Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Dekabr, 2025   |    ,

Toshkent shahri
Tong
06:16
Quyosh
07:42
Peshin
12:23
Asr
15:14
Shom
16:59
Xufton
18:18
Bismillah
15 Dekabr, 2025, ,

Muborak vasiyatlar: ZIKR VA ZIKR QILUVCHINING FAZILATI

16.01.2020   6122   20 min.
Muborak vasiyatlar: ZIKR VA ZIKR QILUVCHINING FAZILATI

Yahyo (alayhissalom) qavmiga qilgan vasiyatlarning beshinchisi zikrulloh, Allohni zikr qilishdir. Mo‘min kishi yaratuvchi, rizq beruvchi va uni odam naslidan qilgan Rabbisi borligiga ishonadi. Uning bandasi Unga sig‘inadi, Unga talpinadi, Uning rahm-shafqatidan umidvor bo‘ladi, Uning cheksiz qudrati – har neki bor, Ul Zot undan buyukligini, Uning dargohiga ojizlik ila uzatilgan qo‘lni yordamsiz qoldirmasligini yaxshi biladi.

O‘zi bilan Rabbisining o‘rtasidagi mana shu ajoyib iliqlik, samimiylik yo‘qolishidan qo‘rqadi. Aks holda, Sahroyi Kabirdek bu bevafo dunyoning yolg‘on-yaltiroqlari ichida yo‘lini topa olmay, adashib, qiyin ahvolda qolishini biladi. Rabbisining o‘ta mehribonligi bilan birga, o‘ch oluvchi, azobga soluvchi ekanini ham biladi. Shuning uchun Unga itoatsizlik, osiylik qilishdan qo‘rqadi. Payg‘ambarlar sayyidi Muhammad (alayhissalom) Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu)ga har farz namozdan keyin aytishni buyurgan:

اللَّهُمَّ أَعِنِّي عَلَى ذِكْرِكَ وَشُكْرِكَ وَحُسْنِ عِبَادَتِكَ

“Yo Alloh, zikring, shukring va Senga chiroyli ibodat qili­shimda yordam ber” (Imom Abu Dovud rivoyati).

Abu Abdurahmon Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) Xazraj qabilasiga mansub mashhur sahobalardan. 18 yoshida Islomni qabul qilgan. Madinalik 70 kishi Aqoba bay’atiga kelishganda Muoz ibn Jabal shularning biri bo‘lgan. Payg‘ambar (alayhissalom) uni Yamanga qozi-muallim qilib jo‘natganlar. Badr va boshqa g‘azot­larda ishtirok etgan. 38 yoshda vafot etgan. Undan 157 ta hadisi sharif rivoyat qilingan.

Sizlar ham har bir farzdan keyin ushbu duoni aytadigan mo‘minlardanmisiz? Alloh taoloning zikr haqidagi oyatlariga amalingiz qanchalik?

Alloh taoloning zikrini qilish, uni imkon qadar xotirada saqlashning mo‘min hayotida ahamiyati beqiyosdir. Yahyo (alayhissalom) tashbeh qilganlaridek, ortidan quvib kelayotgan dushmandan qutulib qolish uchun mustahkam bir qal’aga yashirinib olsa, jonini ham hayotini ham saqlab qoladi. Bu tashbehdagi qochayotgan sensan, ortidan izma-iz kelayotgan dushmaning shaytoni la’indir. Undan qutulish uchun kiradiganing qal’a Alloh taoloning zikridir.

Yaratgan Rabbingni yodga olishing, Uning san’ati asari bo‘lmish koinot va undagi barcha mavjudot-maxluqotlarning yaratilishi haqida tafakkur qilishing, beixtiyor lol qolib, U zotga hamd aytishing, o‘zingni ham, boringni ham asraydigan mustahkam qo‘rg‘ondir.

Bunday qo‘rg‘onga kirib yashiringanlarga shayton va uning malaylari hech qanday xavf tug‘dira olmas, shuning uchun oyati karimada ham aytiladi:

﴿يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ ٱذۡكُرُواْ ٱللَّهَ ذِكۡرٗا كَثِيرٗا٤١ وَسَبِّحُوهُ بُكۡرَةٗ وَأَصِيلًا٤٢

«Ey imon keltirganlar! Allohni ko‘p zikr qiling va ertayu kech Unga tasbeh ayting» (Ahzob, 41– 42).

Alloh taoloni zikr qilish qalbni Unga bog‘lashdir. U meni kuzatib turibdi, degan doimiy e’tiborda turishdir. Alloh taoloning buyruqlarini bir lahza ham esdan chiqarmay amalga oshirishdir. Ha, mo‘minlar Alloh taoloni ko‘p zikr qilishi kerak. U Zotni ko‘p zikr qilgandagina turli yolg‘on, bo‘hton, ig‘vo, g‘iybat va chaqimchilik kabi gunoh gap-so‘zlardan uzoqlashadi, chunki u og‘zidan chiqadigan so‘zini amalidan deb biladi. Alloh taoloni ko‘p zikr qilgan odamning qalbida foydasiz gaplarga, so‘kinishlarga va boshqa salbiy narsalarga joy qolmaydi. Alloh taoloni ko‘p zikr qilgan odamning qalbida dunyo va uning matohlari zikriga, turli ko‘ngilxushliklariga, inson zehnini chalg‘ituvchi maishatlariga o‘rin qolmaydi, balki uning qalbiga Alloh taoloning muhabbatidan boshqa muhabbat sig‘maydi. Uning tiliga Alloh taoloning ismi jo, fe’llarida Uning amri bajo bo‘ladi. Tilidagi muborak zikr asta-sekin zikr davomida halqumiga, ko‘ksiga va qalbiga yetib boradi.

Garchi bunday maqomdagi inson tili bilan Alloh taoloning ismini aytmasa ham, dili “Alloh, Alloh” yoki “La ilaha illalloh” deb turadi. Nihoyat butun vujudi shu holatga yetadi.

﴿ٱلَّذِينَ يَذۡكُرُونَ ٱللَّهَ قِيَٰمٗا وَقُعُودٗا وَعَلَىٰ جُنُوبِهِمۡ وَيَتَفَكَّرُونَ فِي خَلۡقِ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ رَبَّنَا مَا خَلَقۡتَ هَٰذَا بَٰطِلٗا سُبۡحَٰنَكَ فَقِنَا عَذَابَ ٱلنَّارِ١٩١

«Ular turib ham, o‘tirib ham, yotib ham Allohni zikr etadilar va osmonlaru Yerning yaratilishi haqida fikr yuritadilar (va duo qiladilar:) “Ey Rabbimiz! Bu (koinot)ni behuda yaratmagansan. Sen (ayblardan) pok Zotdirsan. Bas, bizni do‘zax azobidan saqlagin!» (Oli Imron, 191)

Ya’ni, aql egalari bo‘lmish musulmonlar imkoniyatlariga qarab namozlarni tik holda, o‘tirib, unga ham ojiz bo‘lishsa, yotgan holda imo-ishora bilan o‘qiyveradilar. Boshqa bir tafsiri shuki, bu yerdagi “zikr”dan maqsad namoz emas, balki Allohni yod etish, duo va iltijo, tasbeh kabi zikrlardir.

Bu bepoyon osmonlaru yerlarga nazar solib, aqlini ishlatgan odam, kecha va kunduzning almashinuvini aqli ila tafakkur qilgan odam, albatta, U Zotning qudratiga, yaratuvchiligiga qoyil qolmasdan iloji yo‘q. Osmonlaru Yerdagi ajoyib mutanosiblik – butun dunyo tortishish qonuni ila shunday bo‘lib turganini ilmu fan tinmay takrorlaydi. Lekin o‘sha qonunni kim ijod qildi? Osmonlaru Yerdagi barcha narsalar azaliy emas, balki keyin paydo bo‘lganini ham aql ishlatgan darrov tushunib yetadi. Demak, ularni qachondir paydo qilgan Zot bor, u Alloh taolodir.

Kecha va kunduz almashinuvi Yerning ham, Quyoshning ham o‘z o‘qi atrofida aylanib turishidandir. Bu hammaga ma’lumdir, biroq ularni o‘z o‘qi atrofida aylanadigan qilib qo‘ygan kim axir? Albatta, Alloh taolodir.

Oyati karimada aytilganidek, ertayu kech, har qanday holatda Alloh taoloni zikr qilish lozim! Allohni zikr qilish toatu ibodatga quvvat va ziynatdir. Alloh taoloning rizosiga olib boradigan markabdir.

Alloh taolo marhamat qiladi:

﴿ وَٱلذَّٰكِرِينَ ٱللَّهَ كَثِيرٗا وَٱلذَّٰكِرَٰتِ أَعَدَّ ٱللَّهُ لَهُم مَّغۡفِرَةٗ وَأَجۡرًا عَظِيمٗا٣٥

«Allohni ko‘p zikr qiluvchi erkaklar va (Allohni ko‘p) zikr kiluvchi ayollar – ular uchun Alloh mag‘firat va ulug‘ mukofotni (ya’ni, jannatni) tayyorlab qo‘ygandir» (Ahzob, 35).

Oyati karimada aytilgan ulug‘ ajrdan murod, jannatdir.

Zikrning afzalligi haqida ko‘plab hadisi shariflar vorid bo‘lgan, jumladan:

Abu Hurayra va Abu Said (roziyallohu anhumo) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Biror jamoa yig‘ilib, Allohni zikr qilib o‘tirsa, ularni maloikalar o‘rab oladi, ularga rahmat yog‘adi, ularda halovat paydo bo‘ladi va Alloh ularni O‘zining huzurida eslaydi”, dedilar» (Imom Muslim rivoyati).

Abu Said Xudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Rasululloh (alayhissalom)dan: “Yo Rasululloh, qiyomat kuni Alloh taolo huzurida qaysi banda eng afzal maqomda bo‘ladi?” deb so‘raldi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Allohni ko‘p zikr qiladigan erkak­lar va (Allohni ko‘p) zikr qiluvchi ayollar”, dedilar. “Alloh yo‘li­dagi g‘oziydan hammi?” deyildi. “Ha, Alloh yo‘lidagi g‘oziydan ham Alloh taoloni ko‘p eslaydigan afzaldir”, dedilar» (Imom Ahmad va Imom Termiziy).

Alloh taoloni zikr qilish shayton vasvasasidan o‘zimizni saqlash uchun eng maqbul yo‘ldir. Alloh taolo zikridan bosh tortsak, do‘zaxga mahkum bo‘lgan shaytonning sherigi bo‘lib qolamiz.

Alloh taoloni qancha ko‘p zikr qilsak, qalbimiz – ruhimiz shuncha munavvar bo‘ladi.

﴿فَٱذۡكُرُونِيٓ أَذۡكُرۡكُمۡ وَٱشۡكُرُواْ لِي وَلَا تَكۡفُرُونِ١٥٢

«Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz!» (Baqara, 152)

Ushbu oyati karima qisqa bo‘lishiga qaramay, sirlarga boy, ma’nosi barcha olamga yetguday. Alloh taolo O‘zi yaratgan, umr-rizq va boshqa ne’matlarni bergan bandalariga: “Meni eslangiz” demoqda. Xo‘sh! Alloh taolo bu ojiz bandalarining zikrlariga muhtojmi? Albatta, yo‘q. U Zot har qanday narsadan behojatdir. Ammo hamma muhtojlik bandalarda, Alloh taoloning bu buyrug‘i bandalarga yaxshilik yetishi uchundir. Allohni eslagan uning mukofotiga erishadi. G‘ofil bandalar Alloh taoloni eslamasa ham, mehribon Alloh ularni unutib qo‘ymaydi, rizq-ro‘zini, toza havoni yetkazib, yuragining har bir urishi uchun izn berib, kuzatib turadi.

“Agar bir mo‘min Alloh taoloni zikr qila boshlasa, Alloh taolo ham uni eslaydi” deyishimiz, bu Alloh taoloning lutf-karamiga sazovor bo‘lishini anglatadi.

Sa’id ibn Jubayr (roziyallohu anhu) yuqoridagi oyati karimani: “Menga itoat qilish bilan Meni eslang, men ham sizlarni mag‘firatim... yoki rahmatim... bilan eslayman” deb sharhlagan.

Alloh taoloni chiroyli holatlarda, yaxshi ishlarda eslash kerak. Gunoh ish ustida U Zotni eslash, ismini tilga olishning o‘zi ham alohida gunoh. Yuqoridagi oyati karima zohiridan kelib chiqib: Qotil, o‘g‘ri, aroqxo‘ru zinokorlar ham Allohni eslab, ba’zan Undan madad so‘rab shu gunohlarni qiladi. Uni ham Alloh eslaydimi, deb Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)dan so‘ralganda, u kishi: “Agar ulardan biri gunoh qilib turib, Allohni eslasa, Alloh taolo ham uni eslaydi, faqat la’nati bilan eslaydi”, deb javob bergan.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom) aytdilar: “Alloh marhamat qiladi: “Men bandam Men haqimda o‘ylaganidekman, u Meni eslasa, Men u bilan birgaman, bandam Meni ichida eslasa, Men ham uni ichimda eslayman, agar u Meni ko‘pchilik ichida eslasa, Men ham uni ularning jamoasidan yaxshiroq bo‘lgan jamoa ichida eslayman”» (Muttafaqun alayh).

Ushbu hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: “Bandam Men haqimda qanday fikrdaligiga qarab unga muomala qilaman, kechirishimni bilib kechirim so‘rasa kechiraman, tavbasini qabul qilishimni bilib tavba qilsa, qabul qilaman, duosini ijobat qilishimni bilib duo qilsa, ijobat qilaman, Meni o‘ta mehribon deb bilsa, unga shunday mehribon bo‘laman, agar Meni qahri qattiq deb bilsa, unga qahrimni qattiq qilaman”. Hadisi qudsiy so‘ngidagi “ularning jamoasidan yaxshiroq bo‘lgan jamoa ichidan”dan murod, kimlar degan savolga Tibiy: “Ular Alloh taologa muqarrab maloikalar jamoasi bilan payg‘ambarlarning ruhlari” degan javobni aytgan.

Yana Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo bunday degan: “Modomiki, bandam lablari qimirlab, Mening zikrimni qilib tursa, Men u bilan birgaman” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadisi qudsiyda tasbeh, takbir va boshqa lafzlar bilan Alloh taoloni eslayotgan zikr qiluvchining maqomi qanchalar yuqoriligi, u Allohga, Alloh taolo esa unga yaqinligi bayon qilinmoqda.

Abdulloh ibn Busr (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir kishi Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Yo Rasululloh! Yaxshi, ezgu amallar juda ko‘p, menga bir narsani buyuring, o‘sha narsani mahkam ushlay!” dedi. Shunda Payg‘ambar (alayhissalom): “Allohning zikri bilan tiling doim nam bo‘lib tursin!” dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Alloh taoloning yer yuzini aylanib Allohni zikr qilib o‘tirgan kishilarni axtarib yuradigan maloikalari bor. Qachon ular Allohni zikr qilib o‘tirgan bir jamoani topsa: “Istagan narsangiz shu yerda ekan” deb bir-birini chaqiradi va hammalari jamoa ustiga qanotlari bilan yopiriladi, ular ko‘pligidan dunyo osmonigacha yetib qoladi (Alloh zikrini kilib o‘tirgan jamoatning aytgan zikru duolariga quloq berib turishadi, jamoa tarqalgach), Alloh taolo O‘zi yaxshi bilsa-da, maloikalardan so‘raydi:

Bandalarim nima qilishayotgan ekan?

Maloikalar: Yo Alloh! Bandalaring Senga tasbeh, takbir va hamdu sano aytib, Seni ulug‘lashmoqda.

Alloh taolo: Ular o‘zi Meni ko‘rishganmi? – deb so‘raydi.

Maloikalar: Qasamki, ular Seni ko‘rmagan.

Alloh taolo: Agar Meni ko‘rishganda-chi?

Maloikalar: Agar Seni ko‘rishganda, Senga ibodatlari, Seni ulug‘lashlari yanada avj olgan bo‘lardi.

Alloh taolo: Bandalarim Mendan nimani so‘rashmoqda?

Maloikalar: Ular Sendan jannatni so‘rashmoqda.

Alloh taolo: Jannatni ko‘rishganmi?

Maloikalar: Yo‘q, jannatni hech ko‘rishmagan.

Alloh taolo: Agar ko‘rishganda qandoq bo‘lardi?

Maloikalar: Agar jannatni ko‘rishganda edi, unga rag‘batlari, ishtiyoqlari bundan ham ziyodalashar edi.

Alloh taolo: Bandalarim nimadan panoh so‘rashmoqda?

Maloikalar: Ular do‘zaxdan, uning azobidan panoh tilashmoqda.

Alloh taolo: Do‘zaxni ko‘rishganmi?

Maloikalar: Yo‘q, ey Rabbimiz, ular do‘zaxni ham, azobini ham umuman ko‘rishgan emas.

Alloh taolo: Agar ko‘rishganda qandoq bo‘lardi?

Maloikalar: U holda ular do‘zaxdan uzoqroq qochishga, unga tushishdan ehtiyot bo‘lishga ko‘proq harakat qilgan bo‘lishar edi.

Alloh taolo: Bandalarim shunday holatda ekan, ey maloikalarim, sizlar guvoh bo‘linglar, Men ularni mag‘firat qildim.

Maloikalardan biri: Ularning ichida falonchi bor, lekin u ulardan emas, u bir ish yuzasidan bu yerda o‘tirib qoldi.

Alloh taolo: U yerda o‘tirganlar shunday kishilar, bularning sharofatidan u ham gunohkorligicha qolib ketmaydi”, deydi» (Muttafaqun alayh).

Abu Dardo (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar alayhissalom) bir kun: “Ey sahobalarim! Sizlarga amallaringizni eng xayrlisi, darajotingizni yuqori ko‘taradigan, tillo va kumushni ehson qilishdan ham yaxshiroq va dushmaningiz bilan ro‘para bo‘lib, qilichlarda solishishdan ko‘ra afzalroq amalni o‘rgataymi?” dedilar. Sahobalar: “Ayting, yo Rasululloh!” deyishdi. Pay­g‘ambar (alayhissalom): “Allohni zikr qilish”, dedilar» (Imom Ahmad, Imom Termiziy va Ibn Moja rivoyatlari).

Payg‘ambar (alayhissalom) hadisi shariflarida aytilgan “Allohni zikr qilish” haqida Ibn Molik: “Hadisdagi zikrullohdan murod, e’tibor bilan, tushunib qilingan qalbiy zikrdir. Qalbiy zikrning hadisi sharifda aytilganidek molu jonni sarf qilishdan afzalligi bor, albatta”, degan.

Chunki u his-tuyg‘u va tafakkur bilan qilinadigan amal, ya’ni u qalb amali bo‘lib, a’zolar bilan ado etiladigan barcha amallardan qiyinroq.

Shuning uchun unga jihodul akbar deyilgan.

Qalb g‘ofil, xayol boshqa joyda, zikr mohiyatidan yiroq bo‘lib, faqat tilning o‘zi bilan qilingan zikrullohning boshqa ibodatlardan, ayniqsa, zakot, g‘azotdan afzalligi yo‘q. Qalb g‘ofil bo‘lib, tilning o‘zi bilan bo‘lsa-da, zikrulloh qilish yaxshi, hamma a’zolar g‘aflatda bo‘lgani holda bittasi ibodatda bo‘ladi, biroq hadisda aytilgan zikrulloh yolg‘iz shundan iborat emas.

Ushbu hadisni sharhlab, zikrulloh haqida Muhammad Said Ramazon Butiy “Sharh va tahlil” asarida quyidagilarni keltirgan:

“Biz hadisi sharifda sanab o‘tgan ibodatlardan zikrullohning afzalligini noto‘g‘ri tushunmagin, ya’ni bir mo‘min Allohning zikriga doimo qat’iyat bilan yondashib yursa, unda zakot, g‘azot va boshqa ibodatlar undan talab qilinmasa ham bo‘lar ekanda, deb o‘ylamaylik! Mazkur hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobai kiromlarning e’tiboriga havola qilmoqchi bo‘lgan ma’no shuki, banda qilgan har qanday toat-ibodatning Alloh taolo huzurida qabul bo‘lishi, niyatining to‘g‘riligi va xolisligi hamda amalining riyodan va shaxsiy g‘arazlardan toza bo‘lishiga bog‘liq. Ibodatlarning mana shunday risoladagidek vujudga kelishi Alloh taolo bilan bandaning o‘rtasini to‘sadigan, qalbning Alloh muhabbati ila yonishidan boshqa tomonga burib yuboradigan har qanday ofat-illatlardan pokizaligi bilan hosil bo‘ladi. Qalbning pokizaligiga va illatlardan sofligiga yagona eltguvchi yo‘l esa (hadisda aytilgan) zikrullohdir. Shulardan kelib chiqib, hadis ma’nosini bunday tushunish kerak: Allohni eslash, Uning zikrida bo‘lish, Alloh taolo nazdida U Zotning zikrisiz, riyo bilan ado etilgan sadaqotu jihoddan yaxshiroqdir”.

Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom): “Har bir zangni ketkazuvchi bor. Qalb zangini ketkazuvchi narsa Allohni zikr qilishdir. Allohni zikr qilishdan ko‘ra bandani Allohning azobidan qutqaruvchiroq amal yo‘qdir”, dedilar. “Yo Rasululloh, Alloh yo‘lidagi jihod hammi?” deb so‘raldi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Ha! Agar dushmani bilan qilich singuncha urushsa ham...”, dedilar» (Imom Bayhaqiy).

Albatta, har bir inson vujudining markazida nafsi ammora – yomonlik rohati, gunoh lazzati va boshqa munkar ishlarga boshlab turadigan ko‘ngil mayli mavjud. Umri mobaynida bir mo‘min necha bor ojizligi tufayli nafsining so‘ziga kiradi, shuning uchun kichik gunohlar sodir bo‘lib turishi ko‘pchilikda tabiiy holat. Aslida, ichki olamini pok tutishi, gunohlarga ko‘ngli ketmasligi, ko‘ngli ketsa ham, uni amalda bajarishdan saqlanishi mo‘minning doimiy xulqi bo‘lishi kerak edi. Ammo ichki va tashqi xulqida xatoyu kamchilikka yo‘l qo‘ygan mo‘min darrov Rabbisini eslashi, gunohlarini kechirib yuborish Uning uchun arzimas ish bo‘lgan mehribon Rabbisi borligini chin yurak va ongi bilan eslashi, hamda gunohi evaziga uni azoblamasligini so‘rashi va chin tavba qilishi kerak edi. Alloh taoloni shu zaylda eslash, ya’ni zikr Uning azobidan qutqaruvchi ulug‘ ibodatdir.

Oli Imron surasi 135-oyatida bunday deyiladi:

﴿وَٱلَّذِينَ إِذَا فَعَلُواْ فَٰحِشَةً أَوۡ ظَلَمُوٓاْ أَنفُسَهُمۡ ذَكَرُواْ ٱللَّهَ فَٱسۡتَغۡفَرُواْ لِذُنُوبِهِمۡ وَمَن يَغۡفِرُ ٱلذُّنُوبَ إِلَّا ٱللَّهُ وَلَمۡ يُصِرُّواْ عَلَىٰ مَا فَعَلُواْ وَهُمۡ يَعۡلَمُونَ١٣٥

«Ular biror fahsh ish qilib qo‘ysa yoki o‘zlariga zulm qilsalar, (darhol) Allohni eslab, istig‘for aytadilar. Vaholanki, gunohlarni faqat Allohgina mag‘firat etar. Yana, ular bi­la turib, qilmishlarida davom etmaydigan kishilardir».

Bu oxir-oqibati jannat bo‘ladigan taqvodor mo‘minlarning sifatlari haqidagi oyati karimadir.

Abu Zarr (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Payg‘ambar (alayhissalom) aytdilar: “Alloh taolo: “Kim bir yaxshi amal qilsa, bas, unga o‘n yaxshilik savobini beraman, yana ziyoda qilishim mumkin, kim bir yomonlik qilsa, bas, unga bitta gunoh, xolos yoki kechirib yuboraman, kim Menga bir qarich yaqin kelsa, Men unga yarim quloch yaqin boraman. Kim Menga yarim quloch yaqin kelsa, Men unga bir quloch yaqin boraman, Menga tomon yurib kelsa, Men unga yugurib boraman, kim Menga Yerning qavaticha xato-kamchiligi bilan kel­sa, Menga hech narsani sherik qilmagan bo‘lsa, Men uni ana shun­cha mag‘firatim bilan qarshi olaman” deydi» (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadisi qudsiyda ham shirk xaqida nima deyilganini bilib oldik. “Menga Yerning qavaticha xato-kamchiligi bilan kelsa, Menga hech narsani sherik qilmagan bo‘lsa, Men uni ana shuncha mag‘firatim bilan qarshi olaman”. Shirkning yomon gunohligi shunda, amalni yo‘q qilib yuborish bilan birga, biz bilan Alloh mag‘firati o‘rtasiga to‘siq ham bo‘lar ekan. Shirk keltirmagan bo‘lsak, xatolarimiz har qancha ko‘p bo‘lmasin, Allohga ularni mag‘firat qilish hech gap emas. Shunga umid qilaylik!..

Allohga shirk keltirishdan O‘zi asrasin. Xatoyu kamchiligimizni afv etsin.

Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: «Bir kishi Rasululloh (alayhissalom) oldilariga kelib: “Yo Rasululloh! Mujohidlarning qaysi biri eng ko‘p ajr oladi?” deb so‘radi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Allohni eng ko‘p zikr qilgani”, dedilar. U yana “Obidlarning qaysi biri eng ko‘p ajr oladi?” deb so‘radi. Payg‘ambar (alayhissalom): “Allohni eng ko‘p zikr qilgani”, dedilar. U odam keyin namozxon, zakot beruvchi, haj qiluvchi va sadaqa beruvchilarning eng ko‘p ajr oladiganlarini birma-bir so‘rab chiqdi. Payg‘ambar (alayhissalom) har biriga: “Allohni eng ko‘p zikr qilgani”, dedilar. Shunda Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) Umar (roziyallohu anhu)ga qarab: “Ey Umar! Hamma yaxshilikni zokirlar olib ketishdi-ku...” degan edi, Payg‘ambar (alayhissalom): “Ha, shunday”, dedilar» (Imom Ahmad va Tabaroniy).

Mazkur hadisi sharifdan ham zikrullohning mo‘min hayotida, har bir amalida nechog‘li ahamiyatli ekanini bilsak bo‘ladi.

DAVOMI BOR...

Kutubxona
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Magnit tasmasi madaniyati"

12.12.2025   10503   1 min.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

INFOGRAFIKA