Misr Arab Respublikasidagi “Dorul Ifto” fatvo hay’ati tomonidan hijriy 1441 yil Zulhijja oyining birinchi kuni milodiy yil hisob bo‘yicha 2020 yil 22 iyul kuniga to‘g‘ri kelayotgani e’lon qilindi. Shu munosabat bilan Saudiya Arabistonida haj ibodatini ado etayotganlar cheklangan adaddagi mahalliy ziyoratchilar 2020 yil 30 iyul, arafa kuni Arafot tog‘ida jam bo‘ladilar.
2020 yil 31 iyul, juma kuni esa Zulhijja oyining 10-kuni bo‘lib, Islom olamidagi eng ulug‘ bayram Iydul-Azho – Qurbon hayitining birinchi kuni bo‘ladi, insha Alloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Savol: Alloh taolo osmonda, Arshning ustida deb e’tiqod qilish joizmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, Alloh taolo osmonda yoki Arshning ustida, deyish yoki biror joyda o‘rnashgan, deb e’tiqod qilish mutlaqo joiz emas. Zero, osmonni ham, Arshni ham, makonni ham, zamonni ham U zotning O‘zi yaratgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom bunday deganlar:
“Azalda birgina Alloh taolo bor edi, undan boshqa hech narsa yo‘q edi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo zamon va makonlarni, shuningdek Arshni yaratmasidan oldin ham bor edi. Ularni yaratganidan so‘ng azalda qanday mavjud bo‘lsa, hozir ham xuddi shunday mavjuddir va to abad shunday qolajak.
Zero, u o‘z zotida o‘zgarishni qabul qilmaydi. Chunki o‘zgargan narsa ilohlikka loyiq bo‘lmaydi.
Shuning uchun ham biz ahli sunna aytamizki:
“Alloh taolo hech bir makon va zamonlarsiz mavjuddir. Makonga joylashish Alloh taolo yaratgan narsalarning sifati hisoblanadi. Ya’ni, har bir yaralmish borki, katta yoki kichik o‘rin egallaydi. Alloh taolo esa bundan pok va oliydir”.
Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.