Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Iyul, 2025   |   15 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:59
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:36
Bismillah
10 Iyul, 2025, 15 Muharram, 1447

FOYDASIZ SO‘ZDAN TIYILISH

22.01.2020   2341   4 min.
FOYDASIZ SO‘ZDAN TIYILISH

Alloh taolo insonni yaratib, unga juda ko‘plab ne’matlarni ato qildiki, toki odam bolasi yer yuzida hayot kechirishi mobaynida o‘ziga manfaat beradigan  narsalardan foydalansin. Shu bilan birga o‘zi va boshqalarga zarar bo‘lishiga sabab bo‘ladigan ishlardan saqlanishi kerak bo‘lgan amallarni ham insonga bildirdi. Shunday go‘zal fazilatlardan biri faqatgina insonga berilgan narsa bu til ne’matidir. Inson bu til orqali o‘zini nomai a’moliga  bu dunyoda va oxiratda ham foyda beradigan ulkan savoblarni qo‘lga kiritishi yoki aksincha o‘zi hamda boshqa insonlarga ham  foydasiz so‘zlarni so‘zlashi bilan oxiratda nadomat va xasratda qolishi mumkin. Bugungi ko‘nimizda ko‘plab insonlarda uchrab turadigan illatlardan biri gapirayotgan vaqtida behuda gap-so‘zlar bilan o‘zining bebaho umrini foydasiz ishlar bilan o‘tkazayotganini guvohi bo‘lamiz. Nafaqat o‘zlarini, balki suhbatdoshlarini ham vaqtini olib unga keragi bo‘lmagan so‘zlarni gapirayotganlarini ko‘rishimiz mumkin. Aslida nima uchun Islom dini va bizning milliy qadriyatlarimizda inson bekorchi so‘zlardan o‘zini saqlashga chorlanadi. Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallam aytadilar;

 “Behuda  ishlarni tark qilish kishi Islomining go‘zalligidandir”.

  Bu nabaviy ta’limotda inson uchun juda ko‘plab manfaatlar bordir. Aslida buni tub negizida insonlarga va jamiyat a’zolariga zarari borligi uchun ham bunday keraksiz ishga  ruxsat berilmagan. Odatda bekorchi so‘zlarga e’tibor qilinsa, qaysi bir inson to‘g‘risida yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, ig‘vogarlik, mas'hara qilish, kamsitishga doir suhbat ketayotganini ko‘rishimiz mumkin. Aslida insonga ato qilingan til ne’mati o‘zgalar bilan muomalada go‘zal munosabatda bo‘lish va barcha kishilarga foydali bo‘lgan so‘zlarni so‘zlash uchun berilgan. Qadimda o‘tgan olimlarimiz o‘zlari so‘zlayotgan gap qanchalik o‘zlariga manfaatli bo‘lishi borasida doimo aytgan gaplarini tekshirib turganlar. Imom Munoviy o‘zlarining “Fayzul-Qodir” nomli kitoblarida shunday ma’lumotni keltiradilar: Ibnil Arabiy aytadi: “Mashoyixlarimiz har kuni o‘zlari kun davomida nima gapirganlari va qanday ishlarni qilganlarini hisob-kitob qilish uchun  uni daftarga qayd qilib qo‘yardilar. Xufton namozini ado qilganlaridan so‘ng daftarga qarab o‘zlarini hisob kitob qilar, agar istig‘forga haqli bo‘ladigan ishni ko‘rsalar  istig‘for aytar, tavba qilishga loyiq bo‘lsa, tavba qilishar, shukr qilish kerak bo‘lgan amallarda shukr qilib, so‘ng uxlar edilar.” Chunki inson gapirayotgan birgina behuda so‘zi orqali Allohning azobiga va aqlli insonlarlarning dashnomlariga qolishi aniq. Keling, quyidagi satrlarda bizdan oldin yashab o‘tgan olimlar befoyda so‘zlarni gapiradiganlar borasida qanday o‘gitlar aytib o‘tishganligini ko‘rib chiqamiz.

  Imom Karxiy rahimahulloh: “Inson o‘ziga foydasiz bo‘lgan narsani so‘zlashligi Alloh tomonidan xorlanishidir”, deganlar.

  Hasan Basriy rahimahulloh: “Alloh taolo bir bandasidan yuz o‘girishining alomati o‘sha bandani foydasiz ishda mashg‘ul qilib quyishidir”, deganlar .

  Molik ibn Dinor rahimahulloh aytadilar: “Agar qalbing qotganligi, badaning zaiflashgani, rizqingda mahrumlikni ko‘rsang, bilginki, sen o‘zingga foyda bermaydigan narsa to‘g‘risida gapirgansan”.

  Yunus ibn Ubayd rahimahulloh aytadilar: “Kishi o‘ziga foyda bermaydigan bir so‘zni tark qilishi bir kun ro‘za tutishdan ko‘ra afzalroqdir”.

  Imom Shofiiy rahimahulloh aytadilar: “Kimki Alloh uni qalbini nurlantirib quyishini  xohlasa, behuda so‘zlarni tark qilsin”.

  Imom Shofiiy rahimahulloh aytadilar: “Uch narsa aqlni ziyoda qiladi.

  1. Ulamolar bilan o‘tirish.
  2. Solih kishilar bilan hamsuhbat bo‘lish.
  3. Behuda gap-so‘zlardan tiyilish”.

  Ha, azizlar, biz ham yuqorida zikr qilib o‘tilgan ulamolarimizning so‘zlariga amal qilib, har bir o‘tayotgan kunimizni g‘animat bilishimiz hamda bizga berilgan til ne’matidan unumli foydalanishimiz kerak bo‘ladi. Zero, behuda gap-so‘zlardan ko‘ra vaqtimizni ilm-fan, kasb-hunar, ta’lim-tarbiya, jamiyatimizni yanada yuksalishiga sarflaganimizda o‘zimiz va jonajon vatanimiz kelajagi uchun ham katta foydali ish qilgan bo‘lamiz. Alloh taolo barchalarimizga o‘zimiz va atrofimizdagi insonlar uchun ham foydali bo‘lgan so‘zlarni aytishimizni muyassar aylasin!

 

 

Rahimov Uchqun

Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus

islom bilim yurti ma’naviy­ – ma’rifiy

ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari.

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Namozga kirishda, qo‘llar qachon ko‘tariladi?

09.07.2025   5358   1 min.
Namozga kirishda, qo‘llar qachon ko‘tariladi?

Savol: Namozga “Allohu akbar”, deb quloq qoqishda “Allohu akbar” dagi “r” ga kelganda ikki qo‘lni bosh barmog‘i quloq yumshog‘iga tegiziladimi? Shunday deb, eshitdim.

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Namozga kirishda avval ikki qo‘lni yuqoriga ko‘tarib, bosh barmoqlarni quloqning yumshoq joyiga tegiziladi. So‘ng “Allohu akbar”, deb, namozga kirishiladi.

Bu haqida Faqih Abu Ja’far rahimahulloh bunday zikr qilganlar: “Ikki kaftini ichki taraflari bilan qiblaga yuzlanadi va panjalari yozadi hamda qo‘llarini yuqoriga ko‘taradi. Qachonki, ikki bosh barmog‘i ikki quloqlarining yumshoq joylariga tegsa, “Allohu akbar” deb namozga shuru’ qiladi.

Shamsulaimma Saraxsiy rahimahullohga ko‘ra, barcha mashoyixlar shunga ittifoq qilganlar (“Muhiyt” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.