Vahiy ilohiy hikmat ila Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga sharoitga muvofiq, tarqoq holda nozil bo‘lib bordi. Alloh taolo vahiy orqali u zot alayhissalomga har kuni yangi ta’lim berar, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib, hidoyat qilar, qadamlarini sobit qilib, xotirjamliklarini ziyoda etardi. Shu bilan birga, Qur’oni Karim sahobiylarga ham munosib tarzda nozil bo‘lib, ularni tarbiya qilar, buzuq odatlarini isloh etar va voqe’liqdagi muammolariga javob berardi. O‘z ta’limotlari va shariat hukmlarini birdaniga tushirib, ularni cho‘chitib yubormas edi. Ushbu muvofiqlik vahiyning tarqoq holda nozil bo‘lishida yaqqol ko‘rinadi. Vahiy hojatga qarab, besh, o‘n, undan ko‘p va kam oyatlarda nozil bo‘lardi. Ifk hodisasida birdaniga o‘n oyat nozil bo‘lgani, Mu’minun surasidagi avvalgi o‘n oyatning bir yo‘la nozil bo‘lishi, Niso surasi 95-oyatining bir qismi bo‘lgan «غَيۡرُ أُوْلِي ٱلضَّرَرِ» - «G‘oyru ulid-dorori» jumlasining alohida nozil bo‘lgani sahih rivoyatlarda sobitdir. Shuningdek, Tavba surasidagi 28-oyatning «...وَإِنۡ خِفۡتُمۡ عَيۡلَةٗ » - «va in xiftum ’aylatan...» deb boshlangan ikkinchi yarmi oyatning avvali nozil bo‘lgach, oradan bir muncha vaqt o‘tganidan keyin tushgan.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalariga birin-ketin o‘qib berishlari uchun Qur’oni Karimning ushbu tarzda, tarqoq holda nozil bo‘lishi davom etdi. Qur’oni Karim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yigirma uch yillik payg‘ambarlik hayotlari mobaynida hodisalar, voqealar, shaxsiy va ijtimoiy munosabatlarga qarab bosqichma-bosqich nozil bo‘ldi.
Alloh taolo Isro surasida marhamat qiladi:
وَقُرۡءَانٗا فَرَقۡنَٰهُ لِتَقۡرَأَهُۥ عَلَى ٱلنَّاسِ عَلَىٰ مُكۡثٖ وَنَزَّلۡنَٰهُ تَنزِيلٗا١٠٦
«Va Qur’onni odamlarga asta-sekin o‘qib berishing uchun bo‘lib qo‘ydik va bo‘lak-bo‘lak qilib nozil etdik» (106-oyat).
Ushbu oyatda Qur’oni Karimning bir yo‘la tugal bir kitob holida emas, balki bo‘lak-bo‘lak etib nozil qilinganining hikmaty haqida so‘z boryapti. Albatta, buning ulkan hikmatlari bor edi. Oyati karimada o‘sha hikmatlardan biri – odamlarga «asta-sekin o‘qib berish» zikr qilinyapti. Albatta, o‘ttiz pora Qur’on bir yo‘la tushsa, uni odamlarga o‘qib berish oson bo‘lmas edi. Uqib berilganda ham, odamlarning uni qabul qilib olishlari oson bo‘lmas edi. Eng muhimi – Qur’oni Karim o‘qish uchungina emas, asosan o‘qib, amal qilish uchun tushirilgan ilohiy dasturdir. Uni bir yo‘la o‘qib, bir yo‘la amal qilish oson emas. Shu sababdan ham johiliyat botqog‘iga botgan odamlarni asta-sekin tarbiyalab, Islom nuriga olib chiqish uchun yigirma uch yil kerak bo‘ldi. Shu davrda jahon tarixida misli ko‘rilmagan ajoyib bir musulmon ummati tarbiyalanib, voyaga yetdi. Ular har bir nozil bo‘lgan oyatni o‘qib, o‘rganishar, yod olishar va unga amal qilishar edi. Ushbu shartlarni amalga oshirmagunlaricha, boshqa oyatlar tushgan bo‘lsa ham, ularni Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan olmay turishardi. Oqibatda sahobai kiromlarning har birlari ikki oyoqda yuradigan tirik Qur’onga aylandilar va oz muddatda yer yuziga Qur’on ta’limotlarini tarqatdilar.
Alloh taolo Furqon surasida marhamat qiladi:
وَقَالَ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ لَوۡلَا نُزِّلَ عَلَيۡهِ ٱلۡقُرۡءَانُ جُمۡلَةٗ وَٰحِدَةٗۚ كَذَٰلِكَ لِنُثَبِّتَ بِهِۦ فُؤَادَكَۖ وَرَتَّلۡنَٰهُ تَرۡتِيلٗا٣٢
«Kufr keltirganlar: «Unga Qur’on bir yo‘la nozil qilinsa edi», dedilar. Sening qalbingni u bilan sobit qilish uchun shunday qildik va uni tartil bilan tilovat qildik» (32-oyat).
Qur’oni Karimning tarqoq holda, asta-sekin nozil bo‘lishining o‘ziga yarasha hikmatlari bor edi.
Ma’lumki, Nabiy alayhissalom va mo‘minlar o‘z dushmanlaridan uzluksiz ozor, jafo chekib turar, qiyinchilik, mashaqqatlarga uchrar edilar. Toqatlari toq bo‘lgan paytlarida Qur’on oyatlari nozil bo‘lib, ularga tasalli berar, ularning qalbini tinchlantirar va og‘irlarini yengil qilar edi.
Albatta, agar vahiy har bir hodisada yangilanib tursa, bu qalb uchun quvvat, risolat yuborilgan zotga kuchli inoyat bo‘ladi. Vahiy farishtasining u zot oldilariga ko‘proq kelishi axdning yangilanib turishiga, tushayotgan risolatning har tomonlama quvvatli bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Vahiy nozil bo‘lar ekan, u zotda so‘z bilan ifoda qilib bo‘lmaydigan surur paydo bo‘lar edi. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida Jabroil alayhissalom bilan ko‘p uchrashib turganlari sababli odatdagidan ham saxiy bo‘lib ketardilar.
Qur’oni Karim arablarning fikru xayollarini ham, vaziyat va holatlarini ham rioya qilgan. Shuning uchun ham o‘tgan payg‘ambarlarning qavmlari bilan bo‘lgan voqealarni turli suratda va uslubda bir necha marta takrorlab keltirgan. Bu qissalar qachon takrorlansa, halovati ziyoda bo‘ladi. Bularni ko‘p o‘rinlarda zikr qilib, takrorlashdan maqsad, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning va mo‘minlarning qalblarini quvvatlantirish edi.
وَكُلّٗا نَّقُصُّ عَلَيۡكَ مِنۡ أَنۢبَآءِ ٱلرُّسُلِ مَا نُثَبِّتُ بِهِۦ فُؤَادَكَۚ وَجَآءَكَ فِي هَٰذِهِ ٱلۡحَقُّ وَمَوۡعِظَةٞ وَذِكۡرَىٰ لِلۡمُؤۡمِنِينَ١٢٠
«Qalbingni sabotli qilish uchun senga rasullar xabarining hammasini qissa qilib aytmoqdamiz. Bu(sura)da senga haq va mo‘minlarga mav’iza hamda eslatma keldi» (Hud surasi, 120-oyat).
Bu qissalardan xabardor bo‘lganingdan so‘ng, dinga da’vat qilishda qalbingga sabot to‘ladi. O‘zingdan oldin o‘tgan payg‘ambarlar ham qiyinchiliklarga duchor bo‘lganlarini, ammo sobit turganlari uchun oqibatda najot topganlarini bilib, himmatingga himmat, g‘ayratingga g‘ayrat qo‘shiladi. Shu bilan birga, bu suradagi hamma narsa haq. Bu sura mo‘minlar uchun mav’iza hamda eslatmadir.
Payg‘ambarlar qissasini bo‘lib-bo‘lib, turli uslubda zikr qilishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblarini quvvatlantirish, u zotga qavmlaridan yetayotgan aziyat uchun tasalli berish bor. Vaholanki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning payg‘ambarliklari yangilik emas edi. Oldin ham bir necha paygambarlar kelishgan va ularning barchasi azoblangan, yolg‘onchiga chiqarilgan va zulm ostida qolgan edilar.
Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi yangilanib, davom etar ekan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlaridagi mushkulotlar yengillashardi. Bir necha bor u zotga tasalli beruvchi va o‘zlaridan oldingi rasullardan o‘rnak olishga undovchi oyatlar nozil bo‘ldi.
Alloh taolo u zotni sabr qilishga ochiq-oydin buyurib, Muzzammil surasi da shunday deydi:
وَٱصۡبِرۡ عَلَىٰ مَا يَقُولُونَ وَٱهۡجُرۡهُمۡ هَجۡرٗا جَمِيلٗا١٠
«Va ularning gaplariga sabr qil va ulardan chiroyli chetlanish-la chetlanib tur» (10-oyat).
Bu oyatda Alloh taolo O‘z Payg‘ambariga mushriklar bilan qanday muomala qilish kerakligini o‘rgatyapti. «Ularning turli ig‘vo-bo‘hton va yolg‘ondan iborat gaplariga sabr qil, ular bilan tortishib, urishib, janjallashib o‘tirmasdan, chiroyli holatda chetlanib tur», demoqda.
«Chiroyli chetlanish»ning ma’nosi ularga ozor bermay, urishmay, so‘kishmay, o‘zini chetga olishdir.
Alloh taolo Ahqof surasida marhamat qiladi:
فَٱصۡبِرۡ كَمَا صَبَرَ أُوْلُواْ ٱلۡعَزۡمِ مِنَ ٱلرُّسُلِ
«Bas, aziymat sojibi bo‘lgan rasullar sabr qilgandek, sabr qil...» (35-oyat).
Alloh taolo Yosin surasida marhamat qiladi:
فَلَا يَحۡزُنكَ قَوۡلُهُمۡۘ إِنَّا نَعۡلَمُ مَا يُسِرُّونَ وَمَا يُعۡلِنُونَ٧٦
«Ularning gapi seni mahzun qilmasin. Albatta, Biz nimani sir tutsalar va nimani oshkor qilsalar, bilurmiz» (76-oyat).
Ba’zida Alloh taolo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ta’lim berib, kofirlar faqat u kishining shaxsiyatlariga jarohat yetkazmayotganlari, u zotning o‘zlarini yolg‘onchi deb, tuhmat qilmayotganlari, balki ular haqqa qaysarlik qilayotganlarini eslatar va har asrda, har avlodda ular kabi haqqa qarshi chiquvchilar bo‘lishini bildirar edi.
Alloh taolo An’om surasida marhamat qiladi:
قَدۡ نَعۡلَمُ إِنَّهُۥ لَيَحۡزُنُكَ ٱلَّذِي يَقُولُونَۖ فَإِنَّهُمۡ لَا يُكَذِّبُونَكَ وَلَٰكِنَّ ٱلظَّٰلِمِينَ بَِٔايَٰتِ ٱللَّهِ يَجۡحَدُونَ٣٣
«Ularning aytayotganlari, albatta, seni mahzun qilishini yaxshi bilamiz. Ular seni yolg‘onchiga chiqarayotganlari yo‘q, balki zolimlar Allohning oyatlarini inkor qilmoqdalar» (33-oyat).
Haqiqatan ham, Makka mushriklari hech qachon «Muhammad yolg‘onchi», degan emaslar. Ular bu zotning bir og‘iz ham yolg‘on so‘zlamaganlarini e’tirof etar, ammo izzat-obro‘laridan ayrilib qolishdan qo‘rqib, hasad qilib, Islomga kirishdan bo‘yin tovlashar, Allohning oyatlarini inkor etishar edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bu inkorlari sababini ularning shaxslaridagi nuqsrndan deb o‘ylamasliklari kerak.
«...balki zolimlar Allehning oyatlarini inkor qilmoqdalar».
Qur’oni Karimda anbiyolarning xabarlarini va qissalarini takror-takror keltirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, Nabiy sollallohu alayhi vasallamga tasalli berish, ta’ziya bildirish va sabri jamilga, go‘zal o‘rnakka yo‘llovchi oyatlarni takror-takror nozil qilishdir. Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mushriklarning zulmi davomiy bo‘lib, u zotning qalblarini sobit qilish uchun nozil bo‘layotgan vahiy to‘xtab qolsa va tasalli oyatlari yangilanib turmasa, bunday holatlarda boshqa insonlarda bo‘lgani kabi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning qalblari ham mahzunlikka va umidsizlikka tushishi tabiiydir.
Aslida Alloh taolo u zotni xafa bo‘lish, hasratga tushish, o‘zlari ezilishlari va qalblari siqilishidan qaytarmagan. U zot ham boshqa odamlar kabi inson edilar. U kishining tabiatlarida ham insonning ichki kechinmalarida sodir bo‘ladigan barcha holatlar mavjud bo‘lgan. Ya’ni Qur’oni Karimda kelgan «mahzun bo‘lma», «siqilma» degan iboralar gunohdan qaytarish mazmunidagi nahyi sifatida emas, tasalli berish ma’nosida aytilgan.
Alloh taolo An’om surasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tasalli berib shunday deydi:
وَلَقَدۡ كُذِّبَتۡ رُسُلٞ مِّن قَبۡلِكَ فَصَبَرُواْ عَلَىٰ مَا كُذِّبُواْ وَأُوذُواْ حَتَّىٰٓ أَتَىٰهُمۡ نَصۡرُنَاۚ وَلَا مُبَدِّلَ لِكَلِمَٰتِ ٱللَّهِۚ وَلَقَدۡ جَآءَكَ مِن نَّبَإِيْ ٱلۡمُرۡسَلِينَ٣٤
«Batahqiq, sendan oldin xam rasullar yolg‘onchiga chiqarilganlar. Bas, ular to nusrat kelgunicha yolg‘onchiga chiqarilganlariga va berilgan ozorlarga sabr qilganlar. Allohning so‘zlarini o‘zgartiruvchi yo‘q. Batahqiq, senga rasullarning xabaridan kelgan» (34-oyat).
Allohning yo‘liga da’vat qiluvchilarga har doim ham oson bo‘lmagan. Mushrik-kofirlardan ozor topayotgan, ularning ig‘vo-bo‘htonlariga uchrayotgan bitta sen emassan.
«Bataxqiq, sendan oldin ham rasullar yolg‘onchiga chiqarilganlar».
Sendan oldingi payg‘ambarlarning barchasi ham sen kabi mushrik-kofirlar tomonidan haqoratlanganlar: seni sehrgar deyishgan bo‘lsa, ular yolg‘onchiga chiqarilganlar. Allohning yo‘liga da’vat qiluvchilarning saflari bir. Safning avvali nimaga uchrasa, oxiri ham shunga duch keladi. Lekin sabr qilish kerak. Maqsadga sabr bilan erishiladi. O‘tgan payg‘ambarlar, da’vatchilar ham sabr bilan maqsadga erishganlar. Ishonch komil bo‘lsinki, albatta, nusrat iymon tomonida bo‘ladi. Ertami-kechmi, Allohning yo‘lida yurganlar nusrat topadilar. O‘tgan payg‘ambarlar ham,
«Bas, ular to nusrat kelgunicha yolg‘onchiga chiqarilganlariga va berilgan ozorlarga sabr qilganlar».
Bu so‘zlar – haq so‘zlar, ya’ni Alloh Payg‘ambariga va u kishining merosxo‘rlari bo‘lmish da’vatchilariga aytayotgan bashorat so‘zlardir.
«Allohning so‘zlarini o‘zgartiruvchi yo‘q».
Doimo Allohning diniga xizmat qiluvchilar g‘olib chiqadilar. Mushriku kofirlar mag‘lub bo‘ladilar. Mo‘minlarga – payg‘ambarlar va ularga ergashganlarga g‘alaba turli holda yetishi, ba’zida ertaroq, ba’zan ayni kutilgan paytda, goho kechroq kelishi mumkin. Ammo albatta keladi. Bu haqiqat payg‘ambarlarning xabarlaridan ravshan bo‘ladi:
«Batahqiq, senga rasullarning xabaridan kelgan».
Ularni sen yaxshi bilasan. Bas, ulardan ibrat va o‘rnak olish kerak.
Qur’oni Karimning Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga tarqoq holda nozil bo‘lishining hikmatlaridan yana biri – Qur’oni Karimning u zotga va musulmonlarga yodlanishi oson bo‘lishidir. Ulamolardan ba’zilari yuqorida o‘tgan Furqon surasining oyatida zikr qilingan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qalblarini sobit qilishdan maqsad, u zotning qalblariga Qur’oni Karimni yoddan jamlashdir, deyishadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam yozish va o‘qishni bilmaydigan ummiy edilar. Shuningdek, sahobai kiromlarning ko‘plari ham ummiy bo‘lganlar. Ushbu haqiqatni Qur’oni Karim ham ta’kidlagan.
Alloh taolo Juma surasida marhamat qiladi:
هُوَ ٱلَّذِي بَعَثَ فِي ٱلۡأُمِّيِّۧنَ رَسُولٗا مِّنۡهُمۡ يَتۡلُواْ عَلَيۡهِمۡ ءَايَٰتِهِۦ وَيُزَكِّيهِمۡ وَيُعَلِّمُهُمُ ٱلۡكِتَٰبَ وَٱلۡحِكۡمَةَ
«U savodsizlarga ularning ichidan Uning oyatlarini o‘qib beradigan va ularni poklaydigan hamda ularga Kitobni va hikmatni o‘rgatadigan Rasulni yuborgan Zotdir» (2-oyat).
Biz «savodsiz» deb tarjima qilgan ma’no arab tilida «ummiy» deyilib, bu so‘z o‘qish-yozishni bilmaydigan shaxsga nisbatan ishlatiladi. «Umm» ona degani. Demak, «ummiy» so‘zidan «onadan tug‘ilgandek, o‘qish-yozishni o‘rganmay yurgan» degan ma’noni tushunish kerak. O‘sha davr arablari «ummiy qavm» deb atalgan, chunki ularning ichlarida o‘qish-yozishni biladiganlari juda oz bo‘lgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ham o‘qish-yozishni mutlaqo o‘rganmaganlar. Shuning uchun ham u zotga va sahobalarga Qur’oni Karimni yodlash oson bo‘lishi uchun oyatlar bo‘lak-bo‘lak, tarqoq holda nozil bo‘ldi.
Boshqa payg‘ambarlar o‘qish va yozishni bilishar, agar ularga kitob bir yo‘la nozil qilinsa, uni yodlab olish im-koniyatlari mavjud edi.
Ibn Furok bu haqda shunday deydi:
«Aytilishicha, Tavrot bir yo‘la nozil qilingan. Chunki u o‘qish va yozishni biladigan nabiy Muso alayhissalomga nozil qilingan edi. Qur’on tarqoq holda nozil qilindi. Chunki u yozilmagan holda ummiy Nabiyga nozil qilindi».
Ibn Asokir Abu Nazradan rivoyat qiladi:
«Abu Sa’id Xudriy bizga Qur’ondan ertalab besh oyat, kechqurun besh oyat o‘rgatar edi va «Jabroil Qur’onni besh oyat-besh oyat olib tushgan», deb xabar berar edi».
Bayhaqiy qilgan rivoyatda Umar roziyallohu anhu deydilar:
«Qur’onni besh oyat-besh oyatdan o‘rganinglar. Chunki Jabroil Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Qur’onni besh oyat-besh oyatdan olib tushar edi».
Qur’oni Karimning tarqoq holatda nozil bo‘lishida musulmon ummatini asta-sekinlik bilan tarbiyalab borish ham ko‘zda tutilgan edi. Qur’oni Karimning nozil bo‘lishi musulmon ummatining voqe’likdagi hayotiga aloqador bo‘lgan. Ba’zan bir ish sodir bo‘lib, ummat o‘zaro bir qarorga kelib, u ishni amalga oshirsa-yu, ushbu qaror noto‘g‘ri bo‘lsa, oyat nozil bo‘lar edi-da, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab qo‘yardi.
Gohida ummat orasida bir savol paydo bo‘lib, uning yechimini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan so‘rashsa, oyat nozil bo‘lib, unga javob berardi. Ummat biror qiyin ahvolga tushib, yo‘l topolmay qolsa, oyat nozil bo‘lib, ularga yo‘l ko‘rsatardi. Qur’oni Karimning oyatlari jamiyatdagi oilaviy-ijtimoiy masalalardan siyosiy-iqtisodiy masalalargacha aralashib, yigirma uch yillik risolat davrida eng to‘g‘ri yechimlarni keltirdi. Shuning uchun insoniyat tarixida ushbu yigirma uch yillik muddat eng saodatli davr, ya’ni «Saodat asri» deb nomlanadi.
Qur’on nozil bo‘lib turgan davridagi voqealar rivoji hamda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshchiliklaridagi sahobalarning sa’y-harakatlari haqidagi ma’lumotlarning to‘laligicha saqlanib qolishi bebaho hodisadir.
Qur’on oyatlari kishilarga yaxshiroq singishi va qalblarga mustahkam jo bo‘lishi uchun atrof-muhitni, sodir bo‘layotgan voqealarni e’tiborga olgan holda nozil bo‘lar edi. Mana shu holda uning odamlar ustidan hujjat bo‘lishi kuchayar, mo‘jizakorlik quvvati ham ortar edi.
Musulmonlar hayotida turli hodisalar bo‘lib turardi. Ba’zan tushunmovchiliklar, dinimizda bu ishning hukmi qanday ekan, degan savollar paydo bo‘lib turardi. Shunday holatlarda oyat tushib, bu ishlarga aralashar, ularni to‘g‘ri yo‘lga solib yuborar va savollarga javob berardi. Bu esa Qur’onning hayotga yanada singib ketishiga sabab bo‘lardi.
Qur’oni Karimning tarqoq holda nozil bo‘lishining yana bir hikmati:
Kishilarni ota-bobolaridan qolgan urf-odatlardan va o‘zlari ko‘nikib qolgan tuzumlaridan birdaniga ajratib bo‘lmas edi. Shuning uchun Qur’on asta-sekin tushdi va yuqorida zikr qilingan urf-odatlarni birin-ketin Islom keltirgan tartib va qoidalarga almashtirdi.
Abu Tolib Makkiy «An-Nasix val-Mansux» nomli kitobida Qur’onning nozil bo‘lishi xususidagi mulohazalarida shunga ishora qiladi:
«Agar (oyatlar) bosqichma-bosqich nozil bo‘lsa, ularni qabul qilish muvaffaqiyatli kechadi. Aksincha, agar ular bir yo‘la nozil qilinganida, unda farzlar va qaytariqlar ko‘pligi sababli aksar insonlar uni qabul qilishdan qochar edilar. Imom Buxoriy Oisha roziyalloxu anhodan rivoyat qilgan hadis bu ma’noni ravshanlashtiradi. Oisha onamiz shunday dedi:
«Albatta, Qur’ondan avvalo jannat va jahannam zikr etilgan suralar nozil bo‘ldi. Nihoyat, kishilar Islomga oqib kira boshlagach, halol va harom(ga tegishli oyatlar) nozil bo‘ldi. Agar dastlab nozil bo‘lgan narsa «xamr ichmanglar» bo‘lganida, albatta ular: «Xamrni hech qachon tark qilmaymiz», deyishardi, «zino qilmanglar» bo‘lganida, albatta ular: «Zinoni hech qachon tark qilmaymiz», deyishardi».
Agar Qur’on tarqoq holda tushmaganida, odamlarga bahona topilib, «Biz bunchalik ko‘p narsani bajara olmaymiz», deyi shlari mumkin edi. Avval bir yoki bir necha oyat nozil bo‘lib, so‘ng ma’lum fursat o‘tgach, boshqasi nozil bo‘lsa, albatta, ular yuqoridagi bahonani qila olmas edilar.
Ma’lumki, Islomdan oldin aroqxo‘rlik juda keng yoyilgan edi. Kishilar aroqxo‘rlik bilan faxrlanishar, bu borada musobaqalashib, bir-birlaridan o‘tishga harakat qilishardi. Xamr shoirlarning she’rida, mug‘anniylarning qo‘shiqlarida bosh o‘rinda turardi. Kishilar aroqsiz hayotni tasavvur ham qila olmas edilar. Albatta, bunday jamiyatni aroqxo‘rlik illatidan tozalash oson emas edi. Shularni e’tiborga olib, bu muammoni muolaja qilishda Qur’oni Karim asta-sekinlik bilan, darajama-daraja harakat yo‘lini tutgan.
Alloh taolo bu masalaning muolajasi bo‘yicha birinchi nozil qilgan oyatlar Nahl surasida bo‘lib, ularda quyidagilar bayon qilingan.
وَمِن ثَمَرَٰتِ ٱلنَّخِيلِ وَٱلۡأَعۡنَٰبِ تَتَّخِذُونَ مِنۡهُ سَكَرٗا وَرِزۡقًا حَسَنًاۚ إِنَّ فِي ذَٰلِكَ لَأٓيَةٗ لِّقَوۡمٖ يَعۡقِلُونَ٦٧
«Ba xurmo va uzumlarning mevalaridan mast qiluvchi narsa va go‘zal rizq olursiz. Albatta, bunda aql yuritguvchilar uchun oyat (belgi) bordir» (67-oyat).
Ushbu oyati karima Qur’oni Karimda mast qiluvchi ichimlik haqida nozil bo‘lgan to‘rt oyatning birinchisidir. Ko‘rinib turibdiki, bu oyatda mast qiluvchi ichimlik haqida muayyan bir hukm yo‘q. Ammo uning yaxshi rizqqa qiyosan yomon ekaniga ishora bor. Bu ishora musulmonlar ichida mast qiluvchi ichimlikka qarshi Qur’oniy targ‘ibotning boshlanishidir.
Xamr haqidagi ushbu ilk oyat nozil bo‘lgandayoq, kishilar ularning vaqtinchalik ekanini, keyinroq nihoiy hukm tushishi muqarrarligini sezib turishar edi. Bu haqda ba’zi ibratli rivoyatlar ham kelgan.
Nahl surasidagi ushub oyat nozil bo‘lganidan keyin bo‘lsa kerak, ishonchli hadis kitoblarida rivoyat qilinishicha, hazrati Umar ibn Xattob: «Allohim! Bizga xamr to‘g‘risida shifo bo‘ladigan bayon bergin!» degan ekanlar.
Vaqti kelib, Baqara surasidagi quyidagi oyati karima nozil bo‘ldi:
۞يَسَۡٔلُونَكَ عَنِ ٱلۡخَمۡرِ وَٱلۡمَيۡسِرِۖ قُلۡ فِيهِمَآ إِثۡمٞ كَبِيرٞ وَمَنَٰفِعُ لِلنَّاسِ وَإِثۡمُهُمَآ أَكۡبَرُ مِن نَّفۡعِهِمَاۗ وَيَسَۡٔلُونَكَ مَاذَا يُنفِقُونَۖ قُلِ ٱلۡعَفۡوَۗ كَذَٰلِكَ يُبَيِّنُ ٱللَّهُ لَكُمُ ٱلۡأٓيَٰتِ لَعَلَّكُمۡ تَتَفَكَّرُونَ٢١٩
«Sendan xamr va qimor haqida so‘rarlar. Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt...» (219-oyat).
«Xamr» so‘zi umumiy bo‘lib, iste’mol qilgan kishining aqlini to‘suvchi, ya’ni bir oz bo‘lsa-da, ta’sir o‘tkazuvchibarcha narsaga nisbatan ishlatiladi. Buning ichiga barcha spirtli ichimliklar hamda nasha, qoradori, ko‘knori va boshqalar ham kiradi.
Xamr va qimor haqidagi savolga javob berishni Alloh taolo Payg‘ambar alayhissalomga:
«Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt», deb o‘rgatmoqda.
Xamrning ham, qimorning ham katta gunoh ekani avvaldan ta’kidlanmoqda. Shu bilan birga, o‘sha vaqtdagi kishilarning e’tiqodi bo‘yicha, manfaatlari ham borligi eslatib o‘tilmokda. Ular xamr sotib pul topishni manfaat deb tushunishgan. Shuningdek, qimorda pul yutishni, undan odamlarga cho‘tal berishni ham manfaat deb tushunishgan. Lekin bunga o‘xshash manfaatlari ularning gunohi oldida hech narsa emasligi ham uqdirilmoqda.
Bu oyat xamr haqidagi o‘zidan avvalgi Nahl surasida kelgan oyatni qo‘llab-quvvatladi. Odamlarning Payg‘ambar alayhissalomdan aroq haqida so‘rashlari ham bejiz emas edi. Chunki kishilarda islomiy jamiyatda noo‘rin, gunoh ishlarni idrok etish hissi kuchayib borayotgan edi. Bu oyat nozil bo‘lganidan keyin musulmonlarda aroqqa nisbatan nafrat hissi yana ham kuchaydi. Ko‘pchilik ichishni tashladi. Lekin bu aroqni tamomila harom etish, degani emas edi.
Imom Termiziy va Ibn Abu Hotim Aliy ibn Abu Tolib karramallohu vajhahudan rivoyat qilgan hadisda u kishi quyidagilarni aytadilar:
«Abdurrahmon ibn Avf taom qilib, bizni mehmonga chaqirdi. Aroq ham quyib berdi. Aroq bizga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Namoz vaqti bo‘lib qolgan edi, Falonchini oldinga – imomlikka o‘tkazdilar. Shunda u «Ey kofirlar! Siz ibodat qiladiganga men ibodat qilmayman va siz ibodat qiladiganga biz ibodat qilamiz», deb o‘qib yubordi. Shunda Alloh taolo Niso surasidagi quyidagi oyatni nozil qildi:
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَقۡرَبُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَأَنتُمۡ سُكَٰرَىٰ حَتَّىٰ تَعۡلَمُواْ مَا تَقُولُونَ
«Ey iymon keltirgamlar! Mayet holingizda, to aytayotgan gapingizni biladigan bo‘lmaguningizcha, namozga yaqinlashmang...» (43-oyat).
Bu musulmonlarga qattiq ta’sir qildi. Chunki namoz eng ulug‘ ibodat bo‘lib, mo‘minlar uni ko‘z qorachig‘idek avaylar edilar. Ikkinchidan, kofirlar bilan tengma-teng tortishib turgan g‘oyalari – ular ibodat qilgan narsaga ibodat qilmaslik edi. Namozda turib, oyatning ma’nosini teskari qilib, «Siz ibodat qilganga biz ibodat qilamiz», deb yuborilishi katta musibat edi. Ushbu oyat nozil bo‘lganidan so‘ng aroq ichish imkoni yana ham kamaydi. Chunki besh vaqt namozning orasida mast bo‘lmay turish oson emas edi. Keyinroq aroqni butunlay harom qiluvchi oyat nozil bo‘ldi.
يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ إِنَّمَا ٱلۡخَمۡرُ وَٱلۡمَيۡسِرُ وَٱلۡأَنصَابُ وَٱلۡأَزۡلَٰمُ رِجۡسٞ مِّنۡ عَمَلِ ٱلشَّيۡطَٰنِ فَٱجۡتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمۡ تُفۡلِحُونَ٩٠ إِنَّمَا يُرِيدُ ٱلشَّيۡطَٰنُ أَن يُوقِعَ بَيۡنَكُمُ ٱلۡعَدَٰوَةَ وَٱلۡبَغۡضَآءَ فِي ٱلۡخَمۡرِ وَٱلۡمَيۡسِرِ وَيَصُدَّكُمۡ عَن ذِكۡرِ ٱللَّهِ وَعَنِ ٱلصَّلَوٰةِۖ فَهَلۡ أَنتُم مُّنتَهُونَ٩١
«Ey iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochar) cho‘plar iflosdir. Shaytonning iigadir. Bas, undan chetda bulnng. Shoyadki, zafar topsangsh. Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va nafrat solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni istaydir. Endi to‘xtarsizlar?!» (Moida surasi, 90-91-oyatlar)
Ushbu ikki oyat Qur’oni Karimning xamr haqidagi so‘nggi oyatlaridir. Bu yerda uning batamom harom ekani bayon qilingan. Xamrni harom qilishning bunday bosqichma-bosqich suratda olib borilishi eng manfaatli uslub ekani tajribada isbotlangan.
Bu oyatlar Uhud urushidan keyin, uchinchi hijriy sanada, demak, Qur’onning ilk nuzulidan so‘ng o‘n olti yil o‘tgach nozil bo‘lgan. Buning birinchi sababi odamlar berilib ketgan illatni asta-sekinlik bilan davolash ekani gapirib o‘tildi. Ammo eng muhim sabab, haqiqiy omil haqida endi gaplashamiz.
Qur’oni Karim oyatlari Makkai Mukarramada o‘n uch yil davomida nozil bo‘lib turdi. Agar o‘sha davrda nozil bo‘lgan oyatlarga nazar solinadigan bo‘lsa, hammasi aqiyda masalasiga, kishilar qalbiga «Laa ilaaha illalloh»ni o‘rnatishga qaratilgandir.
Uzoq muddat hidoyatsiz yurgan, shirk va kufr mog‘ori bosgan qalblarni tozalash-poklash va yagona Allohning borligi, birligi, xoliqligi, roziqligi, hokimligi, ilohu ma’budligi, butun olamning tarbiyachisi, qiyomat kunining moliki ekani va boshqa sifatlarini yaxshilab tushuntirib, kishilarning yagona aqiydasiga aylantirishga harakat bo‘ldi. Shu bilan birga «Laa ilaaha illalloh» axloqiyotlari, ya’ni shu kalimai toyyibaga iymon keltirgan kishining axloqi qanday bo‘lishi kerakligi haqida yo‘l-yo‘riqlar bo‘ldi. Iymon keltirib, musulmon bo‘lgan kishilarning qalbi poklanib, unga «Laa ilaaha illalloh»dan boshqa aqiyda sig‘maydigan bo‘ldi. Bu qalblarga yagona Allohning muhabbatidan o‘zga hech qanday muhabbat yo‘l topa olmaydigan bo‘ldi. Kishilar borlikda Alloh taolodan o‘zga ibodatga sazovor zot yo‘qligini tushunib yetdilar. Ya’ni bu dunyoda odamlar banda bo‘lishlariga haqdor Zot, insonlar aytganlarini qilib yashashlariga haqli Zot, roziligini olishga harakat qilish kerak bo‘lgan Zot yagona Alloh taoloning O‘zi ekani ularning mustahkam aqiydasiga aylandi. Musulmonlar bu dunyoda nima halol, nima harom ekanini tayin qiladigan zot bitta – Alloh ekanini tushunib yetdilar. Ular o‘z hayotlarining barcha sohalarida faqat Islom ko‘rsatmalari asosida yashashlari lozimligini tushunib yetdilar. Ularning iymon-e’tiqodlari quvvatlandi. Allohdan kelgan har bir amrni katta quvonch bilan, shavqu zavq bilan kutib oladigan va o‘sha amrga amal qilishda bir-birlari bilan musobaqalashishga shoshiladigan holga keldilar. Islomdan oldingi hayotlari to‘la zalolatda bo‘lganini, o‘zlari butu sanamlarga sig‘inib yurganlarini, o‘zlariga o‘xshash odamlardan qo‘rqib, ularning irodalariga itoat etib yurganlarini, hamma e’tiqodlari, tasavvurlari noto‘g‘ri ekanini anglab yetdilar. Johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqqanlaridan nihoyatda sevindilar. Ularga bu ulkan ne’matni bergan Allohning amriga itoat etishni o‘zlariga sharaf deb biladigan bo‘ldilar. Mana shunday holat o‘zgarishlaridan keyingina amaliy hukmlarga oid oyatlar nozil bo‘la boshladi va musulmonlar ularni misli ko‘rilmagan aniqlik bilan hayotga tatbiq etishga kirishdilar. Xamrning haromligini bayon qiluvchi ushbu oyat nozil bo‘lganda, kishilar xamr saklaydigan idishlarini ko‘chaga olib chiqib, yerga urganlar. Madinai Munavvara ko‘chalarida aroq oqqan. Odamlarga ushbu oyat nozil bo‘lganligining xabari yetganda ichishga shaylanib turgan xamrlarini qaytarganlar, ichib qo‘yganlarini qusib tashlaganlar. Shu bilan jamiyat bu illatdan batamom qutulgan.
Bunga o‘xshash illatlarning muolajasi faqat chuqur iymon va e’tiqod asosida bo‘lmasa, muvaffaqiyatsizlikka uchrashi turgan gap. Ko‘plab tajribalar shunga dalildir. Shuning uchun Qur’oni Karim jamiyatni mavjud illatlardan tozalash, unda fazilatlarni mujassamlashtirish amaliyotini bosqichma-bosqich, darajama-daraja olib borgan va buyuk muvaffaqiyatlarni, insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan natijalarni ko‘rsatgan. Qur’oni Karimning tarqoq holda nozil bo‘lishidagi yana bir hikmat amaliy isbotini topgan.
Qur’oni Karimning tarqoq tushishining eng ulkan hikmatlaridan biri uning masdari, kelib chiqqan joyiga ishora qilish bo‘lib, uning haqiqiy ilohiy Kitobligiga hujjat hamdir. Uylab ko‘ring, yigirma uch yil davomida hali u suradan uch oyat, hali bu suradan ikki oyat oldinma-keyin tushsa-da, hammasi yig‘ilib, butun insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlaydigan, bir harfi ham o‘z o‘rnidan boshqa joyga tushmagan Kitob hosil bo‘lsa! Bu ish faqat har narsaga qodir Zot – ulug‘ Allohning qudratli hikmati bilan bo‘lishi mumkin, xolos.
Alloh taolo Hud surasida marhamat qiladi:
الٓرۚ كِتَٰبٌ أُحۡكِمَتۡ ءَايَٰتُهُۥ ثُمَّ فُصِّلَتۡ مِن لَّدُنۡ حَكِيمٍ خَبِيرٍ١
«Alif laam ro. (Bu) oyatlari mustahkam qilingan, so‘ngra o‘ta hikmatli, o‘ta xabardor Zot tomonidan mufassal qilingan Kitobdir» (1-oyat).
Ya’ni sizlarga ushbu zikr qilinganga o‘xshash harflardan tashkil topgan Qur’on keldi. Uning
«oyatlari mustahkam qilingan...»
Ya’ni tuzilishi puxta, dalolat qilishi daqiq, har bir so‘zi chuqur ma’noli, hamma tarafi bir-biriga munosib, hech kamchiligi yo‘q, yigirma uch yil mobaynida tarqoq holda nozil qilingan bo‘lsa-da, bir-biriga zid keladigan joyi yo‘q, birinchi oyatidan oxirgi oyatigacha izchil.
Alloh taolo Niso surasida marhamat qiladi:
أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ ٱلۡقُرۡءَانَۚ وَلَوۡ كَانَ مِنۡ عِندِ غَيۡرِ ٱللَّهِ لَوَجَدُواْ فِيهِ ٱخۡتِلَٰفٗا كَثِيرٗا٨٢
«Qur’onni tadabbur etib ko‘rmaydilarmi?! Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo‘lganida, unda ko‘p ixtiloflar topar edilar» (82-oyat).
Ha, Qur’oni Karimning Allohning huzuridan nozil bo‘lganini anglash uchun insof bilan bir tafakkur qilishning o‘zi kifoya.
«Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo‘lganida, unda ko‘p ixtiloflar topar edilar».
Qur’onni jiddiy o‘rganishga kirishgan odam uning tarqoq tarzda, uzoq muddat mobaynida nozil bo‘lganiga qaramay, ichida hech qanday ziddiyat yo‘qligini payqaydi. Bu esa ushbu Kalomning yolgiz Alloh taoloning huzuridan tushganiga yetarli dalildir.
Alloh taolo Isro surasida marhamat qiladi:
قُل لَّئِنِ ٱجۡتَمَعَتِ ٱلۡإِنسُ وَٱلۡجِنُّ عَلَىٰٓ أَن يَأۡتُواْ بِمِثۡلِ هَٰذَا ٱلۡقُرۡءَانِ لَا يَأۡتُونَ بِمِثۡلِهِۦ وَلَوۡ كَانَ بَعۡضُهُمۡ لِبَعۡضٖ ظَهِيرٗا٨٨
«Agar insu jinlar ushbu Qur’onga o‘xshash narsa keltirish uchun to‘plansalar, bunda ba’zilari ba’zilariga yordamchi bo‘lsalar ham, unga o‘xshashini keltira olmaslar», deb ayt» (88-oyat).
Barcha insonlarga ham, jinlarga ham juda oz ilm berilgandir.
KЕYINGI MAVZULAR:
Qur’oni Karimdagi ilk va so‘nggi nozil bo‘lgan oyatlar;
Ilk nozil bo‘lgan oyatlar;
So‘nggi nozil bo‘lgan oyatlar;
Bu haqda Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, Bosh muftiy Navruzbay hoji Tag‘anuli 2025 yilgi vazifalarga doir ma’ruzasida ma’lum qildi, deya xabar beradi muftyat.kz.
“Imomlarning bilim va malakasini oshirish – zamon talabidir. Bu yo‘nalishdagi ish doimiy nazoratda. Imomlarga chuqur diniy bilim berish maqsadida Ostona shahrida Xusamuddin as-Sig‘oniy nomidagi Islom institutini ochdik va unga xorijdan tajribali ustozlar hamda olimlarni taklif qildik.
Bu yil Allohning izni bilan institutning birinchi bitiruvchilariga diplomlar topshiramiz va ularni mas’uliyatli diniy lavozimlarga tayinlaymiz. Ushbu xayrli ishlar davomi sifatida Allohning irodasi bilan bu yil Turkiston shahrida “Xo‘ja Ahmad Yassaviy” nomidagi Islom institutini ochish taraddudidamiz. Uning asosiy maqsadi janubiy hududdagi imomlarning malakasini oshirishdan iborat bo‘ladi. Shuningdek, mazkur o‘quv muassasasi huzurida “Ijoza” berish markazi ham tashkil etiladi. Bu janubiy hudud imomlarining bilim darajasini oshirishga yangi turtki beradi», – dedi Bosh muftiy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati