U o‘zi ishlaydigan vazirlikdagi uy-joy qurilish jamiyatidan ozgina yerga egalik qilar edi. Ota farzandiga o‘sha yerga uy qurib berishga bel bog‘lab, qurilish ashyolari, usta haqlarini berishni o‘z zimmasiga oldi. Qurilish boshlandi. Bino kundan-kunga ko‘tarilib, ikki yil ichida bino to‘la bitkazildi.
Ota ish boshida o‘g‘il-qizlari voyaga yetib, o‘g‘illari ishda ishlab, qizlari turmushga chiqishgani, uyda kampiri bilan yolg‘iz qolganlari sabab, o‘g‘li bilan qurilajak yangi uyda birga yashashlarini aytgan edi.
To‘satdan otaning kampiri vafot etdi. Ota yolg‘iz qoldi.
Farzand yangi uyga ko‘chib o‘tarkan, u bilan birga otasi ham ko‘chib o‘tdi. Ota oltmish yoshni qoralagan bo‘lib, turli dardlarga chalinib, kasbini davom ettirishga kuchi yetmay qolgan edi.
Farzandning bu qari bekorchi otasi bilan bo‘lgan muamolasida muammolar ko‘rina boshlandi. Bu muammolar kundan-kunga kattalashar, hatto bunday oilaviy hayotga toqat qilib bo‘lmay qolgan edi.
Qaynotasi ular bilan birga bir hovlida bo‘lishi kelinning joniga tekkan edi. U goho qaynotasini uning shaxsiy ishlariga aralashishda ayblasa, goho unga xizmat qila olmasligini aytar, bir safar qaynotasi havoni bulg‘ab, bolalariga kasal yuqtirishligini tuhmat qilsa, boshqa safar muomalani bilmaslik, madaniyatsizlikda ayblar edi.
Axiyri u vulqon kabi portlab, eriga dedi: “Bu hovlida yo men, yoki otanggiz turadi, bittasini tanlang!”.
Ibrohim Hozimiyning
OQPADARLIK OQIBATLARI kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Zunnun Misriy rahimahullohdan hikoya qilinadi: “Allohning Baytini haj qilish maqsadida yo‘lga chiqdim. Safar asnosida yo‘ldan adashdim. Bir payt yo‘l ustiga tashlab qo‘yilgan kishiga ko‘zim tushdi. U shu turishda o‘limini kutib yashayotgandek edi.
Borib, salom berdim. Salomimga alik oldi. “Yoningizda turishimni xohlaysiz-mi?” deb so‘radim. “Seni nima qilaman?” dedi hayron bo‘lib. “Sizga suhbatdosh, ulfat bo‘laman”, dedim.
“Senda men uchun qanaqa ulfatlik bor?!” deb so‘radi. “Agar bemor bo‘lsangiz, xizmatingizda bo‘laman”, dedim. U: “Menga Kifoya qiluvchi, Rost so‘zlovchi, ahvolimni Biluvchi Zot bor. Kim Uni do‘st deb bilmasa, unday kimsaga boshqa ulfat, suhbatdosh, do‘st yo‘q” dedi.
“Menga yaxshilik turlaridan birortasini o‘rgating yoki biror nasihat qiling, eshitib, amal qilay” dedim. Shunda u boshini ko‘tarib menga qaradi va: “Ey birodarim! O‘zingni o‘z nafsingdan saqla! Qalbingga biror illat kirishidan ehtiyot bo‘l! Agar bir ma’siyatni qilmoqchi bo‘lsang, boshingni yuqoriga ko‘tar! Kimga qarshi bo‘layotganingni, Kimga jur’at qilayotganingni, Kimga qarshi urush boshlayotganingni bil! Allohga isyon qilgan kimsa, Unga qarshi urushgan kimsa bo‘lib qolishini bilmaysan-mi?! Qilib turgan solih amallaringda bardavom bo‘l! Belingni mahkam bog‘la! Seni bu dunyodan ketkazilishidan oldin o‘zing Alloh sari yuzlan! Jahannam muridlarning kechalarini bedor qilganini, obidlarning qalblarini jarohatlaganini bilmaysan-mi?! U Zot Kitobida ularni maqtab bunday degan:
كَانُوا قَلِيلاً مِّنَ اللَّيْلِ مَا يَهْجَعُونَ
“Ular kechalari oz uxlar edilar”.
وَبِالْأَسْحَارِ هُمْ يَسْتَغْفِرُونَ
“Va ular saharlarda istig‘for aytar edilar” (Zariyat surasi, 17-18-oyatlar).
U ushbu oyatlarni o‘qidiyu, qichqirib yubordi. Shu zahoti joni uzildi. U kishiga o‘xshagan yetuk kishini ko‘rmadim. Alloh rahmatiga olsin!”.
Ahmad ibn Ibrohim Sa’labiyning
"Qur’on oshiqlari" kitobidan olindi