Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Yanvar, 2026   |   24 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:35
Shom
17:20
Xufton
18:38
Bismillah
13 Yanvar, 2026, 24 Rajab, 1447

Qalbaki taqvim xarid qilishdan saqlaning!

12.08.2020   4661   1 min.
Qalbaki taqvim xarid qilishdan saqlaning!

Shu kunlarda yurtimizning ayrim hududlarida hijriy 1442 yil uchun (milodiy 2020-2021 yil) mo‘ljallangan namoz vaqtlari taqvim kitobining qalbaki nusxasi tarqatilayotgani kuzatilgan.
Ta’kidlaymizki, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ulamolari tomonidan shakllantirilgan, soha mutaxassislari va astronomiya instituti bilan muvofiqlashtirilgan haqiqiy namoz vaqtlari taqvim kitobi ayni paytda Diniy idora huzuridagi “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyida chop etish jarayonidadir.

Shu yilning 20 avgust sanasidan taqvim kitobini sotuvga chiqarish rejalashtirilgan. Ushbu taqvim kitobiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning xulosasi ham olingan.

Mo‘min-musulmonlarni ogoh etamizki, namoz vaqtida farz ekanini inobatga olgan holda haqiqiy namoz vaqtlari taqvim kitobini xarid qilishingiz juda ham muhimdir. Shariatimiz ta’limotida namoz vaqtlari Quyoshning chiqishi, qiyomga kelishi va botishi holatlari bilan bog‘liqligi alohida ta’kidlangan. Diniy idora tomonidan chop etilayotgan taqvim kitobida aynan mana shu jihatlarga katta e’tibor qaratilgan.

Qalbaki taqvimdagi namoz vaqtlarining to‘g‘ri ekaniga hech kim kafolat bermaydi.

Eslatib o‘tamizki, Diniy idora tomonidan chop etilgan taqvim kitobining muqova qismida haqiqiyligini ifoda etuvchi maxsus himoya belgisi mavjuddir.

Aziz o‘quvchilar, ishonchli, mazmundor va har tomonlama sifatli taqvimni 20 avgustdan keyin respublikamizdagi barcha kitob do‘konlaridan xarid qiling.

Nashriyotning o‘zidan ham xarid qilsangiz, yanada qulay narxlarda olishingiz mumkin.

Murojaat uchun telefon: 71-240-05-19

 

“Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyi

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

“Mir Arab”da Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov yod etildi

13.01.2026   4161   1 min.
“Mir Arab”da Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov yod etildi

Buxoro shahridagi Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida taniqli ulamo, shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan “Yusufxon to‘ra Shokirov – umrini islom ma’rifatiga bag‘ishlagan alloma” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Davra suhbatida ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari A.Najmiddinov, Buxoro davlat universiteti Filologiya fakulteti o‘qituvchisi A.Hamidov, madrasa ustozlari va talabalar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar allomaning ibratli hayot yo‘li va ilmiy merosi haqida to‘xtalib o‘tdilar. Ta’kidlanganidek, Yusufxon to‘ra Shokirov 1926 yili Qirg‘izistonning To‘qmoq shahrida tavallud topgan bo‘lib, ilm yo‘lidagi dastlabki qadamlarini mashhur “Mir Arab” madrasasida (1948–1954 yillar) boshlagan. Keyinchalik Misrning dunyoga mashhur “Al-Azhar” universitetida (1955–1961 yillar) tahsil olib, yuksak ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan.

Yusufxon to‘ra Shokirov o‘z faoliyati davomida nafaqat ma’muriy mas’ul lavozimlarda ishlagan, balki Mir Arab madrasasi va Toshkent islom institutida ko‘plab shogirdlar tarbiyalagan. Uning qalamiga mansub:

· “Qissasi Rabg‘uziy kitobidagi oyat va hadislar”,

· “Islom – iymon, e’tiqod va hayot ramzi” kabi monografiyasi,

· “Alisher Navoiy asarlarining izohli lug‘ati” kabi ilmiy ishlari bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad — talaba-yoshlarni buyuk ulamolarning hayoti va ijodi bilan yaqindan tanishtirish, ularda ilmga muhabbat va ajdodlar merosiga hurmat tuyg‘usini shakllantirishdan iborat.

Davra suhbati qizg‘in savol-javoblar bilan yakunlandi. Talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob oldilar.

A.Najmiddinov

 

Idora faoliyati