Pul hammaga kerak. Ammo, tez va oson pul topaman deb musulmonning jinoyatga qo‘l urishi, haromdan boylik orttirishga intilishi, oqibat uni ikki dunyoda xor qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Oxiratni deb dunyosini, dunyoni deb oxiratini tark qilgan banda yaxshilaringiz emas. Chunki ikkisida ham jamg‘arishi lozim bo‘lgan jihati bor. Odamlarga boqimanda bo‘lib qolmanglar – zinhor o‘zgalarga og‘irligingiz tushmasin”.
Mazkur hadis mo‘min-musulmonlarni u dunyoni unutmagan holda, o‘zgalarga yuk bo‘lmasdan, mehnat qilib, halol yo‘l bilan bu dunyo ehtiyojlariga yetarli mulk, mablag‘ topishga undaydi. Sharti shuki, faqat halol yo‘l bilan.
So‘nggi paytlarda, internet sahifalari, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda “uydan chiqmasdan boy bo‘lishni xohlaysizmi”, “Ko‘p pul topish uchun ajoyib imkoniyat” yoki “Bir kunda million topishni istaysizmi?” kabi jimjimador reklamalar orqali turli kanallar va guruhlarga a’zo bo‘lishni taklif qilayotgan “bet”lar haddan ziyod ko‘payib ketdi. Ayniqsa bugungi karantin sharoitida, insonlarni uyda qolib, ko‘proq vaqtlarini ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazayotganligidan foydalanayotgan firibgarlarning ishlari avjida.
O‘ziga ohanrabodek jalb etayotgan reklamalar domiga tushayotganlar soni esa so‘ngi 2 oyda karrasiga ortib bormoqda. To‘g‘rida, pandemiya sharoitida, ishga bormasdan osongina, hech qanday mehnatsiz va harakatsiz pul topish, boyib ketish kimga ham yoqmaydi?! Biroq ozgina aql yuritsangiz ularning firibgar va yolg‘onchi, kamiga ochiqchasiga QIMORBOZ ekanligini va sizni ham qimorga tortayotganining guvohi bo‘lasiz. Qimor esa HAROM, oqibat jiddiy xavf va musibatlarga olib keluvchi jirkanch ish.
Alloh taolo Qur’oni karimda qimorni qattiq qoralab shunday marhamat qiladi:
“Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. Shaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz” (“Moida” surasida, 90-oyat).
“Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va yomon ko‘rishlikni solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni xohlaydir. Endi to‘xtarsizlar?!” (“Moida” surasida, 91-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “...Kim bir birodariga: “Kel, qimor o‘ynaymiz” desa, darhol sadaqa qilsin”, deganlar (Buxoriy rivoyati).
Qimor shu darajada og‘ir gunohki, uni o‘ynaymiz, degan gapning o‘ziyoq kafforotni taqozo qiladi. Bunda, qimor o‘ynamoqchi bo‘lgan pulni sadaqa qilish ko‘zda tutilgan. Zinhor qimordan yutib olgan pulni emas. Qimordan yutilgan pul haromdir. Haromni sadaqa qilib bo‘lmaydi.
Xo‘sh, ayni damlarda odamlarni pul topishga qiziqtirayotgan internet tarmog‘idagi guruhlar va kanallarni boshqarayotganlar (adminlar), qilayotgan ishlari harom ekanligini bilisharmikan?!
Keling, bu “shovvoz”larning pul topish uslublari bilan yaqindan tanishamiz.
Avvalo, ular reklamalarda o‘zlarini go‘yoki qaysidir sport o‘yinidagi ma’lum bir jamoaga pul tikib, boyib ketgan (bu qimor!) va shu boyliklarini sizlar bilan bo‘lishmoqchidek ko‘rsatadi. Ba’zilari esa kanalga a’zo bo‘lganingizdan so‘ng “falon musobaqadagi unisiga, bunisiga pul tiking” degan taklifni kiritadi. Biroq, kanalga yoki saytga kirishingiz bilan oldindan hisobni to‘lirish kerakligini aytishadi. Mana shu yerda siz ham qimor o‘yiniga aralashasiz (qimorboz bo‘lasiz) hamda firibgarning tuzog‘iga tushasiz. Chunki, hali bu harom va jirkanch qimor o‘yinlarida yutib, pulini olgan biror kimsani tanimaysiz. Demak, ular firibgar.
Firibgarlar...
Alloh taoloning Kalomida keltirilgan bir oyatga nazar solamiz: “Mol va boyliklaringizni o‘rtalaringizda botil yo‘llar bilan yemangiz. Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘l bilan yeyish maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz.”(Baqara surasi, 188-oyat).
Yuqorida sizni boy qilaman degan «svaypchilar»ning firibgar ekanligini ta’kidladik. Alloh taolo O‘z Kalomida botil yo‘l bilan o‘zgalar molini yeyishni man qilgan. O‘zganing molini nohaq yeyish esa HAROMdir.
Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim odamlarning molini qaytarib berish maqsadida olsa, Alloh taolo unga yordamchi bo‘ladi. Kim odamlarning moliga talofat yetkazish (chuv tushirish) uchun olsa, Alloh taolo uning o‘ziga talofat yetkazadi” – deya ta’kidlaganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Yana bir hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bizni aldasa, u bizdan emas. Makr va aldov do‘zaxdadir” – deya qat’iy ogohlantirganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Boy bo‘lishni istovchilar DIQQATIGA!
“bet”larni yuritayotgan “admin”lar diqqatiga! O‘z kanalingiz orqali qimor, fahsh, gunoh, firibgarlik va boshqa, insonlarni yo‘ldan ozdiruvchi, iymoniga salbiy ta’sir etadigan reklamalarni tarqatishni BAS QILING!
Qonuniy, halol va adolatli biznes rejalar, takliflar va hamkorliklarni targ‘ib eting!
Kimlarningdir gunoh amallariga sherik bo‘lib qolmang!
Azizlar, Sarvari koinot Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Harom yeb o‘sgan vujud jannatga kirmaydi”, deganlar (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Chunki, harom luqma yegan kishining duolari ham, ibodatu iltijolari ham qabul bo‘lmaydi!
Bugun, faqat siz emas, butun dunyo pandemiya sharoitida, qiyinchiliklar ichra yashamoqda. Ammo, bu vaziyat, iqtisodiy nochorlik musulmonni haromga qo‘l urishiga sabab bo‘lmaydi. Rizqimiz Alloh taoloning zimmasida! Biz faqat sababini halollikdan izlashimiz lozim!
HAROMDAN UZOQROQ YURING!
Saidabror Umarov
Kecha, 28 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2025” mavsumini yuqori darajada o‘tkazish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda haj delegatsiyasi vakillari, ishchi guruhi a’zolari, mingboshilar va shifokorlar jamoasi ishtirok etdi.
Majlis avvalida Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishi haqida so‘zladilar. Shuningdek, har bir ishchi guruhi a’zosi ana shunday ulug‘ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilish davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, farz, vojib va sunnatlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish va zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga batafsil javob berish zarurligini ta’kidladilar. Shuningdek, muborak zaminlarda har bir daqiqani g‘animat bilish, toatu ibodat ila o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qilishga urg‘u qaratdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Obidjon Qodirov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Bobomurod Rustamov va Shifokorlar guruhi rahbari Alisher Saatov kabilar so‘zga chiqib, tashkiliy ishlar, tibbiy jihatlar, xat-hujjatlar, jamoaviy tartib-intizomga rioya etish, qonun-qoidalarga amal qilish, hojilar xavfsizlini ta’minlash va ogohlikga oid muhim tavsiyalarni berdilar.
Shuningdek, joriy mavsumda “Haj – 2025” ishchi guruhi va shifokorlar zimmasiga juda katta mas’uliyat yuklangani, shu bois har kim o‘z vazifasini vijdonan to‘la bajarishi zarurligi ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati