Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Fevral, 2025   |   9 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:07
Quyosh
07:27
Peshin
12:42
Asr
16:06
Shom
17:51
Xufton
19:06
Bismillah
08 Fevral, 2025, 9 Sha`bon, 1446

Nurul izoh: HAYIT NAMOZLARI HUKMI VA SHARTLARI TASHRIQ TAKBIRI QUYOSH VA OY TUTILGANDA O‘QILADIGAN NAMOZ YOMG‘IR SO‘RASH VA XAVF (QO‘RQUV) NAMOZI

14.04.2020   4487   17 min.
Nurul izoh: HAYIT NAMOZLARI HUKMI VA SHARTLARI TASHRIQ TAKBIRI QUYOSH VA OY TUTILGANDA O‘QILADIGAN NAMOZ YOMG‘IR SO‘RASH VA XAVF (QO‘RQUV) NAMOZI

 

*** Hayit namozlari hukmi va shartlari ***

Hayit namozlari juma namozi farz bo‘lgan kishilarga vojibdir. Faqat xutba hayit namozlarida sunnatdir.

Xutbani hayit namozidan avval o‘qish yoki xutba o‘qimasdan hayit namozini o‘qish karoxat bilan joizdir.

 

*** Ramazon hayitining mustahablari ***

Ramazon hayitida quyidagi o‘n uch narsa mustahabdir:

  1. Masjidga ketmasdan avval toq bo‘lish sharti bilan, xurmo yoki biror shirinlik yeyish.
  2. G‘usl qilish.
  3. Tishlarni misvok (yoki tish cho‘tkasi) bilan tozalash.
  4. Xushbo‘ylanish.
  5. Eng chiroyli kiyimlarni kiyish.
  6. O‘ziga vojib bo‘lsa, hayit namozidan avval fitr sadaqasini berish.
  7. Uchragan har bir insonga tabassum bilan xushmuomalada bo‘lish.
  8. Iloji boricha ko‘proq sadaqa berish.
  9. Ertalab barvaq turish.
  10. Hayit namozi o‘qiladigan masjidga ertaroq va ildam qadamlar bilan borish.
  11. Bomdod namozini uyiga yaqin bir masjidda o‘qish.
  12. Bundan so‘ng piyoda, hayit namozi o‘qiladigan masjidga borish.
  13. Iloji bo‘lsa, boshqa bir yo‘ldan uyiga qaytish.

Hayit namozidan avval masjidda, uyda va namozdan so‘ng esa masjidda nafl namoz o‘qish makruhdir.

 

*** Hayit namozining vaqti ***

Hayit namozining vaqti, quyoshning bir yoki ikki nayza bo‘yi (uch yo to‘rt metr) ko‘tarilishidan boshlab to zavoligacha bo‘lgan vaqtdir.

 

*** Hayit namozlarini o‘qish tartibi ***

Hayit namoziga niyat qilib, takbiri tahrima aytiladi. So‘ngra qo‘llar bog‘lanib sano o‘qilgach, uch marta takbir aytiladi va har birida qo‘llar ko‘tariladi, birinchi va ikkinchi takbirlarda qo‘lni pastga qo‘yib yuborib, uchinchisidan so‘ng bog‘lanadi.

So‘ngra xufya «A’uzu» va «Bismillah»ni aytgach, jahran Fotiha va zam sura o‘qiydi va ruku qiladi. Hayit namozlarining dastlabki rakatida A’lo surasini o‘qish mandubdir, ikkinchi rakatni «Bismillah» bilan boshlab Fotiha va zam sura o‘qigach, birinchi rakatda bo‘lganidek, qo‘llarni ko‘tar­gan holda, uch marta ziyoda takbir aytiladi. Uchala takbirda ham qo‘llar ko‘tarilgach, yoniga qo‘yib yuboriladi va to‘rtinchisida rukuga boriladi. Namoz o‘qib bo‘lingach, xatib xutba o‘qiydi va unda fitr sadaqasining hukmini tushuntiradi. Hayit namozini imom bilan birga o‘qiy olmagan kishi (so‘ngra) qazosini o‘qimaydi. Hayit namozini o‘qish biror uzr tufayli, faqatgina ikkinchi kunga kechiktirilishi mumkin.

 

*** Qurbon haytining hukmi ***

Qurbon hayitining hukmlari aynan Ramazon hayitining hukmlari kabidir. Faqat (kishi shirinlik) yeyishni namozdan keyinga qoldiradi va (masjidga ketayotganida) yo‘lda takbirni baland ovoz bilan aytadi. Imom xutbada Qurbonlik hukmlarini va tashriq takbirini tushuntiradi. Namoz biror-bir uzr tufayli uch kungacha kechiktirilishi mumkin.

 

***Tashriq takbirining hukmi, muddati va kimlarga vojib bo‘lishi***

Tashriq so‘zining lug‘aviy ma’nosi «quyosh nurida go‘shtni quritish» deganidir. Arablarda hayitning birinchi, ikkinchi, uchinchi kunlari qurbonlik go‘shtlarini quritish odat bo‘lgani uchun bu kunlarga tashriq kunlari deb nom berilgan. Ba’zi olimlarga ko‘ra, bu so‘zning «jarangdor ovoz bilan takbir aytish» degan ma’nosi ham bor.

Arafa kuni bomdod namozidan boshlab, hayitning to‘rtinchi kuni asr namozigacha (asr namozi bilan birgalikda 23 vaqt) har farz namoz o‘qilganidan so‘ng, munfarid (yakka namoz o‘quvchi), jamoat, imom, muqim, musofir, shaharlik, qishloqlik, ayol va erkak har bir namozxonga tashriq takbirini aytish vojibdir. Butun Islom o‘lkalarida fatvo shunga ko‘radir.

 

*** Tashriq takbiri ***

Tashriq takbiri quyidagicha:

Allohu akbar, Allohu akbar, la ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd.

Izoh: Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, ara­fa kuni bomdod namozida jamoatga yuzlanib: «Shu kunlarda siz aytadigan va Payg‘ambar ham aytgan eng xayrli so‘zlar «Allohu akbar, Allohu akbar, la ilaha illallohu vallohu akbar, Allohu akbar va lillahil hamd» so‘zlaridir» deganlar.

Rivoyatga ko‘ra, tashriq takbirining tarixi shunday: Hazrat Ibrohim, alayhissalom, o‘g‘li Ismoilni, alayhissalom, Alloh uchun qurbon qilmoqchi bo‘lgan paytda birdan Jabroilning, alayhissalom, bir qo‘chqor bilan tushishlari Ibrohimni, alayhissalom, qo‘rqitadi. Jabroil, alayhissalom, yerga tushar ekan, «Allohu akbar» deydilar. O‘zini qo‘lga olgan Ibrohim, alayhissalom, esa «Allohu akbar va lillahil hamd», deb javob beradilar.

 

*** Quyosh tutilganida o‘qiladigan namoz ***

Quyosh tutilganida nafl namozga o‘xshash ikki rakat namoz o‘qish sunnatdir. Bu namoz azon va iqomatsiz, xutbasiz, maxfiy qiroat bilan, juma imomi, davlat boshlig‘ining vakili imomligida o‘qiladi. Har ikki rakatning ruku va sajdalarini uzunroq qilish sunnatdir. Namozdan so‘ng imom qiblaga qarab o‘tirib yoki jamoatga qarab tik turib, quyosh ochilguncha duo qiladi, jamoat omin deb turadi. Imom bo‘lmasa quyosh tutilganidagi namoz jamoatsiz o‘qiladi.

Izoh: Rivoyatga ko‘ra, Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, davrlarida bir kuni quyosh tutildi, u kishi xalqni to‘plab, ikki rakat namoz o‘qishdi. Bu namozda uzoq qiyomda turganidan so‘ng ruku qildilar, rukuda uzoq vaqt qoldilar, so‘ng sajda qildilar, uzoq muddatli bir sajdadan so‘ng ikkinchi rakatga turdilar, ikkinchi rakat hamm juta cho‘zildi va namoz tugadi, Quyosh ochildi.

Bu haqda Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Bu Allofning qullarini o‘z qudrati bilan qo‘rqitishi – ibrat olinadigan hodisadir. Quyosh tutilishini ko‘rsangiz, eng yaqin farz namozga o‘xshash namoz o‘qingizlar», deganlar.

 

*** Oy tutilganida o‘qiladigan namoz***

Kunduz paytidagi qorong‘u zulmat, shiddatli shamol yoki qattiq qo‘rquv (zilzila, og‘ir yuqumli kasallik va oy tutilishi) holatida har kim yakka holda ikki rakat nafl namoz o‘qiydi.

Quyosh va oy tutilganida ikki rakat nafl namoz o‘qish sunnatdir. Bu esa musulmonlarning bu hodisalardan daxshatga tushib, qo‘rqishlaridan dalolat bermaydi. Quyosh va oy Allohning buyuk ne’matlaridandir. Biri kunduz, biri kechani oydinlatadi. Bu ne’matlarning foydalarini olimlar hali to‘liq o‘rganmaganlar. Go‘yo ular yo‘q bo‘lgandek tuyuladigan tutilish asnosida bu ne’matlarning Yaratuvchisiga shukr qilish, namoz o‘qish lozimdir.

 

*** Yomg‘ir so‘rash duosi ***

Istisqo Alloh taolodan istig‘for tilab, maxsus holda yomg‘ir yog‘dirishini so‘rashdir. Istisqoda namoz jamoat bilan o‘qilmaydi. Ketma-ket uch kun eski, toza, hatto solingan kiyimlarni kiyib, bo‘yni egik, tavoze’ va xushu’ bilan, yayov xolda cho‘lga (saxroga) shahar va qishloq tashqarisiga chiqish, chiqishdan oldin har kun sadaqa berish mustahabdir. Bolalar va keksa kishilarni, bolali hayvonlarni ham olib chiqish mustahabdir.

Izoh: Chunki ular rahmatning tushishiga (yomg‘ir yog‘ishiga) sababchi bo‘ladilar. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Sizning orangizdagi zaiflar, muhtojlar kundalik rizqingizni ta’minlayaptilar va (ular tufayli) mushkul shilaringizda kerakli yordamni olmoqdasiz», dedilar. Boshqa bir hadicda esa: «Allohdan qo‘rquvchi yoshlar, o‘tlovchi hayvonlar, beli bukik qariyalar, ona sutidan ajramagan begunah, go‘daklar bo‘lmasa edi, ustingizga samodan balolar yog‘ardi», deganlar.

Makkai Mukarrama va Quddus xalqi istisqo uchun shahar tashqarisida emas Masjidul Harom va Masjidul Aqsoda to‘planadilar, Payg‘ambarimizning, sollallohu alayhi va sallam, shaharlari Madinada xalq Qubo masjidiga yig‘iladi.

Qiblaga qarab, imom tik turgan holatda qo‘lini ko‘tarib duo qiladi. Jamoat qiblaga qarab o‘tirgan joyida «Omin» deydi va ushbu duo o‘qiladi:

Allohumma asqina roysan mug‘isan xanian marian, g‘odaqon ajilan g‘oyro roisin mujillilan sohhan tabakan daiman.

Ma’nosi: Allohim! Bizga bizni shiddatdan qutqaruvchi, zohiriy va botiniy foydali, mo‘l, barakali har yonni o‘z ichiga olgan, hap yonga oqadigan, hap yonni ho‘l qiladigan davomiy yomg‘irni bergin.

Bu va bunga o‘xshash duolar maxfiy yoki jahriy o‘qiladi. Istisqoda kiyim teskari qilinmaydi. Duoda zimmiy (musulmon blmagan) kishi ishtirok etmaydi.

Hazrati Oyishadan rivoyat qilinishiga ko‘ra, bir kuni xalq Payg‘ambarimizga, sollallohu alayhi va sallam, yomg‘ir yog‘mayotganidan shikoyat qildi. Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, maydonda minbar qurishni buyurdilar va butun xalqning to‘planishi uchun bir kunni tayinladilar. Tayinlangan kun quyosh chiqib-chiqmay o‘rnatilgan minbarga Payg‘ambarimiz, sollallohu alayhi va sallam, chiqib o‘rnashib, takbir va Allohga hamdu sano aytgach, xalqqa yuzlanib:

