Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Fevral, 2026   |   1 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:55
Quyosh
07:14
Peshin
12:42
Asr
16:17
Shom
18:04
Xufton
19:17
Bismillah
18 Fevral, 2026, 1 Ramazon, 1447

Allohga tavakkul qilish fazilati

10.08.2020   3934   5 min.
Allohga tavakkul qilish fazilati

Dunyoda yashab qadam bosayotgan har – bir inson yordam beruvchi, ko‘maklashuvchi, suyanuvchi va qalbi bilan unga yuzlanuvchi boshqa bir insonga muxtojdir. Shuning uchun foyda keltirish, zararlarni daf qilish, rizq talab qilish, dushmanga nisbatan yordam so‘rash, kasalliklarga shifo so‘rash uchun Allohga suyanish va U Zotga tavakkal qilish vojib amallardandir. Tavakkal qilish mo‘minlarning sifati, imonning sharti, qalbni quvvatlovchi va nafsni xotirjam qiluvchi omillarning asosidir. Allohga tavakkal qilish vojibligiga dalolat qiluvchi oyatlar Qur’oni Karimda ko‘p bo‘lib, ulardan:

Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladiganAnfol surasi 2-oyat.

Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!* (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar. Oli Imron surasi 159-oyat.

Muttafaqun alayh bo‘lgan sahih hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam jannatga hisobsiz kiruvchi yetmish ming mo‘minlarning sifatlarini bayon qilib ulardan Robbilariga tavakkal qiluvchilarni ham sanab o‘tganlar.

Ibrohim alayhissalom ham olovga tashlanganda Allohga tavakkal qilib “Hasbunalloh va ne’mal vakil” (Bizga yordam berishga Alloh kifoya qiladi va U Zot qanday ham yaxshi Yordam beruvchi) deb aytganlar.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Sizlar Allohga haqiqiy tavakkal qilsalaringiz ertalab och chiqib kechqurun to‘q qaytgan qushlar kabi sizlarni ham rizqlantiradi”. Ahmad va Termiziy rivoyati.

Ibn Rajab tavakkal haqiqati haqida shunday deydilar: “U solih amallarni bajarishda, dunyo va oxirat ishlaridan bo‘lgan zararli narsalarni ketkazishda qalbni Allohga suyanishdagi sodiqligidir. Ya’ni, beradigan, man qiladigan, zarar beradigan va foyda keltiradigan Zot yagona Alloh deb bilish”.

Tavakkal - dinning yarmi bo‘lib, ikkinchi yarmi esa Allohga qaytishdir. Din - yordam so‘rash va ibodatdan iborat. Yordam so‘rash - tavakkal, Allohga qaytish esa - ibodatdir.

Banda dunyo ishlarida Allohga tavakkal qilish bilan birga qalbini va dinini isloh qilishda, tilini va irodasini saqlashda ham tavakkal qilish kerak. Shuning uchun barcha namozlarimizda Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina madad so‘raymiz.  deb iltijo qilamiz. Fotiha 5 oyat.

Ba’zilar tavakkalni sabablarni qilmasdan, uni ishlamay yotish deb tushunadilar. Bu xato tushunchadir. Ibni Rajab aytadilar: “Tavakkal qilish Alloh narsalarda taqdir qilib qo‘ygan sabablarni ushlab harakat qilishni inkor qilmaydi. Chunki Robbimiz sabablarni qilib, so‘ngra tavakkal qilishga buyuradi”. A’zolarimiz bilan sabablarni qilishdagi harakatimiz toat bo‘lsa, qalb bilan tavakkal qilishimiz imondir. Alloh Taolo marhamat qiladi:

Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Juma surasi 10-oyat.

Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Bir kishi ey Rasululloh hayvonni bog‘lab tavakkal qilaymi yoki uni qo‘yib yuborib tavakkal qilaymi?” dedi. Rasululloh: “Uni bog‘la va tavakkal qil” dedilar. Termiziy rivoyati.

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Yaman ahli kerakli narsalarni olmasdan, “Biz tavakkal qiluvchilarmiz”, deb haj qilardilar. So‘ng ahli Makkaga kelib ulardan yordam so‘rardilar. Shunda, Alloh quyidagi oyatni nozil qildi. Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan)*. Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing**. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar! Baqara surasi 197-oyat”. Buxoriy rivoyati.

Demak, tavakkal musulmon nazdida – qalb va nafs xotirjamligi bilan amal va orzu qilishdir. Va yana, Alloh hoxlagan narsa bo‘lib, hoxlamagan narsa bo‘lmaydi deb qat’iy e’tiqod qilish. Albatta, Alloh go‘zal amal qilganlarni savobini zoye ketkazmaydi. Insonlar tavakkal qilish borasida uch toifadir:

Tavakkal qilib, sabablarni qilmasdan ishlamaydiganlar. Bu Allohning koinotdagi sunnatiga xilof ishdir.

Sabablarini qilib tavakkal qilmaydiganlar. Ya’ni barcha narsaga o‘z kuchimiz va aqlimiz bilan erishamiz deb o‘ylaydiganlar.

Sabablarini qilib so‘ng Allohga tavakkal qiladilar. Bu eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib,  payg‘ambarlar va ularga ergashganlarning yo‘llaridir. Ba’zi olimlar tavakkulga quyidagicha ta’rif berganlar: “Tavakkal aslida ilmga ergashish bo‘lsa, haqiqiysi ishonchga suyanishdir”.

“Qalbinga Alloh taolodan o‘zga hech kim foyda va zarar yetkazmaydi degan hayoldan boshqasi kelmasligi, senga keladigan har qanday holatga taslim bo‘lishing, va undan qalbing iztirobga tushmasligidir”.

