Sayt test holatida ishlamoqda!
02 May, 2025   |   4 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:19
Peshin
12:25
Asr
17:17
Shom
19:24
Xufton
20:48
Bismillah
02 May, 2025, 4 Zulqa`da, 1446

Islom tarixi: HIJRIY BЕSHINCHI VA OLTINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR

20.07.2020   4193   13 min.
Islom tarixi: HIJRIY BЕSHINCHI VA OLTINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR

 

HIJRIY BЕSHINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR

DAVMATUL JANDAL G‘AZOTI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Arabiston yarimorolining shimolidagi Davmatul jandal atrofidagi qabilalar yo‘lto‘sarlik qilib, o‘tgan-ketganni talayotganlari, Madinaga bosqin uyushtirish maqsadida kattagina lashkar ham to‘plashayotgani haqida xabar keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ming kishilik qo‘shin bilan rabi’ul avval oyining 25-kunida Davmatul jandalliklarning adabini berib qo‘yish maqsadida qo‘shin tortib, Madinadan yo‘lga chikdilar. Ular bor-budini musulmonlarga o‘lja qilib qoldirib, qochib ketishdi.

Shu bilan birga, tinch hayot ham davom etar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam rahbarligi ostidagi sahobalar Islom davlatini Alloh taoloning bevosita kuzatuvi bilan mukammallashtirib borar edilar. Qur’oni Karimning oyatlari nozil bo‘lishi bilan ularni hayotga tatbiq qilishardi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ham ko‘p narsalarni bayon qilib berar edilar, ibodat, axloq-odob, muomala va qonun-qoidalar sekin-asta islomiylashib borar edi. Bular eng muhim narsalar bo‘lib, ularning qanday amalga oshgani tafsir, hadis, fiqh va boshqa kitoblarimizda batafsil bayon qilingan.

Buning xabari atrofga tarqalib, kishilarda Islomga bo‘lgan qiziqish ortar va yakka-yakka holda kelib, musulmonlar safiga qo‘shilar edilar.

Tabiiyki, bu holat Islom dushmanlarini tashvishga solar edi. Musulmonlar tinchlik-omonlikda o‘z hollariga tashlab qo‘yilsa, hamma ular tomonga o‘tib ketishini o‘ylab, xavotirda qolishdi. Nihoyat «Hammamiz birlashib, musulmonlarni yo‘q qilmasak bo‘lmas ekan», degan fikrga keldilar.

 

XANDAQ (AHZOB) G‘AZOTI

Shavvol oyida Islomni va musulmonlarni butunlay yo‘q qilib tashlash maqsadida barcha Islom dushmanlari uyushib jam bo‘ldi. Quraysh, G‘atafon va boshqa qabilalar to‘planib, Madinaga yurish qilishdi. Ularning soni o‘n mingta edi. Ularni bu yurishga Xaybardagi yahudiylar qiziqtirishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan maslahat qildilar. Salmon Forsiy roziyallohu anhu Madinaning atrofiga xandaq qazib, uni himoya qilishni maslahat berdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu maslahatga amal qildilar. Musulmonlarning soni uch ming edi.

Dushman askarlari tomonidan musulmonlarga qarshi uyushtirilgan qamal bir oycha davom etdi. Banu Qurayza ahdini buzib, musulmonlarga qarshi dushmanga qo‘shildi. Nu’aym ibn Mas’ud Ashja’iy musulmon bo‘ldi. Harbiy xiyla bilan Qurayza, Quraysh va g‘atafonliklarning o‘rtasiga nifoq soldi. Har bir guruhning oldiga borib, boshqasi uni ziddiga harakat qilayotganini aytib, ularning o‘rtasini buzdi. Natijada ular tarqalib ketishdi. Alloh subhanahu va taolo mushriklarga O‘zining lashkarlaridan birini – kuchli shamol yuborib, ularning chodirlarini buzib, qozonlarini ag‘darib tashladi. Shundan keyin ular qochib qolishdi.

Bu haqda Alloh subhanahu va taolo Ahzob surasida shunday xabar bergan:

«Ey iymon keltirganlar! Allohning sizga bergan ne’matini eslang. O‘shanda ustingizga lashkarlar kelgan edi. Ularning ustiga shamolni va siz ko‘rmagan lashkarlarni yubordik. Alloh nima qilayotganingizni ko‘rib turuvchidir!» (9-oyat)

Alloh taolo sovuq qish kechasida kofirlar qo‘shini ustiga o‘ta sovuq shamolni yubordi. Shamol ularning qozon va chodirlarini uchirib ketdi. Olovlarini o‘chirib tashladi. Biror kishi qomatini tik tutib yurolmay qoldi.

Ulamolarimiz: «Siz ko‘rmagan lashkarlar»dan murod farishtalar bo‘lib, ular mushriklarning qalblariga qo‘rqinch solganlar-u, urush qilmaganlar», deydilar.

Xandaq g‘azoti Quraysh mushriklarining Madinai mu-navvaraga qilgan oxirgi hujumi edi.

 

BANU QURAYZA G‘AZOTI

Banu Qurayza qabilasi ittifoqdoshlik shartnomasini buzdi. Ular musulmonlar uchun eng qiyin bo‘lgan holatlarda hiyonat qilishdi, Ahzob urushida qurayshliklarga qo‘shilishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xandaq g‘azotidan keyin, zulqa’da oyida ularni qamal qildilar. Oxiri taslim bo‘lishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ular haqida o‘zlarining iltimoslariga ko‘ra, ular bilan hijratdan oldin ittifoqdosh bo‘lgan Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhuni hakam qildilar. U kishi mazkur qabilaning erkaklarining qatl qilinishi, ayollari va bolalarining asir olinishi haqida hukm chiqardilar. Bu ularning og‘ir jinoyatlariga munosib hukm edi.

Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Muoz roziyallohu anhuga: «Ular haqida Alloh taoloning yetti osmon ustidan qilgan hukmi kabi hukm qildingiz», dedilar.

 

HIJRIY OLTINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR

SAHRO ARABLARINING TA’ZIRINI BЕRISH

Quraysh va yahudiylar bilan ishlar bitib bo‘lgandan keyin uchinchi dushman - a’robiylar qolishdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir qancha sariyyalar yuborib, ularni qo‘rqitdilar. Yomonliklarini daf etib, musulmon-larga ozor berishdan to‘xtatdilar.

 

BANU MUSTALIQ G‘AZOTI

Sha’bon oyida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga Banu Mustaliq qabilasining u zotga qarshi odam to‘playotgani haqida xabar keldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dushmanni kutib o‘tirmasdan, ustiga bostirib borishga qaror qildilar. O‘sha safar Islom lashkari ichida ilk marta Ibn Salul boshliq ko‘plab munofiqlar ham chiqishdi. Musulmonlarning Xandaq g‘azotidagi g‘alabasidan keyin ular tarozining og‘ir pallasi tomoniga o‘tib olishgan edi.

Ikki taraf Banu Mustaliqning Muraysi’ nomli qudug‘i oldida to‘qnashdi. Shuning uchun ushbu g‘azot «Muraysi’ g‘azoti» ham deyiladi. Urushda musulmonlar g‘olib keldilar, kofir-mushriklar esa yengilishdi.

 

IFK HODISASI

Xuddi shu g‘azotdan qaytishda Ibn Salul boshliq munofiqlar Oisha onamiz haqlarida «ifk» – bo‘hton tarqatishdi.

Gapni boshqa yoqqa burib, haqiqatdan chetga chiqish, yolg‘ondan uydirma to‘qish, bo‘hton va ig‘vo qilish arab tilida «ifk» deyiladi.

Munofiqlar Oisha onamizga nisbatan ifk – ig‘vo, bo‘hton, tuhmat va uydirma uyushtirishdi. Ularning ifkiga ba’zi sodda musulmonlar ham qo‘shildilar. Orada katta fitna yuz berdi. Oisha onamizni zino qilganlikda ayblay boshlashdi.

Nihoyat barcha ishni hikmat ila qiladigan Alloh taoloning O‘zi aralashib, hammasini o‘z joyiga keltirdi. Hyp surasining o‘n oyatida Oisha onamiz oqlandilar (11–20-oyatlar). Hamma, hatto Oisha onamizning o‘zlari ham: «Menga oqlov tushdi», dedilar.

 

HUDAYBIYA SULHI VA RIZVON BAY’ATI

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zulqa’da oyining boshi, dushanba kuni 1400-1500 nafar sahobalari bilan umra qilish niyatida yo‘lga chiqdilar. Makkaning g‘arbiy tarafi, Jidda yo‘li, Harami sharif chegarasidagi Hudaybiya degan joyga yetib borganlaridan xabar topgan Quraysh mushriklari qo‘rqib ketishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam ularga Abu Sufyon va Qurayshning boshqa boshliqlariga borib, urush uchun emas, balki Baytullohni ziyorat qilish maqsadida kelganlarining xabarini yetka-zish uchun hazrati Usmonni yubordilar.

So‘ng hazrati Usmonning qatl qilinganlari haqida mish-mish tarqaldi. Shu sababli Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarni bay’atga chaqirdilar. Sahobalar u zot tomon shoshilib borib, bay’at qildilar va bu «Rizvon», ya’ni «Rozilik bay’ati» degan nom bilan tarixga kirdi,

Sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ortga qochmaslik haqida bay’at qildilar. Hazrati Usmon uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bir qo‘llarini ikkinchisiga qo‘yib bay’at qildilar. Keyin hazrati Usmonning o‘ldirilgani bekor ran ekanining xabari keldi. Hazrati Usmon qaytib keldilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Quraysh bilan sulh tuzdilar:

O‘n yilgacha urush bo‘lmaydi. Odamlar omonda bo‘lib, bir-birlariga adovat qilishdan tiyiladilar.

Kim Qurayshdan Muhammadning oldiga kelsa, Muhammad uni qaytarib beradi.

Kim Muhammadning oldidan Qurayshga kelsa, Quraysh uni qaytarib bermaydi.

Kim Muhammad bilan axdnoma tuzib, ittifoqchi bo‘lsa bo‘laveradi.

Kim Quraysh bilan axdnoma tuzib, ittifoqchi bo‘lsa bo‘laveradi.

Bu yil Muhammad va sahobalari Makkaga kirmay, qaytib ketadilar.

  1. Kelasi yili kelib, qilichlarini qinida saqlagan holda Makkaga kirishadi. U yerda uch kun qolishadi. Bu vaqtda mushriklar tashqariga chiqib turishadi.

Hudaybiyadan Madinaga qaytib ketayotganlarida, yo‘lda Alloh taolo Fath surasini nozil qildi.

 

HUDAYBIYA SULHI HAQIDA

Sahobalarning ko‘plari bu sulhni yoqtirmadilar. Natijasi ularga yomon bo‘lib ko‘rindi. Ular o‘zlarini mag‘lub bo‘lgandek, yengilgandek his qildilar. Ular orasida Umar ibn Xattob roziyallohu anhu ham bor edilar.

Lekin insof va diqqat bilan nazar solinadigan bo‘lsa, ushbu sulh musulmonlar uchun katta yaxshilik ekani, uning manfaati ko‘p ekani anglab yetiladi.

Mazkur sulhning imtiyozlaridan biri – Quraysh musulmonlar jamiyatini birinchi bor e’tirof qilishi edi.

Ikkinchidan, bu sulh musulmonlar uchun Islom da’vatini tarqatishdan boshqa ish qilmaslikka fursat edi.

Ushbu sulxdan keyin juda ko‘p odamlarning Islom diniga kirgani ham mana shu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya sulhidan keyin Arabiston yarimorolining chor atrofidagi podshoh va hokimlarni Islomga chaqirib, maktublar yubordilar.

Ushbu sulh musulmonlar uchun yahudiylar bilan hisob-kitobni to‘g‘rilab olishga ham fursat bo‘ldi.

Shuning uchun mazkur sulxdan keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Xaybarga g‘azot qilib, g‘alaba qozondilar va Islom shariatining ko‘pgina hukmlari mana shu paytda takomillashdi.

Ammo Qurayshning o‘ziga musulmonlardan borganlarini qaytarib bermasligi to‘g‘risidagi shartga keladigan bo‘lsak, uni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari bayon qilib berdilar: «Kim bizdan ularga ketgan bo‘lsa, Alloh taolo uni bizdan uzoq qildi. Kim ulardan bizga kelsa, biz uni qaytarib beramiz. Alloh taoloning O‘zi unga yengillik beradi, najot beradi», dedilar.

Mana shu sulh, Qur’oni Karim vasf qilganidek, haqiqiy, ochiq-oydin fath bo‘ldi.

Haqiqatdan ham, Hudaybiya sulhi ulkan fath, balki ko‘p qirrali fath bo‘lgani keyinchalik ma’lum bo‘ldi:

«Hudaybiya Islom da’vati uchun fath bo‘ldi. Islomda bundan ulug‘roq fath bo‘lgan emas», deydilar salaf ulamo-larimiz. Bungacha qayerda bo‘lsalar, urushga yo‘liqar edilar. Sulh tuzilib, urush to‘xtagandan so‘ng odamlar bir-birlaridan emin bo‘ldilar. Bir-birlari bilan uchrashib, o‘tirishib, gaplashib-suhbatlashadigan bo‘ldilar. Ozgina aqli bor odam bunday suhbatlardan keyin Islomni qabul qilar edi. Hudaybiya sulhi bilan Makka fathi orasida o‘tgan salkam ikki yil mobaynida undan avvalgi o‘n to‘qqiz yildagidan ko‘proq odam Islomga kirdi. Yodingizda bo‘lsa, Hudaybiyada ishtirok etganlarning soni nari borsa 1500 nafar edi. Salkam ikki yildan so‘ng Makka fath qilinganida 10000 kishi qatnashdi. Ularning ichida Xolid ibn Valid va Amr ibn Osga o‘xshash fotih sahobiylar ham bor edilar.

Hudaybiya sulhi Islom yerlarining kengayishiga ham sabab bo‘ldi. Avval hamma kuch-e’tibor mushriklarga qaratilgan edi. Sulh tuzilib, ularning yomonligidan omonda bo‘linganidan so‘ng yahudiylar bilan hisob-kitobni joyiga qo‘yishga imkon topildi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Shom yo‘lidagi Xaybar shahridan Islom uchun doimiy xavf-xatar bo‘lib turgan yahudiylarni chiqarishga muyassar bo‘ldilar. U yerlarni fath qilib, o‘ljalarni faqat Hudaybiyada ishtirok etganlarga bo‘lib berdilar.

Bu sulh musulmonlar bilan mushriklar orasini «fath qildi» – ochdi. Avvallari mushriklar Islomni va musulmonlarni mutlaqo tan olishmas edi. Bundan bir yil oldin Makka mushriklari atrofdan odam to‘plab, Madinaga bostirib borishgan, bu bilan musulmonlarni nihoyatda og‘ir ahvolga solib qo‘yishgan edi. Quraysh qabilasini yetakchi deb biladigan boshqa arab qabilalari ham bundan qattiq ta’sirlanishgan edi. Shuning uchun ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam umraga birga borishga chaqirganlarida ulardan hech kim qo‘shilmagan. Aksincha, ular «Musulmonlar bu safardan sog‘ qaytmaydilar», deb o‘ylashgan edi. Munofiqlar esa bundan ham yomonroq gumonlarga borishdi. Lekin Alloh taolo Payg‘ambarimiz boshliq musulmonlarga nusrat berdi. Sulh tuzilib, qurayshliklar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boshliq musulmonlarni siyosiy jihatdan o‘zlariga teng deb e’tirof etib, ularga iltimos bilan murojaatda bo‘lishdi. Hech shubha yo‘qki, bu voqea Islom tarixidagi eng ulkan fath edi. Shu bois ham mazkur fathni Qur’oni Karim «ochiq-oydin fath» deb nomladi.

Ushbu ulug‘ hodisadan keyin boshqa qabilalar va jamoalar ham musulmonlarga hurmat nazari bilan qaray boshlashdi. Ularga avval qo‘shilmagan a’robiylar (ko‘chmanchi arablar) uzr aytib kela boshlashdi. Madinai munavvaradagi munofiqlarning ham ovozlari pasayib qoldi. Turli taraflardan ayrim arab qabilalari o‘z vakillarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga yuborishdi.

Shu bilan birga, Hudaybiya qalblarni ham fath qildi. Kishilar Islom uchun barcha fidokorlikka tayyor holga keldilar.

Bularning hammasi ulkan yutuq va buyuk fath edi.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

HIJRIY YETTINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR:

Podshoh va hokimlarni Islomga da’vat qilish;

Arab amirlariga yo‘llangan maktublar;

Xaybar g‘azoti;

Boshqa fathlar;

Zotur-Riqo’ g‘azoti;

Amr ibn Os va Xolid ibn Validning Islomga kirishi;

Qazo umra.

HIJRIY SAKKIZINCHI YILDAGI MUHIM HODISALAR:

Mu’ta g‘azoti;

Zotus-Salosil sariyyasi;

Makka fathi;

Makka fathining ahamiyati;

Hunayn g‘azoti;

Toif g‘azoti.

Kutubxona
Boshqa maqolalar

"Yog‘ochli sardoba" – Sirdaryoning turizm salohiyatini ochuvchi noyob yodgorlik

02.05.2025   3578   2 min.

Sirdaryo viloyatida joylashgan tarixiy va madaniy obidalar orasida XVI asrga tegishli "Yog‘ochli sardoba" alohida ahamiyatga ega. Buxoro xoni Abdullaxon II davrida, 1580 yilda qurilgan mazkur gidrotexnik inshoot nafaqat o‘tmishdan darak beradi, balki hozirgi kunda viloyat turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
 

Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.


– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.


Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.


– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.


“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz. 


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari