Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki, bizni muborak Ramazon oyiga yetkazdi va avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri Do‘zax olovidan xalos bo‘lish oyi ne’mati bilan rizqlantirdi. Qancha insonlar bor ushbu kungacha yetib kela olmadi. Ammo, bizni Alloh taolo shunday sharaf bilan siyladi. Bu uchun Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!
Ushbu oyning fazilatini zikr etish uchun Alloh taoloning quyidagi kalomining o‘zini keltirish kifoya qiladi:
شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِيَ أُنزِلَ فِيهِ الْقُرْآنُ هُدًى لِّلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِّنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ
“Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir” (Baqara surasi 185-oyat).
Butun musulmon ummatini hidoyat yo‘liga boshlashlik uchun nozil qilingan Qur’oni karim ushbu oyda nozil qilingandir. Albatta, ushbu oy musulmon ummati uchun yaxshiliklarni ko‘paytiradigan, Alloh taologa qurbat hosil qiladigan, nafsni tarbiyalaydigan, ma’siyatdan toatga va fasoddan islohga o‘tadigan barakali oy hisoblanadi.
Ramazon bizni o‘zgartirsin! Chunki, bu oyda rahmat va barakalar mo‘lu-ko‘l bo‘ladi. Rahmat esa butun musulmonlarni qamrab oladi, faqatgina yakka bir kishini emas!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Besh mahal namoz va juma keyingi jumagacha, Ramazon keyingi Ramazongacha oradagi (gunoh)larga kafforatdir, agar kishi gunohi kabiralardan saqlangan bo‘lsa», der edilar. (Muslim rivoyat qilgan).
Imom Termiziy rohimahullohning “Sunan”larida keladi, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilanadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qildilar: “Burni yerga ishqalansin! Uning huzurida mening nomim zikr etilib, salovot aytmagan kishini. Burni yerga ishqalansin! Ramazonga kirib, undan (gunohlari) kechirilmay chiqqan kishini. Burni yerga ishqalansin! Ota-onasini kattalik chog‘ida topib, Jannatga kirmagan kishini”.
Ko‘rdim, gunohlar qalbni o‘ldirar,
Unda bardavomlik xorlik keltirar.
Gunohlarni tark etish qalblar hayoti,
Nafsga bo‘ysunmaslik kishi najoti!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazon ro‘zasini iymon bilan, savob umidida tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim qadr kechasini iymon bilan, savob umidida ibodat bilan o‘tkazsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi," dedilar. (Muttafaqun alayh)
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kim Ramazonda farzligiga ishonib, savob umidida ro‘za tutsa, uni avvalgi gunohi kechiriladi", dedilar. (Muttafaqun alayh)
Hasan Basriy aytadilar: «Xaloyiq toat-ibodatda musobaqalashishi uchun Ramazon oyini Alloh taolo musobaqa maydoni qildi. Bir qavm u musobaqada g‘alaba qozondi, boshqa bir qavm ortda qolib, yengildi».
Ishonch hosil qilaylik, biz tavba qiladigan va o‘z holatlarimizni to‘g‘irlab, Robbimiz bilan aloqamizni mustahkamlaydigan kunlar oldida turibmiz.
Alloh taolo ushbu oyda qiladigan ibodatlarimizni O‘z dargohida husni maqbul aylasin!
Abdussami’ Ergashev tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kelib: «Men qiynalgan kishiman», dedi. Ya’ni, och ekanini bildirdi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam xotinlaridan biriga ovqat so‘rab odam yubordilar. «U zotni haq ila jo‘natgan zotga qasam ichib aytamanki, uyimda suvdan boshqa hech narsa yo‘q!», dedi u.
Xuddi shunday qilib barcha xotinlariga ovqat so‘rab odam jo‘natdilar. Ularning bari yuqoridagidek javob berdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Bu kecha bu odamni kim mehmon qiladi, Alloh unga rahm qilsin», dedilar. Shunda ansorlardan bir kishi turib: «Yo Allohning Rasuli! Uni men mehmon qilaman», dedi. So‘ngra uni uyiga olib ketdi. Borib xotiniga shunday dedi:
- Bu odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mehmonlari. Unga taom hozirla!
Xotin dedi:
Bolalarimizning ovqatidan boshqa ovqat yo‘q.
Er dedi:
- Bolalaringni uxlatib ovqatni olib kel. Mehmon ovqatga qo‘l uzatganida chiroqni o‘chirib qo‘y. Biz qorong‘uda o‘zimizni ovqat yeyayotgandek ko‘rsatamiz. Ammo yemaymiz. Mehmon shunda ozgina ovqatga to‘yadi.
Ular shunday qilib och uxlashdi. Mehmon to‘ydi. Ertalab ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga borishgach, u zot dedilar:
- Alloh taolo sizning ishingizdan ajablandi. Siz haqingizda Qur’on nozil qildi: «Garchi o‘zlarining hojatlari bo‘lsa ham, (boshqalarni) o‘zlaridan ustun ko‘radilar. Kim o‘z nafsining baxilligidan saqlansa, unday kishilar, ha, ana o‘shalar najot topguvchilardir» (Hashr surasi, 9-oyatdan).
Dunyo charxpalakdir. Zamon aylanib turadi. Bugun puling bor. Ertaga yo‘q, ishing orqaga ketadi. Bugun faqirsan, ammo ertaga boyib ketishing mumkin. Faqirlik ayb emas, boylik fazilat emas. Muhimi qalbdagi narsadir, cho‘ntakdagi emas. Muhimi insonning boylik va faqirlik paytidagi axloqidir.
Tasavvur qilyapsizmi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hech bir ayollari uyidan ovqat topilmayapti! U kishi Allohning Rasuli bo‘lish bilan birga rahbar ham edilar. Uylarida suvdan boshqa hech vaqo yo‘g‘-a?!
Faqirlikni uqubat, boylikni esa mukofot deb o‘ylashdan ehtiyot bo‘ling. Dunyo bor-yo‘g‘i imtihon, xolos. Imtihon savollari qanchalar qiyin bo‘lmasin, o‘tirib qolmang.
Aqlli inson boshqalarning hojatini chiqarishga harakat qiladi. Ularni qiyin ahvolda qoldirmaydi. Kishilarga ehson qilganingizda ular o‘zini aybdor va nuqsonli sanashmasin!
Bemor kishining faqirligini bilib qolsangiz, u so‘rashidan oldin ahvolidan xabar olishingiz oqilona ishdir. Ba’zilarning iffati so‘rashdan to‘sadi. In’omning eng afzali insonlarning iffatni ehtirom qilib, obro‘larini muhofaza qilib berilgan in’omdir!
Ehson qilishning ham odoblari bor. Bir kishiga hammaning oldida sadaqa yoki ehson bersangiz, uni xijolatga qo‘yasiz, iffatini jarohatlaysiz, ojizligini yuziga solgandek bo‘lasiz... Bunaqa sadaqa-ehson qilgandan ko‘ra, qilmaganing afzaldir!
Ansoriyning odobiga boqing. Ovqati ozligi uchun xotiniga chiroqni o‘chirishni buyurdi. Maqsadi mehmonni xijolat qilmaslik edi. Chiroq yonib turganida mehmon ovqatning kamligini ko‘rib, uyalib, ovqat barchaga yetishi uchun ehtimol to‘yib yeya olmasdi.
Kishilardan noqulaylikni ketkazish ham ularni xotirjam qilishdir. Xotirjam qilish esa, ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi