ZIKR VA ZIKR QILUVCHINING FAZILATI (davomi)
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir kun Payg‘ambar (alayhissalom): “Mufarridlar o‘zib ketishdi”, dedilar. “Mufarridlar kim, Allohning rasuli?” deb so‘rashdi. “Allohni juda ko‘p eslovchilar”, deb javob berdilar» (Imom Muslim rivoyati).
Imom Termiziy rivoyatida: “Mufarridlar kimlar, yo Rasululloh?” deb so‘ralganda, Payg‘ambar (alayhissalom): “Chin dildan Alloh taoloni eslovchilar. Ularning qilgan zikrullohlari og‘ir gunohlarini ketkazadi, natijada, qiyomat kuni Alloh taoloning huzuriga yengil holda keladilar”, deb javob berganlar.
Ya’ni, boshqalar qiyomat kuni Alloh taolo huzuriga gardanlarida tog‘dek-tog‘dek gunohlari bilan kelib, shunga yarasha javobgarlikka tortilsa, foniy dunyoda Allohni tili va dili bilan esga olgan zokirlar zikrlari gunohlariga kafforat bo‘lgani uchun Allohning huzuriga qushdek yengil bo‘lib kelishadi, so‘roqlari ham yengil bo‘ladi va tez jannatga kirishadi. Alloh bizga ana shunday ulkan baxtni nasib etsin.
Muoviya (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom) masjidga kirdilar. Sahobalar halqa bo‘lib o‘tirishgan edi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Nima qilib o‘tiribsizlar?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Bizga Islom ne’matini bergan, hidoyat nasib etgan Alloh taologa hamdu sano aytib, Uni zikr qilib o‘tiribmiz”, deyishdi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Allohga qasam, faqat shuning uchungina o‘tiribsizlarmi?” deb so‘radilar. Sahobalar: “Allohga qasam, faqat shuning uchun o‘tiribmiz!” deyishdi. Shunda Payg‘ambar (alayhissalom): “Men sizlarga aybdorga qasam ichirilgandek qasam ichirmoqchi emasdim, lekin (shunday bo‘lib qoldi) bunga sabab shuki, menga Jabroil (alayhissalom) kelib, Alloh azza va jalla sizlar bilan maloikalarga faxrlanayotganidan xabar berdi”, dedilar» (Imom Muslim va Imom Termiziy).
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Agar jannatning bog‘lari oldidan o‘tib qolsangiz, bas, unda sayr qilinglar!” dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, jannatning bog‘lari nima?” deb so‘radi.“Alloh zikr qilinayotgan halqalar”, dedilar» (Imom Termiziy).
Payg‘ambar (alayhissalom) masjidlarida namoz vaqtlaridan boshqa vaqtda ham mo‘minlar bo‘lar edi. “Ahli suffa” deyiladigan miskin sahobalar jamoasi tunu kun masjidda bo‘lgan. Shuning uchun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) masjidlarida doim zikrlar, tilovatlar yoki ilmiy majlislar sahobalar tomonidan birdek bajarilib turilgan. Ana shunday halqalardan birini, ya’ni, Allohning zikrini qilib, tasbeh, takbir, hamdu sano va tilovat yoki dars bo‘lib turgan halqani Payg‘ambar (alayhissalom) jannatning bog‘u bo‘stoniga o‘xshatdilar, o‘sha joydan o‘tgan kishi bog‘u bo‘stonning go‘zalligi, xushbo‘y hidlaridan bahra olganidek, zikr halqasidan o‘rin olishga bizlarni targ‘ib qildilar. Demak, besh vaqt namoz so‘ngida jamoat yoki yolg‘iz bo‘lib Allohni zikr qilib o‘tirganimizda go‘yo jannat bo‘stonlarida sayr qilgandek bo‘lar ekanmiz. Bu narsaga e’tibor berib, haris bo‘laylik.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Kim bir joyga o‘tirsa va o‘tirgan joyida (hech bo‘lmasa bir marta ham) Allohni eslamasa, Allohdan unga bir ranjitish yoki cheklash yetadi. Agar bir o‘ringa yotsa, shu o‘rinda ham (hech bo‘lmaganda bir marta ham) Allohni eslamasa, Allohdan unga bir ranjitish yetadi”, dedilar» (Imom Abu Dovud va Ahmad rivoyatlari).
Yana shu kishi rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Bir qavm (bir necha kishi) to‘planib bir joyga o‘tirsa, shu o‘tirishgancha hech kim Allohni eslamasa, ular shu holda turib ketsa, ular go‘yo o‘lgan eshak jasadidan qo‘zg‘alishgandek bo‘ladi va bu ishlari o‘zlari uchun (qiyomat kuni) hasrat-nadomat bo‘ladi”, dedilar» (Abu Dovud va Ahmad rivoyatlari).
Bu hadisi sharifda “qavm” deyildi. Qavmdan murod, bir necha kishilardan iborat mo‘min-musulmonlar. Ular bir joyga nima uchundir (ziyofat yoki boshqaga) yig‘ilishgan. Yig‘inda o‘tirganlar birlari qo‘yib birlari, behuda gaplardan rosa olishadi, bir yoki bir necha soatlar shu holatda o‘tadi. Yig‘ilganlarning hammasi mo‘min-musulmon bo‘lganlari holda hech birlari, na Alloh taoloni eslab hamdu sano aytadi va na Payg‘ambariga salom, salavot yo‘llaydi va na din-diyonat g‘amini o‘ylaydi. Shu joyda o‘tirishlari, yeb-ichishlari, og‘izlaridan chiqqan gap-so‘zlari, umuman, barcha tashqi tomondan ko‘rinishlari Payg‘ambar (alayhissalom)ning hech bir sunnatlariga to‘g‘ri kelmaydi.
Yig‘ilganlar ichida Allohni eslash, unga shukrona qilish uchun imom yoki domla bo‘lishi shart emas. Allohni zikr qilish har bir mo‘min erkagu ayol va katta-kichikning qo‘lidan keladigan ish.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Bir jamoa biror o‘rinda o‘tirsa, unda Allohni umuman eslashmasa va Payg‘ambarga salavot aytishmasa, o‘zlariga nadomat bo‘ladi. Alloh xohlasa, ularni azoblaydi, xohlasa, kechirib yuboradi”, dedilar» (Imom Termiziy va Bayhaqiy rivoyatlari).
Ushbu hadisi sharif ham yuqoridagi hadis ma’nosini ta’kidlab keladi.
Hadisdagi “bir jamoa”ga o‘zaro bir oila a’zolari dasturxon ustida jamlanib o‘tirishlari ham kiradi. Shu o‘tirishda hech kim Allohni loaqal bir marta eslab qo‘ymasa, Payg‘ambarga salavot aytmasa, qiyomatda ahvollari nadomatli holga tushishi mumkin.
Bu Allohning ixtiyoridagi narsa. Kimlarni fazliga ko‘ra, kimlarni adliga ko‘ra hisob qilishni Uning O‘zi biladi.
Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Shayton odam bolasi qalbining qarshisiga qapishib oladi. Agar u Allohni zikr qilsa, shayton ortga chekinadi. Agar uni g‘aflat bossa, vasvasa qila boshlaydi”, dedilar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Yettita fazilat bor, kim undan birortasiga ega bo‘lsa, Arshning soyasidan boshqa soya bo‘lmaydigan qiyomat kunida u Arsh soyasidan bahramand bo‘lishi quyidagi hadisi sharifda keltirilgan. Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilishicha, Payg‘ambar (alayhissalom) yetti fazilatni birma-bir sanab, oxirgisini quyidagicha bayon qilganlar:
“Bir kishi yolg‘iz qolgan holda Allohni eslab, ko‘zlaridan yosh oqsa”.
Yolg‘iz qolgan odamning gunoh qilishga, nafs so‘ziga kirishga yaxshigina sharoiti bo‘ladi. “Bo‘linganni bo‘ri yer” deganlaridek, yolg‘iz kishini shaytoni la’in o‘z yo‘liga solishi oson bo‘ladi. Bu tabiiy hol. Ammo shunda yolg‘iz holda bo‘lgan mo‘min toat-ibodatga berilsa, Rabbisini eslasa, Unga tasbeh-takbir aytsa, uni yo‘ldan ozdirish uchun yeng shimarib turgan shaytonning hafsalasi pir bo‘ladi. Bordi-yu, Allohni qalbi va ongi bilan eslab, tili bilan tahlillar aytib, gunohlariga istig‘for aytib turgan vaqtda Allohning azamatidan qo‘rqibmi yoki U Zotga bo‘lgan zavqu shavqidanmi yig‘lab yuborsa, shaytoni la’inni o‘ldirgan, mag‘lub etgan bo‘ladi. Uning bunday ulkan jasorati uchun qiyomat kunida oladigan mukofotlarining debochasi, buyuk Arshning soyasida soyalanish bo‘ladi. U kunning bir kunlik vaqti hayoti dunyoning ellik ming yiliga teng bo‘lishi oyati karimalarda bayon qilingan. Ana shunday kunda Alloh taolo bandalarini birma-bir hisob-kitob qilganda o‘z navbatini kutib o‘tirgan paytda buyuk Arsh soyasida salqinlab o‘tiradi. Navbati qachon keladi? Ming yildami, ikki ming yildami, buni Allohdan boshqa hech kim bilmaydi.
Allohni eslaganda ko‘zlardan yosh oqishi Alloh zikrining eng cho‘qqisi bo‘lib, u qalb musaffoligi va yumshoqligining alomatidir.
Hadisi sharifda “yolg‘iz holda” kalimasi zohiriy va botiniy holatni o‘z ichiga oladi. Jamiyatdagilardan, atrofidagi odamlardan, oila a’zolaridan ayrilib, ma’lum vaqt yolg‘iz o‘zi bo‘lgan holda zikr qiladimi yoki jamoat ichida turib, (xilvat dar anjuman: ya’ni odamlar ichida bo‘laturib, Alloh bilan, uning fikri, zikri bilan holi qolish), qalbi va ongini Allohdan boshqa barcha narsani eslashdan holi qilib, faqat Allohni zikr qiladimi, har ikki holatda ham Allohni chin dildan eslab ko‘zlaridan yosh oqsa bo‘ldi, hadisi sharifda aytilgan marhamati ilohiyga sazovor bo‘ladi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
﴿أَلَا بِذِكۡرِ ٱللَّهِ تَطۡمَئِنُّ ٱلۡقُلُوبُ٢٨﴾
«Ogoh bo‘ling, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (taskin topur)» (Ra’d, 28).
Mo‘minlar xoh o‘zlari Allohni zikr qilishsin yoki boshqa birovdan Alloh taolo haqida eshitishsin, dillari xotirjam bo‘lur va taskin topur. Ularning ko‘ngillari Alloh taoloning zikri bilan to‘ladi, chunki qalblarida Unga imon-ishonch bor. Ular U Zotning ism va sifatlariga ishonadi, U Zotning rahmli ekanini, hamma narsaga qodirligini, oxirat kunida nimalar qilishini yaxshi bilishadi.
Shuning uchun ular “La ilaha illalloh” kalimasini tilga olish bilan butun g‘am-g‘ashlarini unutishadi, ichki va tashqi dunyolaridan sukunat, viqor ufurib turadi. Alloh taolo nuri bilan ularning qalblari doim nurafshon-munavvardir. Ushbu ilohiy hikmatga, ulkan haqiqatga Payg‘ambar (alayhissalom) va sahobai kiromlarning mashaqqatli, biroq ruhan pok, qalban nurafshon hayotlari misoldir.
Alloh taolo Payg‘ambar (alayhissalom)ga xitob qilib aytgan edi:
﴿وَٱذۡكُر رَّبَّكَ فِي نَفۡسِكَ تَضَرُّعٗا وَخِيفَةٗ وَدُونَ ٱلۡجَهۡرِ مِنَ ٱلۡقَوۡلِ بِٱلۡغُدُوِّ وَٱلۡأٓصَالِ وَلَا تَكُن مِّنَ ٱلۡغَٰفِلِينَ٢٠٥﴾
«Rabbingizni ichingizda tazarru va qo‘rqinch bilan hamda gapirganda ovozni ko‘tarmasdan ertayu kech zikr (yod) eting! G‘ofillardan bo‘lmang!» (A’rof, 205)
Ya’ni, doim Allohni eslab yuraylik. U Zot hamma narsani, hatto dildagi zikrni ham eshitib turadi, Unga qarata baland ovozda zikr qilishning hojati yo‘q, balki zikr dilda va bardavom bo‘lishi muhim. Tazarruli bo‘lish shart. Aks holda, inson g‘ofillardan bo‘lib qoladi.
Ushbu oyati karimada Payg‘ambarlar sayyidi (alayhissalom)ni Allohni zikr qilishga buyurish bilan birga, zikr va zokirga taalluqli qoidalarning bayoni ham bor.
Eng avvalo, “Allohni esla” deyildi. Ya’ni, bu Uni unutib qo‘yma, deganidir.
Payg‘ambar (alayhissalom)dek qalblaridan shayton nasibasi olib tashlangan zot Rabbilarini unutmas edilar, u zotning qalblari doim Rabbilariga talpingan va zikrda bo‘lgan edi.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom) aytdilar: “Alloh taolo: “Ey Odam bolasi, agar sen Meni eslasang, Menga shukr qilgan bo‘lasan, agar Meni unutsang, ne’matlarimga noshukrlik qilgan bo‘lasan”, dedi”» (Imom Tabaroniy rivoyati).
Nafsingda – ya’ni ichingda, dilingda esla, deyildi. Demak, zikr maxfiy bo‘lgani yaxshi, chunki maxfiy qilingan amal riyosiz, ixlosli bo‘lib, ijobatga yaqin. Tiling zikrda bo‘lib, iching boshqa tomonda bo‘lmasin. Zikr asosan dilda bo‘lsin.
Tazarru va qo‘rqqan holda – bu ham qalbdan kechadigan holat bo‘lib, zikr qilayotgan zokirning qalbi Rabbisiga talpinib va o‘z navbatida, Undan xavfsirab tursin. Bu haqda Abdulloh ibn Abbos “U o‘zi eshitguday bo‘lishi”, degan. Demak, zikrda zokirning ovozi jahriy va maxfiy orasida o‘rtacha bo‘lishi kerak.
Erta tongda va oqshom paytda, ya’ni subhdan to quyosh chiqquncha bo‘lgan vaqtda va asrdan quyosh botguncha bo‘lgan vaqtda. Ba’zi ulamolar bundan murod, bomdod va asr namozlari deyishgan, chunki shu ikki (hadisi sharifda aytilganidek) vaqtda insonlarga muakkal farishtalar ketma-ket almashib turadi.
Ba’zi mufassirlar esa, bundan murod, ertayu kech demakdir, ya’ni har bir onda zikr qiling deb tafsir qilishgan.
“G‘ofillardan bo‘lma”. Demak, yuqorida keltirilganidek, zikr qoidalariga amal qilmagan odam g‘aflatda yotgan hisoblanadi.
Mo‘min g‘ofillardan bo‘lmasligi uchun, albatta, zikr haqidagi qur’oniy qoidaga amal qilgan holda zikr qilmog‘i lozim. Tilning o‘zi yoki qalbning o‘zi bilan ham va yoki til va qalb bilan birga, maxfiy va o‘rtacha ovoz chiqarib yolg‘iz yoki ko‘pchilik bo‘lib, zikrning shartlariga amal qilgan holda, zikrullohda bo‘lish mashru’dir.
Alloh taoloning ismi sifatlarini aytish, hamdu sano, tasbeh, takbirlar bilan Uning nomini noloyiq narsalardan poklash, bularning hukmidan xabar berish, amru ma’ruf, nahyi munkar qilish yoki uning Zoti ilohiysiga dalolat qiladigan oyat – belgilarda tafakkur, tadabbur qilish – bularning bari Allohni zikr qilishga kiradi. Shulardan birini qilgan mo‘minga Alloh taoloning lutf-rahmati va mag‘firat-inoyati, roziligi va’da qilinadi.
Faxruddin Roziy aytadi: “Tilning zikri shar’iy lafzlarni aytish, qalbning zikri xavf va rajo, ko‘zning zikri yig‘i va yosh to‘kish, quloqning zikri tilovat va go‘zal mav’iza eshitish, oyoq-qo‘lning zikri toat-ibodat, badanning zikri sabru toqat, ruhning zikri rizolik va taslim bo‘lish bilan bo‘ladi”.
Abdulfattoh Abu G‘udda aytadi: “Salaf solihlar davrida bo‘lmagan, o‘zlarini tasavvufchilar deb biladigan ba’zi kishilarning zikr halqalari, ularning orqa-oldi va u yonbu yonga qalqishlari, sakrashlari va raqslari, ovozlarini baland ko‘tarib, lahn qilib she’rlar aytishlari, u yer-bu yerlariga urib chapak chalishlari, “Alloh, Alloh” lafzini aytish boshlanishida tushunarli bo‘lib, sekin-asta tushunarsiz holga kelishi, bularning bari zikr qoidasiga mutlaqo begona bo‘lgan, salaflar davrida bo‘lmagan bid’atdir. Agar ularning qalblari xushuda bo‘lganda edi, a’zolari ham xushuda bo‘lgan bo‘lar edi”.
Imom Shotibiy o‘zining “Al-i’tisom” nomli kitobida shu tur zikr qiluvchilarni “yolg‘onchilar” degan.
Ibn Hajar Asqaloniy ham “Fathul Boriy” asarida ularni yaxshigina tanqid qilib o‘tgan.
Mutasavvif va mufassir olim Imom Qurtubiy ham “Al-jome” tafsirida yuqoridagi oyati karimalar sharhida ularni johillar, omilar va bid’atchilar, deb qalamga olgan.
﴿إِنَّمَا ٱلۡمُؤۡمِنُونَ ٱلَّذِينَ إِذَا ذُكِرَ ٱللَّهُ وَجِلَتۡ قُلُوبُهُمۡ وَإِذَا تُلِيَتۡ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتُهُۥ زَادَتۡهُمۡ إِيمَٰنٗا وَعَلَىٰ رَبِّهِمۡ يَتَوَكَّلُونَ٢﴾
«Mo‘minlar – Alloh (nomi) zikr etilganda – dillari qo‘rquvda bo‘ladigan, oyatlari ularga tilovat qilinganda – imonlari ziyoda bo‘ladigan, Parvardigorlarigagina tavakkul qiladigan kishilardir» (Anfol, 2).
Bu oyati karimada Alloh taolo mo‘minlarni Uning nomi zikr qilinsa, qo‘rquvga tushishi, qalblar titrashi bilan sifatladi. Bu hol ularning imonlari baquvvatligi, o‘zlarini go‘yo Alloh taolo ko‘rib turgandek, Uning rioyasini qilganlari uchundir.
﴿ٱللَّهُ نَزَّلَ أَحۡسَنَ ٱلۡحَدِيثِ كِتَٰبٗا مُّتَشَٰبِهٗا مَّثَانِيَ تَقۡشَعِرُّ مِنۡهُ جُلُودُ ٱلَّذِينَ يَخۡشَوۡنَ رَبَّهُمۡ ثُمَّ تَلِينُ جُلُودُهُمۡ وَقُلُوبُهُمۡ إِلَىٰ ذِكۡرِ ٱللَّهِۚ ذَٰلِكَ هُدَى ٱللَّهِ يَهۡدِي بِهِۦ مَن يَشَآءُۚ وَمَن يُضۡلِلِ ٱللَّهُ فَمَا لَهُۥ مِنۡ هَادٍ٢٣﴾
«Alloh go‘zal So‘zni (oyatlari balog‘atda) bir-biriga o‘xshagan, (hukmlari) takror-takror keluvchi bir Kitob (Qur’on) qilib nozil qildi, undan (o‘qilganda) Parvardigoridan qo‘rqadigan zotlarning terilari (badanlari) titrab ketar, so‘ngra terilari va dillari Allohning zikriga yumshar (moyil bo‘lur). Mana shu (Kitob) Allohning hidoyatidir, unga O‘zi xohlagan kishilarni hidoyat qilur. Kimni Alloh yo‘ldan ozdirsa, bas, uning uchun biror hidoyat qiluvchi bo‘lmas!» (Zumar, 23)
﴿وَإِذَا سَمِعُواْ مَآ أُنزِلَ إِلَى ٱلرَّسُولِ تَرَىٰٓ أَعۡيُنَهُمۡ تَفِيضُ مِنَ ٱلدَّمۡعِ مِمَّا عَرَفُواْ مِنَ ٱلۡحَقِّۖ يَقُولُونَ رَبَّنَآ ءَامَنَّا فَٱكۡتُبۡنَا مَعَ ٱلشَّٰهِدِينَ٨٣﴾
«Ular Payg‘ambarga nozil qilgan narsani (Qur’onni) eshitgan paytlarida uning haq ekanini bilganlari sababli ko‘zlaridan yosh oqayotganini ko‘rasiz. Ular: “Parvardigoro, (bizlar) imon keltirdik, bas, bizni guvohlik berguvchilar qatoriga yozgin”, deydi» (Moida, 83).
Allohni eslaganlarida, tilovat qilgan yo eshitganlarida ma’rifat ahlining holatlari, sifatlari va aytadigan haq so‘zlari ana shu oyatda aytilganidek bo‘lishi lozim. Kim bunga xilof qilsa, u yuqoridagi oyati karimalarda aytilganlardan emas. Sahih hadislarda ham ko‘plab kelgan, oxirgi zamon Payg‘ambari (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga va’z-nasihat qilganlarida sahobalarning qalblariga qo‘rquv tushib, ko‘zlaridan yoshlar oqar edi. Ba’zi “so‘fi”lardek o‘zlarini boshqara olmay qolishmas edi yoki yer tepib raqs tushishmas, oh-voh qilib, baqirishmas edi (iqtibos tugadi).
Ummati Muhammadiyaga o‘ta mehribon va rahm-shafqatli Alloh azza va jallani zikr qilish eng lozim amal bo‘lib, mo‘min uchun unda ko‘p foydalar mavjud.
Allohni zikr qilish haqidagi barcha oyat va hadislarni o‘rganib chiqqan shayx Ibn Qayyum Javziy o‘zining Payg‘ambar (alayhissalom) siyratlari haqida yozgan kitobida Allohni zikr qilishning yuzdan ortiq foydalarini sanab o‘tgan. Ana shu foydalardan ba’zilarini keltirmoqchimiz, shoyad muhtaram kitobxonlarimiz ulardan xabardor bo‘lib, Allohni ko‘p zikr qiluvchilardan bo‘lsalar.
“Allohni zikr qilish Rahmonni rozi qilur, shaytonni quvur, g‘am-tashvishni ketkazur, surur baxsh etur, qalb va badanni quvvatlantirur, qalb va yuzni nurlantirur, rizq olib kelur, banda ulug‘vorlik va halovat kasb etur, Islom ruhi bo‘lmish Allohning sevgisini meros qilur, Allohga yaqin bo‘lish Uni yaxshi tanishni paydo qilur, qalbga hayot keltirur. Zokir Alloh huzurida zikr qilinur. U qalb va ruhoniyat ozuqasi bo‘lib, zangni ketkazur, xatolarni o‘chirur, darajot keltirur, yolg‘izga sherik bo‘lib, bo‘shliqni to‘ldirur, Alloh azobidan saqlab qolur, sukunat – xotirjamlikni paydo qilur. Zokirni Allohning rahmati va maloikalari qurshab olur, zararli so‘zlar aytishdan qutulib qolur, zokir baxtli bo‘lur. Zikrning sharofati bilan zokirning yonidagi ham saodatga erishur, qiyomat kunida bandani hasrat-nadomatdan saqlab qolur, yig‘i bilan qilingan zikr Arsh soyasida bo‘lishga sabab bo‘lur, Allohning turli sovg‘a va savoblarini hosil qilur, qabrda va qiyomatda nur, dunyoda huzur bo‘lur, go‘zal xulqli hisoblanur, zikr ibodatlarning yengili bo‘lishi bilan birga, ularning eng ulug‘idir. Jannat bog‘larida sayr qilgandek bo‘lur, Allohning maqtoviga, farishtalarning iftixoriga sabab bo‘lur, toat-ibodatga yordam berur, g‘ofillardan bo‘lib qolishdan asraydur, mo‘minni yo‘ldan ozdiradigan orzu-havasni to‘xtatur, banda bilan do‘zax o‘tiga to‘siq bo‘lur, maloikalarning istig‘foriga erishtirur va munofiqlikdan omonda saqlar”.
“Allohni zikr qilish” mavzusiga quyidagi hadisi sharif bilan yakun yasaymiz.
Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom) marhamat qildilar: “Kim bir joyda o‘tirib, ko‘p befoyda so‘zlar aytib yuborsa va ushbu duoni aytsa, shu joydagi foydasiz narsasiga kafforat bo‘ladi: “O‘zing poksan, yo Alloh! Hamdu sano O‘zingga bo‘lsin. Sendan boshqa hech qanday iloh yo‘qligiga chin qalbdan iqrorman va Senga tavba qilaman”» (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyatlari).
Yo Alloh! Qalbimizni O‘zingning zikring bilan urib turadigan qil. Dunyo sahrolaridan Senga tomon borishimizda doimiy hamrohimiz qil. O‘zingning zikringni Seni mushohadangga yetishishimizda zina qil. Yo Alloh! Zikrning barcha hikmatlarini nasib etgin, nafsimiz ofatlaridan, xilqatimiz ojizligidan panoh bergin, chunki barcha kuch-quvvat faqat Sendandir.
Kitobning boshida kelgan, Horis Ash’ariy (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi sharifning oxirida, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga: “Men ham sizlarni (ey sahobalarim), Alloh menga buyurgan besh narsaga buyuraman, eshitish va itoat etishga, o‘z nafsiga jihod qilishga va hijrat qilishga (ya’ni gunoh va ma’siyat ishlardan savob va ma’ruf ishlarga yuzlanishga) va jamoat (ko‘pchilik)ni lozim tutishga, chunki kim jamoatdan bir qarich uzoqlashsa (ajralsa), gardanidagi Islom arqonini uloqtiribdi, toki yana (Islomga) qaytgunicha. Va kim johiliyat iddaosini qilsa, bas, u jahannam o‘tida (yonadi)”, dedilar. Bir kishi: “Ro‘za tutsa va namoz o‘qisa hammi, yo Rasululloh?” deb so‘radi. “Ha! Garchi ro‘za tutib, namoz o‘qisa ham. Allohning bandalari! Sizlarni “mo‘min va musulmonlar” deb nomlagan Allohning kalomini va undagi nasihatlarini haq deb bilinglar”, deb marhamat qildilar.
Alloh taolo barchalarimizning oxir-oqibatimizni xayrli qilsin.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning muborak vasiyatlariga ergashish, hayotimizga tatbiq etish va shu bilan birga, muborak vasiyatlaridan bexabar kishilarni ular bilan tanishtirish har bir musulmonning muqaddas burchidir.
KЕYINGI MAVZU: Ikkinchi vasiyat
Doktor Muhammad Rotib Nobulsiy aytadilar: “Damashqlik ustozim 97 yoshda bo‘lsalarda, tetik, hatto tishlari ham soppa-sog‘, ko‘zlari ravshan edi. Qiziqib buning sababini so‘raganimizda: “Yoshligimizda a’zolarimizni gunohlardan asragandik, qariganimizda Alloh taolo ularning xizmatidan bizni mahrum etmadi”, deb javob berdilar”.
Alloma Tabariy rahimahulloh 70 yoshida ham kemadan quruqlikka sakrab tushardilar. Yoshlar taajjublanib: “Buncha kuch-quvvat qayerdan?” deb so‘rashganda, u zot: “Biz a’zolarimzni yoshligimizda gunohlardan saqlagan edik, qariganimizda esa Alloh taolo ularni biz uchun saqlab qoldi”, dedilar.
Tobe’in Hasan Basriy rahmatullohi alayh yoshlari 90 dan oshgan bo‘lsada dalada ishlardilar. Buni ko‘rgan odamlar: “Yoshligingni qanday saqlab qolding?” deb so‘rashdi. Hasan Basriy rahimahulloh: “Men yoshligimni saqlab qoldim, Alloh esa keksaligimni saqlab qoldi”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir”, deganlar. Boshqa bir rivoyatda “Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi (nomahramga) qarashdir”, deyilgan (Imom Buxoriy rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD