Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Yanvar, 2025   |   27 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:17
Quyosh
07:39
Peshin
12:41
Asr
15:52
Shom
17:36
Xufton
18:52
Bismillah
27 Yanvar, 2025, 27 Rajab, 1446

Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIMNING RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM DAVRLARIDA QALBLARDA VA SAHIFALARDA JAMLANISHI

10.04.2020   4146   25 min.
Qur’on ilmlari: QUR’ONI KARIMNING RASULULLOH SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM DAVRLARIDA  QALBLARDA VA SAHIFALARDA JAMLANISHI

 

QUR’ONI KARIMNING JAMLANISHI

Ulumi Qur’on va unga bog‘liq mavzularda «Qur’oni Karimning jamlanishi» deganda ikki ma’no ifoda qilinadi.

Birinchi ma’no – Qur’oni Karimning yod olinishi – qalblarda jamlanishi.

Shuning uchun ham arab tilida Qur’on hofizlari – yodlovchilari degan birikma o‘rniga «Jumma’ul-Qur’an» – «Qur’onni jamlovchilar» degan birikma ham ishlatiladi. Bu ma’no ba’zi rivoyatlarda ham kelgan.

Ummu Varaqa bint Abdulloh ibn Horisdan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni ziyorat qilar va «shahida» deb atar edilar. U Qur’onni jamlagan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Badr g‘azotiga chiqqanlarida: «Menga izn berasizmi, siz bilan chiqib, yaradorlaringizga qarasam, bemorlaringizni davolasam, ajab emas, Alloh taolo menga shahidlikni hadya qilsa», dedi. «Albatta, Alloh taolo senga shahidlikni hadya qiluvchidir», dedilar».

Bayhaqiy rivoyat qilgan.

Ushbu rivoyatdagi «Qur’onni jamlagan edi» degan jumla «Qur’onni to‘liq yod olgan edi», deganidir.

Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Qur’onni jamladim va uni har kecha o‘qidim. Bu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetdi va u zot:

«Men zamon cho‘zilib, malol olishingdan qurqaman, uni bir oyda o‘qigin», dedilar.

«Ey Allohning Rasuli! Meni tek qo‘ying, quvvatim va yoshligimdan bahra olib qolay», dedim.

«Uni yigirma kunda o‘qi», dedilar.

«Ey Allohning Rasuli! Meni tek qo‘ying, quvvatim va yoshligimdan bahra olib qolay», dedim.

«Uni o‘n kunda o‘qi», dedilar.

«Ey Allohning Rasuli! Meni tek qo‘ying, quvvatim va yoshligimdan bahra olib qolay», dedim.

«Uni yetti kunda o‘qi», dedilar. «Ey Allohning Rasuli! Meni tek qo‘ying, quvvatim va yoshligimdan bahra olib qolay», dedim. U zot ko‘nmadilar».

Ahmad rivoyat qilgan.

Bu rivoyatda Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhu Qur’oni Karimni to‘liq yod olganlari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga yetti kundan ozda xatm qilishga ruxsat bermaganlari haqida xabar bermoqdalar.

«Qur’oni Karimni jamlash» deganda yodlash ma’nosi nazarda tutilishi Qiyomat surasining quyidagi oyatlarida ham o‘z ifodasini topgan.

لَا تُحَرِّكۡ بِهِۦ لِسَانَكَ لِتَعۡجَلَ بِهِۦٓ١٦

«Shoshilib, u bilan tilingni qimirlatma» (16-oyat).

Ya’ni «Biz Qur’onni senga yetkazayotganimizda, unutib qo‘ymayin deb, qo‘shilib o‘qib turma».

إِنَّ عَلَيۡنَا جَمۡعَهُۥ وَقُرۡءَانَهُۥ١٧

«Albatta, u(Qur’on)ni jamlash va o‘qib berish Bizning zimmamizda» (17-oyat).

Ya’ni «Yodlatish va o‘qib berish».

Ikkinchi ma’no – Qur’oni Karimning yozuvda jamlanishi.

Qur’oni Karimning jamlanishining ikkinchi ma’nosi – uning barcha oyat va suralarining tarqoq holda yozilishi yoki faqat oyatlarning tartibli holda va har bir suraning alohida sahifaga yozilishi yoxud oyatlar va suralarning tartibli hol­da barcha suralarni o‘z ichiga olgan sahifalarga yozilishidir.

Avval ham «kitob» so‘zining lug‘atdagi ma’nosi harflarning bir-biriga qo‘shilib, jamlanishidan olinganini aytib o‘tgan edik. Demak, «kitobat», ya’ni «yozish»ning o‘zida jamlash ma’nosi bor. Qur’oni Karimning yozuvini jamlash esa turli narsalarga yozilgan oyatlarni tartibga solib, sahifalarda jamlashni ifoda qiladi.

Alloh taolo O‘zining oxirgi va mo‘jiz, ya’ni ojiz qoldiruvchi Kitobi – Qur’oni Karimning bandalari qalblarida yoddan jam bo‘lishini ham, sahifalarda jamlanishini ham iroda qilgan va yuzaga chiqargan.

Navbatdagi bobda ushbu mavzuni tarixi va bosqichlari bilan o‘rganib chiqishga harakat qilamiz.

 

QUR’ONI KARIMNING RASULULLOH

SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM DAVRLARIDA

QALBLARDA JAMLANISHI

«Qur’oni Karimni jamlash» iborasini uni yodlash va qalbning lavhiga o‘rnashishi ma’nosida tushunadigan bo‘lsak, darhaqiqat, Alloh taolo bu sharafni hammadan oldin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bergan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam hofizlarning sayyidi, qalblarida Qur’on jamlanganlarning avvali edilar. Ushbu sharafga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi tanlangan sahobalardan ham bir nechalari muyassar bo‘lganlar.

Ma’lumki, Muhammad sollallohu alayhi vasallam o‘qish-yozishni o‘rganmaganlar. Shuning uchun ham u zot Qur’on oyatlarini Jabroil alayhissalomdan eshitib, yodlab olar edilar. So‘ngra sahobai kiromlarga o‘zlariga qanday nozil bo‘lgan bo‘lsa, o‘shanday qilib yoddan o‘qib berar, ular esa ushbu oyati karimalarni darhol yodlab olar edilar. O‘sha paytda Qur’oni Karimni naql qilish asosan yodlash orqali bo‘lar edi.

Qur’oni Karimni qabul kilib olish va uni muhofaza etishdagi eng asosiy omil uni yodlash edi. Buning o‘ziga xos sabablari va hikmatlari bor edi.

  • Alloh taolo O‘zigagina ma’lum bo‘lgan hikmatga binoan Qur’oni Karimning yozma emas, yodlash orqali nozil bo‘lishini va tarqalishini iroda qildi. Jabroil alayhissalom Qur’oni Karimni Rasululloh sollallohu alay­hi vasallamga og‘zaki tarzda olib tushdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nozil bo‘lgan oyatlarni o‘zlari yodlab olib, ummatlariga ham yetkazib, yodlatdilar.
  1. Qur’oni Karim nozil bo‘lgan makon odamlarining o‘qish-yozishni bilmasliklari. Ularning Qur’oni Karimni yodlashdan boshqa imkonlari yo‘k edi.
  • Qur’oni Karim tushgan tabiiy muhitning kishilardagi yodlash qobiliyatining kuchli bo‘lishiga ta’siri borligi.
  • Qur’oni Karim tushgan muhit odamlarining – sahobalarning maishatparastlikdan uzoq bo‘lganligi, oz narsaga qanoat qilishlari va xayolni mashg‘ul qiluvchi turli narsalardan uzoqda bo‘lganliklari.

Ushbu va boshqa bir qancha omillar sababli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida sahobalardan ko‘plari Qur’oni Karimni to‘liq yod oldilar. Bu haqda hadislarda ba’zi ma’lumotlar ham kelgan.

Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Anas ibn Molikdan: «Nabiy sollallohu alayhi vasallamning davrlarida Qur’onni kim jam qilgan? deb so‘radim. «To‘rt kishi, hammalari ansorlardan: Ubay ibn Ka’b, Mu’oz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd», dedi».

Imom Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilishgan.

Qur’oni Karimga nisbatan aytilgan «jam qilish» iborasi, avval ham ta’kidlanganidek, Kalomullohni to‘liq yod olish va yozish ma’nolarini anglatadi.

Qatoda roziyallohu anhudan qilinayotgan rivoyatdagi Anas ibn Molik roziyallohu anhuning gaplaridan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida Qur’oni Karimni faqat to‘rt kishi jam qilganligi, ularning hammalari ansorlardan, ya’ni Ubay ibn Ka’b, Mu’oz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd roziyallohu anhum bo‘lganligi tushuniladi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafot qilganlarida, Qur’onni to‘rt kishidan boshqasi jam qilmagan edi. Abu Dardo, Mu’oz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit va Abu Zayd. Biz undan (Abu Zayddan) meros qilib olganmiz».

Buxoriy rivoyat qilgan.

Sirtdan qaraganda, bu rivoyat ham oldingisini ta’kidlab kelayotganga o‘xshaydi. Ammo diqqat bilan nazar solsak, Anas ibn Molik roziyallohu anhu ikkala rivoyatda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’oni Karimni to‘rt kishi jam qilganini aytgan bo‘lsalarda, ularning ismlariga kelganda, besh kishi, ya’ni Ubay ibn Ka’b, Mu’oz ibn Jabal, Zayd ibn Sobit, Abu Dardo va Abu Zayd roziyallohu anhum bo‘lib chiqadi. Uch kishi – Zayd ibn Sobit, Mu’oz ibn Jabal va Abu Zayd roziyallohu anhumning ismlari ikkala rivoyatda ham bor. Ubay ibn Ka’b va Abu Dardo roziyallohu anhumoning ismlari esa bittadan rivoyatda kelgan.

Ana shu haqiqatdan Anas ibn Molik roziyallohu anhu o‘z gaplarida adadni emas, boshqa ma’nolarni ko‘zlaganlari kelib chiqadi.

O‘sha ma’nolardan biri, mazkur kishilar Anas ibn Molik roziyallohu anhuning nazarlarida Nabiy sollallohu alay­hi vasallamdan Qur’oni Karimni eng yaxshi qabul qilib olgan odamlar ekanidir. Har bir xalqda biror narsani qattiq ta’kidlash ma’nosida shunga o‘xshash iboralar ishlatilishi oddiy haqiqatdir. Bizda ham biror olimdan ko‘prok narsani o‘rgangan kishining ta’rifida «Faloniy ustozning ilmini Falonchi olib qolgan-da», deyiladi. Bu esa o‘sha Falonchidan boshqa odam mazkur ustozda o‘qimagan, degani emas.

Anas ibn Molik roziyallohu anhuning mazkur gaplari alohida bir maqom uchun aytilgan bo‘lishi mumkin. Bu gapni imom Tabaroniyning rivoyatlari tasdiqlaydi:

«Ikki qabila – Avs va Xazraj faxr talashib qolishdi. Avs qabilasi a’zolari: «Bizdan to‘rt kishi: sababidan Rohmanning Arshi larzaga kelgan shaxs – Sa’d ibn Mu’oz, guvohligi ikki kishining guvohligiga tenglashtirilgan shaxs – Xuzayma ibn Sobit, maloikalar yuvgan shaxs – Hanzala ibn Abu Omir hamda arilar himoya qilgan shaxs – Osim ibn Sobit bor», deyishdi. Shunda Xazraj qabilasi:

«Bizdan Qur’onni jam qilgan to‘rt kishi bor», deyish­di va mazkur to‘rt kishining ismlarini aytishdi».

Agar imom Buxoriyning sahih to‘plamlaridagi rivoyatlarning zohirini oladigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi hofizlar adadi yettitadan oshmaydi. Ana o‘sha yettilikning barchasi ham sahih to‘plamdagi bitta rivoyatning o‘zida ketma-ket kelmagan. Lekin uchta rivoyatdagi takror kelgan ismlarni chiqarib tashlasak, ushbu yettita hofiz jam bo‘ladi.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, sharqshunos Rejis Blasher[1] bu haqda o‘zicha hukm qilib: «Nabaviy hadislarda Qur’onni biladigan hofizlar faqatgina yettita bo‘lgan», deydi.

Janob Blasherning bu «ilmiy» kashfiyoti unga o‘xshagan Qur’oni Karim dushmanlarining ko‘plab «ilmiy» kashfiyotlari silsilasining bir halkasi, xolos. Ul janoblar uzlarining bu kabi «ilmiy» bahslari va xulosalari bilan Quroni Karim haqida ko‘plab shubhalar zahrini tarqatadilar. Mutaxassis bo‘lmagan kishilarni shak va shubhaga soladilar.

Bu haqiqatni anglab yetishimiz uchun yana janob Blasherning gapiga murojaat qilaylik. «Nabaviy hadislarda Qur’onni biladigan hofizlar faqatgina yettita bo‘lgan», deydi u. Ammo yuqorida, «Qur’onining jamlanishi» bobida keltirilgan ikki hadisda nomlari zikr etilgan Ummu Varaqa va Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhumoga o‘xshash hofizlar borligini, Qur’oni Karimni jamlaganlar son-sanoqsiz ekanini «esidan chiqarib» qo‘yadi.

Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan Qur’oni Karimni to‘liq yodlab olgan kishilarning soni behisob ekani ulkan haqiqatdir.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hayotlik vaqtlarida Qur’oni Karimni to‘lik yod bilganlar qatorida to‘rt xalifani, katta sahobalarni, ba’zi onalarimizni va boshqa juda ko‘p shaxslarni sanash mumkin. Yana boshqa ko‘plab sahobalar borki, ularni nomma-nom sanab o‘tirishning hojati yo‘k.

Tasavvur qilish uchun aytadigan bo‘lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam da’vat uchun yuborganlarida, xiyonat tufayli «Ma’una qudug‘i» degan joyda qatl qilingan qorilarning soni yetmishta edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan ko‘p o‘tmay sodir bo‘l­gan Yamoma jangida shahid bo‘lgan sahobalarning ichida ham yetmishta murattab hori sahobalar bor edi.

Bu borada imom Movardiy shunday deydi:

«Ushbu to‘rtlikdan boshqa hech kim Qur’oni Karimni komil yod olmagan, deb chegaralash mumkin emas. Zero, saho­balar turli shaharlarga tarqab ketgan edilar».

Ularning barchasini o‘rganib chiqishning imkoniyati qiyin bo‘lgach, sahih to‘plamda kelgan yetti kishinigina qorilar deyish adolatdan bo‘ladimi?! Ushbu to‘rt kishidan boshqalar Qur’onni yod olishmagan ekan, deb faraz qilingan taqdirda ham, uning barcha juzlarini yuzlab, son-sanoqsiz kishilar yod olgani barchaga ma’lum edi.

Imom Abu Ubayd Qosim ibn Sallom o‘zining «Al-Qiroaat» nomli kitobining avvalida qori sahobalardan ko‘plab kishilarning ismlarini keltirgan.

Suyutiy «Al-Itqon»da ana shu Abu Ubaydga mansub bo‘l­gan «Qiroatlar» kitobida keltirilgan qorilardan ba’zilarining ismlarini keltiradi. Abu Ubayd muhojirlardan to‘rt xalifani, Talha va Sa’dni, Ibn Mas’ud va Huzayfani, Solim va Abu Hurayrani, Abdulloh ibn Soibni, mashhur Abdullohlarni (Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Amr ibn Oss, Abdulloh ibn Umar va Abdulloh ibn Zubayr), Oisha, Hafsa va Ummu Salamani, ansorlardan Uboda ibn Somit, Abu Halima kunyasi bilan kunyalangan Mu’ozni, Mujammi’ ibn Joriyani, Fuzola ibn Ubaydni, Maslama ibn Muxalladni sanab o‘tgan.

Qosim ibn Sallom sanab o‘tgan ushbu muhojir va ansorlar hamda mhminlarning onalari Allohning Kitobini qalblarida jamlagan bir toifa sahobalar, xolos. Ular Qur’oni Karimni Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan o‘tkazib olish baxtiga muyassar bo‘lganlar. Shunday qilib, ular u zotning dastlabki shogirdlariga aylandilar, bu shogirdlarning shayxi, ya’ni ustozi shaxsan Nabiy sollal­lohu alayhi vasallamning o‘zlari bo‘ldilar. Lekin Nabiy sollallohu alayhi vasallamning o‘zlaridan o‘tkazib olmagan qori sahobalarning, xususan, Qur’onni Nabiy sollal­lohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin yod olganlarning adadi behisobdir.

Hofiz Zahabiy «Tobaqotul-qurro» kitobining muqaddimasida ana shularni bayon qiladi:

«Albatta, Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan Qur’­oni Karimni o‘tkazib olgan sahobalarning adadlari ushbu bo‘lib, ularning sanadlari bizgacha yetib kelgan. Ammo sanadlari bizgacha yetib kelmagan qori sahobalarning sanog‘i nihoyatda ko‘pdir».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi Qur’onni yod oluvchilarning adadlari qanchaga yetishidan qat’i nazar, ularning Qur’onga bo‘lgan muhabbatlarini tasvirlashga so‘z ojizdir. Qur’on ularning qalblarini egallab olgan, xatto yagona tashvishlari Qur’on kiroati va uni tinglash bo‘lib qolgan edi.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, men kech kirganda ash’ariylar to‘pini Qur’on ovozlaridan bilaman. Men ularning kunduzi tushgan manzillarinn ko‘rmagan bo‘lsam ham, ularning tundagi Qur’on ovozlaridan manzillarini bilib olaman...» dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Buning ustiga, ular Qur’onni dars qilib o‘rganishar, farz va nafl namozlarida ertayu kech maxfiy va jahriy qiroat qilishardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu darsga imkon yaratib berar, ularni rag‘batlantirib, shijoatlarini qo‘zgatardilar. Shuningdek, u zot sollal­lohu alayhi vasallam sahobalardan Allohning Kitobini ko‘proq biladiganlarini birodarlariga o‘rgatishi uchun tanlab olar edilar.

Agar bir kishi hijrat qilib kelsa, Nabiy sollallohu alayhi vasallam unga Qur’onni o‘rgatishi uchun sahobalar­dan bir kishini tayin qilardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida Qur’on tilovatining shovqini eshitilib turar, hatto u zot sollallohu alayhi vasallam ovozlar aralashib ketmasligi uchun ularga pastrok ovozda tilovat qilishlarini buyurar edilar.

Sahobalardan mashhur Qur’on o‘rgatuvchilar yettita edi. Usmon ibn Affon, Aliy ibn Abu Tolib, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Mas’ud, Abu Dardo va Abu Muso Ash’ariy roziyallohu anhum.

Darhaqiqat, Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu sahobalardan Abu Hurayra, Ibn Abbos, Abdulloh ibn Soib kabi bir jamoatga Qur’on qiroatini o‘rgatgan, Ibn Abbos Qur’on qiroatini yana Zayd ibn Sobitdan ham o‘rgangan edi.

Ushbu sahobalardan ko‘plab tobe’inlar qiroat ilmini olganlar. Nabaviy asrda Qur’onni yodlash va dars qilish madrasasining ko‘rinishi shunday bo‘lar edi.

Ibn Jazariy quyidagilarni ta’kidlaydi: «Qur’on­ning naql qilinishi mus'haflar va kitoblardagi yozuvlarga emas, balki yodlab, qalblarga jo etish asosiga suyangan edi. Alloh taolo ushbu ummatga ato qilgan eng sharafli xususiyat ham shudir».

Bunga imom Muslim rivoyat qilgan ushbu hadis dalildir:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

«Albatta, Robbim menga: «Qurayshga (borib) ularni ogohlantir!» dedi. Men U Zotga: «Robbim! Unday bo‘lsa ular boshimni yorib, maydalab tashlashadi», dedim. Shunda U Zot: «Albatta, Men seni sinayman va sen bilan sinayman. Senga Kitob nozil qilaman. Uni suv yuvmaydi. Sen uni uxlagan va uyg‘ok holingda qiroat qilasan», dedi...»

Shundan tushuniladiki, albatta, Qur’on har handay holda ham yoddan qiroat qilinadi. Uni yod olgan kishining suv bilan yuvsa o‘chib ketadigan siyoh ila yozilgan sahifaga qarashga ehtiyoji yo‘kdir.

Shuning uchun xam Alloh taolo O‘zining oxirgi Kitobi bo‘lmish Qur’oni Karimning muhofazasi yodlashga asoslanishini iroda qilgan.

 

QUR’ONI KARIMNING RASULULLOH

SOLLALLOHU ALAYHI VASALLAM DAVRLARIDA SAHIFALARDA JAMLANISHI

Yuqorida ta’kidlanganidek, Qur’oni Karimning saqlanishi asosan uning qalblarga muhrlanishi bilan bo‘lgan. Shu bilan birga, Qur’oni Karim nozil bo‘lgan birinchi vaqtlardan boshlab, uni yozib borish ham yo‘lga qo‘yilgan edi.

O‘sha vaktda o‘qish-yozishni biladigan odamlar juda ham kam bo‘lib, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida yozishni biladigan odamlar, jumladan, Abu Bakr, Umar, Usmon, Aliy, Zayd ibn Sobit, Ubay ibn Ka’b, Abon ibn Sa’id, Xolid ibn Valid, Sobit ibn Qays, Muoviya ibn Abu Sufyon kabi kishilar o‘zlariga muyassar bo‘lgan xurmo daraxtining po‘stlog‘i, yapaloq toshlar, katta suyaklar, teri, qog‘oz va shunga o‘xshash narsalarga Qur’onni yozib borganlar.

Hokim uzining «Mustadrak» kitobida ikki shayxning shartiga muvofiq sanad bilan Zayd ibn Sobitdan quyidagi rivoyatni keltiradi:

«Zayd ibn Sobit: «Rasululloh sollallohu alayhi vasal­lamning huzurlarida Qur’onni ruq’alarga yozar edik», dedi».

Hadisdagi «ruq’a» kalimasi teri yoki kg‘oz parchasini anglatadi. Bu esa o‘z navbatida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlaridagi vahiy kotiblari uchun yozish qulay bo‘lgan asboblarning ba’zi turlarini bildiradi. Ular oyatlarni yassi toshlarga, xurmo daraxtining po‘stloqlariga, tuya yoki qo‘yning kurak suyaklariga, tuyaning beliga qo‘yiladigan egarga o‘xshash narsalarga va teri parchalariga yozishar edi.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ularga yangi no­zil bo‘lgan oyat qaysi suradan ekanini va qayerda turishi lozimligini ko‘rsatib berar edil ar.

Shunday qilib, Qur’on yigirma uch yil davomida farishta orqali to‘liq nozil bo‘lgan, Payg‘ambarimiz va sahobalar yodlab ham bo‘lganlar hamda yozishni biladiganlar yozib ham bo‘lishgan.

Ulamolarning aksari «Rasululloh sollallohu alayxi vasallamning davrlarida Qur’oni Karimni jamlashda, uni yozishda uning «yetti harf»ni o‘z ichiga olishi mulohaza qilingan», deyishadi. Qur’oni Karim ushbu «yetti harf»da nozil qilingan va yozilgan. Biz bu mavzuni o‘z o‘rnida batafsilroq o‘rganamiz.

Har bir yozilgan oyat Rasululloh sollallohu alayhi va­sallamning uylariga qo‘yilar edi. Kotiblar o‘zlari uchun ham bir nusxa ko‘chirib olishardi. Kotiblarning ushbu nusxalari, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning uylaridagi sahifalar va shu bilan birga, ummiy va ummiy bo‘lmagan sahobalarning yodlashlari Qur’oni Karimning muhofazasiga, saqlanib qolishiga yetarlicha xizmat qildi. Bu esa Alloh taoloning Hijr surasidagi quyidagi oyatining isboti edi:

إِنَّا نَحۡنُ نَزَّلۡنَا ٱلذِّكۡرَ وَإِنَّا لَهُۥ لَحَٰفِظُونَ٩

«Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va albatta, unga Biz muhofazachimiz» (9-oyat).

Islom da’vati o‘z boshidan eng og‘ir kunlarni kechirayotgan bir paytda, ya’ni mushriklar Muhammad sollallohu alayhi vasallam boshliq oz sonli musulmonlarni butunlay yo‘qotishga, Qur’onning nomini ham qoldirmaslikka qasd qilib qolishgan bir paytda nozil bo‘lgan bu oyati karima haqiqiy ilohiy mo‘jizadir. Agar mazkur Kitob haqiqiy ilohiy mo‘jiza bo‘lmaganida, shunday qiyin paytda bu gaplarni ishonch va ta’kid bilan aytmas edi. Bu bir mo‘jiza bo‘lsa, oyatdagi va’daning yuzaga chiqishi ming mo‘jizadir. Qur’on nozil bo‘la boshlaganidan hozirgi kunga qadar uni yo‘q qilib yuborish, unga zarar yetkazish va o‘zgartirish kiritish uchun qanchadan-qancha urinishlar bo‘ldi. Ammo Alloh taolo va’dasining ustidan chiqdi. O‘z Kitobini muhofaza qilib qoldi. Bu Kitobning biror harfi ham o‘zgargani yo‘q. Dunyodagi hamma kitoblarga, hatto samoviy kitoblar bo‘l- mish Tavrot va Injilga ham o‘zgartirish kiritildi. Ammo Qur’oni Karim sofligicha qoldi.

Yuqorida zikr qilingan Qur’oni Karimni yozish ishlarini rasmiy yozish deb atashimiz mumkin. Ya’ni jamiyat rahbari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga nozil bo‘lgan oyatlarni yozishni rasmiy ravishda yo‘lga qo‘yganlar. Shu bilan birga, ba’zi sahobai kiromlar Qur’oni Karimni norasmiy ravishda, o‘zlari uchun yozib borishar edi.

Yuqorida o‘tgan satrlarda Qur’oni Karimning Rasulul­loh sollallohu alayhi vasallam davrlarida yozma suratda jamlanganini o‘rganib chiqdik. Darhaqiqat, Qur’oni Karim xalqlar orasida ochiq-oydin, barchaning ko‘z o‘ngida nozil bo‘ldi. Terilarga, toshlarga, xurmo daraxtining po‘stloqlariga va shu kabi yozish mumkin bo‘lgan narsalarga yozildi.

Bugungi kunda ushbu ma’lumotlar odamlar orasida, xususan, Qur’on ilmlarini ilk bor o‘rganuvchilarda bir oz hayratlanishni yuzaga chiqarishi mumkin. Chunki ko‘pchilik eng ulug‘ Kitob bo‘lmish Qur’oni Karim osmonlardan ham yuqorida turishi kerak, deb tasavvur qiladi. Ko‘rib o‘tganimizdek, dastlab teri, po‘stlok va yassi tosh kabi narsalarga yozilib, keyinchalik ularning barchasi to‘planib, kitob holiga keltirilganini va bularning barchasi tabiiy ravish­da, siz bilan biz kabi odamlar tomonidan bajarilganini o‘zlariga singdira olishmaydi. Insonlarning Qur’onga bo‘lgan bu kabi e’zozlari ehtiromga sazovor bo‘lsa-da, lekin Allohning Kitobi aynan shu insonlar uchun nozil qilinganini ham ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Qur’on nozil bo‘lgan ummat o‘zidan oldingi ummatlar qila olmagan sharafli, shu bilan birga, nihoyat darajada mas’uliyatli ishni o‘ta jiddiyat, daqiqlik va ehtimom bilan amalga oshirdi.

Boshqa din vakillari o‘zlarining ilohiy kitoblarini yoddan o‘qib bera olishmaydi. Lekin Muhammad alayhissalomning ummatlari Qur’oni Karimni boshidan oxirigacha yoddan o‘qib bera olish fazilatiga erishganlar. Hamma asrlarda Qur’onni to‘la yod olgan qorilar yetarli darajada topilgan va bu holat Allohning xohishi ila qiyomatga qadar davom etadi.

Oxirgi o‘rgangan oyatimizning hayotdagi ko‘rinishi xayoliy emas, balki hayotiy tarzda, odamlar orasida yozish, yodlash, jamlash kabi ishlar orqali namoyon bo‘ladi. Islom dinining hayotiyligi ham shundadir. Biz o‘rganayotgan «Qur’on ilmlari» fanining muhim jihati Qur’oni Karimning yer yuzida ilmiy asosda jamlanganligini tushunish va tushuntirishdadir. Boshqa din vakillarining muqaddas kitoblari kabi, Qur’oni Karim xayoliy suratda, kimdir o‘zi uyiga kirib olib, menga ilhom bo‘lyapti, degan tarzda emas, balki hammaning ko‘z o‘ngida, do‘st-dushmanning guvohligida nozil bo‘lgan, yozilgan hamda jamlangan. Buni hech kim inkor qila olmagan va «bu ish bo‘lishi mumkin emas», deya olmagan.

Shunday qilib, Qur’oni Karim yigirma uch yil davomida nozil bo‘ldi, yod olindi va yozib bo‘lindi. Ammo bu davrda yozilgan narsalar – har bir suraning oyatlari o‘z tartibi ila alohida jamlangan bo‘lsa ham, suralar jamlanib, kitob shakliga keltirilmadi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlik vaqtlarida, yana vahiy tushib qolar, degan umidda Qur’on jamlanib, kitob shakliga keltirilmagan. Imom Nasaiy Ibn Abbos roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatga kura, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga oxirgi oyat nozil bo‘lganidan to‘qqiz kun o‘tib, bu foniy dunyoni tark etganlar. U zotning vafotlaridan keyin Qur’on kishilarning qalbida va yozgan narsalarida qoldi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘z davrlarida har bir suraning oyatlarini alohida sahifalarga jamlab quyish va Qur’oni Karimning hammasini ikki jild orsidagi bir mus'hafga jam qilib quyish uchun sabab topmadilar. Chunki qorilar va Qur’onni yod oluvchilar ko‘pchilik edi, Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa yana vahiy nozil bo‘lishini kutib turar edilar. Ba’zi ahkomlarning nasx bo‘lish ehtimoli ham bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamniig davrlarida Qur’oni Karimning barchasi bir mus'hafga jamlanmagan bo‘lsa-da, lekin yozilgani aniq edi. Sahobalarning qalblarida Qur’oni Karimning yod bo‘lishi uni bir mus'hafga jamlashga extiyoj tug‘dirmas edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga oyatlar va suralarni Allohning tavqifi ila ko‘rsatar edilar. Bu xususda Zarkashiy shunday deydi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam davrlarida mus'haf yozilmadi. Chunki uning istalgan paytda o‘zgarish ehtimoli bor edi. Shu sababli mus'hafni kitob holiga keltirish Qur’oni Karimning Nabiy sollallohu alayhi vasallam vafotlari ila tugal bo‘lishiga qadar kechiktirildi».

 

KЕYINGI MAVZULAR:

Qur’oni Karimning hazrati Abu Bakr davrlarida jamlanishi;

 

[1] Rejis Blasher (Regis Blachere, 1900-1973) – fransuz sharkshunosi.

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom instituti ochiladi

27.01.2025   521   1 min.
“Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom instituti ochiladi

Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, Bosh muftiy Navruzbay hoji Tag‘anuli 2025 yilgi vazifalarga doir ma’ruzasida ma’lum qildi, deya xabar beradi muftyat.kz.

“Imomlarning bilim va malakasini oshirish – zamon talabidir. Bu yo‘nalishdagi ish doimiy nazoratda. Imomlarga chuqur diniy bilim berish maqsadida Ostona shahrida Xusamuddin as-Sig‘oniy nomidagi Islom institutini ochdik va unga xorijdan tajribali ustozlar hamda olimlarni taklif qildik.

     Bu yil Allohning izni bilan institutning birinchi bitiruvchilariga diplomlar topshiramiz va ularni mas’uliyatli diniy lavozimlarga tayinlaymiz. Ushbu xayrli ishlar davomi sifatida Allohning irodasi bilan bu yil Turkiston shahrida “Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom institutini ochish taraddudidamiz. Uning asosiy maqsadi janubiy hududdagi imomlarning malakasini oshirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, mazkur o‘quv muassasasi huzurida “Ijoza” berish markazi ham tashkil etiladi. Bu janubiy hudud imomlarining bilim darajasini oshirishga yangi turtki beradi», – dedi Bosh muftiy.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari