Misrlik yosh shifokor Ahmad qori Atiya Rabi' Qur'oni karimni arab, rus va ingliz tillarida to'liq yod olishga muvaffaq bo'ldi.
“IQNA” saytining “al-Vatan” nashriga tayanib ma'lum qilishicha, misrlik yosh qori Ahmad Atiya Rabi' “al-Azhar” universiteti o'rta maktabida o'qiganidan so'ng Qur'oni karimni to'liq yod olishga muvaffaq bo'lgan, biroq universitetning tibbiyot yo'nalishidagi tahsillari uning Qur'oni karimni yodlashiga to'sqinlik qilmagan.
Misrda o'rta ta'limni tamomlagandan so'ng Fayum viloyatidan bo'lgan yosh qori Qozondagi Rossiya Federal tibbiyot kollejiga o'qishga kirib, shu erda rus tilini o'rgandi. Qozon shahri aholisi uni iliq kutib olib, Islom va Qur'on haqida ko'plab savollar bilan murojaat qilishdi.
Uning so'zlariga ko'ra, Qur'oni karimning rus tilidagi tarjimasini yod olgani uning rus tilini yaxshi o'zlashtirishiga yordam bergan va bu uning bu mamlakat aholisi bilan muloqotini osonlashtirgan. Boshqa tomondan Qur'oni karimning ruscha tarjimasini yodlash orqali u Qur'on va Islom haqidagi savollarga yaxshiroq javob bera oladi.
Ahmad Rabi' ham Qur'onning ingliz tilidagi tarjimasini to'liq yodlashga muvaffaq bo'ldi. U ingliz tilining butun dunyoda keng qo'llanilishini Qur'oni karimning ushbu tilga tarjimasini yodlash borasidagi sa'y-harakatlariga sabab qilib ko'rsatadi.
Shuningdek, u Qur'onning nemischa tarjimasini o'rganish niyati ham borligi haqida so'zladi. Ahmadning so'zlariga ko'ra, uning ushbu tillarni yaxshi bilishi, bu tillarda turli millat vakillari bilan yaxshi muloqot qilishi, ularga Islom va Qur'on haqida yaxshiroq ma'lumot berish va ularning savollariga javob bera olish imkonini bergan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi xodimi
Ilyosxon AHMYeDOV tayyorladi.
Bir taksichi yurtidagi bir boy odamni manziliga yetkazdi. Boy odam tabloda ko‘rsatilgan mablag‘ni to‘ladi. U taksidan tushayotganida taksichi unga: “Bilasizmi, kecha o‘g‘lingizni bir manzilga olib borib qo‘ygandim. U menga tabloda ko‘rsatilganidan ancha ko‘proq pul berdi. Nega siz undan ham boy bo‘laturib bunday qilmadingiz?”
Boy odam taksichiga kulimsirab qaradi: “Siz nimani kutgan edingiz? O‘g‘lim otasi boy bo‘lgani uchun shunday qilgandir, men esa yetim o‘sganman”, deb tushib ketdi.
Ha, kimki o‘z mehnati bilan daromad topsa, uni qadrlaydi. Kimgaki katta mablag‘ qiyinchiliksiz kelsa, uni keraksiz o‘rinlarga ham sarflaydi. Shunday ekan, bolalarimizga mehnat bilan erishishni o‘rgatsak, ular to‘g‘ri tasarrufni o‘zlari o‘rganib oladi.
Akbarshoh Rasulov