Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2025   |   11 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:11
Peshin
12:24
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2025, 11 Zulqa`da, 1446

Xushxabar: O‘zbekistonda yangi masjid ochildi! Yangi masjid yashil hududda!

06.06.2020   7658   4 min.
Xushxabar: O‘zbekistonda yangi masjid ochildi! Yangi masjid yashil hududda!

O‘zbekistondagi masjidlar soni yana bittaga ko‘paydi. Surxondaryo viloyatining olis Muzrabot tumanida “Do‘stmuhammad bobo” jome masjidi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, o‘z faoliyatini boshladi.

Shu kunlarda xalqimizning dilini biroz xira qilgan virus sabab ko‘pchilik qatorida muzrabotliklar ham taskinga, xushxabarga mushtoq edilar. Alloh taoloning inoyati ila 8 iyundan diniy tashkilotlar faoliyatiga qayta ruxsat berilishi arafasida, joriy yilning 5 iyun kuni, Muzrabot tumanida yangi masjidga davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqida adliya boshqarmasidan guvohnoma taqdim etildi.

180 mingga yaqin aholiga ega Muzrabot tumanida shu kunga qadar 1 ta masjid faoliyat yuritar edi. U ham bo‘lsa tuman markazidan salkam 20 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, aholining ko‘p qismi jamoat namozlarini ado etish uchun uzoq masofada joylashgan masjidga qatnar edi. Bu, albatta ko‘pchilikka qiyinchilik tug‘dirar, ayniqsa keksalar uchun mushkul holat bo‘lib, “tumanimiz markazida ham bir masjid bo‘lsa edi”, deya ezgu niyat bilan yashardi.

Nihoyat bu borada qilingan sa’y-harakatlar, urinishlar natija berdi. Aholining murojaatlari inobatga olinib, mahalliy hokimlik tomonidan masjid qurilishi uchun “Yangi hayot” mahallasi hududidan yer ajratildi.

O‘tgan ikki yarim yildan ziyod vaqt davomida, xalq hashari yo‘li bilan bu joyda zamon talablariga javob beradigan, namozxonlar uchun qulay sharoitlarga ega, 1500 kishilik sig‘imli jome masjid bunyod etildi. Masjidga mamlakatimizdagi ko‘plab qorilarning, xususan, Surxondaryo va Qashqadaryo vohasidagi minglab tolibi ilmlarning tabarruk ustozi bo‘lgan vohalik olim, marhum Do‘stmuhammad ohun domlaning nomi qo‘yildi.

Mazkur masjid, tom ma’noda ma’rifat maskanidek qad rostlagan. Xonaqoh sharq uslubidagi zamonaviy ko‘rinishda bunyod etilgan bo‘lib, serjilo, issiq voha taftini namoyon etadi. Masjid gumbazining ichki tomonida Qur’oni karimning ibodatga da’vat etuvchi oyatlari bitilgan.

Mehrob esa olovrang siyohlar bilan kufiy va suls hatlarida Alloh taologa hamd va Payg‘ambar alayhissalomga salovat, shuningdek, oyati karimalar bilan bezatilgan.

Xonaqoh yonida zamonaviy shaklda tahoratxona bunyod etilgan.

Masjid hovlisiga tutash qilib, bog‘ va gulzor hamda avtoturargoh bunyod etilgan.

Xullas, mazkur masjid mamlakatmizning eng olis tumanlaridan biri sanalmish Muzrabot ahli uchun cheksiz quvonch va baxtga sabab bo‘luvchi maskan bo‘ldi.

Markaz aholisining sevinchi cheksiz. Tillari-yu dillari shukronada, duoda. Ko‘p yillik armonlar bugun barham topdi. Endi ularning ham o‘z masjidlari bor. Tuman markazida ham azon baralla yangraydi. Bu azon hudud aholisi uchun najot chaqirig‘i, ma’rifat, tarbiya, ilohiy rahmatning da’vati bo‘ladi, insha Alloh. Zero masjidlardan Alloh taoloning rahmat nurlari taralib turadi. Ibodat, ma’rifat, birodarlik maskani bo‘lib, musulmonlar e’tiqodini mustahkamlashga, axloqining go‘zallashishiga, yomonliklardan uzoqda bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Shu bilan O‘zbekistondagi masjidlar soni 2068 taga, Surxondaryo viloyatida esa 113 taga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyun, dushanba kunidan boshlab, “yashil” hududlarda masjidlar o‘z faoliyatini karantin talablariga amal qilgan holda boshlaydi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi taqdim etgan ro‘yxatga ko‘ra, Muzrabot tumani ham “YASHIL” hudud toifasiga kiradi.

Demak, 8 iyundan boshlab “Do‘stmuhammad bobo” masjidida ham sanitar talablar asosida ilk namozlar ado etiladi.

Alloh taolodan yangi bunyod etilgan O‘zining baytini musulmonlar uchun xayrli, to qiyomatgacha azon ovozlari yangrab turuvchi maskan bo‘lmog‘ini tilab qolamiz!

Muzrabotliklarni esa baytulloh bilan muborakbot etamiz!

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O‘MI matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

"Huquqiy savodxonlik oyligi" doirasidagi tadbirlar

08.05.2025   2763   1 min.

Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida navbatdagi ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov tomonidan muassasa o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalariga "Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’milash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi"ning mazmun-mohiyatini ifoda etuvchi maxsus kurs mashg‘uloti o‘tib berildi.

Tadbir davomida Konsepsiyada mustahkamlangan vijdon erkinligi tamoyillari, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslari va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari keng yoritildi. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Manba: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati