Dinimizda insonlardagi g‘ayrat, shijoat singari sifatlar qadrlanadi va unga targ‘ib qilinadi. Jumladan, buyuk bobakalonimiz, hadis mulkining sultoni Imom al-Buxoriy hazratlari ham ushbu fazilat bilan sifatlanganlar. Ayniqsa, u zotning hadis jamlashdagi g‘ayrat va shijoatlari tahsinga sazovordir. Ulug‘ allomalardan Al-Muborakfuriy aytadilar: “Imom al-Buxoriy mashaqqatlarga chidamli, ishda tirishqoq bo‘lib, o‘z qo‘llaridan keladigan yumushni birovga yuklashni xushlamas ekanlar”.
G‘ayrat – sa’y-harakat, ishtiyoq, jo‘shqinlik, ish-harkatga bo‘lgan kuchli, astoydil kirishish ma’nolarida ishlatiladi. G‘ayratli kishi biror ishga bor kuch-quvvati bilan harakat qiladigan, shijoatli odam tushuniladi.
Rosululloh (s.a.v.) bunday deydilar: “Albatta, Alloh taolo bandalari ichida g‘ayratlisini yaxshi ko‘radi” (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni kimki har bir ishda u xoh diniy, xoh dunyoviy bo‘lsin g‘ayrat, shijoat bilan bajaradigan bo‘lsa, albatta, uni Alloh taoloning o‘zi yorlaqaydi va u maqsad qilgan narsalarga erishadi. Chunki sa’y-harakat bandadan, uni barakasini berib, ziyoda qilish Allohdandir.
Anushervoni odil vaziri Buzurjmehrdan so‘radi: “G‘ayrat, shijoat nima?” Buzurjmehr unga: “Yurakning quvvati” – deb javob berdi. Anushervon yana undan: “Nega qo‘lning quvvati emas?”– deb so‘radi. Buzurjmehr: “Agar yurakda quvvat bo‘lmasa, qo‘lda ham quvvat bo‘lmaydi. Qo‘l quvvati yurak quvvatiga bog‘liq”– deb javob beradi.
Darhaqiqat, inson yurakdan biror ishga g‘ayrat va shijoat bilan qo‘l urar ekan, u nafaqat ko‘zlagan maqsadiga, balki undanda ko‘prog‘iga erishadi. Muhammad Javhar Zamindor bunday deydi: “Maqsadni qo‘lga kiritishda g‘ayrat ish beradi. Har kimda g‘ayrat bo‘lmasa, unda o‘zgalarga ibrat bo‘la olish qobiliyati bo‘lmaydi”.
Ko‘plab g‘ayrat va shijoat egalari boshqalarga doimo ibrat bo‘lib kelgan. Jumladan, buyuk faqih Imom Abu Yusuf (r.a.) hazratlari bunga namunadir. U zot to‘g‘risida ustozlari Abu Hanifa (r.a.) bunday deydilar: “Seni zehning past edi, sening doimiyliging, g‘ayrating va shijoating bundan halos etdi”.
Ulug‘larimizning siymolaridagi g‘ayrat, shijoat singari sifatlar avlodalarga namunadir. Ushbu yuksak hulq bilan barchalarimiz hulqlanishimizni Yaratgan egamiz nasib aylasin.
Abdulaziz Bobamirzayev
“Hidoya” o‘rta maxsus islom
bilim yurti mudiri
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi hamda Sirdaryo viloyat hokimligi hamkorligida viloyatimizda xizmat qilayotgan imom-xatib va imom-noiblarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, shuningdek, o‘zaro jamoaviy hamjihatlik va hamkorlik ruhini mustahkamlash maqsadida 2026 yil 24 yanvar kuni voleybol, stol tennisi hamda shaxmat-shashka yo‘nalishlari bo‘yicha sport musobaqalari tashkil etildi.
Ushbu sport bellashuvlarida viloyatimizning barcha tuman va shaharlaridan tashrif buyurgan imom-xatib va imom-noiblar faol ishtirok etdilar. Musobaqalar do‘stona muhitda, yuqori sport ruhida o‘tib, ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat va iliq taassurotlar ulashdi.
Tadbir yakunida g‘olib va faol ishtirokchilarga tashkilotchilar tomonidan faxriy yorliqlar hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati