26 aprel, yakshanba kuni Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz hazrati oliylari koronavirus pandemiyasi sababli Qirollikning barcha hududlarida o‘rnatilgan taqiqlarni qisman bekor qildi.
Ushbu qaror mamlakatdagi Makka Mukarrama va bir necha shaharlardagi izolyatsiya qilingan joylarga tegishli emas. Bu haqda Saudiya Arabistoni “SPA” axborot agentligi ma’lum qildi.
Yangi qaror ko‘ra aholi zarur ehtiyojlar uchun ertalab 09:00 dan kechki 18:00 ga qadar harakatlanishi mumkin bo‘ldi. Bu holat 13 may kunigacha davom etadi. Shuningdek, mamlakatdagi yirik “Savdo markazlari” majmualari sog‘liqni saqlash bo‘yicha zarur qoidalarga rioya qilgan holda, mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun ochilishi ma’lum qilindi.
Ma’lumot uchun, hozirda Saudiya Arabistonida koronavirus bilan kasallanganlar soni 16299 nafarga yetdi. Undan sog‘ayganlar soni 2215 nafar, vafot etganlar soni 136 nafarni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Muqaddas Ramazon oyi munosabati bilan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Moskva shahridagi “Antek” MCHJ qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz uchun iftorlik tadbiri tashkil etildi. Ushbu ma’naviy tadbirda elchixona diplomatlari bilan bir qatorda, yurtimizdan maxsus tashrif buyurgan Buxoro shahridagi “Xalifa Xudoydod” jome masjidi imom-xatibi Odiljon Sadilloyev ishtirok etdi.
Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar yurtdoshlarimizni muborak oy bilan qutlab, davlatimiz rahbariyatining samimiy tabriklarini yetkazdilar. Musofirchilikda turli qiyinchiliklarni sabr bilan yengib, halol mehnat orqali oilasiga rizq ulashayotgan hamyurtlarimizga alohida minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda Ramazon oyini munosib o‘tkazish va ehtiyojmandlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qilinayotgan xayrli ishlar haqida so‘z yuritildi.
Shu bilan birga, iftorlik asnosida ma’rifiy suhbat o‘tkazilib, fuqarolarimizning yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib qolmasligi, yoshlarni turli diniy oqimlardan asrash va doimo ogoh bo‘lish zarurligi alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar o‘z navbatida, ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv vatandoshlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini e’tirof etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati