Respublika maxsus komissiyasi qaroriga muvofiq joriy yil 8 iyundan e’tiboran Namangan viloyatidagi yashil hududlarda ham masjidlar o‘z faoliyatini boshlaydi.
Viloyatdagi “yashil” hududlar hisoblangan Mingbuloq, Yangiqo‘rg‘on, Kosonsoy, Pop, Namangan, Chortoq, Chust va Uchqo‘rg‘on tumanlarida jami 119 ta masjid faoliyati tiklanadi. Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Uychi tumanlari “qizil”, Norin tumani esa “sariq” hudud toifasida bo‘lganligi sababli bu yerlardagi masjidlar ochilishiga hozircha ruxsat berilgani yo‘q.
7 iyun kuni Yangiqo‘rg‘on tumanidagi "Beshbuloq" jome’ masjidida karantin sharoitida masjidlar faoliyatini yuritishga oid tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat bosh imom-xatibi Abdulhay Tursunov tumandagi jome’ masjidlari vakillariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning bu boradagi buyrug‘i tafsilotlarini yetkazdi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, masjidlarda kunlik 5 vaqt farz namozlari ijtimoiy masofalanish saqlangan,fuqarolar orasidagi masofa 1,5-2 metr etib belgilangan holda (maxsus chiziqlar yordamida kataklarga ajratilgan holda) ado etilishiga ruxsat beriladi. Masjidlarga kirish va chiqish joylarida odamlar to‘planishi, savdo-sotiq bilan shug‘ullanish, hadya va sovg‘alar tarqatilishi man etiladi.
Masjidlar dezinfeksiyalovchi qurilmalar bilan ta’minlanadi. Namozxonlar ushbu qurilmadan o‘tganidan so‘ng harorati o‘lchanadi. Harorati 37 darajadan yuqori bo‘lgan va tibbiy niqob taqmagan shaxslar masjidga qo‘yilmaydi. Bu talablarning bajarilishini tibbiyot va SEOM xodimlari tomonidan nazorat qilinadi.
Yangiqo‘rg‘onda bo‘lib o‘tgan tadbir davomida ushbu talablar imom-xatiblarga ko‘rgazmali vositalar yordamida tushuntirildi. Milliy udumlarga muvofiq qo‘y so‘yilib, duo-fotiha qilinib, masjidlar faoliyati doimiy bo‘lishiga tilak qilindi.
Tadbirda viloyat hokimining o‘rinbosari Jamoliddin Aloydinov ishtirok etdi.

















Bugun, 15 noyabr kuni "Bag‘rikenglik haftaligi" doirasida "O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ruslanbek Davletov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktori akademik Akmal Saidov qatnashdi. Shuningdek, xorijiy mutaxassislar, diplomatik korpus vakillari, dinshunos-ekspertlar, islomshunoslar, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, diniy konfessiya yetakchilari va milliy madaniy markazlar vakillari, professor-o‘qituvchilar va talaba yoshlar ishtirok etdi.
So‘zga chiqqan notiqlar tomonidan turli madaniyat va din vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, ular o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini mustahkamlashda O‘zbekiston tajribasi yuksak e’tirof etildi. Ko‘p millatli xalqimiz qadimdan bag‘rikenglik va mehmondo‘stlik fazilatlari bilan tanilgani, qaysi jamiyatda ahil-inoqlik mustahkam qaror topgan bo‘lsa, o‘sha jamiyatda o‘zaro hurmat va do‘stona munosabatlar rivojlanishi, insonlar tinch va osoyishta hayot kechirishini alohida ta’kidladilar.
Ochilish marosimidan so‘ng konferensiya o‘z ishini uchta sho‘bada davom ettirdi. Har bir sho‘bada diniy bag‘rikenglik, ijtimoiy barqarorlik, ta’lim va ma’naviy-ma’rifiy jarayonlarga oid dolzarb mavzular atroflicha muhokama qilinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati