Huquq sohasidagi eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Garvard yuridik maktabi Qur’on oyatlarini kutubxonaga kirish joyiga qo‘ydi va uni tarixdagi adolatning eng buyuk ifodalaridan biri sifatida tavsifladi.
Fakultetning asosiy kirish qismida devorda adolatni ifodalovchi eng yaxshi iboralarga bag‘ishlangan "An-Niso" ("Ayollar") surasining 135-oyati osib qo‘yilgan edi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا كُونُوا قَوَّامِينَ بِالْقِسْطِ شُهَدَاءَ لِلَّهِ وَلَوْ عَلَى أَنْفُسِكُمْ أَوِ الْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ إِنْ يَكُنْ غَنِيًّا أَوْ فَقِيرًا فَاللَّهُ أَوْلَى بِهِمَا فَلَا تَتَّبِعُوا الْهَوَى أَنْ تَعْدِلُوا وَإِنْ تَلْوُوا أَوْ تُعْرِضُوا فَإِنَّ اللَّهَ كَانَ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرًا
Ey, imon keltirganlar! Adolatda barqaror turib, o‘zlaring yoki ota-onalaring va qarindoshlaring zarariga bo‘lsada, Alloh uchun (to‘g‘ri) guvohlik beringiz! U (guvohlik beriluvchi) boy bo‘ladimi, kambag‘al bo‘ladimi, Alloh u ikkisiga (ogohlik jihatidan) yaqinroqdir. Bas, adolatli bo‘lishingiz uchun havoyi nafsga berilib ketmangiz! Agar (tillaringizni) bursangiz yoki (guvohlikdan) bosh tortsangiz, albatta, Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.

Saudi Daily nashrining xabar berishicha, Garvardda tahsil olayotgan Saudiya Arabistonilik talaba avval ushbu oyatga e’tibor qaratdi va o‘z Twitter idagi sahifasida fotosuratni joylashtirdi.
"Men ushbu oyatni tarixdagi adolatning eng buyuk ifodalaridan biri deb ta’riflagan huquq fakulteti tomonidan nashr etilganiga e’tibor berdim", dedi Abdulloh Juma.
1817 yilda tashkil etilgan Garvard yuridik maktabi AQSHdagi eng qadimgi va doimiy faoliyat ko‘rsatib kelayotgan huquq maktabi bo‘lib, dunyodagi eng katta akademik huquq kutubxonasi ham shu yerda joylashgan. Uning bitiruvchilari orasida AQSH Prezidenti Barak Obama va ko‘plab nufuzli jurnalistlar, yozuvchilar, ommaviy axborot vositalari va biznes rahbarlari, hatto professional sportchilar ham bor.
Huquq maktabi tomonidan yaratilgan badiiy ko‘rgazmada yigirmaga yaqin iqtiboslar keltirilgan. Mazkur eksponatlar orasida Qur’oni Karim oyatlari bilan bir qatorda Avliyo Avgustin va Buyuk erkinlik xartiyasidan olingan iqtiboslar bor. Garvard huquqshunoslik maktabiga ko‘ra, ushbu iqtiboslar adolat tushunchasining barcha davr va hamma madaniyatlarda umumiyligini aks ettiradi.
Kotirovkalar, o‘qituvchilar, xodimlar va yuridik maktab talabalari tomonidan taqdim etilgan 150 dan ortiq iboralardan tanlab olindi. Yuridik maktab kutubxonasi kutubxonachilari har bir taklifning tarixiy holati va haqiqiyligini o‘rganib chiqdilar hamda ushbu asarni san’at asarlarini ko‘rish maqsadida tashrif buyuruvchilar bilan baham ko‘rish uchun veb-sayt yaratdilar.
Xalqaro aloqalar bo‘limi xodimi
Sayidjamol Masayitov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abu Xurayra roziyallohu anhu ikki kishini ko‘rib, ularning biridan: «Bu senga kim bo‘ladi?» - deb so‘radilar. U: «Otam», - deb javob berdi. Shunda u zot: «Uning ismini aytib chaqirma, oldida yurma va undan avval o‘tirmagin», dedilar.
Imom Buxoriy rivoyati.
***
Ibn Abbos roziyallohu anhumo aytadilar: «Kim otasiga ko‘z qiri bilan (mensimay) qarasa, unga oq bo‘libdi».
Izoh: «Oq bo‘lish» iborasi arab tilida «kesish», «uzish» degan ma’noni bildiradi, shar’iy istilohda esa ota-onaga aziyat berish, ma’siyat bo‘lmagan ishlarda ularga itoatsizlik qilish, ularni g‘azablantirish, norozi qilish, ulardan aloqani uzishga aytiladi. Binobarin, uni qandaydir qarg‘ishga qolish, biror kasallikka giriftor bo‘lish ma’nosida tushunmaslik kerak.
***
Omir ibn Abdulloh ibn Zubayr aytadi: «Otam vafot etganda bir yil davomida Allohdan faqatgina otamni afv etishini so‘radim».
***
Umar ibn Abdulaziz Ibn Mehronga shunday degan: «Ota-onasiga oq bo‘lgan kimsa bilan do‘stlashmagin. Chunki ularga oq bo‘lgan kimsa seni ham hargiz rozi qilmaydi».
***
Avn ibn Abdullohdan rivoyat qilinadi: «Abdulloh aytadi: «Otang yaqin bo‘lgan kishilar bilan bog‘langin».
***
Imom Mujohid aytadi: «Kimni otasi ursa, uning qo‘lini qaytarishi mumkin emas. Kim ota-onasiga tik qarasa, ularga yaxshilik qilmabdi. Kim ota-onasini xafa qilsa, ularga oq bo‘libdi».
***
Avvom aytadi: «Mujohiddan: «Agar namozga azon aytilsa, shu payt otam ham meni birov orqali chaqirib qolsa, qaysi biriga javob qilaman» deb so‘ragan edim. U: «Otang (chaqirig‘i)ga javob ber», - dedi...
***
Mujohid aytadi: «Otaning duosi Alloh azza va jalladan to‘silmaydi».
***
Sobit ibn Aslam Bunoniy aytadi: «Birov otasini bir joyda urayotgan edi. «Bu nimasi?» - deb so‘raldi. Shunda otasi: «Qo‘yaveringlar, xuddi shu joyda men ham otamni urardim. Bolam bilan shunday balolanib, o‘zim ham ayni shu joyda urilyapman», dedi».
***
Ibn Muhayriz aytadi: «Kim otasini ismi yoki laqabini aytib chaqirsa, unga oq bo‘libdi».
***
Avn ibn Abdulloh aytadi: «Ota-onaga termilib boqish ham ibodatdir».
***
Umar ibn Zirr rahmatullohi alayhning o‘g‘li vafot etganda: «Allohim, uning mening haqqimda yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini kechirdim. Sen ham vojib haqlaring borasida kamchiliklarini mag‘firat qilgin», - deb duo qildi. Shunda undan: «O‘g‘ling senga qanday yaxshilik qilardi?» - deb so‘raldi. U: «Kunduzi faqat ortimda, tunda esa oldimda yurardi. Men turgan uyning tepasiga chiqmas edi», - dedi...
***
Muallo ibn Ayyub rahmatullohi alayh aytadi: «Ma’munning shunday deganini eshitganman: «Fazl ibn Yahyo Barmakiydan ko‘ra otasiga yaxshilik qiluvchiroq kishini ko‘rmaganman. Aytilishicha, uning otasi Yahyo faqat issiq suvda tahorat qilardi. Ular ikkalasi zindonga tushib qolganda zindonbon ularga havo sovuq bo‘lgan kuni kechasi o‘tin qirqishni taqiqlab qo‘ydi. Shunda Fazl zindondagi kichkina xushbo‘ylik solinadigan idishchaga suv to‘ldirib, isitish uchun shamchiroqqa yaqin olib bordi va ertalabgacha unga tutib turdi».
Ushbu voqeani Ma’mundan boshqalar ham keltiradi: «Ertasi kuni zindonbon Fazlga shamchiroqda suv isitishni ham man qildi. Shunda u idishni to‘ldirib, to‘shagiga o‘radi va uni bag‘riga bosib ilitdi».
***
Muoviya ibn Qurradan, «O‘g‘ling senga qanday muomala qiladi?» deb so‘ralgan edi. U: «U juda xam yaxshi farzanddir. Mening dunyo ishlarimni zimmasiga olib, oxirat ishlarim uchun forig‘ qilib qo‘ygan».
***
Muhammad ibn Sirin rahmatullohi alayh shunday degan: «Kim otasining oldiga tushib yursa, unga oq bo‘libdi. Agar uning yo‘lidan aziyatni ketkazish uchun (oldiga o‘tsa) unday emas. Kim otasining ismini aytib chaqirsa, unga oq bo‘libdi. «Ey otajon» desa, unday emas».
«Qiblagoh» kitobi asosida tayyorlandi