Alloh barchamizni O‘ziga haqiqiy tavakkal qiluvchilardan qilsin. 

 

muslim.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Saxiylik mehr-oqibat demakdir

17.02.2026   3179   5 min.
Saxiylik mehr-oqibat demakdir

Muborak kunlar ostonasida turibmiz. Oylarning sultoni, ezgulik va xayr mavsumi, toatu ibodat fasli, saxovatu duo, tarovehu Qur’on oyi bo‘lmish muborak Ramazon oyi o‘zining tarovati va barakoti bilan boshimiz uzra rahmat soyaboni tutib turibdi.


Alloh taolo “Baqara” surasining 183-oyatida bunday marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar, oldin o‘tganlarga kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shunda taqvodor bo‘lursizlar”.


Ramazon oyida faqatgina ro‘za tutish bilan cheklanilmaydi. Bu muborak oy ichida inson o‘zining nafsini tarbiya qiladi, ruhiy poklanishga erishadi va jamiyatda yaxshilik, saxovat hamda bag‘rikenglikni qaror toptirishga harakat qiladi.


Har yili Ramazon oyini munosib to‘tkazish to‘g‘risida Prezidentning maxsus qarori e’lon qilinadi. 2026 yil Ramazon oyini munosib o‘tkazish haqida Prezident qarori 16 fevral kuni qabul qilindi. Qaror bilan “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida kam ta’minlangan, ehtiyojmand, ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni o‘zaro hurmat, hamjihatlik, adolat va tarbiya maskaniga aylantirish, yer, suv, havo va tabiiy muhitni asrash, muqaddas qadamjolar, ziyoratgoh va qabristonlarni obod etish, Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarni isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan, ixcham, mazmunli va tejamkorlik asosida o‘tkazishga alohida e’tibor beriladi.


Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholining ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.


Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Yurtimizda aholi farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirish ustuvor vazifa deb beligilangan bo‘lib, mazkur tamoyillar, ayniqsa, Ramazon oyida yanada yorqin namoyon bo‘ladi, saxovat va hamjihatlik qadriyatlari amaliy ishlar bilan mustahkamlanib kelmoqda.


Davlatimiz rahbari muborak oyda nuroniylar, yolg‘iz va ehtiyojmand fuqarolar holidan xabar olish, og‘ir ahvolga tushib qolgan oilalarga amaliy ko‘mak berish ezgu qadriyat ekanini ta’kidladi.


“Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” shiori ostidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun “Vaqf” xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m ajratilishi belgilandi.


Ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ko‘rsatish, nogironligi bor shaxslarning davolanish va jarrohlik amaliyotlari xarajatlarini qoplab berish ko‘zda tutilgan.


Preziyentimiz Shavkat Mirziyoyev Din ishlar bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Ijtimoiy himoya milliy agentligi rahbarlarini qabul qilib, Ramazon oyi davomida xalqimizga xatmu Qur’on va taroveh namozlarini ado etilishi hamda mazmunli pandu nasihatlar, muhtoj oilalarga moddiy-ma’naviy ko‘mak berishda faol xizmat ko‘rsatib kelayotgan Respublikamizdagi barcha masjidlarning imom-xatiblariga, masjidlarning xodimlariga, masjidlarda Qur’on xatm qilib beradigan qorilarga, diniy bilim yurtlarining ustoz-murabbiylariga va ko‘p yillar diniy sohada xizmat qilgan nuroniylarga jami 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ bir martalik moddiy yordam sifatida taqsimlab berilishini aytib o‘tdi.


Bu tarixda zarhal xatlar bilan bitiladigan xayriya bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Muborak dinimizda saxiylik eng yaxshi insoniy xulqlardan ekanligi ta’kidlanadi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom yaxshilik qilishda, saxiylikda, infoq-ehson qilishda saxovatlilarning saxovatlisi edilar. Saxovat ishlari Ramazon oyida amalga oshirilsa, uning ajr-savobi ko‘paytirib beriladi. Yurtboshimizning Ramazon oyiga bo‘lgan ijobiy munosabati, diniy soha vakillariga qaratgan e’tiborlari mujassamlashib, ushbu xayriya amalga oshadigan bo‘ldi. Alloh taolo mo‘min bandalarini yaxshilik ishlarida bir-birlari bilan musobaqalashishga chaqirgan:


“… Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh iqobi shiddatli zotdir (Moida surasi, 2-oyat).


Bunday xayrli musobaqa esa jamiyatda o‘zaro ishonch va hamjihatlikni qaror toptirish xizmat qiladi, inshaalloh.


Bu ajratilayotgan xayriya mablag‘larini o‘rnini topib, uni ezgulikka yo‘naltirish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Qiyinchilik bilan qilingan xayrli ishning mukofoti ham ulkan bo‘ladi, inshaalloh. Alloh taolo muhsin bandalarini sevishini bayon etib, “Oli Imron” surasining 134-oyatida:


Ular (taqvodorlar) farovonlik va tanglik kunlarida ham xayr-cadaqa qiladigan, g‘azablarini yutadigan, odamlarni (xato va kamchiliklarini) kechiradiganlardir. Alloh ezgulik qiluvchilarni sevar”, deb marhamat qilgan.


Alloh taolo yurtimizni tinch, obod qilsin. Xalqimizning farovonligi yo‘lida mehnat qilayotgan Yurtboshimizni sog‘-salomat aylab, Ramazon oyini barcha fazilatlaridan elimizni bahramand qilsin!


Zayniddin domla Eshonqulov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Ibratli hikoyalar