Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Fevral, 2026   |   7 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:47
Quyosh
07:06
Peshin
12:41
Asr
16:24
Shom
18:11
Xufton
19:23
Bismillah
24 Fevral, 2026, 7 Ramazon, 1447

ROSULULLOH (sallallohu alayhi vasallam) BUXOROGA KЕLDILAR!

17.05.2020   6071   11 min.
ROSULULLOH (sallallohu alayhi vasallam) BUXOROGA KЕLDILAR!

Naql qilinishicha, Buxoro muhaddisi va hofizi, Imom Buxoriyning ustozi Muhammad ibn Salom Poykandiy tushlarida Rosululloh sallallohu alayhi vasallamni Buxoroga hadislarda sifatlangan mashhur tuyalarini minib, boshlariga oq kuloh (do‘ppi) kiygan  holda kelganlarini ko‘rdi. Odamlar bu muborak tashrifdan bag‘oyat xursand edilar. Rosululloh sallallohu alayhi vasallam Abu Hafs Kabirning uylariga kelib tushdilar. So‘ng Abu Hafs Kabir Rosul alayhissalomga kitob o‘qib berdi, Ul zot esa Abu Hafs Kabirning mutolaasiga quloq solar va maqullar edilar[1].

Musulmon olami balki butun dunyo Movarounnahrdan yetishib chiqqan faqih-allomalarimizni katta hurmat-e’tibor bilan tilga olishlari hammaga ma’lum. Ammo o‘lkaga eng birinchi fiqh ilmini olib kelib, uni keng yoygan va bu joyda butun olamga mashhur Movarounnahr fiqh maktabiga asos solgan faqih bobokalonimizning hayotlari ko‘pchiligimizga hali noma’lum va qiziqarli ekaniga shubha yo‘q.

Islom huquqi – fiqh shakllanganidan so‘ng bu o‘lkada Muhammad ibn Hasan Shayboniyning mashhur shogirdi Abu Hafs Kabir al-Buxoriy orqali ilk bor, tom ma’noda keng tarqala boshlagan. Imom Shofi’iy Abu Hanifa haqlarida «Odamlar fiqhda u zotning boqimandalaridir (shogirdlaridir)» degan bo‘lsalar, Movorounnahr faqihlari ham Abu Hafs Kabirning boqimandalari, shogirdlari hisoblanadi. Chunki, Movorounnahrga fiqh ilmini olib kelgan va Buxoroda ilk madrasani qurdirgan ham Abu Hafs Kabir hisoblanadilar.

Butun islom olamiga Abu Hafs Kabir nomi bilan tanilgan buyuk faqih, muhaddis, Imom Buxoriyning  zamondoshi va ustozi[2] bo‘lgan yurtdoshimizning to‘liq ismlari Abu Hafs Ahmad ibn Hafs ibn Zibriqon ibn Abdulloh Ijliy Buxoriy bo‘lib, 150/768 yili Ko‘hna Buxoroning “Faxsodara” maxallasida tug‘ilgan. Allomaga Kabir (Katta) nomi berilishi haqida Abdulhay Laknaviy: «Abu Hafs Buxoriyni Kabir deb atashlari o‘g‘illari Abu Hafs Sag‘ir (Kichik Abu Hafs) bilan farqlash uchun bo‘lgan», deydilar.[3] Chunki farzandlari Abu Hafs Sag‘ir ham otasidek islom olamida mashhur faqih bo‘lgan. Bu haqda Imom Zahabiy «Siyaru a’lamin nubala»asarida: «Ahmad ibn Hafs (ya’ni Abu Hafs Kabir) buyuk faqih, Movorounnahr va butun mashriq ustozi hamda Buxoroning shayxul-islomi bo‘lgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs (ya’ni Abu Hafs Sag‘ir)ning otasidir», deydilar.

Abu Hafs Kabir boshlang‘ich ta’limni Buxoroda olgandan so‘ng, Bag‘dodga borib, Imom A’zam (rahmatullohi alayh)ning shogirdi Imom Muhammad (rahmatullohi alayh)dan ta’lim oldilar. Bu haqda Imom Zahabiy: «Abu Hafs Kabir Imom Muhammaddan fiqhni o‘rgandi hamda Vaki’ ibn Jarroh, Abu Usoma, Hushaym ibn Bashir, Jarir ibn Abdulhamid kabi muhaddislardan hadis eshitdi. Bilinglarki, Abu Hafsdan kelgan rivoyatlar ishonchli hisoblanadi», deydilar.[4] Muhammad Zohid Kavsariy ham:«Abu Hafs Kabir va Abu Sulaymon Juzjoniy Imom Muhammad kitoblarining rivoyatida asos hisoblanadilar», deydilar[5]. Bundan ko‘rinadiki, Imom Muhammadning asarlari keyingi avlodga asosan ushbu ikki shogird orqali yetgan va ular Imom Muhammadning eng yaqin shogirdlaridir.

Shuningdek, Abu Hafs Kabir Imom Muhammadning asosiy ilmiy merosi va hanafiy mazhabining asosi hisoblangan «Zohirur-rivoya» kitoblarining roviysi hamdir. Faqatgina oltinchi kitob – «Kitab as-siyar al-kabir» Abu Hafs Kabir ona yurtlariga qaytgandan so‘ng yozilgani uchun uni rivoyat qilish nasib etmadi.[6] Abu Hafs Kabir rivoyatlari bilan bizgacha yetib kelgan Imom Muhammadning asarlari nafaqat Islom olamida balki butun dunyo huquqshunosligining asos manbasi hisoblanadi. Ushbu olti kitobni o‘rganib chiqqan g‘arb sharqshunoslari Imom Muhammadni «Islom Grotsiysi[7]» deb atashgan edi. Lekin Imom Muhammad Grotsiydan sakkiz yarim asr muqaddam xalqaro huquqning barcha sohalaridagi me’yorlarni o‘z asarlarida ilk bor mufassal yoritib bergan edilar.

Abu Hafs Kabir Iroq ahli fiqhi va boshqa ko‘pgina ilmlarni puxta egallagandan so‘ng, ona shahri Buxoroga ilm va taqvo bilan boyigan xazina misol bo‘lib qaytdilar. Xalq u kishini katta xursandchilik bilan kutib oldi. Shundan so‘ng, eski manzillari yaqiniga bir necha masjid va madrasa qurdirib, talabalarga ta’lim berish hamda xalqdan tushgan savollarga fatvo berish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Abu Hafs Kabir, amir yoki oddiy fuqaro bo‘ladimi, qanday muammo bilan kelsa, hal qilib berishga harakat qilgan. Shu bois, odamlar olimni «Hojatbaror imom» deb hurmatlashgan.

Rivoyat qilinishicha, bir kuni Imomning ziyoratiga Buxoro amiri Muhammad ibn Tolut kelib, salobatlaridan tili aylanmay qoladi va ziyorat so‘ngigacha bir og‘iz gapirishga botina olmaydi. Qaytishda hamrohi bo‘lgan vaziriga: «Men Xalifa va juda ko‘p ulug‘lar huzuriga kirganman lekin, hech kimdan bunchalik haybatlanmagan edim» degan ekan.[8] Shuningdek, faqihning har kun Qur’oni karimning teng yarmini xatm qilishga odatlanganlari va bu umrlarining oxirigacha davomiy bo‘lgani manbalarda zikr qilinadi.[9]

Abu Hafs Kabir o‘zlari bergan fatvolarni jamlab «Fatovoyi Abu Hafs» kitobini yozganlar. Allomaning fatvolari Islom olamida keng tarqalgan bo‘lib, u kishi bergan fatvolar va asarlaridan olingan iqtiboslardan keyingi davr ulamolari o‘z asarlarida keng istefoda etishgan. Jumladan: «Bahrur-roiq sharhu kanzul-daqoiq», «Fatovoi Olamgiriya», «Fatovoi hindiya», «Taxrij min fatovoi Abu Xafs Kabir Buxoriy»,«Durru-l-muxtor», «Inoya sharhu-l-hidoya», «Mabsutu-s-Saraxsiy», «Badoi’u-s-sanoi’», kabi kitoblarda mavjud. Shuningdek, Abu Hafs Kabir «Kitab at-taxrij» va «Navodir» nomli asarlar muallifi hamdir.[10]

Muhammad ibn Ja’far Narshaxiyning «Buxoro  tarixi» kitobida quyidagicha hikoya qilinadi:«Abu Hafs Kabirning shuhrati Islom olamiga tarqaldi, hatto arab diyori olimlari biron-bir mushkul masalaning javobini bilmay qolishsa, Buxorodan ular tomon qatnaydigan karvonga o‘z vakillarini qo‘shib masalaning javobini bilib kelish uchun jo‘natishar edi. Bir kuni hojilar karvoni kelayotganida, karvondan bir kishi Abu Hafsning yoniga kelib, bir masalaning javobini so‘radi, Abu Hafs ajablanib: «Nima uchun Iroq olimlaridan so‘ramadingiz?» dedi. Haligi odam: «Ulardan so‘radik, lekin ular javob bera olmadi va menga Buxoroga borib, bu masalani Abu Hafsdan yoki uning farzandidan so‘ragin, ular senga bu masalaning javobini aytadi deyishdi», deb javob berdi.[11]

Abu Hafs Kabirning madrasasi hozirgi «Poyi Kalon» mavzeida bo‘lgan. Alloma uydan madrasaga borishda bozor orqali o‘tganida haybatlaridan bozorchilarning shovqin-suroni to‘xtab qolar edi.[12]

Abu Hafs Kabir tarbiyalagan shogirdlardan Abu Hafs Sag‘ir, Abu Ja’far Rizvon ibn Salim Badokoriy, Hotam ibn Nasr ibn Molik G‘ijdivoniy, Abul Hasan Muqotil ibn Said Baydariy, Muhammad ibn Hotam Subizg‘ukiy, Abu Zahhok Fazl ibn Hasson Sutikaniy, Abu Said Sulaymon ibn Dovud Sharg‘iy va uning o‘g‘li Abu Usmon Said ibn Sulaymon Sharg‘iy, Horis ibn Abul Vafo al-Buxoriy, Abu Solih Toyyib ibn Muqotil Hunomatiy, Abul Hasan ibn Tolib G‘ishatiy kabi allomalar yetishib chiqdi.[13] Jumladan, buyuk muhaddis – Imom Buxoriy ham faqihdan yoshliklarida ta’lim olgan.[14]

Abu Hafs Sag‘ir(faqihnig farzandi kichik Abu Hafs)ning to‘liq ismlari – Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Hafs ibn Zibriqon al-Buxoriydir. U kishi o‘z otalarida talim olib, katta faqih va Buxoro shayxi darajasiga yetishgan.

Abu Hafs Sag‘ir ham arab yurtlariga ilmiy safar qilganlar. Bu safar davomida Abul Valid at-Tayolisi, Humaydi, Yahyo ibn Ma’in kabi muhaddislardan hadis eshitgan. Safar davomida Imom Buxoriy bilan hamroh bo‘lgan.[15]U zotni «al-Ahva’ val-ixtilaf» («Havoyi gaplar va ixtiloflar»), «ar-Raddu ala-l-lafziyya» («Yuzaki qarovchilarga raddiyalar») nomli kitoblari mavjud. Shu o‘rinda yuqoridagi ikki kitob haqidagi Abdulhay Laknaviy quyidagi so‘zlarini keltiramiz: «Ushbu ikki kitobni ko‘pgina manbalarda, jumladan «Kashfuz-zunun» hamda «al-Funun» asarlarida Abu Hafs Kabirga nisbat berishgan, bu esa xatodir. Aslida bu kitoblarni Abu Hafs Sag‘ir yozgan», deb aytadilar.[16] Abu Hafs Sag‘ir 264/878 yili Ramazon oyida vafot etganlar.[17]

Abu Hafs Kabir 216 hij. (832 mil.) yili vafot etganlarida Buxorodagi Darvozayi Nav qarshisidagi tepalikka dafn qilindi. Shundan keyin odamlar bu darvozani Hazrati Imom darvozasi deb atay boshlashdi.

Abu Hafs Kabir dafn qilingan tepalikga yaqin joyda allomaning darsxonasi va atrofda ko‘plab masjidlar joylashgani hamda keyinroq Abu Hafs Kabirning qabri ustiga maqbara qurilganini Narshaxiy «Buxoro tarixi»da zikr qilib o‘tgan.

 

 

 

 

Toshkent islom instituti

 “Hadis va islom tarixi fanlari”

kafedrasi o‘qituvchisi Yusuf Abduraximov

 

 

[1]Husnut-taqoziy. – B. 72.

[2]Qarang: Muhammad Zohid al-Kavsariy. Bulug‘ul amaniy fi siyrati imam Muhammad ibn al-Hasan. Hims, (Suriya) “Al-Andalus” 388/1969.– B.9.

[3]Abdulhay Laknaviy. Al-Favoidul al-Bahiyya fi tarojimil hanafiya. –Misr, «Matba’a as-sa’ada” 1324/1906.

[4]Imom Zahabiy. Siyaru a’lamin nubala. – Misr:«Maktaba at-tavfiqiya” (yili ko‘rsatilmagan)J. 10. – B. 159.

[5]Husnut-taqoziy – B.72.

[6]Doktor Ali Ahmad an-Nadaviy. Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy nobig‘out fiqhil-islami. –Damashq, «Dorul qalam” 1314/1994. –B.54.

[7]Yevropaliklar tomonidan xalqaro huquq asoschisi sifatida qabul qilingan olim.

[8]Muhammad Zohid Kavsariy. Husnut-taqoziy fi siyrati Imam Abu Yusuf. Misr, “Maktabtul-azhariyya” (yili ko‘rsatilmagan) – B. 70.

[9]Husnut-taqoziy.– B.72.

[10]Tuzuvchilar guruhi. Islomshunoslik qomusiy lug‘ati. –T: Toshkent islom universiteti, 2014. –B.70.

[11]Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy. Buxoro tarixi. – T.:«Sharq bayozi”. – 1993.  –B.53, 54.

[12]Qarang: Husnut-taqoziy. – B. 71.

[13]Tuzuvchilar guruhi. Islomshunoslik qomusiy lug‘ati. –T.: Toshkent islom universiteti 2014. –B.70.

[14]Husnut-taqoziy. – B. 71.

[15]Qarang: Husnut-taqoziy. – B. 71.

[16]Favaidul bahiyya. – B.19.

[17]Favaidul bahiyya. – B.19.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘ZBЕKISTON ULAMOLARINING  O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTI SHAVKAT MIROMONOVICH MIRZIYOЕVGA MAKTUBI

23.02.2026   8614   4 min.
O‘ZBЕKISTON ULAMOLARINING  O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTI SHAVKAT MIROMONOVICH MIRZIYOЕVGA MAKTUBI

Muhtaram Prezident!
Siz Janobi Oliylarini va Siz orqali butun xalqimizni muqaddas Ramazon oyi kirib kelgani munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi a’zolari nomidan samimiy muborakbod etamiz.
Vatan ravnaqi, xalqimiz farovonligi va yurt obodligi yo‘lida tunu kun qilayotgan fidokorona mehnatlaringizga Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin, ulkan zafarlar ato etsin!

Bugun mamlakatimizda kechayotgan islohotlar jarayonida diniy-ma’rifiy sohaga, milliy qadriyatlarimizni tiklashga qaratilayotgan alohida e’tiboringiz yurtdoshlarimiz qalbida shukronalik tuyg‘usini mustahkamlamoqda. 
Tajriba va kuzatishlarimizdan ma’lumki, dunyoning kamdan-kam mamlakatlarida Ramazon oyini munosib o‘tkazish bo‘yicha Davlat Rahbari darajasida alohida qaror qabul qilinadi. 

Sizning tashabbusingiz bilan qabul qilinayotgan bunday hujjatlar mazkur oyni yuksak insoniy fazilatlar, saxovat va mehr-muruvvat ayyomiga aylantirmoqda.

«Inson qadri uchun!» tamoyili asosida olib borilayotgan ishlaringizning yaqqol tasdig‘i sifatida, joriy yilning 16 fevral kuni Ramazon oyida ehtiyojmand aholini ijtimoiy himoya qilish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishdagi tarixiy qarorlaringizni alohida e’tirof etamiz. 

Ramazon oyi arafasida «Vaqf» xayriya jamoat fondiga 750 milliard so‘m hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi orqali 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi – davlatchiligimiz tarixida misli ko‘rilmagan muruvvat namunasi bo‘ldi. 
Sizning ushbu tarixiy qaroringiz zamirida buyuk muhaddis bobomiz Imom Buxoriy rivoyat qilgan: «Amallar niyatlarga qarab e’tiborlidir», degan muborak hadisi sharifdagi xolis va sof niyatlarning ulug‘ hikmati mujassamdir. 

Xalq manfaati yo‘lidagi bu g‘amxo‘rlik tufayli minglab oilalarning mushkuli oson bo‘lib, millionlab dillar quvonchga to‘lishi, qancha nogironligi, kasalligi bor kishilarning davolanish va jarrohlik amaliyoti xarajati qoplab berilishi, shubhasiz, yurtimizga fayzu baraka olib keladi.

Siz Janobi Oliylari tashabbuskori bo‘layotgan bunday xayrli amallar xalqaro hamjamiyat va dunyo ulamolari tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Muborak hadisi shariflarda keltirilishicha, “Alloh taolo uchun eng maqbul amal – mo‘minning qalbiga quvonch kiritishdir”.
Ulamolar Allohning nazarida bo‘lgan insonlar qalbiga farah bag‘ishlashni Yaratganni rozi qilish bilan qiyoslaganlar hamda siniq ko‘ngillarni ko‘tarish, mahzun dillarga umid berish va insonlarning og‘irini yengil qilish ilohiy muhabbatga sabab bo‘lishini alohida ta’kidlaganlar.

Yurtimizdagi 2000 dan ziyod masjidlarda Xatmi Qur’onlarning tizimli tashkil etilishi, diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar, jumladan, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazining barpo etilishi Sizning islom ma’rifatiga qo‘shayotgan bebaho hissangiz ifodasidir.

Muhtaram Prezident!
Sizdek adolatli, xalqparvar va yuksak e’tiqodli Yurtboshini Allohning O‘zi yetkazgan. 
Sizni muborak oy bilan yana bir bor qutlab, Sizga mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va mas’uliyatli faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilaymiz. Xonadoningizdan tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka arimasin.

Alloh taolo Sizdek vatanparvar, el-yurt dardi bilan yashaydigan farzandni tarbiya qilgan marhum Miromon Ota va Ma’rifatxon Onalarimizning oxiratlarini obod, qabrlarini nurga to‘ldirsin.

Sizning rahnamoligingizda amalga oshirilayotgan har bir xayrli va savobli amallarning ajru mukofotini ularning pok ruhlariga yetkazsin. Alloh taolo ularni O‘z rahmatiga olsin, jannatlarini maskan qilsin, Sizga esa ularning duolari soyasida yanada ulkan xizmatlar qilishni nasib etsin.

Yaratgan ushbu muborak kunlarda jonajon O‘zbekistonimizni o‘z panohida asrasin, ezgu niyatlarimiz ijobatini bersin.

Yuksak hurmat va ehtirom ila, 

Shayx Nuriddin Xoliqnazar 
Shayx Abdulaziz Mansur
Rahmatullo qori Obidov
Homidjon domla Ishmatbekov 
Zayniddin domla Eshonqulov
Shayx Rahmatulla Termiziy
Rahimberdi domla Rahmonov 
Shayx Alijon qori Haydarov 
Ismoil Muhammad Sodiq
Maxammadbobur domla Yuldashev 
Muhammadamin domla Alixonov
Foziljon qori Ubaydullayev
Muhammadayubxon domla Homidov 
Habibulloh qori Abdurazzoqov
Abulqosim qori Karimov
Isroiljon qori Ismoiljonov 
G‘ulomjon domla Xolboyev

Abduqahhor Yunusov
Doniyor Ikramov
Abdulloh Samatov
Xayrullo Abdullayev
Jobir Elov
Mehmon Jabborov
Habibullo Zokirov
Ahmadxon Alimov
Mirzamaqsud Alimov
Temur Atoyev
Ubaydulloh Abdullayev
Rasuljon Abdullayev
Rahmatulloh Usmonov
Baxramaddin Razov


O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari