uning o‘rniga senga jannatdan joy berdi», deyiladi.
U ikki joyni ham ko‘radi», deganlar.
(Buxoriy Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.)
«Bu ikkovi azoblanmoqda. Azoblanishlari katta narsada emas. Ulardan biri peshobdan saqlanishga e’tibor bermas edi. Boshqasi esa chaqimchilik qilib yurar edi», dedilar. Bir xurmoning ho‘l shoxini olib kelib, ikkiga bo‘lib, ikki qabrga bittadan suqib qo‘ydilar.
Kishilar: «Ey Allohning Rasuli, nega bunday qildingiz?» deyishdi. Ul zot sollallohu alayhi vasallam:
«Shoyadki, bular quriguncha ikkovlaridan azob yengillatilsa», dedilar» (Buxoriy va Muslim rivoyat qilishgan).
«Sizlardan biringiz qabrga qo‘yilsa, uning oldiga qoramtir-zangori rangli ikki farishta keladi. Ulardan biri Munkar, boshqasi Nakir deyiladi», deganlar (Termiziy rivoyat qilgan).
Xulosa shulki, qabr azobi va ne’mati haqida, ikki farishtaning so‘roq-savol qilishi haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan inkor qilib bo‘lmaydigan darajada ko‘plab xabarlar kelgan. Bunga iymon keltirish vojibdir. Kim inkor qilsa, kofir bo‘ladi.
Ammo o‘sha azob yoki ne’mat qanday bo‘lishi haqida gapirmaymiz. Chunki bu dunyoda unga o‘xshash narsa bo‘lmagani uchun, aql uni tasavvur qila olmaydi. Shariatda esa bu borada aql ko‘taradigan narsa kelgani yo‘q.
«Aqoid ilmi va unga bog‘liq masalalar» kitobidan
Abdulvoxid Isaqov,
Namangan shaxar “Miryoqubboy Mirhakimboy” jome
masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: "Namozni O‘zim bilan bandam orasida ikkiga bo‘lganman, bandam nimani so‘rasa, beraman". Agar u (banda): "Alhamdu lillaahi Robbil ’aalamiyn", desa, Alloh: "Bandam Menga hamd - shukr aytdi", deydi. Banda: "Ar-Rohmanir Rohiym", desa, Alloh: "Bandam Menga sano - maqtov aytdi", deydi. Banda: "Maaliki yavmid-diyn", desa, Alloh: "Bandam Meni ulug‘ladi", deydi. Banda: "Iyyaaka na’budu va iyyaaka nasta’iyn", desa, Alloh: "Bu - Men bilan bandam orasidagi narsa, bandam nimani so‘rasa, beraman", deydi. Agar banda: "Ihdinas-sirotol mustaqiym, sirotollaziyna an’amta ’alayhim g‘oyril mag‘dubi ’alayhim valaddolliyn", desa, Alloh: "Bu bandamga xos, so‘raganini berdim", deydi" (Imom Nasoiy rivoyati).
Bir daqiqada Fotiha surasini 6 marotaba o‘qiy olasiz. Uning harflari soni 122 ta. Agar uni bir marotaba o‘qisangiz, 122x10=1220 ta savob beriladi. Chunki hadisga muvofiq, har bir harf uchun 10 ta savob va’da qilingan. Agar siz uni 6 marotaba o‘qisangiz, 7320 ta savobga ega bo‘lasiz. Bu Allohning fazli, kim uni ziyoda qilsa, Alloh ham fazlini ziyoda qilaveradi.
«Fazilatli amallar - ajri ulug‘ amallar» kitobidan