Dunyoda yashab qadam bosayotgan har – bir inson yordam beruvchi, ko‘maklashuvchi, suyanuvchi va qalbi bilan unga yuzlanuvchi boshqa bir insonga muxtojdir. Shuning uchun foyda keltirish, zararlarni daf qilish, rizq talab qilish, dushmanga nisbatan yordam so‘rash, kasalliklarga shifo so‘rash uchun Allohga suyanish va U Zotga tavakkal qilish vojib amallardandir. Tavakkal qilish mo‘minlarning sifati, imonning sharti, qalbni quvvatlovchi va nafsni xotirjam qiluvchi omillarning asosidir. Allohga tavakkal qilish vojibligiga dalolat qiluvchi oyatlar Qur’oni Karimda ko‘p bo‘lib, ulardan:
Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganida – dillarida qo‘rquv bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganida – imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina (barcha ishlarida) tavakkul qiladigan. Anfol surasi 2-oyat.
Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad,) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag‘al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar. Bas, ularni afv eting, (gunohlari uchun) kechirim so‘rang va ular bilan kengashib ish qiling!* (Biror ishga) azmu qaror qilsangiz, Allohga tavakkul qiling, zero, Alloh tavakkul qiluvchilarni sevar. Oli Imron surasi 159-oyat.
Muttafaqun alayh bo‘lgan sahih hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam jannatga hisobsiz kiruvchi yetmish ming mo‘minlarning sifatlarini bayon qilib ulardan Robbilariga tavakkal qiluvchilarni ham sanab o‘tganlar.
Ibrohim alayhissalom ham olovga tashlanganda Allohga tavakkal qilib “Hasbunalloh va ne’mal vakil” (Bizga yordam berishga Alloh kifoya qiladi va U Zot qanday ham yaxshi Yordam beruvchi) deb aytganlar.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Nabiy sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Sizlar Allohga haqiqiy tavakkal qilsalaringiz ertalab och chiqib kechqurun to‘q qaytgan qushlar kabi sizlarni ham rizqlantiradi”. Ahmad va Termiziy rivoyati.
Ibn Rajab tavakkal haqiqati haqida shunday deydilar: “U solih amallarni bajarishda, dunyo va oxirat ishlaridan bo‘lgan zararli narsalarni ketkazishda qalbni Allohga suyanishdagi sodiqligidir. Ya’ni, beradigan, man qiladigan, zarar beradigan va foyda keltiradigan Zot yagona Alloh deb bilish”.
Tavakkal - dinning yarmi bo‘lib, ikkinchi yarmi esa Allohga qaytishdir. Din - yordam so‘rash va ibodatdan iborat. Yordam so‘rash - tavakkal, Allohga qaytish esa - ibodatdir.
Banda dunyo ishlarida Allohga tavakkal qilish bilan birga qalbini va dinini isloh qilishda, tilini va irodasini saqlashda ham tavakkal qilish kerak. Shuning uchun barcha namozlarimizda Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina madad so‘raymiz. deb iltijo qilamiz. Fotiha 5 oyat.
Ba’zilar tavakkalni sabablarni qilmasdan, uni ishlamay yotish deb tushunadilar. Bu xato tushunchadir. Ibni Rajab aytadilar: “Tavakkal qilish Alloh narsalarda taqdir qilib qo‘ygan sabablarni ushlab harakat qilishni inkor qilmaydi. Chunki Robbimiz sabablarni qilib, so‘ngra tavakkal qilishga buyuradi”. A’zolarimiz bilan sabablarni qilishdagi harakatimiz toat bo‘lsa, qalb bilan tavakkal qilishimiz imondir. Alloh Taolo marhamat qiladi:
Bas, qachonki, namoz ado qilingach, yerda tarqalib, Allohning fazli (rizqi)dan istayveringiz! Allohni ko‘p yod etingiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz. Juma surasi 10-oyat.
Anas roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Bir kishi ey Rasululloh hayvonni bog‘lab tavakkal qilaymi yoki uni qo‘yib yuborib tavakkal qilaymi?” dedi. Rasululloh: “Uni bog‘la va tavakkal qil” dedilar. Termiziy rivoyati.
Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Yaman ahli kerakli narsalarni olmasdan, “Biz tavakkal qiluvchilarmiz”, deb haj qilardilar. So‘ng ahli Makkaga kelib ulardan yordam so‘rardilar. Shunda, Alloh quyidagi oyatni nozil qildi. Haj (mavsumi uchun) ma’lum oylar (belgilangan)*. Bas, kim shu oylarda hajni o‘ziga farz qilsa (hajni niyat qilsa), haj davomida xotiniga yaqinlashish, gunoh-ma’siyat va janjal (kabi ishlarga ruxsat) yo‘q. Har qanday yaxshi (savobli) ish qilsangiz, albatta, uni Alloh bilur. (Haj safariga) ozuqa olib chiqing**. Eng yaxshi ozuqa taqvodir. Taqvoni Menga qilingiz (Mendan qo‘rqingiz), ey, oqillar! Baqara surasi 197-oyat”. Buxoriy rivoyati.
Demak, tavakkal musulmon nazdida – qalb va nafs xotirjamligi bilan amal va orzu qilishdir. Va yana, Alloh hoxlagan narsa bo‘lib, hoxlamagan narsa bo‘lmaydi deb qat’iy e’tiqod qilish. Albatta, Alloh go‘zal amal qilganlarni savobini zoye ketkazmaydi. Insonlar tavakkal qilish borasida uch toifadir:
Tavakkal qilib, sabablarni qilmasdan ishlamaydiganlar. Bu Allohning koinotdagi sunnatiga xilof ishdir.
Sabablarini qilib tavakkal qilmaydiganlar. Ya’ni barcha narsaga o‘z kuchimiz va aqlimiz bilan erishamiz deb o‘ylaydiganlar.
Sabablarini qilib so‘ng Allohga tavakkal qiladilar. Bu eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lib, payg‘ambarlar va ularga ergashganlarning yo‘llaridir. Ba’zi olimlar tavakkulga quyidagicha ta’rif berganlar: “Tavakkal aslida ilmga ergashish bo‘lsa, haqiqiysi ishonchga suyanishdir”.
“Qalbinga Alloh taolodan o‘zga hech kim foyda va zarar yetkazmaydi degan hayoldan boshqasi kelmasligi, senga keladigan har qanday holatga taslim bo‘lishing, va undan qalbing iztirobga tushmasligidir”.
Alloh barchamizni O‘ziga haqiqiy tavakkal qiluvchilardan qilsin.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Islom ta’limotiga ko‘ra, har bir qavmda mohir tabib bo‘lishi farzi kifoya hisoblanadi. Agar tabib, mutaxassis shifokor bo‘lmasa, o‘sha atrofdagi barcha birdek gunohkor bo‘ladi. Shuning uchun, tabiblarga alohida e’tibor ko‘rsatilgan. O‘z navbatida tabiblik qiluvchi o‘z sohasini puxta ekallashi va o‘ta mas’uliyatli bo‘lishi kerak. Chunki uning har bir harakati bemor hayotiga ijobiy yoki salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Amr ibn Shuayb otasidan u bobosidan rivoyat qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Kimki tib(ilmi)ni bilmay turib tabiblik qilsa, u zomindir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zarar ko‘rish ham, zararga zarar qaytarish ham yo‘q”, deganlar (Imom Ahmad, Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy rivoyati)
Ushbu hadislarda bemorlarni muolaja qiluvchi kishi zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklanadi. U o‘zida ma’lum sifatlarni hosil qilib, yetarli bilim va malakaga ega bo‘lsagina muolajaga kirishishi zarur.
Tib ilmiga oid bir necha asarlar muallifi, zabardas olim doktor Ahmad Shavkat Shattiy mohir (hoziq)tabibning majburiyatlari haqida to‘xtalib quyidagilarni sanab o‘tgan:
1. Mohir tabib kasallikning boshlanish sabablari, qanday paydo bo‘lgani va kasallikning bosqichlarini o‘rganishi.
2. Kasalni kuch-quvvatiga e’tibor berishi lozim.
3. Tabibning maqsadi faqat kasallikni ketkizish bo‘lib qolmasligi kerak. Balki, uning ortidan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan asoratlarini ham bartaraf etib, qayta qo‘zg‘almasligiga ishonch hosil qilishi darkor.
4. Muolajani yengil tarzda, bosqichma-bosqich olib borib,avval oddiy mahsulotlar bilan boshlaydi. Ehtiyoj bo‘lganda dori-darmonlarni, ilojsiz qolganda esa murakkab dori vositalarini qo‘llaydi.
5. Dorilarning kuchi bilan kasallikning darajasi o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblikka qattiq e’tibor berishi zarur.
6. Og‘ir kasallikni tuzatish imkonibo‘lmasa, moddiy manfaat umidida muolajaga urinmaydi.
7. Qalb va ruhiyatdagi illatlarni davolashda ham ko‘nikmaga ega bo‘lishi kerak. Bu tanadagi dardlarni muolaja qilishda asosiy jihat hisoblanadi. Chunki qalb va nafs tana a’zolarining o‘z vazifasini bajarishi va uning tabiatida asosiy ta’sirga ega.
8. Tabib bemoriga muloyim va samimiy muomalada bo‘lishi va uni xotirjam qilishi lozim. Zero, uning bemorlarga xushmuomalalik bilan munosabatda bo‘lishi vojibdir.
9. Muolaja jarayonida ishlatadigan barcha asboblarni yaxshi bilishi va undan unumli foydalana olishi shart. Chunki ba’zi dorilarni maxsus asboblarsiz yetkazib bo‘lmaydi.
10. Tabib muolajasini besh rukn asosida olib borishi lozim:
1) Mavjud salomatlikni saqlab turish;
2) Yo‘qotilgan sog‘liqni tiklash;
3) Kasallikni ketkazish yoki uning ta’sirini kamaytirish;
4) Katta zararni daf qilish uchun kichikrog‘ini olish;
5) Ikki manfaatli ishdan ko‘proq foyda beradiganini tanlash.
Demak, barcha tabiblar mazkur sifatlarni o‘zida mujassam qilishga astoydil intilishi lozim. Bemor o‘z vaqtida mohir tabibga murojaat qilishi va uning muolajasini olishi, tabib esa bemorini diqqat e’tibor va sidqidildan davolashi darkor.
Yuqorida qayd etilgan shartlar faqat tabobat bilan shug‘ullanadigan maxsus kishilargagina qaydlanmagan. Balki tibbiyot sohasida faoliyat yuritib, insonlarni davolash bilan shug‘ullanadigan barcha shifokorlarga taalluqlidir. Zero, bemorlarning hayoti ularning muolajalari, hatti-harakatlariga bog‘liqdir. Bemor tabiblarning tavsiyasi bilan tarkibi va tayyorlanish jarayonidan mutlaqo bexabar bo‘lgan har xil dorilarni iste’mol qiladi va turli muolajalarni oladi. Ushbu jarayonda agar tabib arzimagan xato yoki beparvolikka yo‘l qo‘ysa, bemor bir umrga majruh bo‘lib qolishi yoki hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Yanada ahamiyatli jihati, ba’zi kasalliklarni davolash jarayonida ayrim ibodatlarni kechiktirish masalan: ro‘zani tutmay turish, namozni o‘tirib yoki yotib o‘qish tavsiya qilinadi. Bu tavsiyalar noto‘g‘ri bo‘lsa, muolaja qiluvchi qattiq gunohga botadi.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘lining
"Islomda salomatlik" kitobidan