Sayt test holatida ishlamoqda!
04 May, 2025   |   6 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:46
Quyosh
05:17
Peshin
12:25
Asr
17:18
Shom
19:27
Xufton
20:51
Bismillah
04 May, 2025, 6 Zulqa`da, 1446

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 2020 yil Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi BAYONOTI

22.05.2020   9047   7 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining  2020 yil Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risidagi  BAYONOTI

 

Aziz yurtdoshlar, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi nomidan Siz azizlarni mehr-oqibat, ezgulik va saxovat ayyomi bo‘lgan Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etamiz.

Har yili butun dunyo mo‘min-musulmonlari qatori yurtdoshlarimiz Iydul fitrni ko‘tarinki kayfiyat, o‘zgacha shukuh, alohida tayyorgarlik va katta xursandchilik ila nishonlaydilar.

Ramazon oyi davomida ado etilgan ibodatlar, ezgu amallar va mehr-saxovat ishlari evaziga mo‘min-musulmonlar juda katta ajr-savoblarga erishadilar, insha Alloh.

Ramazon oyida Alloh taolo farz qilgan ro‘za tutilib, diyorimiz bo‘ylab xatmi Qur’onlar qilindi. Yordamga muhtoj kishilar va kam ta’minlangan oilalarga xayru saxovatlar qilindi.

Barchaga ma’lumki, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi keng tarqaldi. Hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yurtimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Yurtimizda bu kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida karantin va bir qator cheklovlar joriy etildi.

Qat’iy karantin choralarini qo‘llash bilan mamlakatda kasallikning qayd etilgan holatlariga nisbatan ham, kunlik yangi holatlar ham past darajada saqlanib turibdi. Yurtimiz ushbu ofatdan ortiqcha talafotlarsiz chiqishga erishmoqda va vaziyat barqarorlashgani sari karantin choralari sekin-asta yumshatilmoqda. Lekin, butun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda juma namozi o‘rniga uyda peshin namozini, besh vaqt namoz va Ramazon oyidagi tarovih namozini uyda o‘qish haqidagi tavsiyalar ayni Ramazon hayiti namoziga ham tegishlidir.

Ramazon hayiti kunlari epidemik holat mavjudligi va odamlarning hayotiga xavf saqlanib qolishi sababli juma va boshqa namozlar kabi Iyd namozini ham jamoat bo‘lib o‘qishning iloji bo‘lmaydi.

Bunday vaziyatda quyidagi oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilishga buyuriladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday xitob qiladi:

وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ

ya’ni: “O‘zingizni halokatga duchor qilmang” (Baqara surasi, 195-oyat).

Abu Sa’id Xuduriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda  Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

لا ضرر ولا ضرار

ya’ni: “Zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q” deganlar.

Mo‘tabar fiqhiy kitoblarimizda:

درء المفاسد مقدم على جلب المصالح

ya’ni: “Zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo‘yiladi”, degan qoida bor.

Yuqoridagi bayon etilganlardan kelib chiqib, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozi ado etish soqit bo‘ladi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Ramazon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir sunnatlarini hayotga joriy etish maqsadga muvofiqdir. Abu Sa’id raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

لَا يُصَلِّي قَبْلَ اَلْعِيدِ شَيْئًا, فَإِذَا رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ

ya’ni: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Iyd namozidan avval nafl namoz o‘qimasdilar. Qachon uylariga qaytsalar ikki rakat namoz o‘qirdilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbalaridan biri bo‘lmish “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi:

اعْلَمْ أَنَّ صَلَاةَ الْعِيدِ قَائِمَةٌ مَقَامَ الضُّحَى فَإِذَا فَاتَتْ بِعُذْرٍ يُسْتَحَبُّ

أَنْ يُصَلِّيَ رَكْعَتَيْنِ أَوْ أَرْبَعًا وَهُوَ أَفْضَلُ

ya’ni: “Ma’lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.

Bayon etilgan shar’iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharotida Ramazon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyalarni taqdim etadi:

  1. O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fatvosi asosida masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari to‘xtatilganini inobatga olgan holda Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini o‘qish ham mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘ladi. Yurtdoshlarimizga hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishlari tavsiya etiladi.
  2. Ulamolar va imom-xatiblar tomonidan bugungi vaqtinchalik qiyinchiliklarga qaramasdan, Ramazon hayiti har doimgidek xonadonlarimizga, dillarimizga quvonch, yurtimizga fayzu baraka kirishi, bir-birimizga bo‘lgan mehr-oqibatimizni yanada ziyoda bo‘lishiga sabab ekani to‘g‘risida, ommaviy axborot vositalari, tele, radiokanallar, bosma va elektron nashrlarda keng ko‘lamli targ‘ibot ishlari amalga oshirilsin.
  3. Hayit arafasida va bayram kunlari yoshi ulug‘ keksalarimiz va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlarimiz bilan bog‘liq an’analarimizni karantin talablaridan kelib chiqqan holda amalga oshirish tavsiya etilsin.
  4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkeng shahri va viloyatlarning markazlarida “Ramazon hayiti – xayru saxovat ayyomi”, “Ramazon hayiti – xursandchilik mavsumi”, “Iydul fitr – katta shodiyona” mazmunidagi yozuvlar peshlavhalari joylashtirilsin.
  5. 2020 yil 24 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Ramazon hayiti tabrigi yurtimiz ahliga yetkazilsin. Ushbu tabrikdan so‘ng eng tabarruk ulamolar tomonidan Ramazon hayiti fazilatlari to‘g‘risida televideniya orqali intervyular tizimli ravishda davom ettirilsin.
  6. Ramazon hayiti arafasida aholining yordamga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida, homiylarni jalb etgan holda “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng qamrovli amalga oshirilsin.
  7. Ramazon hayiti arafasida barcha telekanallar orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan ko‘rsatuvlar Media-rejasi asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari hamda xalqimiz orasida obro‘li diniy ulamolarimiz tomonidan tashkil qilinsin va keng yoritilsin.
  8. Qoraqalpog‘iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali, “Ramazon hayiti muborak bo‘lsin!” mavzusidagi ma’ruzalarni Ramazon hayiti kuni onlayn tarzda berib borish tashkil etilsin.

Aziz yurtdoshlar, Allohning rahmati va barakoti yog‘ilib turgan ushbu damda, qalbimiz yumshab, ixlosimiz ortib turgan lahzalarda duo qilaylik. Xalqimizni, jonajon Vatanimizni ofatu kulfatlardan, baloyu qazolardan O‘zi saqlab, hayotimizni bundan-da farovon qilsin.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Ulamolar Kengashi,

2020 yil 21 may, Toshkent shahri

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Olam o‘lyapti!

03.05.2025   10203   3 min.
Olam o‘lyapti!

Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.


"موت العالم موت العالم"


— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi: 


"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."


"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."

Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat  ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...

Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.

Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.

Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.

Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.

Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.

Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
 

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li