Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Yanvar, 2025   |   27 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:17
Quyosh
07:39
Peshin
12:41
Asr
15:52
Shom
17:36
Xufton
18:52
Bismillah
27 Yanvar, 2025, 27 Rajab, 1446

Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIMNING HAZRATI ABU BAKR DAVRLARIDAGI JAMLANISHI

17.04.2020   5356   30 min.
Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIMNING HAZRATI ABU BAKR DAVRLARIDAGI JAMLANISHI

Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng musulmonlarga Abu Bakr roziyallohu anhu boshliq etib saylandilar. U kishining davrlarida dindan qaytganlar bilan musulmonlar orasida qattik janglar bo‘ldi. Shu janglarda Qur’onni to‘liq yod olgan ko‘plab qorilar shahid bo‘ldilar. Shunda hazrati Umar Abu Bakrga (Alloh u zotlardan rozi bo‘lsin): «Qorilar o‘lib ketaversa, Qur’onga zarar yetishi mumkin, shuning uchun uni kitob shakliga keltirib, jamlab ko‘yish kerak», degan maslahatni berdilar.

Avval boshda hazrati Abu Bakr ikkilanib turdilar, chunki bu ish Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam hayotlik vaqtlarida qilinmagan edi. Keyinroq esa Abu Bakr roziyallohu anhu ham Qur’onni kitob shakliga keltirib qo‘yish zarur ekanini anglab yetdilar va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuni chaqirib, bu ishni amalga oshirishni u kishiga topshirdilar. Chunki Zayd ibn Sobit Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan juda ko‘p birga bo‘lgan, Qur’onni eng yaxshi yod olgan va uni Nabiy alayhissalomning huzurlarida yozgan, Payg‘ambarimiz vafot etadigan yillari Jabroil farishtaga Qur’onni avvalidan oxirigacha o‘qib o‘tkazganlarida u zot sollallohu alayhi vasallam bilan birga bo‘lgan edi.

Zayd ibn Sobit, Umar ibn Xattob roziyallohu anhumo va boshqalar Qur’oni Karimni puxta yod bilishlariga qa­ramay, bu ulkan ishning mustahkam, ishonchli bo‘lishiga harakat qilib, masjidda: «Kimning qo‘lida yozilgan Qur’on bo‘lsa va uning Payg‘ambarimiz huzurlarida yozilganiga ikkita guvohi bo‘lsa, bizga olib kelsin, Qur’onni jam qilishga xalifaning buyrug‘i bo‘ldi!» deya e’lon qildilar. Ikkovlari masjidda o‘tirib, guvohlarni tekshirib, nihoyatda aniqlik bilan bir yildan ortiq vaqtda Qur’onni jamlab berdilar. So‘ng ko‘pchilikka ko‘rsatdilar, hamma rozi bo‘ldi. Agar biror harfi o‘rnida bo‘lmasa, minglab yod biladiganlar qarshi chiqar edi.

Lekin asosiy tayanch yodlash bo‘lib qolaverdi. Qur’oni Karimni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam farishtadan yodlaganlar, u kishidan sahobalar, sahobalardan esa ulardan keyingi avlod va hokazo, hozirgacha yetib kelgan.

Shunday qilib, Zayd ibn Sobit va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumo mashaqqatli urinishlardan keyin Qur’onni kiyik terisidan ishlangan sahifalarga yozib bo‘ldilar va uni belidan bog‘lab, Abu Bakrning uyiga qo‘yib qo‘ydilar. U kishi olamdan o‘tganlaridan keyin sahifalar hazrati Umarning uylarida, u kishidan so‘ng esa qizlari – Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Hafsa onamiz huzurlarida qoldi.

Keling, Islom ummati tarixidagi eng muhim ishlardan bo‘lgan bu ish haqida Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning o‘zlaridan eshitaylik.

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Yamoma ahlining qatlida Abu Bakr menga odam yubordi. (Borsam,) Umar ibn Xattob uning oldida ekan. Abu Bakr: «Umar kelib, menga: «Yamoma kuni Qur’on qorilari ichida qatl ko‘payib ketdi. Men boshqa joylarda ham qorilar ichida qatl ko‘payib ketib, Qur’onning ko‘pi ketib qolishidan qo‘rqyapman. Menimcha, Qur’onni jamlashga amr qilishing kerak», dedi. Men Umarga: «Qanday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan narsani qilasan?!» dedim. Umar menga: «Allohga qasamki, bu yaxshilikdir!» dedi. U menga qayta-qayta murojaat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni o‘sha ishga ochdi. Umar lozim ko‘rgan ishni lozim ko‘rdim».

Zayd aytadi: «So‘ng Abu Bakr menga: «Albatta, sen yosh, oqil odamsan. Seni ayblaydigan joyimiz yo‘q. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida vahiyni yozar eding. Qur’onni izlab topib, jamlagin», dedi. Allohga qasamki, agar menga bir tog‘ni joyidan ko‘chirishni buyurganlarida, men uchun Qur’onni jam qilishni amr qilganidan ko‘ra og‘ir bo‘lmas edi. Men unga: «Qanday qilib Rasululloh sollallohu alay­hi vasallam qilmagan narsani qilasizlar?!» dedim. U (menga): «Allohga qasamki, bu yaxshilikdir!» dedi. Abu Bakr menga qayta-qayta murojaat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumoning qalbini ochgan ishga ochdi. Qur’onni izlab, xurmo daraxti po‘stloqlari, tosh parchalari va odamlarning qalblaridan jamlay boshladim. Tavba surasining oxirini Abu Xuzayma Ansoriydan topdim. Undan boshqadan topmadim: «Batahqiq sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan... Rasul keldi...» (ikki oyat). Sahifalar Abu Bakr vafot qilgunicha uning oldida turdi. Keyin Umar hayotligida uning oldida turdi. So‘ng Hafsa bint Umar roziyallohu anhoning oldida turdi».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Albatta, bu rivoyatda Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu bo‘lgan voqeaning xulosasini qisqa qilib, o‘zlarining iboralari bilan bayon qilmoqdalar. Aslida esa anchagina gap-so‘zlar va ishlar bo‘lib o‘tgan.

«Yamoma ahlining qatlida Abu Bakr menga odam yubordi».

Yamoma Hijoz bilan Yaman orasida joylashgan diyorning nomidir. Rivoyatda «Yamoma ahli qatlida» deyilayotgan bo‘lsa ham, boshqa janglarda ham Qur’onni yod olgan ko‘plab sahobalar shahid bo‘layotgan edilar. Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan so‘ng Abu Bakr roziyallohu anhuning davrlarida dindan qaytgan murtadlar bilan musulmonlar o‘rtasida qattiq janglar bo‘lib o‘tgan. «Ridda urushlari» nomi bilan tarixga kirgan mazkur urushlarda Qur’onni to‘lik yod olgan ko‘plab qorilar shahid bo‘ldilar. Birgina Yamomada Kazzob Musaylimaga qarshi olib borilgan jangda yetmish nafar sahoba vafot etdilar. Shuning uchun ham rivoyatda ana shu jang tilga olinmoqda.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Ikrima ibn Abu Jahl lashkarini o‘sha Najd tarafga, Yamomadagi Kazzob Musaylimaga qarshi yubordi. Uning ortidan madad uchun Shurahbil ibn Hasanani yana bir lashkar bilan yubordi. Ikrima Shurahbil ibn Hasanani kutib turmasdan, o‘zi ishni bitirish uchun shoshilib, Musaylimaning askari bilan to‘qnashdi va yengildi. Bundan achchig‘i chiqqan Abu Bakr roziyallo­hu anhu Ikrima ibn Abu Jahlni Madinaga qaytib kelmasdan, Yamanga borib, Huzayfa va Arjafaga qo‘shilishga, ular bilan birga Mahar ahliga qarshi urush qilishga amr etdi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Xolid ibn Validga odam yuborib, uni Musaylima tomon yurishga amr qildi. Unga muhojir va ansorlardan iborat katta lashkarni madad uchun yubordi. Shurahbil ibn Hasanaga odam yuborib, Xolidni kutib turishni amr qildi. Musaylimaning qirq ming kishilik lashkari bor edi.

Musaylima va Banu Hanifa qabilasi Xolidning kelayotganini eshitib, Yamomaning chetiga askargoh qilib, odam to‘pladilar. Ularga juda ko‘p odam qo‘shildi.

Xolid ham yaqinlashib kela boshladi. Uning lashkari oldida Shurahbil ibn Hasana borar edi. Banu Hanifaning askargohiga bir kechalik yo‘l qolganida, ular Omirdan o‘ch olib kelayotgan bir jangchi guruhni uchratishdi. Bu guruhga Banu Hanifaning ulug‘laridan Mujjo’a ibn Marora boshliq edi. Xolid amr qilib, ularning boshliqlaridan boshqa hammasini qatl ettirdi.

So‘ngra Xolid borib, murtadlarning lashkari bilan to‘qnashdi. Ikki tomon qattiq jang qildi. Dastlab musulmonlarning ishi yurishmadi. Murtadlar Xolidning chodirigacha yetib kelib, uning xotinini asir olmoqchi bo‘lishgan edi, Mujjo’a ularni bu ishdan qaytardi. So‘ngra musulmonlar birlashdilar va Alloh ularga O‘z sakinasini nozil qildi. Xolid o‘z odamlari bilan hamla qilib, murtadlarni ortga qaytardi.

Banu Hanifa achchiqlanib, shiddat bilan jang qilishdi. Xolid urush Musaylimaning ziddiga bo‘layotganini angladi. Uni yakkama-yakka olishuvga chaqirdi. U olishuvga chiqdi va ishi og‘irlashib qolganda qochib qoldi. Uning odamlari ham qocha boshladilar. Xolid musulmonlarga nido qildi. Ular birdan hamla qilib, murtadlarni sharmandalarcha mag‘lub etdilar. Murtadlarning qolganlari Musaylimaning «Hadiqotur-Rohman» nomli bog‘iga kirib olishdi. Bu qurg‘onga kirish musulmonlar uchun juda qiyin bo‘ldi. Ansoriylarning shijoatli sahobalaridan biri Baro ibn Molik: «Meni bog‘ning ichiga otinglar», dedi. Sheriklari uni o‘sha bog‘ning ichiga uloqtirdilar. Uning yolg‘iz o‘zi dush­man bilan jang qilayotib, eshikni ochdi. Musulmonlar shu eshikdan kirib, dushmanlarni qatl qildilar. Qatl etilganlarning ichida Musaylimaning o‘zi ham bor edi. Uni bir paytlar Hamza ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhuning qo­tili bo‘lgan, keyinchalik Allohning hidoyati ila Islomni qabul etgan Vahshiy bilan yana bir ansoriy o‘ldirdilar.

Bu janglarda sahobai kiromlardan yetmish kishi shahid bo‘ldi. Shahidlar ichida Abu Huzayfa ibn Utba, Abu Huzayfaning mavlosi Solim, Shujo’ ibn Vahb, Zayd ibn Xattob, Abdulloh ibn Sahl, Molik ibn Amr, Tufayl ibn Amr Davsiy, Yazid ibn Qays, Omir ibn Bukayr, Abdulloh ibn Maxrama, Soib ibn Usmon ibn Maz’un, Ubbod ibn Bishr va boshqa katta sahobai kiromlar bor edilar. Qatl etilgan sahobalarning sharafiga mazkur Yamoma jangi dong taratdi.

«(Borsam,) Umar ibn Xattob uning oldida ekan. Abu Bakr: «Umar kelib, menga: «Yamoma kuni Qur’on qorilari ichida qatl ko‘payib ketdi. Men boshqa joylarda ham qorilar ichida qatl ko‘payib ketib, Qur’onning ko‘pi ketib qolishidan qo‘rqaman. Menimcha, Qur’onni jamlashga amr qilishing kerak», dedi...»

Bu gaplardan Qur’oni Karimni yagona kitob shaklida jamlash fikri hazrati Umar roziyallohu anhudan chiqqanligi ko‘rinib turibdi. U kishi rahbarning huzuriga borib, o‘z fikrlarini aytganlar. Avvaliga Abu Bakr roziyal­lohu anhu bu fikrga qarshi chiqqanlar.

«Men Umarga: «Qanday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan narsani qilasan?!» dedim».

Abu Bakr roziyallohu anhu har bir narsani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib qilishga odatlangan, u zot qilmagan narsani qilmas edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qur’oni Karimni bitta kitob shaklida jamlamaganlari uchun Abu Bakr roziyallohu anhu ham bu ishga jur’at qila olmadilar. Ammo Umar roziyallohu anhuning fikrlari boshqacha edi. U kishi Rasululloh sol­lallohu alayhi vasallam ma’lum sabablarga ko‘ra qilmagan ishni qilsa yaxshi bo‘lishi mumkin, degan fikrda edilar.

«Umar menga: «Allohga qasamki, bu yaxshilikdir!» dedi. U menga qayta-qayta murojaat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni o‘sha ishga ochdi. Umar lozim ko‘rgan ishni lozim ko‘rdim».

Hazrati Umar roziyallohu anhu o‘z so‘zlarida qattiq turib olganlari uchuy Abu Bakr roziyallohu anhu ham u kishining takliflarini qabul qildilar va o‘ylangan ishni amalga oshirish uchun Zayd ibi Sobit roziyallohu anhuni chaqirdilar.

«Zayd aytadi: «So‘ng Abu Bakr menga: «Albatta, sen yosh, oqil odamsan. Seni ayblaydigan joyimiz yo‘k. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida vahiyni yozar eding. Qur’onni izlab topib, jamlagin», dedi».

Demak, Abu Bakr roziyallohu anhu Qur’oni Karimni jamlashga eng munosib nomzodni tanlaganlar. Chunki Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuda bir necha nodir sifatlar bor edi.

