Misr Arab Respublikasidagi “Dorul Ifto” fatvo hay’ati tomonidan hijriy 1441 yil Zulhijja oyining birinchi kuni milodiy yil hisob bo‘yicha 2020 yil 22 iyul kuniga to‘g‘ri kelayotgani e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Saudiya Arabistonida haj ibodatini ado etayotganlar cheklangan adaddagi mahalliy ziyoratchilar 2020 yil 30 iyul, arafa kuni Arafot tog‘ida jam bo‘ladilar.
2020 yil 31 iyul, juma kuni esa Zulhijja oyining 10-kuni bo‘lib, Islom olamidagi eng ulug‘ bayram Iydul-Azho – Qurbon hayitining birinchi kuni bo‘ladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Davlatimiz rahbari safarini, an’anaga ko‘ra, Hakim Termiziy maqbarasi ziyoratidan boshladi.
Qur’on tilovat etilib, xalqimizga, yurtimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo qilindi.
Ulamolar bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma, vatandoshimiz Hakim Termiziyning ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish hamda yurtdoshlarimiz va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, muqaddas dinimizning ezgulik va insonparvarlik, mehr-shafqat kabi buyuk fazilatlari, milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash hamda rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Keyingi yillarda ta’mirlanib, yanada obod va go‘zal majmuaga aylangan ushbu tabarruk maskanda ziyoratchilar uchun barcha sharoit yaratildi. Atrof obodonlashtirilib, maqbarada ham katta hajmdagi ishlar bajarildi. Zamonaviy yoritqichlar, isitish va sovitish tizimlari o‘rnatildi. Majmuada mikroiqlim yaratish uchun to‘rt mingdan ortiq 40 turdagi ko‘p yillik manzarali daraxt, 20 mingdan ziyod mavsumiy anvoyi gullar ekilgan.
Islom ilmlarining tafsir, hadis, fiqh, kalom, islom falsafasi, tasavvuf tarixi, tasavvufiy qarashlar kabi sohalarida ko‘plab asar yozgan mutafakkir majmuasini obod saqlash, ziyoratchilar uchun qulayliklarni kengaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.