Butun dunyoni tashvishga solayotgan koronavirus infeksiyasi 160 dan ortiq mamlakatda tarqalgani, kasallanganlar soni 190 ming nafarga yetgani, 7,5 ming o‘lim holati qayd etilgani har bir kishini yanada hushyor bo‘lishga, uning oldini olish tadbirini ko‘rishga undaydi.
Mana shunday yuqumli xastaliklarni tez orada insoniyat boshidan aritish borasida Qur’oni karim, hadisi shariflar va mo‘tabar manbalarda duoyu tazarrular o‘qish bayon etilgan.
Shu bois, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan bir qator xayriya ishlarni boshlab yuborildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jonliqlar so‘yilib, go‘shtlari kam ta’minlangan oilalar, yordamga muhtoj kishilar, duosi mustajob insonlarga va mehribonlik uylariga xayriya qilish ishlari boshlandi.
Imom-xatiblar va imom noiblari tomonidan 20 mart kuni “Najot so‘rash” namozini ado etib, ibodatlardan so‘ng “Solatun nojiya”, “Solatun noriya”, “Hasbunallohu va ni’mal vakil” kabi duolar, iltijolar qilinadi.
“Solatun nojiya (tunajjino)” duosi
اللَّهُمَّ صَلِّ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ صَلاَةً تُنَجِّينَا بِهَا مِنْ جَمِيعِ الأَهْوَالِ وَالآفَاتِ وَتَقْضِي لَنَا بِهَا جَمِيعَ الْحَاجَاتِ وَتْطَهِّرُنَا بِهَا مِنْ جَمِيعِ السَّيِّئاتِ وَتَرْفَعُنَا بِهَا عِنْدَكَ أَعْلَى الدَّرَجَاتِ وَتُبَلِّغُنَا بِهَا أَقْصَى الْغَايَاتِ مِنْ جَمِيعِ الْخَيْرَاتِ فِي الْحَيَاةِ وَبَعْدَ الْمَمَاتِ
“Allohumma solli ala sayyidina Muhammadin solatan tunajjina biha min jami’il-ahvaali val aafaati va taqziy lanaa biha jamiy’al hajaati va tutohhiruna biha min jamiy’is-sayyiaati va tarfauna biha i’ndaka a’lad-darojaati va tuballig‘unaa biha aqsol-g‘oyati min jamiy’il-xoyroti fil hayati va ba’dal mamaati.”
Ushbu duoni o‘qish orqali Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salovot aytish iltijolarning ijobat bo‘lishi, mushkullarning kushoyish etilishiga sabab ekani haqida rivoyatlar kelgan. Hazrat Umar ibn Xattob raziyallohu anhu: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytmas ekansan, qilgan duoying yer va osmon o‘rtasida to‘xtab turadi, undan biror narsa ko‘tarilmaydi”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Mashhur olim Zayniddin Iroqiy: “Ushbu rivoyat garchi Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilingan bo‘lsa-da, odatda bu kabi xabarlar kishining fikridan kelib chiqib aytilmasligi jihatidan marfu’ – Rasululloh sallallohu alayhi vasallam aytganlari hukmidadir”, degan.
Hibbon ibn Munqiz roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyiladi: «Bir kishi “Ey Allohning rasuli, duoyimni uchdan birini sizga salavot aytish uchun ajratayinmi?” dedi. U zot: “Agar xohlasang, mayli”, dedilar. “Uchdan ikkisini ajratsamchi?” dedi. “Mayli”, dedilar. “Hammasini ajratsamchi?” dedi. “Unda dunyo va oxiratingdagi g‘am-tashvishingga Alloh kifoya qiladi”, dedilar» (Imom Tabaroniy rivoyati).
“Solatun noriya” duosi
اَللّٰهُمَّ صَلِّ صَلَاةً كَامِلَةً وَسَلِّمْ سَلَامًا تَامًّا عَلٰى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ الَّذِى تَنْحَلُّ بِهِ الْعُقَدُ، وَتَنْفَرِجُ بِهِ الْكُرَبُ، وَتُقْضٰى بِهِ الْحَوَآئِجُ، وَتُنَالُ بِهِ الرَّغَائِبُ، وَحُسْنُ الْخَوَاتِمِ، وَيُسْتَسْقَى الْغَمَامُ بِوَجْهِهِ الْكَرِيْمِ، وَعَلٰى اٰلِهِ وَ صَحْبِهِ فِي كُلِّ لَمْحَةٍ وَنَفَسٍ بِعَدَدِ كُلِّ مَعْلُوْمٍ لَّكَ
“Allohumma solli solatan kaamilatan va sallim salaman taamman a’la sayyidina Muhammadinil-laziy tanhallu bihil uqad va tanfariju bihil kurab, va tuqzo bihil havaaij, va tunaalu bihir-rag‘ooib va husnul-havatim. Va yustasqol g‘amam bi-vajhihil-karim va ala aalihi va sohbihi fi kulli lamhatin va nafasin bi-a’dadi kulli ma’lummil-lak”.
“Solatun noriya” duosi tariqat peshvosi Shayx Ahmad Rifoiy quddisa sirruhudan naql qilingan bo‘lib, u zotning tavsiyalari asosida ba’zi ixlosmandlar tomonidan hozirga qadar o‘qib kelinadi. Ayniqsa, bu duo 4444 marta o‘qilishi natijasida Alloh taoloning inoyati ila hojatlarning baroridan kelishi, duolar ijobat bo‘lishi ko‘pchilik tomonidan e’tirof etilgan.
Shuningdek, zamonamiz allomasi, faqihi, Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy hafizahulloh bunday paytlarda 3 martadan “Fotiha”, “Ixlos” suralari va حَسْبُنَا اللهُ وَنِعْمَ الْوَكِيلُ – “Hasbunallohu va ni’mal vakil” duolarini o‘qishni tavsiya etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalarining ustoz va talabalari o‘z uylarida Qur’oni karimni 70 marta xatm qilishga kirishdilar. Shu bilan birga, Imom Buxoriyning “Al-Jome As-Sahih” asarini ham o‘qishyapti. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Alloh taolo: «Kimni Qur’on va Mening zikrim Mendan (narsalarni) so‘rashdan to‘sgan bo‘lsa, unga so‘rovchilarga bergan narsamdan afzalini berurman», deb marhamat qilgan» dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Qur’oni karim xatm qilib bo‘lingach, Imom Buxoriyning “Al-jome as-sahih” asari o‘qib tugatilgach eng tabarruk ulamolar ishtirokida xatmi Qur’onlar, salavotlar ijobatini so‘rab, yakuniy duolar qilinadi. Xuddi shu tarzda respublikamizning barcha viloyatlarida ham shunday xayrli ishlar va duoyu tazarrular ado etiladi.
Bu ish ham quyidagi hadisi muborakka hamohangdir. Hazrati Payg‘ambar alayhissalom «Bir qavm jamlansa, ba’zisi duo qilsa va qolganlari “omin”, desa, albatta, Alloh taolo ularni ijobat qiladi», deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Saudiya Arabistonidagi hamkor shirkatlar vakillari ham Makkai mukarramadagi Harami sharif – Baytulloh va Madinai munavvaradagi Masjid an-Nabiy kabi iltijolar shaksiz qabul bo‘ladigan muborak maskanlarda duo-tazarruda bo‘lishlari ko‘pchiligimizni mamnun etadi.
O‘z navbatida, xalqimizni mana shunday sinovli damlarda jips bo‘lib, oila davrasida, farzandu arjumandlar birla zikr, istig‘for va baloni daf bo‘lishi uchun duoyu tazarruda bo‘lishlarini ayni muddaodir.
Buyuk va Hakim Zot Alloh taolodan ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tishimizda yordam va rahmat so‘raymiz. Allohim barchalarimizni ushbu kasallikdan o‘z panohida asrasin, bermorlarga komil shifo bersin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Allohga bo‘lgan samimiy ibodat – bu Unga nisbatan ojiz va muhtojligini tafakkur etgan holda doimo tavba-tazarru ila, ilohiy shariatga muvofiq umrguzaronlik qilmoqlikdir. Haqiqiy ibodat — bu inson qalbining ibodati bo‘lib, o‘zining kamtarligi, shikastaligi va Yaratganga nisbatan muhtojligiyu faqirligini idrok etishida namoyon bo‘ladi.
O‘zini atrofidagi barcha odamlardan ko‘ra yomonroq hisoblaydigan kimsa uchun jumlai jahon go‘yo murshidi komilga aylanadi. Zero, koinotdagi barcha narsani Alloh o‘ziga xos bir hikmat va ibrat sifatida yaratgan emasmi? O‘z nafsini bo‘lmag‘ur bilib, uni to‘g‘rilashga intilgan banda bu hikmatlarning har biridan tegishli bir ma’no va ibrat olishga urinadi. Masalan, gunohkor kishidan nimani o‘rganish mumkin? Kuzatganda shu narsa ma’lum bo‘ladiki, gunohkorga qilgan gunohlari sabab Alloh muvofiq bo‘lgan ko‘p jazo va musibatlarni jo‘natadi.
Ibratlanadigan tomoni shuki, mazkur gunohkor shuncha baloyu musibatni o‘ziga xos bardosh va ko‘nikma sifatida boshidan kechiradi. O‘zini tarbiyatga muhtoj deb bilgan Allohning bandasi, masalan, itning hayotini kuzatar ekan, undan o‘ziga ko‘rsatiladigan qo‘pollikka sabr etishni, o‘zini past olgan holda hech qanday zahiralarsiz yashashni hamda oshqozonida bori bilan qanoatlanishni o‘rganadi. Shuningdek, yana itdan o‘z sohibiga nisbatan rozilik va minnatdorlik tuyg‘ulari bilan yashashlik ta’limini olish mumkin. Axir u o‘ziga tashlangan eski suyaklarni ham o‘ta bir xursand holda g‘ajimaydimi? Yoxud u o‘ziga nisbatan oz bo‘lsa-da yaxshilik ko‘rsatganga qanchalik iltifot va xayrixohlik namoyon etadi?.. O‘zini hech narsadan yaxshi deb bilmaydigan qul chinakam sabru bardoshni toshdan ham o‘rgananishi mumkin, chunonchi, uni onasi bo‘lmish tog‘ bag‘ridan o‘yib olib, xohlagancha urib taroshlaydilar va nihoyat, qandaydir bir tahoratxonaning poydevoriga ishlatishlari mumkindir...
Allohning turli markabu tuyalaridan esa o‘zlarining egalariyu ularning og‘ir yuklarini olis-olislarga eltib berishdagi sabru bardoshni o‘rganib oladi. Ibrat ko‘zi bilan qaraguvchi banda xo‘rozni kuzatib undan qalb uyg‘oqligi, oilaga e’tibor, rashk hamda topganini baham ko‘rish fazilatlarini o‘zlashtiradi. Jumladan, sham piligining kuyib-yonayotganini kuzata turib ham ko‘p ma’nolarni ilg‘ab olish mumkin. Zero, u o‘zining tevaragidagi kishilarga qanchalik yorug‘lik baxsh etmoqda, axir o‘zgalarning manfaati uchun olovning issig‘ida bunchalar fidoyilik va jonbozlik ko‘rsatish ... katta ibrat!
Kim o‘zini boshqalardan yomon hisoblasa, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning yo‘ldoshi bo‘ladi. Bunaqangi qarashning foydasi shundaki, kishi o‘ziga qo‘pollik qilganga hech qachon yomonlik bilan javob bermaydi. Shu jumladan, ba’zilar kamolotning yuksak darajalariga yetganlarini da’vo qilib ishontirmoqchi bo‘lganlarida ham u barcha mas’uliyatni ularning o‘zlarining zimmalariga yuklab, murosa qiladi. Chunki odamlar sirini Yaratgan va Uning maxfiy ilmlar hadya etilgan xos bandalaridan o‘zga hech kim bilmaydi. Aynan shuning uchun ham bizga o‘z sirini aytishni istovchilarga ishonishimiz kerak. Uni yolg‘onchiga chiqarsak ikkiyuzlamachilik qilgan bo‘lmaymizmi?!
Imom Afzaluddin quddisa sirruhu imom Sha’roniy quddisa sirruhuga nasihat berdilar:
“Mabodo biror bir majlisgami yoxud bemor bo‘lgan ulug‘ning ziyoratigami boradigan bo‘lsang, yuqori, faxrli joylarni egallashdan o‘zingni saqla, hatto o‘sha joy bo‘sh bo‘lsa ham... Chunki biror-bir sendan-da e’tiborlig‘roq kishi tashrif etib qo‘yguday bo‘lsa, o‘sha joydan seni turg‘izishlari mumkin, xijolatda qolasan. Bunday holatda nafsingning e’tiroz etishi, albatta, turgan gap. Bu haqiqatni bilishing va nafsning istaklaridan tiyilishing lozim! Bu xildagi odoblar faqat o‘zini atrofdagilardan past ko‘rishni eplay oladigan kimsalardagina ko‘zga ko‘rinadi”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.