  • Yosh edilar.
  • Oqil edilar.
  • Yolg‘on va tuhmat bilan ayblanmagan edilar.
  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida u zotga nozil bo‘lgan vahiyni yozib borar edilar.
  • Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Jabroil alayhissalomga oxirgi marta Qur’oni Karimni avvalidan oxirigacha o‘qib berganlarida, u zot bilan birga bo‘lganlar.

Ammo Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Abu Bakr ro­ziyallohu anhuning takliflaridan quvonib ketmadilar. Balki u kishini mas’uliyat yuki bosdi.

«Allohga qasamki, agar menga bir tog‘ni joyidan ko‘chirishni buyurganlarida, men uchun Qur’onni jam qilishni amr qilganidan ko‘ra og‘ir bo‘lmas edi».

Darhaqiqat, taklif qilinayotgan ish yengil emas edi. U juda xam og‘ir ish edi. Hatto katta og‘irlik ramzi bo‘lgan tog‘dan ham og‘ir edi. Shuning uchun ham Zayd ibn Sobit ro­ziyallohu anhu bu ishga darrov kirishib keta olmadilar.

«Men unga: «Qanday qilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan narsani qilasizlar?!» dedim».

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning bu gaplari xuddi Abu Bakr roziyalloxhu anhuning hazrati Umar roziyallohu anhuga aytgan gaplariga o‘xshashi bejiz emas. O‘sha paytda har bir shaxs shu gapni aytishi turgan gap edi. Chunki hamma faqat Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytgan, buyurgan va qilgan narsani qilib o‘rgangan edi. Hamma muammolarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hal qilib berishlariga o‘rganilgan edi. Musulmon ummati o‘z Nabiysining vafotidan keyin birinchi bor katta muammoga duch kelayotgan, bu muammoni to‘g‘ri hal qilish lozim edi. Endi ummatning o‘zi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamsiz ijtihod qilishi kerak edi. Buni birinchi bo‘lib hazrati Umar roziyallohu anhu anglab yetdilar. So‘ngra u kishiga Abu Bakr roziyallohu anhu qo‘shildilar, endi Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuga ham bu ishning tug‘riligini tushuntirmoqdalar.

«U (menga): «Allohga qasamki, bu yaxshidir!» dedi».

Ha, Islom ummati uchun turli sabablarga ko‘ra Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan ishni qilishda ham yaxshilik bo‘lishi mumkin edi.

«Abu Bakr menga qayta-qayta murojaat qilaverdi. Oxiri Alloh mening qalbimni Abu Bakr va Umar ro­ziyallohu anhumoning qalbini ochgan ishga ochdi».

Bunday paytda «Rasululloh sollallohu alayhi vasal­lam qilmagan ishni qilib bo‘lmaydi», deb turib olish yaxshi emas edi. Bu haqiqatni anglab yetgan Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuning amrlariga bo‘ysunib, Qur’oni Karimni jamlashni boshladilar.

«Qur’onni izlab, xurmo daraxti po‘stloqlari, tosh parchalari va odamlarning qalblaridan jamlay boshladim».

Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning bu gaplarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida Qur’oni Karim yozilgan narsalardan ikkitasi – xurmo daraxti po‘stlog‘i va tosh parchalari tilga olinmoqda. Albatta, Qur’oni Karim oyatlari bu ikki narsadan boshqa ashyolarga ham yozilgan edi. Ulamolar bu boradagi barcha rivoyatlarni o‘rganib chiqib, Qur’oni Karim oyatlari quyidagi narsalarga yozilganini ta’kidlaydilar:

  • Xurmo daraxti po‘stlog‘i.
  • Tosh parchalari.
  • Hayvonlarning kurak suyaklari.
  • Xurmo daraxti shoxlari.
  • Tuyaga egar qilinadigan taxtalar.
  • Qog‘oz va teri parchalari.
  • Sahifa shaklidagi qog‘oz va terilar.
  • Turli lavhlar.
  • Sopol parchalari va boshqalar.

Tavba surasining oxirini Abu Xuzayma Ansoriydan topdim. Undan boshqadan topmadim: «Batahqiq sizlarga o‘zlaringizdan bo‘lgan... Rasul keldi...» (ikki oyat)».

O‘sha ikki oyatni hamma yoddan bilsa ham, ularning yozil­gan nusxasini izlashga kirishilgan. «Ikkitagina oyatning yozilgan nusxasi topilmasa topilmabdi, kelinglar, yodimizda borini yozib qo‘yaveraylik», deyilmagan. Oxiri o‘sha ikki oyatning yozuvi Abu Xuzayma Ansoriy roziyallohu anhudan topilgan.

Imom Buxoriyning boshqa rivoyatida Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam guvohligini ikki kishining guvohligiga tenglashtirgan Xuzayma ibn Sobitdagina topdim», deganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishining yakka o‘zlarining guvohliklari ikki kishining guvohligi o‘rniga o‘tishini ta’kidlaganlarini ham hamma yaxshi bilar edi. Bu ham bir mo‘jiza bo‘lgan.

«Sahifalar Abu Bakr vafot qilgunicha, uning oldida turdi. Keyin Umar hayotligida uning oldida turdi. So‘ng Hafsa bint Umar roziyallohu anhoning oldida turdi».

Bu ma’lumotlar Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning o‘zlari aytgan gaplardir. Ammo Qur’oni Karimni birinchi bor jamlashdek katta hamda mas’uliyatli ishning tafsilotida boshqa gaplar va rivoyatlar ham ko‘p.

Ibn Abu Dovud Hishom ibn Urvadan, u otasidan rivoyat qiladi:

«Abu Bakr Umar bilan Zaydga: «Ikkovingiz masjid eshigining oldiga o‘tirib, kim Allohning Kitobidan biror narsani ikki guvoh ila keltirsa, yozinglar», dedi».

Ibn Abu Dovud Yahyo ibn Abdurrahmon ibn Hotibdan rivoyat qiladi: «Umar kelib: «Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’ondan biror narsani talaqqiy – qabul qilgan bo‘lsa, olib kelsin», dedi. Ular o‘shani sahifalarga, lavhalarga va xurmo daraxti po‘stloqlariga yozib yurishar edi. To ikki shohid guvohlik bermaguncha, u biror narsani yozmas edi».

Demak, ish boshlashdan oldin puxta reja tuzilgan. Bu rejaga binoan, hamma yod biladigan oyati karimalarni yoddan yozishga o‘tilmagan. Balki o‘sha kelsa, uning ishonchli ekanini surishtirish boshlangan. Kimning yodlangan narsani Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida yozib olgan shaxs olib qo‘lidagi Qur’oni Karimdan bo‘lgan yozuvga ikki odil, balog‘atga yetgan, oqil kishi «Buning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida yozilganiga biz guvohmiz», deya guvohlik bersalargina yozilgan.

Ibn Hajar buni Abu Bakrning Umar va Zaydga aytgan gaplaridagi «ikki guvoh»dan murod nima ekanini tafsir qilayotganda keltiradi.

Abu Bakr shunday degan edi: «Ikkovingiz masjid eshi­gining oldiga o‘tirib, kim Allohning Kitobidan biror narsani ikki guvoh ila keltirsa, yozinglar».

Bu munqati’ (sanadi uzilgan) hadis bo‘lib, Ibn Abu Dovud uni Hishom ibn Urva o‘z otasidan rivoyat qilgan yo‘li orqali chiqargan. Lekin hadisning roviylari ishonchli odamlardir. Ibn Hajarning tafsiriga ko‘ra, yozilganga bir guvoh va yodlanganga bir guvoh kifoya qilganligi mulohaza qilinadi. Jumhurning tafsiriga ko‘ra esa yozilganga ikki adolatli guvoh, yodlanganga ham ikki adolatli guvoh bo‘lishi lozimdir. Yodlash yoki yozishda bir kishining guvohligi kifoya qilmaydi. Ular ushbu fikrlariga Ibn Abu Dovudning Yahyo ibn Abdurrahmon ibn Xotib yo‘lidan chiqargan hadisini dalil qiladilar:

«Umar kelib: «Kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’ondan biror narsani talaqqiy etgan – qabul qil­gan bo‘lsa, olib kelsin», dedi. Ular o‘shani sahifalarga, lavhlarga va xurmo daraxti po‘stloqlariga yozib yurishar edi. U to ikki shohid guvohlik bermaguncha, biror narsani yozmas edi».

Sahoviy «Jamalul-qurro» nomli kitobida:

«Ana o‘sha Muhammad yoki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilarida yozilganiga ikkita guvoh keltirishdir»[1], deydi.

Bu yerda ikki taraflama guvohlik bo‘lmoqda.

Birinchisi – oyatlar ham yodlangan, ham yozilgan bo‘lishi kerakligi.

Ikkinchisi – oyatlarning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozilganiga va yodlanganiga yetuk sifatlarga ega bo‘lgan ikkita odam guvohlik berishi kerak.

Ushbu dasturga amal qilgan holda Umar ibn Xattob va Zayd ibn Sobit roziyallohu anhum bir yil muddatda tarqoq holdagi Qur’oni Karim yozuvlarini jamlab, oyatlarni tartibga ko‘ra qo‘yib, kiyik terisiga yozib chiqdilar.

Abu Bakr roziyallohu anhu boshchiliklaridagi Qur’onning hammasini jamlash ishlari qariyb bir yil orasida nihoyasiga yetdi. Chunki u kishi Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuga bu ishni o‘n birinchi sananing oxirida bo‘lib o‘tgan Yamoma voqeasidan keyin buyurganlar, ish esa Abu Bakr ro­ziyallohu anhuning vafotlariga yaqin qolganda oxiriga yetgan edi. Yamoma voqeasidan keyin bir yil o‘tib, o‘n uchinchi hijriy sanada u kishi vafot topganlar. Shundan kelib chiqib, Islom tarixidagi bu ulkan ahamiyatga molik ish un ikkinchi hijriy sanada amalga oshirilgan, deya olamiz.

Chuqur mulohaza qilib ko‘rgan kishida «Turli parchalar, kurak suyaklari, terilar va po‘stloqlarga yozilgan Qur’on oyatlarini qanday qilib ushbu qisqa muddat ichida to‘plab bo‘lishdi?» degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunda o‘zlarini Alloh uchun fido qilgan sahobalarning g‘ayratlariga tan bermay ilojimiz yo‘q. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qo‘shilib, u kishi aytganidan boshqa gapni ayta olmaymiz:

«Alloh Abu Bakrni O‘z rahmatiga olsin! U Allohning Kitobini ikki muqovaning orasiga birinchi bo‘lib jam qilgan shaxsdir».

Umar roziyallohu anhu tarixda Qur’onni jamlash fikrining sohibi, Zayd roziyallohu anhu esa bu ishni o‘rniga qo‘yib ijro qilgan shaxs o‘laroq yozilib qoldi.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuning davrlarida Qur’oni Karimni jamlashdek nozik va xassos ishning amalga oshirilishi o‘sha vaqtda u kishining faqat jangu jadal bilan ovora bo‘lib qolmay, boshqa ishlarga ham vaqt topganlarini va ularga ikkinchi darajali ish sifatida qaramaganliklarini ko‘rsatadi.

Bu yerda yana bir muhim masala bor. Hazrati Umar ro­ziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Qorilar o‘lib ketaversa, Qur’onga zarar yetishi mumkin, shuning uchun uni kitob shakliga keltirib, jamlab qo‘yish kerak», degan maslahatni berganlarida, Abu Bakr roziyallohu anhuning «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qilmagan ishni men qanday qilaman?!» deb turib olishlari bejiz emas edi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ham, boshqa sahobai kiromlar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning aytganlaridan va qilganlaridan qilcha ham chetga chiqmas edilar. Ammo o‘zaro bahslardan keyin bunga o‘xshash ishlar ummatning ijtihodiga bog‘lik qilib qo‘yilganligi ma’lum bo‘ldi va ular Qur’oni Karimni jamlashga ijmo’ qilib, hammalari bir ovozdan rozi bo‘ldilar.

Ana shunga o‘xshash sunnat nima-yu, ummatning ijtiho­diga havola etib qoldirilgan ish nima ekanini ajratib olishga har doim ham muyassar bo‘linavermaganidan ba’zan ixtiloflar kelib chiqadi.

O‘sha sahifalar to‘plami «Mus'haf» deb nomlandi.

Ibn Ashta «Al-Masohif» kitobida Ibn Shihobdan Muso ibn Uqba rivoyat qilgan ma’lumotni keltiradi:

«Qur’onni jamlab, varaqqa yozishgach, Abu Bakr: «Unga ism izlanglar!» dedi. Ba’zilar: «As-Sifr», deyishdi. U: «Bu yahudiylar nomlaydigan ism», dedi. Shunda ular ham buni yoqtirishmadi. Yana ba’zilar: «Mus'haf», deyishdi. Chunki shunga o‘xshash narsani ular mus'haf deyishar edi. Ularning fikri uni «mus'haf» deb nomlashga ijmo’ qildi».

Imom Buxoriy Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan ri­voyat qilgan rivoyatning oxirgi jumlalaridan bizga ma’lum bo‘ladiki, Qur’on jamlangan mus'haf Abu Bakrning vafotigacha uning huzurida bo‘ldi. So‘ngra Umarga o‘tib, u vafot etgach, yangi xalifa Usmonga emas, balki Umarning qizi Hafsaga o‘tdi. Alloh hammalaridan rozi bo‘lsin.

«Dairotul-maarifil-Islamiya» ensikloiyediyasi ushbu mavzu atrofida shubha qo‘zib, shunday savol beradi:

«Ushbu mus'hafni saqlashga Usmon haqliroq emasmidi?»

Bu savolning javobi shunday:

«Balki Hafsa roziyallohu anho loyiqroq va haqliroq edi. Chunki Umar ibn Xattob mus'hafning u kishining huzurlarida omonat turishini vasiyat qilgan edilar. U zot mo‘minlarning onasi, Rasululloh sollallohu alayhi vasal­lamning jufti halollari edilar. Buning ustiga, u kishi roziyallohu anho Qur’onning hammasini yod olgan, qiroat va kitobatga iqtidori bor inson edilar. Umar roziyallohu anhu o‘zlaridan keyin xalifalik ishini maslahatga qo‘yib ketgan edilar. Hali Usmon roziyallohu anhuning xalifalikka saylanishlari aniq bo‘lmay turib, qanday qilib u kishiga mus'hafni topshirish mumkin edi?»

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayotlik davrlarida boshqa narsalar qatori, Qur’oni Karimga tegishli mas’uliyat ham asosan u zot sollallohu alayhi va­sallamning zimmalariga tushar edi.

Islom ummati boshqa mas’uliyatlar qatori, Qur’oni Karimni muhofaza qilish mas’uliyatini ham o‘zining habib Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam Rafiqi A’loga intiqol qilganlaridan so‘ng his eta boshladi. Bunday paytlarda butun boshli ummat o‘z yetakchilari boshchiligida safarbarlikka otlanadigan bo‘ldi. Eng quvonchlisi, Qur’oni Karim atrofida paydo bo‘lgan masalani hal qilishda biror ishni amalga oshirishni taklif qilgan ham, o‘sha ishni rad qilgan ham, ikki o‘t orasida kuygan ham faqatgina Alloh taoloning Kitobini muhofaza qilishni o‘ylar edi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan so‘ng boshlanib ketgan ridda urushlarida Qur’oni Karim hofizlari bo‘lmish ko‘plab sahobalarning shahid bo‘lishlari hazrati Umar roziyallohu anhuga Qur’oni Karimning muhofazasi uchun xatar bo‘lib ko‘rindi. U kishi «Agar qorilar shu tarzda qirilib ketaversalar, Qur’oni Karimga zarar yetadi», degan fikrga borib, xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhuga Qur’oni Karimni bir kitob shaklida to‘plab qo‘yishni taklif qildilar.

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bo‘lsalar bu ish Qur’oni Karimning zarariga bo‘ladi, deb o‘yladilar. U kishi «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam qilmagan ishni qanday qilaman», deb turib oldilar. Qolgan sahobai kiromlar ham ushbu masala bo‘yicha ikkiga bo‘lindilar. Keraklicha bahs va tortishuvlar nihoyasida hamma bir fikrga kelib, «Qur’oni Karimning muhofazasi uchun uni bir kitob shaklida to‘plab qo‘yish kerak», degan fikrga keldi. Birgalikda bu ulkan ishni amalga oshirish rejasini tuzishga, shartlari, qoidalari va kimlar rahbarlik qilishiga kelishildi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida yozib bo‘lingan bo‘lsa ham, tarqoq holda turgan Qur’oni Karim yozuvlarini to‘plab, oyatlarni tartibga solib, yangitdan yozib chiqildi. O‘sha yozuvlarni o‘z ichiga olgan sahifalar to‘planib, xalifaning qarorgohiga qo‘yildi va mus'haf deb ataldi.

Abu Abdulloh Muhosibiy «Fahmus-sunan» kitobida shunday deydi:

«Qur’onning yozilishi yangi ish emas edi. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari uni yozishga buyurar edilar. Lekin u parchalarda, kurak suyagi va xurmo daraxti po‘stloqlarida tarqoq holda edi. Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu ushbu tarqoq holdagi oyatlarni jamlab, ko‘chirishga buyurgan, xolos. Jamlangan Qur’on oyatlari Rasululloh sol­lallohu alayhi vasallamning uylaridan topilgan varaqlarga tarqoq holda yozilgan edi. Bir to‘plovchi uni jamlab, undan biror narsa zoye bo‘lmasligi uchun ip bilan bog‘lab qo‘ydi».

Shu bilan Qur’oni Karim muhofazasi uchun Islom ummati amalga oshirgan muhim bir ish oxiriga yetdi. Ana shu ulug‘ ish hozirgacha o‘z samarasini bermoqda.

Kezi kelganda bu boradagi muhim bir masalani eslab o‘tmog‘imiz lozim. Mazkur Qur’oni Karimni jamlash ishini sharqshunoslar zulm va bo‘hton tariqasida «Qur’onni tahrir qilish» deb ataydilar. «Tahrir» deyilganda yozil­gan asarni qayta ko‘rib chiqib, ba’zi so‘z va jumlalarni almashtirish, ba’zilarini olib tashlash, ba’zilarini yangidan qo‘shish, xatolarni to‘g‘rilash kabi ishlar tushuniladi. Shunga binoan, noinsof «olim»lar «Sahobalar Alloh taoloning kalomiga tuzatish kiritganlar», demoqchilar.

Bu gap Qur’oni Karimga nisbatan bo‘xtondan boshqa narsa emas. Bu ilm emas, balki ilmsizlikdir. Ilmsizlik ham emas, bilib turib bo‘xton to‘qishdir.

Aslida esa ko‘rib o‘tganimizdek, sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz davrlarida yozilgan-u, turli kishilar qo‘lida tarqoq holda turgan oyat va suralarni bir joyga tuplaganlar, xolos. Ular jamlovchi guruh huzuriga yozuvni keltirgan har bir kishigi o‘sha narsaning Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozilganiga ikkita guvoh ham keltirishini shart qilib qo‘yganlar.

Shunday qilib, Qur’oni Karimning har bir harfining yozilishi ham Alloh taolo iroda qilgandek bo‘lishini ta’minlaganlar. Aslida boshqa ko‘plab sahobalar u yoqda tursin, Zayd ibn Sobit va Umar ibn Xattob roziyallohu anhumoga o‘xshash jamlash guruhi a’zolarining o‘zlariyoq Qur’oni Karimni suvdek yod bilar edilar. Lekin ularning vazifasi – nima qilib bo‘lsa ham Qur’oni Karimni yozish emas, balki Qur’oni Karimning Payg‘ambar sollal­lohu alayhi vasallamning huzurlarida yozilgan nusxasini ishonchli hujjat-dalillar asosida jamlash edi. Bu ehtiyot chorasi uchun qilingan ish edi.

Ha, Umar roziyallohu anhu Qur’oni Karimni yod olgan va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozgan shaxslardan biridirlar. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu ham mashhur qorilardan hamda Qur’onning kotiblaridan edilar. Jabroil alayhissallomga Nabiy sollallohu alayhi vasallam oxirgi marta Qur’onni xatm qilib berganlarida, Zayd roziyallohu anhu u zotning yonlarida edilar. Shunday bo‘lsa ham, ana shu ikki sahobaga «Yozishni bilasizlar, Qur’onni yodlagansizlar. Ikkingiz o‘tirib, mus'hafni yozinglar», deyilmadi. Balki bu ish barchaning ishtirokida, ko‘z o‘ngida, guvohlar va dalillarni keltirish asosida amalga oshirildi. Ko‘rib o‘tganimizdek, guvohlar ham o‘ziga xos shartlarga javob berishi lozim bo‘lgan. Har bir guvoh Qur’onni yodlaganiga, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan eshitganiga yana ikkita guvohni keltirishi shart bo‘lgan. Oyatlarni yozgan sahobalar ham ularning u zotning huzurlarida yozilganiga ikki guvoh keltirishi shart qilib qo‘yilgan. Bu ilmiy tadqiqot 1400 yil avval amalga oshirilganini hisobga oladigan bo‘lsak, insoniyat tarixida bu qadar buyuk ish bo‘lmagan, desak, haqqimiz bor.

Yozilgan sahifalar belidan bog‘lanib, xalifaning qarorgohiga qo‘yildi, xolos. Ularni hech kim o‘qimadi ham, qaytadan yozmadi ham yoki boshqa biror ish ham qilinmadi. Avvalgidek, Qur’oni Karimni muhofaza qilishda yodlashga e’timod qilib qolinaverdi.

 

KЕYINGI MAVZU:

Qur’oni Karimning hazrati Usmon davrlarida jamlanishi

 

[1]Al-Itqon 1/100.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom instituti ochiladi

27.01.2025   500   1 min.
“Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom instituti ochiladi

Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, Bosh muftiy Navruzbay hoji Tag‘anuli 2025 yilgi vazifalarga doir ma’ruzasida ma’lum qildi, deya xabar beradi muftyat.kz.

“Imomlarning bilim va malakasini oshirish – zamon talabidir. Bu yo‘nalishdagi ish doimiy nazoratda. Imomlarga chuqur diniy bilim berish maqsadida Ostona shahrida Xusamuddin as-Sig‘oniy nomidagi Islom institutini ochdik va unga xorijdan tajribali ustozlar hamda olimlarni taklif qildik.

     Bu yil Allohning izni bilan institutning birinchi bitiruvchilariga diplomlar topshiramiz va ularni mas’uliyatli diniy lavozimlarga tayinlaymiz. Ushbu xayrli ishlar davomi sifatida Allohning irodasi bilan bu yil Turkiston shahrida “Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom institutini ochish taraddudidamiz. Uning asosiy maqsadi janubiy hududdagi imomlarning malakasini oshirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, mazkur o‘quv muassasasi huzurida “Ijoza” berish markazi ham tashkil etiladi. Bu janubiy hudud imomlarining bilim darajasini oshirishga yangi turtki beradi», – dedi Bosh muftiy.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari