Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Yanvar, 2025   |   9 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:31
Shom
17:15
Xufton
18:34
Bismillah
09 Yanvar, 2025, 9 Rajab, 1446

Rasululloh maqtagan ikki soha yoxud jannatni olisdan izlamang!

21.05.2020   2706   11 min.
Rasululloh maqtagan ikki soha yoxud jannatni olisdan izlamang!

Baxtli, saodatli yashash, chinakam ma’mur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, ma’murchilik va farovonlikni o‘lchaydigan mezonlar ko‘p, omillar bisyor. Lekin shunday ne’matlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz bo‘lib qoladi.

Xo‘sh, bu ne’matlar qaysilari?

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki o‘z uyida tinchlikda, tani sog‘lom, bir kunga yetadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo ne’matlari to‘lig‘icha berilgandek bo‘libdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj bo‘ladiganimiz uch ne’mat: sog‘liq, tinchlik va qut-barakaga urg‘u berildi?

Chunki bu ne’matlar bo‘lmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik. Birgina ko‘zga ko‘rinmas o‘lat barchaning halovatini o‘g‘irladi, hammaning tinchini buzdi. Shunday emasmi?

I

Bir kuni payg‘ambarlarning otasi, bobomiz Ibrohim alayhissalom so‘radilar:

– Yo Parvardigori olam! Dard kimdan?

Alloh taolo:

 Mendan, – dedi.

Ibrohim alayhissalom yana so‘radilar:

– Davo kimdan?

Alloh taolo yana:

 Mendan, – dedi.

Shunda Ibrohim alayhissalom:

– Unda tabibga ne hojat? – dedilar.

Alloh taolo:

– Tabib – qo‘liga davo yuborilgan kishidir, – deb marhamat qildi.

Janobi Payg‘ambarimizning aytgan muborak so‘zlaridan oladigan xulosamiz – qaysi bir dard-kasallikni Alloh taolo yuborgan bo‘lsa, demak, uning shifosini ham yuborgan. Shifosi esa – tabib, shifokorlarning qo‘llarida.

Yaqin-yaqingacha ayrim nodonlar yurtimiz shifokorlariga qo‘l ko‘tarishganini oynai jahon orqali ko‘rib, ranjidik. Vaholonki, bugun koronavirusga chalingan yurtdoshlarimizdan (20 may holatiga ko‘ra) 2372 nafarining sog‘ayishida shifokorlarimizning xizmati beqiyos katta ekaniga barchamiz guvoh bo‘lib turibmiz. Ikki hafta mobaynida oilasi bag‘ridan ajralib, xalq xizmatiga kamarbasta bo‘lgan shifokorlarimizni avvalgi maqolalarimizda zamonamiz qahramonlariga mengzagan edik.

Sharqu g‘arb olimlari tan olgan, XXI asrning nanotexnologiya zamonasida ham asarlarini butun dunyo xalqlari boshga ko‘tarayotgan, jahonning oliy tibbiyot muassasalarida kitoblari hanuzgacha o‘qitib kelayotgan, Yer yuzining eng nufuzli tibbiyot akademiyalarida ilmiy ishlari o‘rganilib kelayotgan, yorug‘ olamdagi butun bir ulkan va jiddiy soha shu insonning ismlari bilan nomlangan Abu Ali ibn Sino aytadilar:

Tuzatib bo‘lmaydigan dard yo‘q,

Irodasizlik bor.

Shifobaxsh bo‘lmagan o‘simlik yo‘q,

Ilmsizlik bor.

Xudoi taolo barcha maxluqotu mavjudotlarini juft-juft qilib yaratgan. Illo, O‘zigina yakkayu yagona, yolg‘iz xolos! Hamma narsa juft-juft: quyosh-oy, yoz-qish, erkak-ayol, oq-qora, yer-osmon, jannat-do‘zax, o‘lim-hayot, savob-gunoh, kecha-kunduz va hokazo.

Demak, dardning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – davo! Har bir kasallikning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – shifo!

Modomiki, Alloh taolo har bir dardga – davo, har bir kasallikka – shifo yuboribdimi, endi sizu biz bandalarining ishi – shu davo va shifolarni izlab topish!

Imom Buxoriy va Imom Muslim asarlarida Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Alloh qanday kasallik tushirgan bo‘lsa, albatta, uning shifosini ham tushirgan“.

Ziyod ibn Alaqa raziyallohu anhu Usoma ibn Sherik raziyalloxu anhudan bunday rivoyatni keltiradi: “Men Rasulullohning huzurlarida edim. Bir a’robiy kelib:

– Yo, Rasululloh! Davolansak bo‘ladimi? – deb so‘radi.

Rasululloh alayhissalom:

– Ha, ey, Allohning bandalari! Davolaninglar! Chunki Alloh taolo qanday dardni yaratgan bo‘lsa, albatta, uning shifosini ham yaratgan. Lekin bitta dardning davosi yo‘q, – dedilar.

Sahobiylar:

– U qaysi dard? – deb so‘rashdi.

Rasululloh alayhis salom:

– Qarilik, – deb javob berdilar.

Yana bir hadisi shariflarida Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Har bir dardning davosi bor. Agar davo dardga yetib borsa, Alloh azza va jallaning izni bilan tuzaladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ummatni sog‘lom jamiyat barpo etishga buyurganlar. Shu bilan birga, turli xastaliklardan saqlanishni so‘rab, Alloh taologa iltijo qilganlar. Mo‘min-musulmon kishi zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlaridan foydalanib, Shofiy (shifo beruvchi) – Alloh taolodan turli kasalliklardan panoh so‘rashi zarur.

II

Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uyg‘onishning o‘zi bir ne’mat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, o‘qishga otlanayotganda, oila ulug‘larining duosini olib ko‘chaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.

Tinchlik-omonlikda yashash – bu jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega bo‘lish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.

Aslida, “Islom” so‘zi arab tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va bo‘ysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat bo‘lish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan ma’nolarni bildiradi. Bu dinni Payg‘ambarning o‘zlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning O‘zi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb e’tiqod qilib, unga bo‘ysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

Musulmon” degan so‘zning asli, negizi, o‘zagi “islom” so‘zi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy holati, turarjoyidan qat’iy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, o‘zini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan so‘ziga to‘g‘ri kelmas ekan! Xudoni O‘zi hammamizni asrasin!

Qo‘shning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qo‘shnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini ko‘ra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!

Dono xalqimiz “Birni ko‘rib – fikr qil, birni ko‘rib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pultining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qo‘ysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon bo‘layotganiga guvohmiz...

Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab o‘zimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida e’tirof etadi va yuksak qadrlaydi.

Xulosa

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor bo‘lishimiz – ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!

Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng go‘zal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan o‘tayotib nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: “Dunyodagi eng go‘zal narsa nima?” – deb so‘raydi. Otaxon hech ikkilanmay: “IMON!” – deb javob beradi.

So‘ngra bir guzar oldidan o‘tayotib, karnay-sunay sadolarini eshitadi va to‘planib turgan olomon oldiga borib kelindan: “Sizningcha, dunyodagi eng go‘zal narsa nima?” – deb so‘raydi.

Kelin kuyovning ko‘zlariga boqib: “Dunyodagi eng go‘zal narsa – SЕVGI!” – deydi.

Rassom yo‘lida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma tog‘lar, yastanib yotgan qir-adirlardan o‘tib, sahroda bir to‘da askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.

Askar: “Dunyodagi eng go‘zal narsa bu – TINCHLIK!” – deya javob beradi.

Rassom dunyodagi eng go‘zal narsalar – imon, sevgi va tinchlik bo‘lsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya o‘ylay-o‘ylay uyiga qaytib keladi.

Uyiga kirishi bilan dunyoning eng go‘zal manzarasi qarshisida ekanini anglab yetadi: bolalarining ma’sum nigohlarida imon, ayolining ko‘zlarida sevgi, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sog‘-salomat edi.

Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng go‘zal narsani chizishga kirishadi va uni “Mening uyim”, deb nomlaydi.

Biz buni yanada kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim bo‘lgan IMON va SЕVGIdan tashqari, dunyodagi eng go‘zal narsa bu – TINCHLIK va SOG‘LIQ ekanini e’tirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik ne’matlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng go‘zal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror bo‘lgan VATAN – O‘ZBЕKISTONIMIZDIR!

Ustozlarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa ta’lim, o‘rgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot bo‘lishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Payg‘ambarimiz alayhis salomning: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” degan muborak so‘zlariga qarshi bo‘lib qolmaylik!

Ibrohimjon INOMOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Qalbning zangini ketkazuvchi amal

8.01.2025   4810   3 min.
Qalbning zangini ketkazuvchi amal

Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.

Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.

Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.

Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.

Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.

Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.

Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.

Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.

Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.