«Ey xalq, siz menga kelib, yerlaringizda qurg‘oqchilik bo‘lgani, vaqtida yomg‘ir yog‘mayotganidan shikoyat qildingiz. Allohim sizga duo qilishingizni buyurdi, istagingizni bajarajagini va’da qildi» dedilar. So‘ng: «Hamd olamlarning Parvardigoriga xosdir. U saqlovchi va kechiruvchidir, hisob-kitob kunining Egasidir. Undan bo‘lak iloh yo‘qdir va u xohlaganini qilguvchidir. Allohim sen boysan, biz esa senga muhtoj faqirlarmiz, bizga yomg‘ir ber va uni bizga xayrli ayla» deb duo qildilar. Keyin qo‘llarini osmonga ko‘tardilar (ko‘ltiqlari ko‘rindi) ustlaridagi kiyimni teskari kiyib, xalqqa yuzlandilar, minbarda uzoq muddat bu vaziyatda turib, keyin pastga tushib, ikki rakat nafl namoz o‘qidilar. Namozdan keyin sharros yomg‘ir yog‘maguncha masjidga qaytmadilar. Kuchli yomg‘ir boshlangach, xalq pana joy axtarib, tarqalishganida, old tishlari ko‘rinadigan holda kuldilar va «Guvohlik beramanki, Alloh har ishga qodirdir va yana guvohlik beramanki, men uning quli (bandasi) va elchisidirman», dedilar.

Zimmiylarni (musulmon bo‘lmasalar-da, islomiy o‘lkada jizya va xiroj to‘plab yashovchilar) duoga chiqarmaslik sababi, agar duodan so‘ng yomir yog‘sa, avom xalq ularning duolari ham qabul bo‘lib, yomg‘ir yog‘di, ularning dini ham haq ekan, deb o‘ylab, imonlari susayishidan saqlanishidir.

 

*** Xavf (qo‘rquv) namozi ***

Hukmi va sababi

Xavf namozini faqat dushman va yirtqich hayvon oldida yoki suv toshqini va yonishdan qo‘rqish holatida o‘qish joizdir.

Butun jamoat bir imomga ergashishni xohlasalar, imom jamoatni ikkiga bo‘ladi.

Bir guruhni dushman qarshisida qoldiradi, boshqa guruh bilan namoz o‘qishni boshlaydi. O‘qiladigan farz na­moz ikki rakatli bo‘lsa bir, to‘rt (yoki uch) rakatli bo‘lsa, ikki rakat o‘qiganidan so‘ng, birinchi jamoat dushman oldiga boradi. Ularning o‘rniga ikkinchi guruh kelib, imomga ergashadi. Imom namozning qolgan qismini o‘qib, o‘zi salom beradi. Ikkinchi guruh, dushman oldiga qaytgach, birinchi guruh o‘rinlariga qaytib, Qur’on o‘qimasdan namozlarini tugatadilar, salom berib dushman oldiga qaytadilar. Ikkinchi jamoat ham namozning qolgan qismin joylariga qaytib yoki dushman qarshisida, xoliroq joyda o‘qib tugatadi.

Izoh: Namozlarining ikkinchi qismini yolg‘iz o‘qiydigan paytda birinchi guruh lohiq, ikkinchisi masbuq edi, shuning uchun birinchi guruh namozning ikkinchi qismida Qur’on (qiroam qilmaydi) o‘qimaydi, ikkinchisi o‘qiydi. Ma’lumki, masbuq namozning boshida imomga yetisholmagan kishidir. Bu kishi imomning salomidan so‘ng namozning yetisholmagan qismini o‘zi qiroat bilan o‘qib tugatadi. U holda, hukmga ko‘ra, masbuq holatida bo‘lgan ikkinchi jamoat namozning imom bilan qilmagan qismini qiroat qilib tamomlaydi. Lohiq esa namozni imomga ergashib boshlagan bo‘lsa ham, qandaydir sabab bilan namozning boshqa qismini imom bilan o‘qimagan kishidir. Bu kishi imomning salomidan keyin, namozning o‘qilmagan qismini qiroatsiz tugatadi. Birinchi guruh namoz­ning birinchi qismini o‘qib, dushman oldiga qaytganiga ko‘ra, namozning ikkinchi qismini o‘qish chog‘ida lohiq hukmida bo‘la di. Shuning uchun qiroat qilmaydi.

  1. Kuchli qo‘rquv chog‘ida hamma ot-ulov yoki shunga o‘xshash vosita ustida kuchi yetgan tomonga qarab, namozni imo-ishora bilan yakka-yakka o‘qiydi.
  2. Xavf namozi dushman bilan yuzlashib turilganida joizdir.
  3. Namoz asnosida qurollarning yonda bo‘lishi mustahabdir.
  4. Jamoat bir imomning orqasida namoz o‘qishni talab qilmasalar, har bir guruh, xavf-xatarsiz holatdagidek, o‘z imomlari bilan o‘qishlari afzaldir.

 

Takrorlash uchun savollar

Quyidagi savollarga o‘ylab, javob bering:

  1. Vitr namozining hukmi nima? Necha rakatdan iborat va qanday o‘qiladi? Qunut duosining ma’nosi qanday? Qunut duosi qachon o‘qiladi? Kalimalari qanday? Bomdod namozida qunut duosini o‘qiydigan (Shofe’iy mazhabidagi) imomga iqtido qilgach Hanafiy mazhabidagi kishi qanday harakat qiladi? Vitr namozi qachon jamoat bilan o‘qiladi?
  2. Sunnati muakkadalarni sanab bering. Ikki rakatdan ortiq nafl namoz o‘qib, namoz so‘ngiga qadar tashahhudda o‘tirmagan kishining hukmi nima?
  3. Tahiyatul masjid, xojat va tungi namozlarning hukmini aytib, ibodat bilan o‘tkazish mandub bo‘lgan kechalarni sanab bering.
  4. O‘tirgan holda, ot yoki shahar tashqarisida biror vositaga mingan, biror narsaga suyangan holda o‘qilgan nafl namozlarning hukmipi aytib bering.
  5. Miniladigan hayvon ustida o‘qilgan farz va nafl namozlarning hukmi qanday? Miniladigan hayvon (tuya) o‘rkachi ustida o‘qilgan namozlarni tafsilotlari bilan tushuntiring.
  6. Kemada namoz o‘qishning hukmini tafsilotlari bi­lan tushuntiring.
  7. Taroveh namozining hukmini, vaqtini va necha rakatligini aytib bering.
  8. Ka’baning ichida, ustida va atrofida o‘qilgan namozning hukmini aytib bering.
  9. Ibodat hukmlarining o‘zgarishiga sabab bo‘ladigan eng qisqa safar muddati qancha? Qaysi namozlar qisqartiladi? Safar niyatining sahih. bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan shartlarni izohlab, namozni qisqartirishning hukmiy (safar) muddatini va namozni qisqartirmay, to‘liq o‘qigan musofirning hukmi qanday bo‘lishini bayon qiling.
  10. Musofirning muqimga va muqimning musofirga (namozda) iqtido qilishining hukmini, safar mobaynida qazo bo‘lgan namozlar safar tamom bo‘lgach; muqimlikda qazo qilingan namozlar safar asnosida qanday o‘qilishini aytib bering.
  • Vatan haqidagi hukmlarni bayon qiling. Vatani iqomat nima bilan bekor bo‘ladi?
  1. Bemorning namozlarini tafsilotlari bilan tushun­tiring. Bemor qachon namozni kechiktiradi? Qachon undan namoz soqit bo‘ladi? Qazo qoldirgan namozlarini vasiyat qilishi qachon joiz, qachon joiz emas?
  2. Qazo qolgan namozlar qanday tartibda o‘qiladi? Bunday tartib bilan o‘qish majburiyati nima bilan soqit bo‘ladi? Kishi farz namozini o‘qiyotganida qazo qolgan namozi esiga tushsa, nima qiladi?
  3. Kishi yolg‘iz o‘zi namozni boshlagach, qanday holatda namozini buzib, jamoatga qo‘shiladi? Qanday holatda o‘zi o‘qib tugatadi?
  4. Qaysi sunnat namozlarning qazosini qachon o‘qish joiz? Qachon farzlardan avval nafl namoz o‘qish mumkin? Qanday holatlarda azon aytilgan masjiddan chiqib ketish joizligini bayon qiling.
  5. Sahv sajdasining hukmi qanday va sabablari nima? Qasddan qilingan xatolarning qaysilarida sahv sajdasi qilinadi? Sahv sajdasining vaqtini, qachon soqit bo‘lishini va imom sahv sajdasi qilmaydigan namozlarni aytib bering.
  6. Birinchi yoki ikkinchi tashahhudda «Attahiyyotu» o‘qiyottanida adashib ketgan yoki namozda shubhaga tushgan kishining hukmini bayon qiling.
  7. Tilovat sajdasining hukmini, sababini, vaqtini va sajda oyatlarining sonini tafsilotlari bilan tushuntiring. Sajda qilishi lozim bo‘lgan va lozim bo‘lmagan kishini, sajda oyati takror-takror o‘qilganida tilovat saj­dasi qachon ado bo‘lishini izohlab bering. Tilovat saj­dasining sahih bo‘lish shartlarini, shaklini hamda shukr sajdasining hukmi va shaklini tushuntirib bering.
  8. Juma namozining hukmini, farz va sahih bo‘lish shartlarini aytib bering. So‘ngra shaharda, Minoda qachon juma namozi o‘qish joiz bo‘lishini, hamda xutbada (Alloh taologa) hamd aytish (kabi narsalar) bilan kifoyalanish hukmlarini bayon qilib bering. Xutbaning sunnatlaridan o‘ntasini sanab bering.
  9. Hayit namozlarining hukmini, shartlarini, vaqti va ado etish tartibini tushuntiring. Qurbon va Ramazon hayiti namozlari hukmlari orasidagi farqni izohlang. Tashriq takbirining hukmini, vaqtini va kimlarga lo­zim ekanini bayon qiling.
  10. Kusuf (quyosh tutilishi) namozining hukmini, shaklini, istisqo (yomg‘ir duosi) namozining hukmini hamda buning uchun nimalar mustahab ekanini tushuntirib bering.
  11. Xavf namozining hukmini, sababini aytib, bu namozni bir imomga iqtido qilib o‘qimoqchi bo‘lganlarida yoki alohida-alohida imomlar orqasida o‘qishga kelishib olganlarida namoz qanday ado qilinishini, xavf juda kuchli bo‘lganida qanday o‘qilishini tushuntirib bering.

 

KЕYINGI MAVZULAR:

RO‘ZA KITOBI:

Ramazon ro‘zasi farz bo‘lish sababi;

Hukmi va farz bo‘lishining shartlari;

Ro‘za tutishning vojib bo‘lish shartlari;

Ro‘za tutishning durust bo‘lish shartlari uchta;

Rukni;

Ro‘za tutish natijasi;

Ro‘zaning sifati va qismlari;

Ramazon oyining ko‘rinishi va shubhali kun Ramazon qanday sobit bo‘ladi?

Oyni ko‘rish;

Oy (hilol);

Ro‘zani buzmaydigan narsalar;

Ro‘zani buzib, qazo va kafforatga sabab bo‘ladigan holatlar;

Kafforatni bekor qiluvchi holatlar;

Ro‘za kafforati;

Kafforatlarning birlashuvi;

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Farosat sohiblari saodatlidir

7.02.2025   2575   5 min.
Farosat sohiblari saodatlidir

Kishining ma’rifati yuksalgani sari undagi farosat nuri ham kuchayib boraveradi. Farosat – kishida tez va to‘g‘ri fahmlay olish qobiliyati, zakovat, diddir.


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: Mo‘minning farosatidan qo‘rqinglar. Chunki u Allohning nuri ila qaraydi”, deya marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).


Ulamolarimiz ushbu hadisni sharhlab: “Mo‘minning farosatidan qo‘rqing” ya’ni ma’siyatlarning oshkorasidan ham, maxfiysidan ham saqlaninglar. Ehtimol, mo‘min kishi qilayotgan gunohlaringizni basirat ko‘zi ila ko‘rib turar, natijada uning oldida izza bo‘lasizlar. Chunki komil mo‘min sizlar yashirayotgan narsaga Alloh taolo ato etgan qalb ko‘zi bilan nazar soladi va haqiqatni his etadi”, deyishgan.


“Tuhfatul oliy” kitobida farosat uch xil – iymoniy, riyoziy va xalqiy bo‘lishi ta’kidlangan.


Iymoniy farosat – banda qalbiga Alloh taolo solgan nuridir. Ushbu farosat iymon quvvatiga ko‘ra turlicha bo‘lib, iymon qanchalik kuchli bo‘lsa, farosat ham shuncha o‘tkir bo‘ladi. Ulamolar bunga misol qilib, Usmon roziyallohu anhuning hayotida sodir bo‘lgan voqeani keltiradilar.


Bir kishi hazrat Usmon roziyallohu anhuning huzuriga kelayotib, yo‘lda bir nomahram ayolga qarab qo‘ydi. Hazrat Usmon:

– Biringiz ko‘zlaridagi gunoh asorati bilan kirib kelmoqda, – dedi. Haligi kishi hayrat-la:

– Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan keyin ham vahiy bormi?! – deya g‘alati ahvolga tushib qoldi. Usmon roziyallohu anhu:

– Yo‘q, lekin sodiq farosat bor, – dedilar.


Riyoziy farosat – to‘yib taom yemaslik, bedorlik va aqliy mashg‘ulotlar bilan ko‘p shug‘ullanish orqali hosil bo‘lib, narsalarning haqiqatini anglash to‘g‘risidagi ma’lum bir tushuncha yuzaga keladi. Ushbu farosat faqat mo‘min kishiga xos emas, balki mazkur riyozatlarni chekkan boshqa insonlarda ham bo‘lishi mumkin. Chunki bu farosat iymonga ham, valiylikka ham dalolat qilmaydi. Shuningdek, faqat xaqiqatni ham, to‘g‘ri yo‘lni ham ko‘rsatib bermaydi.


Xalqiy farosat – Alloh taoloning hikmati taqozo qilgan narsalardan xulosa chiqarish iste’dodi.


Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari shogirdlariga dars berib turganida majlisga bir yigit kirib keladi-da, iltifotsizlik bilan: Mo‘minning farosatidan qo‘rqing. Chunki u Allohning nuri bilan qaraydi”, degan hadisning mazmunini so‘raydi. Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari unga: “Bu hadisning ma’nosi shuki, bo‘yningdagi xochni yechgaysan”, deydi. U xochi borligini inkor qildi. Shunda ustozning ishorasi bilan shogirdlar uning to‘nini yechishganda, xochi ko‘rinib qoladi va siri fosh bo‘ladi. U mazkur hadisning isbotini ko‘rgani bois iymonga kelib, Islomni qabul qiladi.


Imom Shofe’iy va Imom Muhammad ibn Hasan rahimahumalloh Masjidi Haramda o‘tirishsa, bir notanish kishi masjidga kirib keldi. Shunda Imom Muhammad uning yurishi va o‘zini tutishiga qarab: “Bu odam duradgor bo‘lsa kerak”, dedi. Imom Shofe’iy esa: “Menimcha, bu odam temirchi-yov”, dedi. Shunda o‘sha odamni o‘zidan so‘ralgan edi: “Men avval temirchi edim, ayni paytda duradgorlik qilmoqdaman”, deb javob beradi (“Risolatul Qushayriya”). Ya’ni, har ikki olim ham farosatlarining o‘tkirligidan notanish kishining kasbini aniq topa olishgan.


Shuningdek, ulug‘larning maqomi va ehtiromini o‘z o‘rniga qo‘ya olish ham kishining farosatidan sanaladi. Masalan, bir kishi Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhudan: “Siz kattamisiz yoki Rasulullohmi?” deb so‘radi. Shunda u zot: “U zot mendan kattalar, lekin men u zotdan avvalroq tug‘ilganman”, – deb javob bergan.


Kishi suhbatdoshiga malol kelmaydigan tarzda ta’lim berishi ham farosatdir. Masalan, bir kishi Abdulloh ibn Muborak rahimahullohning oldida aksa urdi va sunnatga muvofiq hamd aytmadi. Shunda Abdulloh ibn Muborak odob bilan o‘sha odamdan savol so‘rovchi talabadek: “Taqsir, kishi aksa urganda sunnatga ko‘ra nima deydi?” deb so‘radi. Haligi odam: “Alhamdulillah”, dedi. Shunda u zot: “Yarhamukalloh” deya javob qaytardi.


Farosatni ziyoda qilish uchun har ishda dinimizga amal qilish zarur. Ibn Shujo’ Kirmoniy rahimahulloh bunday deydi: “Kim zohirini sunnatga ergashish bilan, botinini Allohning muroqabasi (nazoratini yodda saqlashi) bilan obod qilsa, ko‘zini haromdan to‘ssa, nafsini ortiqcha istaklaridan tiysa, halol luqmaga odatlansa, farosati o‘tkirlashadi” (“Hilyatul avliyo”).


Bugungi kunda farzandlarimizning ta’lim-tarbiyasiga, ularning yuksak farosat sohiblari bo‘lib kamol topishlariga har qachongidan ko‘ra ko‘proq e’tibor qaratishimiz darkor. Buning uchun, avvalo, o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham kitob mutolaasiga odatlanishimiz, ilm-ma’rifat egallash harakatida bo‘lishimiz lozim. Zero, Imom Abu Homid G‘azzoliy: “Ilmning ko‘payishi, ma’rifatning kengayishi – tafakkur mevasidir”, degan.

G‘ulomiddin XOLBOYEV,

O‘zMI Fatvo markazi direktor o‘rinbosari

Maqolalar