Mukammal Islom dini jamiyat uchun zarar bo‘lgan barcha amallarni gunohlar sarasiga qo‘shdi. Hattoki, bunday amallarning oz miqdordagisiga ham ruxsat bermadi. Balki, bunday gunohlarga nisbatan qattiq jazolar, ma’lomat va xatarlar borligini takror-takror eslatdi. Ba’zilarini Qur’on bilan, ba’zilarini esa Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bilan xarom qildi. Mo‘minlarni bu jirkanch ishlarni qilishdan qaytardi.
Mana shunday qaytarilgan amallardan biri bu – poraxo‘rlik ya’ni, zamonaviy til bilan aytganda korrupsiyadir. Poraxo‘rlikning xatari, unga berilgan jazo va malomatning miqdorini ushbu qisqagina hadis orqali bilishimiz mumkin. Mashhur sahobalardan bo‘lgan Savbon roziyallohu anhu aytadilar: “ Rosululloh sollallohu alayhi vasallam pora beruvchi, pora oluvchi va ularning o‘rtasidagi vositachini la’natladilar”. (Imom Ahmad rivoyati)
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlaridan ozgina xabari bor inson biladiki, u zot muomala va axloqda tengsiz edilar. U kishining muborak zabonlaridan har xil fahsh, malomat, ta’na va la’nat so‘zlari chiqmas edi. O‘zlariga berilgan turli ozorlarga, ozor bergan kimsalarga ham duoyibad, qarg‘ish yoki la’nat so‘zlarini aytmaganlar.
Biroq, poraxo‘rlik shunday illatki, uning gunohi shu qadar ulkanki, shuning uchun Rosululloh sollallohu alayhi vasallam pora berganni ham, olganni ham va hatto ularning o‘rtasida vositachi bo‘lib turgan insonni ham la’natladilar. Bu bejiz emas albatta. Buning o‘z sabablari bor.
Ba’zi gunohlarning zarari faqat o‘z sohibiga tegadi. Boshqalar uchun zarar keltirmaydi. Yana ba’zi gunohlar borki, uning zarari sanoqli kishilargagina ta’sir qiladi. Va yana shunday gunohlar, illatlar borki, ularning oqibati butun jamiyatga zarar keltiradi. Insonlarnig kelajagiga, millatning va yurtlarning rivojlanishiga to‘g‘anoq bo‘ladi. Poraxo‘rlik ham aynan shunday, butun jamiyatga va kelajakka zarar keltiruvchi gunohlar sarasiga kiradi.
Qolaversa, poraxo‘rlik Alloh taoloning bir nechta farzlariga e’tiborsiz bo‘lishga, ularga amal qilmaslikka, bir qancha gunoh amallarning sodir bo‘lishiga yo‘l ochadi. Masalan, birgina ta’lim sohasidagi korrupsiya ilm-fan va ma’rifatga zarba beradi. Pora evaziga o‘qishga kirgan, pora evaziga imtihondan o‘tgan talaba uchun ilmning qiymati bo‘lmaydi. Balki, u talabada “pul ilmdan ko‘ra kuchliroq vositadir”, degan tasavvur paydo bo‘ladi. bu esa o‘z navbatida, “ilm olish farz” degan buyruqqa nisbatan e’tiborni yo‘qqa chiqaradi. Jamiyatda o‘z sohasining bilimdonlari kamayishiga, bu sabab insonlar orasida murosa va xotirjamlik yo‘qolishiga, turli xil qiyinchiliklarning yuzaga kelishiga olib keladi. Poraxo‘rlik kishilar o‘rtasida adolat qilishga to‘sqinlik qiladi. Kimlargadir zulm qilishga yo‘l ochadi. Kishilarda adolatga, ezgulikka, jamiyat va davlatga nisbatan ishonchsizlik paydo bo‘lishiga hamda bundan boshqa judayam ko‘p illatlarning yuzaga chiqishiga sabab bo‘ladi. Aynan shuning uchun ham, Rosulimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam poraga, korrupsiyaga aloqador bo‘lgan barcha kishilarni eng og‘ir so‘z bo‘lgan la’nat bilan zikr qildilar.
Bugun davlatimiz, xususan yurtboshimiz tomonidan korrupsiyaga qarshi qattiq kurash yo‘lga qo‘yildi. Jazolar va nazoratlar kuchaytirildi. Bu albatta quvonarli xol. Chunki, davlat rahbarining talabi Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning talabi bilan, Alloh taoloning talabi bilan muvofiq tushmoqda. Maqsadlar bir nuqtada birlashmoqda. Demak, yurtboshimizning maqsadi ham aynan jamiyatning rivoji, adolat va shaffoflikni ta’minlash, zulm va nohaqliklarga barham berishdir. Bu yo‘lda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarishimiz kerak. O‘zini mo‘min sanagan, din, millat, yurt va jamiyat rivoji uchun befarq bo‘lmagan har qanday shaxs korrupsiyaga qarshi birlashib harakat qilmog‘i lozim bo‘ladi. zero, Robbimiz bizni shunga buyurgan: “Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang”. (Moida surasi, 2-oyat)
Azizlar! Robbimiz chaqirgan hamkorlikka sizlarni ham qo‘shilishingizni istayman. Unutmang! Bu hamkorlikdan hech kim zarar ko‘rmaydi.
Olmazor tumanidagi “Mevazor” masjidi imom noibi: Islomov Yorbek
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyati vakilligi tashabbusi hamda yillik ish rejasi doirasida Paxtachi tumanida ma’naviyat, mehr-shafqat va xayr-saxovat ruhi bilan yodda qolarli sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilish avvalida viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov ishchi guruh a’zolari bilan uchrashib, sayyor uchrashuvlarni samarali va mazmunli tashkil etish yuzasidan muhim ko‘rsatma va topshiriqlar berdi. U kishi har bir masjid imom-xatibi hamda mas’ul shaxslarga aholi bilan yuzma-yuz muloqot qilish, ularning muammolarini eshitish va imkoniyatdan kelib chiqib joyida hal etish zarurligini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng Ahmadxon domla, Paxtachi tumani bosh imom-xatibi I.Isayev hamrohligida tuman markazidagi “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidi hududida og‘ir ijtimoiy ahvoldagi, bemor va nogironligi bor oilalar xonadonlariga tashrif buyurdi. Ushbu tashriflar doirasida:
Har bir xonadonda samimiy muloqot o‘rnatilib, ezgu duolar qilindi. Ota-onalarning minnatdorliklari barcha ishtirokchilar qalbiga iliqlik bag‘ishladi.
Viloyat ishchi guruhi Paxtachi tumanidagi 12 ta masjidda Peshin namozini ado etib, jamoatga quyidagi yo‘nalishlarda ta’sirli ma’ruzalar qildi:
Shuningdek, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari Nursultonxon domla Abdumannonov “Xo‘ja Ziyovuddin” jome masjidida “Salomatlik va osoyishtalik – eng katta boylik” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy quvvatga to‘la ma’ruza qildi.
Yig‘ilish yakunida Paxtachi tumanidagi 16 mahallaning ijtimoiy ahvoli, aholining ehtiyojlari va muammolari tahlil qilindi. Masjid hujjat yuritishi, obodonchilik ishlari va jamoat bilan muloqot samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.
Rahbarlar tomonidan aholi bilan yaqin hamkorlik qilish, diniy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish va xayr-saxovat ishlarini yanada kengaytirish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi.
Tadbir so‘ngida barcha ishtirokchilar yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligi va yurtboshimiz olib borayotgan xayrli ishlariga zafarlar tilab, birgalikda xayrli duo qildilar.
Bu sayyor yig‘ilish Paxtachi ahli uchun nafaqat amaliy yordam, balki ma’naviy ko‘tarinkilik, birdamlik va kelajakka ishonch ruhini uyg‘otgan yodda qolarli kun bo‘ldi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Samarqand viloyat vakillgi Matbuot xizmati