Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Islom sog‘likning Alloh taolo tomonidan bandaga berilgan ulug‘ ne’mat ekanini, uning uchun banda shukr kilishi lozimligini ta’kidlash bilangina kifoyalanib qolmaydi. Islom sog‘liqni saqlashning yo‘llarini ham o‘rgatadi. Keling, o‘sha narsalardan ba’zilarini juda ham qisqa ravishda o‘rganib chikaylik.
1. Tozalikka rioya qilish.
Islom sog‘liqni saqlash borasida katta ahamiyat bergan narsalardan biri tozalikka rioya qilishdir. Dunyo tarixida hech kim, hech kanday tuzum va din tozalikka rioya qilishga Islom dinichalik ahamiyat bermagani ma’lum va mashhurdir.
2. Sog‘likka zarar yetkazuvchi va atrofni iflos qiluvchi narsalardan qaytarish.
Islom madaniyatida musulmonlarga pokiza bo‘lish bilan birga, yuksak didli bo‘lish va atrof-muhitni iflos qilmaslik hamda kishilar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi tasarruflar qilmaslik uqtiriladi. Chunki bunday ishlar turli xastaliklar tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin.
3. Badantarbiya.
Hozirgi kunimizda sog‘liqni saqlash, xastalikka chalinmaslik uchun badantarbiya qanchalik ahamiyatli ekanligini hamma tushunib yetgan. Kattayu kichik iloji boricha badantarbiyaga e’tibor berishga harakat qiladi. Bu narsaga ayniqsa rivojlangan davlatlarda odamlar nihoyatda berilgan. Hammaning kuchli, quvvatli, epchil, sog‘-salomat bo‘lgisi keladi va xastaliklarga chalinmaslikka harakat qiladi. Buning uchun esa badantarbiya bilan shug‘ullanishni odat qilish lozim.
Islomda bu ishga alohida e’tibor berilgan. Bu haqda Payg‘ambar sollalloxu alayhi vasallamning ba’zi hadisi shariflari ham bor.
4. Sog‘lik uchun zararli narsalarning harom qilinishi.
Islomda sog‘liqni saqlash yo‘lida ko‘rilgan choralarning eng muhimi inson sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan narsalarning harom qilinishidir. Hozirgi kunga kelib, sog‘likni saqlash bo‘yicha ancha muvaffaqiyatlarga erishilgan bo‘lsa ham, ushbu sohada, ya’ni inson sog‘lig‘i uchun zararli bo‘lgan narsalarning harom qilinishida boshqa birorta din Islom dinichalik deyarli hech narsa qila olgani yo‘k. Islomda esa bu masala bir ming besh yuz yil ilgari hal etilgan.
5. Isrof va qizg‘anchiqlikning harom qilinishi.
Islomda inson sog‘lig‘ini saqlash maqsadida o‘ziga kerakli narsalarni ham me’yoridan oz yeb, o‘zini-o‘zi xastalikka mubtalo qilmaslik uchun qizg‘anchiq bo‘lish harom qilingan.
Shu bilan birga, Islomda sog‘likka zararligi e’tiboridan haddan tashqari ko‘p tanovul qilish ham harom qilingan.
6. Jismni toliqtirishdan qaytarish.
Islomda insonning o‘zini-o‘zi toliqtirishi man qilingan. Agar bu toliqtirish ibodat orqali bo‘lsa ham mumkin emas. Misol uchun, kishilarning nafl namozni haddan tashqari ko‘p o‘qib, o‘zini toliqtirishiga shariat qarshi turadi. Chunki bu narsa sog‘likka zarar keltirishi mumkin. ІShuningdek, haddan tashqari ko‘p nafl ro‘za tutib, o‘zini charchatish ham mumkin emas.
7. Sog‘liqni saqlash maqsadida yengillik va ruxsatlar berilgan.
Islomda aynan sog‘liqni saqlash maqsadida Alloh taolo farz qilgan ba’zi ibodatlarni yengillashtirish, keyinga surish yoki butunlay kechirib yuborish yo‘lga qo‘yilgan.
Musulmonlarning tibbiyot bo‘yicha erishgan yutuqlarini, yana bu sohaga tegishli boshqa narsalarni ham o‘rgangan mutaxassislar juda ham ko‘p. G‘arblik, yevropalik tarixchilar, sharqshunoslar, tibshunoslardan ham bu sohaga o‘zini bag‘ishlaganlar talaygina.
Ana o‘shalarning to‘plagan ma’lumotlari, yozgan kitob va ilmiy maqolalari, qilgan xulosalari bilan tanishgan har bir inson, Islom tib sohasida mo‘jiza yaratgan ekan, degan xulosaga kelishi turgan gap. Aslida ham shunday.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh,
«Olam va odam, din va ilm» kitobidan.
Toshkent islom instituti jamoasi Buxoro va Samarqand viloyatlariga uch kunlik ilmiy safarga chiqishdi.
Muftiy hazratlari xayrixohligi va institut rektori tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ilmiy safarning birinchi kunida Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Sayyid Mir Kulol, Bahouddin Naqshband, Abu Hafs Kabir hamda Chor Bakr kabi tarixiy obidalar, muqaddas qadamjolar ziyorat qilindi. Ulamolar hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Mir Arab madrasasida ham talabalar bilan uchrashuv tashkil etildi.
An’anaga muvofiq, Muhammadrasul Abdullayev, Faxriddin Mamanosirov, Jahongir Ne’matov, Jahongir Ro‘ziyev va boshqa o‘qituvchilar ishtirokida talabalar Masjidi Kalonda Imom Buxoriyning buxorolik ustozlaridan rivoyat qilgan hadislarni o‘qishdi.
Imom Buxoriy mana shu masjidda minglab talabalarga "Sahihi Buxoriy"dan dars bergani tarixdan ma’lum. Aynan shu yerda tahsil olish bugungi talabalar uchun ilm barakasidan nasibador bo‘lishga umidvorlik bor.
Toshkent islom instituti jamoasining safari Samarqandda davom etdi. Ustoz va talabalar Hadis ilmi maktabida ham bo‘lishib, “Sahihul Buxoriy” kitobidan oxirgi hadislarni o‘qishdi. Shundan so‘ng 70 dan ortiq bitiruvchi kurs talabalariga “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari topshirildi.
Qur’on xatmlari nihoyalanib, xalqimiz farovonligi va yurtimiz osoyishtaligini tilab duolar qilindi.
Ma’lumot uchun, Toshkent islom institutida diniy ta’limning “xatmi kutub” uslubi bo‘yicha hadis, fiqh, aqida, tafsir, faroiz, tasavvuf kabi fanlarga oid mo‘tabar kitoblar dars jarayonlari va to‘garaklarda to‘liq o‘qib tugatiladi. “Sahihul Buxoriy” kitobi 2 yil mobaynida “Hadis va islom tarixi fanlari” kafedrasi o‘qituvchilari ustozligida o‘qib xatm qilindi. “Sahihul Buxoriy” bo‘yicha ijoza shahodatnomalari har yili Buxoro va Samarqanddagi ilmiy safar yakunida topshiriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati