Bugungi kunda ko‘pchiligimiz ro‘za tutish deganda yeyish, ichish va jinsiy ehtiyojdan saqlanish ma’nosinigina tushunib qolganmiz. Ro‘za tutishdagi bor e’tiborimiz ham ana shu uch narsaga qaratilgan. To‘g‘ri, a’zolar ham ro‘za tutishi, gunohlardan ro‘za tutish va boshqa ro‘zalardan ham xabarimiz bor, ammo ulardan saqlanishga bo‘lgan e’tiborimiz hukmiy ro‘zaning shartlariga nisbatan anchagina kamroq bo‘lib qolgan. Aslida, biz ro‘zaning badaniy shartlari bilan birgalikda ruhiy holatimizni isloh etadigan jihatlarini ham o‘rganib, barchasiga birday e’tibor qaratishimiz lozim. Buning uchun biz hadisi shariflarni diqqat bilan mutolaa qilishimiz maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ma’lumki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir so‘zlarini yuksak mahorat va ko‘p ma’nolarni ifoda etadigan shaklda bayon etar edilar. U zotning ro‘za haqidagi hadislarini mutolaa qilar ekanmiz quyidagi hadis e’tiborimizni tortdi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ: أنّ النبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قال: «مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ الزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ فِي أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ» رواه الترمذي.
Abu Hurayra (r.a)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim yolg‘on so‘z va unga amal qilishni tark qilmas ekan Alloh uning taomi va sharobini tark etishiga muhtoj emas», dedilar. Termiziy rivoyati.
Hadisi sharifda kelgan “zur” so‘zini biz “yolg‘on” deya tarjima qildik. Aslida o‘zbek tilida bu so‘zning to‘g‘ridan to‘g‘ri ma’nosini bir so‘z bilan ifodalash mushkul. Ushbu so‘z barcha yomon – g‘iybat, chaqimchilik, yolg‘on guvohlik berish, umuman olganda, barcha gunoh bo‘ladigan so‘zlarni o‘z ichiga oladi.
Hadisi sharifning lafzlariga e’tibor qaratsak biz uchun kerakli ma’nolarni uqib olishimiz mumkin bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turli xil harom etilgan so‘zlardan tiyilmagan insonning amalini “ro‘za tutish” emas, “taomi va sharobini tark etishi” deb atadilar. Bundan tushunishimiz mumkinki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu toifadagi amalni hatto ro‘za qatoriga ham qo‘shmadilar. Bu esa turli xil yomon so‘zlarni tark etish shart ekanligi, aks holda tutilgan ro‘zaning savobiga juda katta salbiy ta’sir etishini bildiradi. Ammo ushbu hadis yolg‘on gapirgan inson ro‘zasini buzishi kerak degan ma’noni anglatmaydi. Hofiz Ibn Hajar ushbu hadis sharhida Ibn Battol (r.h)dan quyidagi ma’noda berilgan sharhni keltirib o‘tganlar: “Ushbu hadis ro‘zani tark etishga buyurish ma’nosida emas, aksincha, yolg‘on va shu kabi so‘zlarning oqibatidan ogohlantirishdir. Hadisdan iroda etilgan ma’no yolg‘on so‘zlar aralashgan ro‘zaning qabul bo‘lmasligi va ana shunday narsalardan salomat bo‘lgan ro‘za esa qabul bo‘lishidir”.
Demak, barcha gunohlar biz tutayotgan ro‘zaga o‘z ta’sirini o‘tkazadi, ular sabab kun issig‘ida, qiynalib qilgan amallarimizning savobi kamayadi, hatto gunohlar ko‘payib ketsa butunlay savobsiz qolish ehtimoli ham yo‘q emas. Shunday ekan, aziz birodarim, ro‘za bilan birgalikda o‘z nafsimizni tarbiya qilaylik, agar o‘zimizda shunday yomon odatni sezsak, darhol tavba qilib uni yo‘qotishga qattiq harakat qilaylik. Zero, gunohdan haqiqiy tavba qilgan inson xuddi gunoh qilmagan kishidek bo‘lib qoladi.
Iysoxon Yahyo tayyorladi
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi