Prezidentimiz Ramazon bayrami arafasida jazo o‘tayotgan, qilmishiga pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 258 nafar fuqaroni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Afv etilgan shaxslarning 16 nafari asosiy jazodan ozod etiladi, 101 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 24 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi yengilroq jazo bilan almashtiriladi. Shuningdek, 117 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 7 nafari 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafari ayol, 7 nafari chet davlat fuqarolari, 164 nafari taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilaridir.
Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official
“Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz” tashabbusi doirasida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirning navbatdagisi So‘x tumanida o‘tkazildi. Tadbirga Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Alisher domla Naimov boshchilik qildi.
“Inoyatulloh” masjidida o‘tkazilgan tashkiliy yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular o‘rtasida vazifalar taqsimlandi. Alisher domla amaliy ishlar yo‘nalishlari, guruh a’zolarining hamkorligi va mahallalarda olib boriladigan ma’naviy ishlar samaradorligini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Ishchi guruh faoliyati uch yo‘nalishda tashkil etildi. Jumladan, hojilar ishtirokida fuqarolar bilan suhbatlar o‘tkazildi, mahallaning muammoli xonadonlari aniqlandi va ularda targ‘ibot hamda amaliy yordam ishlari amalga oshirildi.
Tadbir davomida imom-xatiblar tomonidan ijtimoiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj fuqarolar bilan ma’rifiy suhbatlar o‘tkazildi, arazlashgan oilalarni yarashtirish maqsadida olib borilgan suhbatlar natijasida ikki xonadonda ajrimning oldini olishga erishildi.
Shuningdek, ehtiyojmand, nogiron va keksa fuqarolar istiqomat qilayotgan xonadonlarga borilib, ularga moddiy yordam ko‘rsatildi.
Tadbir yakunida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, So‘x tumanida faoliyat yuritayotgan imom-xatiblarga mazkur tadbir doirasidagi ishlarni jadallashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati