Pandemiya sharoitida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishini oldini olish, abituriyentlarning uzoq vaqt bir joyda o‘tirib qolishigv yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy diniy ta’lim muassasalarining qabul imtihonlariga 2020-2021 o‘quv yili uchun istisno tariqasida o‘zgartirish kiritildi.
Oliy diniy ta’lim muassasalarida quyidagicha qabul imtihonlari o‘tkaziladi:
Toshkent islom instituti va Mir Arab oliy madrasasida.
1-blok “Fiqh va aqoid” fani test sinovi, 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3.2 ball beriladi, jami 96 ball;
2-blok “O‘zbekiston tarixi” fani test sinovi, 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3.1 ball beriladi, jami 93 ball.
Hadis ilmi maktabida.
1-blok “Hadis va mustalahul hadis” ijodiy imtihon, jami 96 ball;
2-blok “O‘zbekiston tarixi” fani test sinovi, 30 ta savol, har bir to‘g‘ri javobga 3.1 ball beriladi, jami 93 ball.
Oliy diniy ta’lim muassasalarining qabul imtihonlari Respublika maxsus komissiyasi tomonidan karantin tartiblari yumshatilgandan so‘ng sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkaziladi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida qabul imtihonlari 2019-2020 o‘quv yilidan boshlab Davlat test markazi tomonidan katta sig‘imli binolarda o‘tkazish amaliyoti joriy qilingan.
O‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida 2020-2021 o‘quv yili uchun ham qabul imtihonlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Test sinovlari Davlat test markazi bayonotida aytib o‘tilganidek, katta sig‘imli binolarda videokuzatuv ostida onlayn translyatsiya qilingan holda sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etilgan holda o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.
Oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida qabul imtihonlarini o‘tkazish vaqti bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ko‘p hollarda Qur’oni karim tilovatidan keyingi duolarni savobini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga bag‘ishlaymiz, deb boshlaymiz. Ayrimlar buning hojati yo‘q. Payg‘ambarimiz alayhissalom ummatning ustozlari bo‘lgani uchun, ummatlarining amallaridan savoblar shundoq ham yetib turadi, deyishadi. Boshqalar Rasululloh alayhissalom ma’sum, barcha xato va gunohlardan pok, u zot bizning duolarimizga, savob bag‘ishlashimizga ehtiyojlari yo‘q, deyishadi. Aslida turli savobli amallar bajarib, savobini Rasulullohga bag‘ishlash mumkinmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Solih amallar qilib, ularning savobini faqat gunohi bor odamga bag‘ishlanadi, degan tushunchaning o‘zi xatodir. Chunki bag‘ishlangan savob inson gunohlarining kechirilishi bilan birga oxiratdagi maqomi ham oshishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga savob bag‘ishlash masalasida ulamolarimiz bu amal joiz va bag‘ishlovchining o‘ziga ulkan manfaat bo‘ladi, deyishgan.
To‘g‘ri, u zot alayhissalom bizning duo yoki savoblar bag‘ishlashimizga muhtoj emaslar, ammo u zotga yaqin bo‘lish, shafoatlariga noil bo‘lish uchun shu amallarga biz muhtojmiz.
Qolaversa, savob bag‘ishlash hadya berish hisoblanadi. Taqdim qilingan hadyadan oluvchi xursand bo‘lganidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham pokiza ruhlariga bag‘ishlangan savoblardan shubhasiz, mamnun bo‘ladilar. U zoti bobarakot alayhissalom Alloh taologa eng muqarrab payg‘ambar, duolari beshak ijobat bo‘ladigan zot bo‘lishlariga qaramay hazrati Umar roziyallohu anhu umraga ketayotgan vaqtda unga: “Ey Birodar, duolaringizda bizni unutmang”, deb duo so‘raganlar.
Holbuki, Payg‘ambarimiz alayhissalom biror kishining duolariga muhtoj emas edilar.
Masalan, kimdir birovdan yaxshilik ko‘rsa, minnatdorchilik sifatida uning haqiga duo qiladi, go‘zal tilaklar aytadi. Sarvari olamning nafaqat biz ummatlarga, balki butun insoniyatga qilgan yaxshiliklari behisobdir.
Demak, biz u zot alayhissalom haqlariga minnatdorchilik ma’nosida ham duolar qilib, salavotlar aytamiz.
Ummatning ilk muallimlaridan hamda faqih sahobiylardan biri Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin u zotning nomlaridan umra qilganlar.
Ibn Muvaffaq rahimahulloh esa u zot nomlaridan yetmishta haj qilganlar. Abu Bakr ibn Sarroj degan alloma u zot alayhissalom uchun o‘n mingdan ortiq xatmi Qur’on va shuncha adadda qurbonlik qilganlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.