Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Aprel, 2025   |   23 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:09
Quyosh
05:35
Peshin
12:27
Asr
17:10
Shom
19:13
Xufton
20:32
Bismillah
21 Aprel, 2025, 23 Shavvol, 1446

Musulmon jamiyatlarida oilaviy munosabatlardagi muammolar: sabab va yechimlar

07.08.2020   3751   6 min.
Musulmon jamiyatlarida oilaviy munosabatlardagi muammolar: sabab va yechimlar

Oila jamiyatning bir bo‘lagi. Oilaviy munosabatlar odob-axloq va huquqiy normalar orqali tartibga solinadi. Oilaviy munosabatlarni tartibga solinishi jamiyat farovonligi va taraqqiyotiga katta ta’sir etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5938-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan joriy yilning 5 avgust oyiga qadar 15 ming 413 ta ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 9 ming 980 tasi ya’ni, 60 foizi yarashtirildi. Shuningdek, 11 ming 985 ta nikohi qonuniy rasmiylashtirilmagan oilalar aniqlanib, ularning 5 ming 960 tasi yoki 57,8 foizining nikohi qonuniy rasmiylashtirildi.

2020 yilning 6 avgust kuni O‘zbekiston halqaro islom akademiyasida “Musulmon jamiyatlarida oilaviy munosabatlardagi muammolar: sabab va yechimlar” mavzusida xalqaro mutaxassislar va yurtimizdagi islomshunos olimlar, imom-xatiblar, diniy bilim yurti mudirlari va talabalar ishtirokida vidiyeo seminar o‘tkazildi.

Video seminarda islom ilmlari bo‘yicha yetuk mutaxassis olim, Rossiya Federatsiyasining Tatariston Respublikasidagi Bulg‘or islom akademiyasi professori Shayx Abdurazzoq as-Sa’diy o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Hozirda Iordaniyada istiqomat qilayotgan, asli iroqlik Shayx Abdurazzoq as-Sa’diy ma’ruzaning kirish qismida islomda oila muqaddas ekani, oilaviy axloq munosabatlarini tartibga soluvchi oyat va hadislar, er va xotinning huquqlari, farzand tarbiyasi haqida gapirib o‘tdi.

Ma’ruzachi mavzu yuzasidan musulmon jamiyatlaridagi oilaviy munosabatlarda yuzaga kelayotgan muammolarning asosiy sabablari sifatida quydagilarni sanab o‘tdi:

  • yoshlarning diniy ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqi sustligi;
  • yoshlar oila oldidagi burchi va mas’uliyatini his etmasligi;
  • er-xotin ajrim sababli Allohning omonati bo‘lgan o‘z farzandlari taqdirini o‘ylamasligi va bunga mas’uliyatsizlik bilan qarashi;
  • oilaning moddiy holati, yetishmovchilik, erning toqatidan ortig‘i talab qilinishi;
  • er yoki xotinnig oilaviy munosabatlardagi xiyonati, ayolga nisbatan zo‘ravonlik;
  • internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali oila qadriyatlariga yot bo‘lgan omillar ta’siri;
  • jinsiy munosabatlarda tibbiy nuqsonlar;
  • er-xotinning oilaviy munosabatlarida bir-birini tushunmasligi, oilada doimiy nizo va janjal kabi omillar sabab bo‘lmoqda.

Mazkur muammolarning yechimi sifatida ma’ruzachi quydagi tavsiyalarni sanab o‘tdi:

  • yoshlar oila qurishlaridan avval bo‘lajak er yoki xotinning mol-davlati, shon-shuhratiga emas, tarbiyasi va axloqi, ma’naviy go‘zalligiga e’tibor qaratishlari lozimligi;
  • yoshlarning oilaviy munosabatlarida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqqan holatlarda, ajralish uchun shoshmasdan, o‘rtani isloh qilish va yarashtirish uchun har ikki tarafdan vakillarni chaqirishlari;
  • oilada iqtisodiy tanglik holatida erdan talog‘ini berishga shoshmasdan, boriga qanoatli va sabrli bo‘lish;
  • diniy idora tomonidan oila muqaddasligi, farzand tarbiyasi, taloqning oqibatlari kabi mavzularda juma tezislarini ishlab chiqish va musulmon ommasiga yetkazish;
  • diniy idora tizimida oilalarda vujudga kelayotgan nohaqlik, zulm va ajrimlarni oldini olish maqsadida fiqhiy ilmga ega bo‘lgan 2-3 kishidan iborat yetuk mutaxassislar hay’atini tuzish va muammolarga o‘z vaqtida yechimini topib berish kabi fikrlar aytib o‘tildi.

Qadimdan halqimiz orasida bir maqol bor: “Bir kun janjal bo‘lgan uyda qirq kun baraka bo‘lmaydi”. Oilalarni mehr-muhbbat va o‘zaro sadoqat ostida tartibga soluvchi bu kabi hikmatli o‘gitlarni qadimgi sharq musulmon xalqlari orasida ko‘plab misollarini uchratish mumkin.

Ammo, oxirgi vaqtlarda olib borilayotgan tadqiqotlar natijasida, aynan, aholisining aksar qismi musulmonlardan iborat bo‘lgan mamlakatlarda ajrimlar soni ortib borayotganini ko‘rishimiz mumkin. Bu albatta, ko‘pchilikni tashvishga soladi. Sababi, turmush qurgan qanchadan-qancha yosh qizlar beva bo‘lib, yosh bolalar tirik yetim qolmoqda, ota-ona mehri va tarbiyasidan mahrum bo‘lmoqda.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilga qadar O‘zbekistonda 10 yil davomida oilaviy ajrimlar soni ikki barobarga oshgan. 2008 yilda 16 mingdan ortiq nikohdan ajralish hollari qayd etilgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2018 yilga kelib 32 mingdan ortib ketgan. 2019 yilda esa ajrimlar soni o‘sishdan to‘xtab, 23 mingga tushgani aytilmoqda.[1]

Joriy yilning avgust oyiga qadar birgina Toshkent shahrida oilalarning 1692 tasi ajrashgan, 918 ta oila esa ajrim yoqasiga kelib qolgan.[2]

Tojikiston Respublikasida mazkur holat yuzasidan 2019 yilga nisbatan joriy birinchi yarim yillikda ajrim holati 49 taga kamaygani va 931 ta oilaviy ajrimlar qayd etilgani, ya’ni 5%ga kamaygani ta’kidlanadi.[3]

Abu Dabidagi statistika Markazining 2019 yil iyul oyida bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2018 yil ro‘yxatdan o‘tgan nikohlarning 30% bir yil o‘tmasdan ajrim holati qayd etilganini ta’kidlaydi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, oila munosabatlarida paydo bo‘layotgan muammolarni oldini olish, yoshlarning oiladagi mas’uliyatini oshirish va shu orqali oila mustahkamligini ta’minlash maqsadida milliy va diniy qadriyatlarimizga asoslangan bu kabi ilmiy seminarlar, keng ko‘lamli tushuntirish ishlari katta samara beradi.

O‘zbekiston halqaro islom akademiyasida o‘tkazilgan video seminar yakunida akademiya prorektori professor Z.Islomov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari H.Ishmatbekov va I.Inomovlar Shayx Abdurazzoq as-Sa’diyning mazmunli ma’ruzasi uchun o‘z minnatdorchiliklarini izhor qilib, kelgusida bunday dolzarb mavzularda suhbatlar tashkil etilishida yaqindan hamkorlik olib borilishiga umid bildirdilar. 

 

O‘zbekiston halqaro islom akademiyasi

Islomshunoslik fakulteti dekani

 o‘rinbosari, islomshunoslik fanlari

bo‘yicha falsafa doktori M.HAYDAROV

 

 

[1] “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tomonidan taqdim etilgan ma’lumot.

[2] Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumot.

[3] https://tj.sputniknews.ru/society/20200725/1031633955/dushanbe-braky-razvody.html

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mus'hafi sharifni juzlarga taqsimlash: tarixi va hikmatlari!

18.04.2025   5900   14 min.
Mus'hafi sharifni juzlarga taqsimlash: tarixi va hikmatlari!

      Ramazon oyida — Qur’on oyi — musulmonlarning Alloh taoloning kitobiga bo‘lgan e’tiborlari yanada ortadi. Ular Qur’onning nurlari ila qalblarini undagi shahvat kirlaridan poklanishi, ko‘ngillariga o‘rnashgan har qanday shak-shubha pardalarini olib tashlanishi umidida bo‘ladilar. Darhaqiqat, qalblar Qur’oni karim nuri bilan payvasta bo‘lmas ekan, unda turli shubhalarning qatlam-qatlam bo‘lib to‘planishi tabiiy. Qachonki Qur’onning fayzli nuri qalbga tushib uni yoritsa, shu zahoti qalbdagi fitnalar buluti Allohning izni ila tarqalib ketadi. Buning barchasi banda qalbi bilan tadabbur sahnasiga qanchalik ixlos va huzur bilan kirib borishiga bog‘liq.

        

Ramazon oyida musulmonlar Qur’onning 30 pora (juz)iga bog‘lanib, har kuni bir juz yoki undan ortiq o‘qishni maqsad qilib qo‘yishadi. Shunday qilib oy oxirigacha, hech bo‘lmaganda, bir marta Qur’onni xatm qilishni uddalashadi. Bu esa, musulmon kishini "Qur’onni tark etganlar" qatoridan chiqaradi.

    
     Siz hech qachon shunday savolni o‘zingizga berib ko‘rganmisiz: Mus'hafi sharifni 30 juzga taqsimlanishi qachon va qanday yuzaga kelgan? Qur’oni karimga bu tarzda xizmat qilishda qorilarning sa’y-harakatlari qanday bo‘lgan?


         Alloh taolo bu ummatga eng buyuk Kitobni eng buyuk Rasul (sallallohu alayhi vasallam) orqali nozil qilish bilan buyuk ne’mat ato etdi. Ummat esa bu ilohiy ne’matni munosib tarzda qabul qildi. Ummatning ulamo va qorilari bor kuch-g‘ayratlarini bu aziz kitobga xizmat qilishga bag‘ishladilar. Bu xizmatning mevasi sifatida Qur’onni oson o‘rganish, yodlash va o‘qishni ta’minlaydigan taqsimot usullari yaratildi. Bu usullar Qur’on o‘quvchida kuch paydo qiladi, zavq beradi, zerikmay o‘qishni taminlaydi.


         Ma’lumki, Qur’oni karim Alloh taolo tomonidan oyat va suralarga bo‘lib nozil qilingan. Buning hikmatlari ko‘p. Imom Zamaxshariy buning sababini quyidagicha tushuntirganlar: “Agar, Qur’onning suralarga bo‘lib ajratilishidan nima foyda?-deb so‘rasangiz, men aytgan bo‘lardimki, Qur’onning suralarga bo‘lingan holda nozil qilinishi bir necha foyda va hikmatlarga ega. Alloh taoloning ilohiy hikmati ila boshqa samoviy kitoblar — Tavrot, Injil, Zaburni ham mana shu uslubda nozil bo‘lgan. Ilm ahllari ham har bir fanga oid kitoblarini yozganlarida ularni ham boblarga bo‘lib, har bobga sarlavha qo‘yishga odatlanganlar. Buning sababi shundaki, bir mavzudagi narsa bir necha bo‘lim va sinflarga ajratib bayon etilishi, o‘sha mavzudagi bayonni yanada ravshanroq va ta’sirliroq qiladi. Shuningdek, qori bir surani tugatib, boshqasiga o‘tganda, unda yangi ruh va qiziqish paydo bo‘ladi. Bu huddi safarga chiqqan odam misoliga o‘xshaydi: u qancha yo‘l bosganini - bir chaqirim, o‘n kilometr va hokazo - bilib turishi, safarni yana davom ettirishga ruhlantiradi. Shu sababli qori va ulamolar Qur’onni haftalik haftanomalar (sab’a) va bo‘limlarga — juz, o‘nlik, beshlik kabi shakllarda taqsim qilishgan. Yodlovchi uchun ham bu qulaylik tug‘diradi. Agar bitta surani yoki ikkita surani yod olsa, Qur’ondan to‘liq bir bo‘lakni yod olganidan quvonadi. Bu esa uning Qur’onning keyingi qismlarini yod olishiga rag‘bat hissini uyg‘otadi. Shuning uchun sahobalar “Baqara” va “Oli Imron” suralarini o‘qiganlarni ulug‘lar edilar. Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Agar bir kishi Baqara va Oli Imronni o‘qib tugatsa, bizni nazdimizda ulug‘ kishi deb qaralar edi". Shuning uchun ham namozda to‘liq bir surani o‘qish afzalligi kelib chiqqan. Shuningdek, taqsimot ma’nolar uyg‘unligini, uslubning uyqashligini ta’minlaydi va ma’nolar bir-biriga bog‘lanadi.”


         Avval boshda qori sahobiylar Qur’on suralarini haftalik qilib yetti qismga (hizb) bo‘lishgan. Har bir hizbda ma’lum sondagi suralar bo‘lib, hafta davomida butun Qur’onni xatm qilganlar. Ahmad, Abu Dovud va Ibn Moja rivoyat qilgan hadisda Avs ibn Huzayfa raziyallohu anhu sahobalardan: “Qur’onni qanday tarzda hizblarga ajratgansizlar?”-deb so‘radi. Ular aytdilar: “Uchta, beshta, yettita, to‘qqizta, o‘n bitta, o‘n uchta va mufassal suralar (Qof surasidan to Nos surasigacha).” Ushbu rivoyatda bayon etilishicha sahobalar davrida Qur’onni hizblarga taqsimlash quyidagi tartibda bo‘lgan:

1. 1-hizb: Baqara, Oli Imron, Niso — 3 sura.

2. 2-hizb: Moida, An’om, A’rof, Anfol, Tavba — 5 sura.

3. 3-hizb: Yunusdan Nahlgacha — 7 sura.

4. 4-hizb: Isro’dan Furqongacha - 9 sura.

5. 5-hizb: Shuaro’dan Yosingacha - 11 sura.

6. 6-hizb: Saffotdan Hujurotgacha - 13 sura.

7. 7-hizb: Qofdan Nosgacha - 65 sura.


         Shaksiz, bu “yettilik” taqsimot Qur’on xatmini osonlashtiradi. Biroq, har bir qori ham haftada xatm qilishga qodir emas. Vaqti cheklangan, kuchi yetishmaydigan kishilar ham bor. Shuning uchun keyingi davrlarda Qur’onni yanada oson xatm qilish imkonini berish maqsadida yana boshqa usullar ishlab chiqildi. Suralar soniga emas, balki matn hajmi va boshqa  asoslarga tayangan holda yangicha taqsimotlar vujudga keldi.


         Hijriy 110 yili vafot etgan hukmdor Hajjoj ibn Yusuf zamoniga kelib Qur’onni boshqacha usulda taqsimlash istagi paydo bo‘ldi. U ham bo‘lsa Qur’on harflari sonidan kelib chiqib taqsimlash usulidir. Buning uchun Hajjoj ibn Yusuf ulamolar va qorilarni chaqirib, Qur’ondagi harflar sonini aniqlashni buyurdi. Ular Qur’ondagi harflarni sanab, sonini aniqladilar va keyin bu harflarni teng ikki qismga bo‘lishdi. Shuningdek, Qur’onni uchga, to‘rtga ham bo‘lish ishlarini amalga oshirishdi. Ibn Abu Dovudning «Masohif» kitobida quyidagicha rivoyat keltirilgan: «Hajjoj ibn Yusuf hofizlar va qorilarni yig‘ib: “Menga Qur’onda nechta harf borligini aytinglar,” dedi. Ular hisoblay boshlab, shunday xulosaga kelishdi: Qur’on 340 740 dan ortiq harfdan iborat. Hajjoj yana so‘radi: “Qur’onning yarmi qaysi harfda tugaydi?” Ular hisoblab, Qur’onning yarmi Kahf surasidagi {وَلْيَتَلَطَّفْ} (19-oyat) so‘zining “ف” harfiga to‘g‘ri kelishini aytishdi. So‘ng u: “Harflar soni bo‘yicha yetti qismga bo‘linishi qay tarzda bo‘ladi?”- deb so‘radi. Yahyo dedi: “Harflar soniga ko‘ra quyidagicha bo‘linadi”:

Birinchi qism: Niso surasidagi {فَمِنْهُمْ مَنْ آمَنَ بِهِ وَمِنْهُمْ مَنْ صَدَّ} (55-oyat), “د” harfida tugaydi.

Ikkinchi qism: A’rof surasidagi {أُولَئِكَ حَبِطَتْ} ت harfida tugaydi.

Uchinchi qism: Ra’d surasidagi {أُكُلُهَا دَائِمٌ} (35-oyat), “أ” harfida.

To‘rtinchi qism: Haj surasidagi {لِكُلِّ أُمَّةٍ جَعَلْنَا مَنسَكًا} (67-oyat), “أ” harfida.

Beshinchi qism: Ahzob surasidagi {وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ وَلَا مُؤْمِنَةٍ} (36-oyat), “ه” harfida.

Oltinchi qism: Fath surasidagi {ٱلظَّانِّينَ بِٱللَّهِ ظَنَّ ٱلسَّوْءِ} (6-oyat), “و” harfida.

Yettinchi qism: Qur’onning qolgan qismi.

So‘ngra Hajjoj: “Qur’onning uchdan biri qayerga to‘g‘ri keladi?”-deb so‘radi. Ular javob berishdi:

Birinchi uchdan bir qismi: Baroat (Tavba) surasining 100-oyatining boshi.

Ikkinchi uchdan biri: «To Siyn Miym» (Shu’aro) surasining 111-oyatining boshi.

Uchinchi uchdan biri: Qur’onning qolgan qismi.

Abu Muhammad Hammoniy rahimahulloh aytadi: “Hajjoj bizdan Qur’onning to‘rtdan bir qismini ham so‘radi. Ular javob berishdi:

Birinchi to‘rtdan biri: An’om surasining oxiri.

Ikkinchisi: Kahf surasidagi {وَلْيَتَلَطَّفْ}. 19-oyatda.

Uchinchisi: Zumar surasining oxiri.

To‘rtinchisi: Qur’onning qolgan qismi.”

Mutohhar ibn Xolid Abu Muhammad Hammoniydan rivoyat qiladi: “Biz buni to‘rt oyda o‘rganib chiqdik. Hajjoj esa uni har kecha o‘qir edi.”


         Keyinchalik imom Abu Bakr ibn Ayyosh al-Kufiy (h. 194 yil vafot etgan) Qur’onni harflar soniga asosan 30 qismga (juz) bo‘ldi. Bu taqsimotda har bir juz (qism) da harflar soni teng bo‘lishiga e’tibor qaratildi. Shu tariqa, bir oyda Qur’onni to‘liq xatm qilish osonlashdi.


         Shunday qilib, Qur’onni harflar asosida teng bo‘lish g‘oyasi Hajjoj zamonida boshlangan, keyingi ulamolar esa buni rivojlantirib borganlar. Abu Bakr ibn Ayyosh buni 30 qismgacha kengaytirgan. Demak, Qur’onni 30 qismga bo‘lish Islom tarixining ikkinchi asridayoq mavjud bo‘lgan.


         Bu oxirgi — 30 qismli taqsimot eng keng tarqalgan va ommalashgan bo‘lib, shunga ko‘p omillar sababchi bo‘lgan. Eng muhim sabablardan biri — uning oy kunlari soniga mos kelishi, xususan, Ramazon oyida har kuni bir juz o‘qib, Qur’onni bir oyda xatm qilish imkoni bo‘lgani.


Ayrim manbalarda Qur’onning 20 qismli taqsimoti ham borligi zikr etiladi, bu shakl hozirda Misr Milliy kutubxonasida saqlanmoqda.


Qur’onni 30 qismga (juz) bo‘lish natijasida har bir juz alohida ajratib olinib, masjidlarda maxsus qutilarga solib qo‘yiladi va istaganlarda bir juzdan tarqatib beriladi, shu tariqa bir jamoa kishilar Qur’onni birga xatm qilishga muvaffaq bo‘ladilar.  Ayniqsa Ramazonda, jamoat uchun maxsus quti (rub’a)larga joylashtirilgan Qur’on juzlarga ajratilgan holda taqdim etiladi. Bu jamlanma «rub’a» deb nomlanadi. Lug‘atda «rub’a» — teridan bo‘lgan idish yoki quti demakdir. Bu osonlashtirish yana bir yengillikka olib keldi — bu galgi yengillik Qur’onni yod oluvchilar (hofizlar) uchun mo‘ljallangan edi. Ya’ni, har bir juz (qism) — ikki hizbga bo‘lingan bo‘lib, birini kunduzi, ikkinchisini kechasi o‘qish mumkin. Har bir hizb — to‘rtta rub’ga (1/4) bo‘lingan. Bu usullar Qur’onni nafaqat o‘qish, balki yod olishni ham osonlashtirdi.


         Shu oxirgi taqsimlash asosida Qur’on mus'haflari chop etilgan. Ushbu taqsimlash usulida qori va ulamolar orasida eng maqbul va keng qabul qilingan oyatlar soni asos qilib olingan. Masalan: Ilk madinaliklar Qur’onni 6000 oyat deb hisoblashgan, mutaaxxir madinalik olimlar — 6124 oyat, mutaaxxir makkaliklar — 6219 oyat, kufaliklar — 6263 oyat, basraliklar — 6204 oyat, shomliklar — 6225 oyat deb hisoblashgan.


         Ta’kidlash lozimki, Qur’onning oyatlari soni borasidagi ushbu ixtiloflar mazhablar orasidagi ixtilofdan kelib chiqqan.

Bu borada As-Safaqsiy o‘zining "G‘ays an-naf’" kitobida o‘zidan oldin o‘tgan ikki muhaqqiq olimlarning gapini asos qilib keltiradi. Ular: 1. Abu Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Abu Bakr Qastaloniy — "Latoif al-isharot fi ilm al-qiroat" kitobining muallifi, 2. Qodiriy Muhammad — "Mus’if al-muqriiyn" kitobining muallifi. As-Safaqsiy ushbu olimlarga tayanib, eng maqbul va ittifoq qilingan fikrni tanladi. Shunday qilib, Misrda chop etilgan so‘nggi Qur’on nashri aynan shu asosda tayyorlandi. Bu nashrda juz, hizb va rub’larni belgilaydigan chetki belgilar (ishoralar) ham kiritildi.


Keyinchalik, turk ulamolari juzlarni shunday bo‘lishni taklif qildilarki, har bir juz 20 sahifadan iborat bo‘lsin va har sahifada 15 satr bo‘lsin. Bu esa kundalik namozning har bir rakaatida bir sahifa o‘qish imkonini beradi. Musulmon kishi shu tarzda, kunlik besh mahal farz namozlarning avvalgi ikki rakatida Fotihadan keyin o‘qiladigan zam sura o‘rnida va sunnat (ravotib) namozlarining har rakatida bir sahifadan o‘qisa, kun davomida bir juzni o‘qib chiqishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan bir oyda besh vaqt namozlar orqali Qur’onni xatm qilish imkoniyati paydo bo‘ladi.


         Buning yana bir foydasi — taroveh namozlariga taalluqlidir. To‘rt mazhabda maqbul bo‘lgan fikrga ko‘ra, taroveh namozi 20 rakatdan iborat. Shuning uchun, mus'hafni tayyorlovchilar har juzni 20 sahifadan iborat qildilar, shu bilan har kecha bir juzni o‘qish osonlashadi va oy oxirida Qur’on xatm qilinadi. Bu usul hozirgi kunda Madina mus'hafida qo‘llanilmoqda.


         Xulosa.

         Qur’onni harflar soniga asosan juzlarga taqsimlash g‘oyasi Hajjoj zamonida boshlangan. Undan so‘ng ikkinchi asrda imom Abu Bakr ibn Ayyosh Qur’onni 30 qismga bo‘ldi. Keyinchalik har bir juz ikki hizbga, har bir hizb to‘rtta rub’ga bo‘lindi.

    
     Qur’oni karimning Alloh taolo tomonidan nozil bo‘lishida sura va oyatlarga taqsimlandi. Mus'haf shaklida juzlarga taqsimlash bir necha bosqichda amalga oshirildi: sahobalar davridagi haftalik bo‘lishdan tortib, hozirgi kundagi 30 juz, 60 hizb va 240 rub’gacha. Bu taqsimlash asosan Qur’on harflarining soniga asoslangan.


         Buning ko‘plab foydalari bor: o‘qish, yodlash, o‘rganishni osonlashtiradi, Qur’on o‘qish tartibini aniqlaydi, Ramazon oyida va kundalik namozlarda to‘liq xatm qilishga yordam beradi.


         Alloh taoloning O‘zi musulmon ummatining aqliga o‘z Kitobiga xizmat qilish va uning ahliga yengillik yaratish yo‘lida hikmatlar va foydalarni ilhom etdi, alhamdulillah.

Doktor Honiy Mahmud Hasandan 
Homidjon Ishmatbekov tarjimasi
 

Maqolalar